BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari xalqaro reytingida mamlakatimiz 8 pogʻona koʻtarilgan boʻlsa, Open Data Inventory (ODIN)ning ochiq maʼlumotlar koʻrsatkichlari boʻyicha jahonda oʻttizinchi, Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchi oʻrinni egalladi.
Yangi Oʻzbekiston uchun oʻtib borayotgan soʻnggi olti yil tarixiy ahamiyatga ega davr boʻlgani rost. Keng koʻlamli islohotlar izchil davom ettirilishi barobarida yurtimizning dunyo davlatlari va xalqaro tashkilotlar bilan oʻzaro manfaatli aloqalarni mustahkamlash borasidagi ishlar yanada jadallashdi. Pirovardida jahon miqyosida mavqei yuksalib, xalqaro maydondagi obroʻ-eʼtibori yanada ortmoqda.
BMT Bosh Assambleyasi 2020-yil 14-dekabr kuni “Barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) erishishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish toʻgʻrisida”gi rezolyutsiyani bir ovozdan maʼqulladi. Eʼtiborlisi, ushbu rezolyutsiyani qabul qilish taklifi Prezidentimiz tomonidan 2020-yilda BMT Bosh assambleyasining 75-sessiyasida ilgari surilgan edi.
Barqaror rivojlanish deyilganda ayni paytda umrguzaronlik qilayotgan insonlar ehtiyojini qondirishda kelajak avlodga zarar yetkazmasdan taraqqiy etish tushuniladi. Boshqacha aytganda, bu hozirgi faoliyat va zamonaviy jamiyat ehtiyojlarini qondirishda kelajak avlodlarga zarar yetkazmaydigan, balki ular oʻrtasida muvozanatni topadigan taraqqiyotga erishishdir.
Barqaror rivojlanish maqsadlarining asosiy gʻoyasi hech kimni ortda qoldirmaslik tamoyiliga asoslanadi. Uning negizida Mingyillik rivojlanish maqsadlari boʻyicha erishilgan yutuqlar yotadi va qashshoqlikning barcha koʻrinishlariga barham berish boʻyicha saʼy-harakatlarni davom ettirishga qaratiladi.
BRM boʻyicha rezolyutsiya 2015-yil sentyabrda BMT Bosh Assambleyasining 70-sessiyasida qabul qilindi va bu hujjat prinsipial jihatdan yangi global majburiyat hisoblanadi. Unda barqaror rivojlanishning 17 maqsadi va unga erishishning 169 ta vazifasi qayd etilgan. Yaʼni odamlar sogʻligʻi va farovonligidan tortib iqlim oʻzgarishigacha, gender tenglikdan tortib isteʼmol va ishlab chiqarish modellari oʻzgarishlarigacha boʻlgan jarayonlarni qamrab olgan.
2030-yilgacha barqaror rivojlanish sohada belgilangan maqsadlarga erishish uchun dunyodagi har bir davlat geografik joylashuvi, imkoniyatlari va taraqqiyot darajasini hisobga olgan holda oʻz milliy maqsadlari hamda ularga erishish strategiyasini belgilab olgan. Oʻzbekistonda ham 2030-yilgacha barqaror rivojlanish sohasidagi kun tartibini amalga oshirishning aniq mexanizmini shakllantirish va ularga erishish maqsadida Vazirlar Mahkamasi tomonidan yoʻnalishlar boʻyicha ishchi guruhlar tuzildi. Ular tomonidan har bir global maqsad va vazifalarni milliy ustuvorlikdan kelib chiqqan holda moslashtirish boʻyicha ishlar olib borildi.
Oʻrganishlar natijasida mamlakatimizda barqaror rivojlanishning jami 17 ta global maqsadidan 16 tasi boʻyicha tegishli choralar koʻrish imkoniyati mavjudligi aniqlandi. Faqat bitta — “Barqaror rivojlanish uchun okeanlar, dengizlar va dengiz resurslarini saqlash va barqaror foydalanish” deb nomlanuvchi 14-maqsad va uning tarkibiga kiruvchi 10 ta vazifani bizda amalga oshirishning imkoni yoʻq, deb topildi. Sababi, Oʻzbekiston hududi okean yoki dengiz bilan tutashmagan.
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-fevraldagi qarori bilan belgilangan 16 ta maqsadga erishish uchun vazifalar soni 126 taga kengaytirildi va 190 ta milliy BRM indikatori tasdiqlandi.
2022-yil 29-dekabrda esa Oliy Majlis palatalari kengashlarining mazkur rezolyutsiyani amalga oshirish boʻyicha qoʻshma qarori qabul qilindi. Ushbu qaror bilan 13 ta yoʻnalish boʻyicha 50 dan ziyod aniq chora-tadbirni oʻz ichiga olgan “yoʻl xaritasi” tasdiqlandi. Mazkur qoʻshma qaror mazmun-mohiyati Taraqqiyot strategiyasida belgilangan “inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish” tamoyili bilan uygʻundir.
QANDAY KOʻRSATKICHLARDA OʻSISHGA ERISHILDI?
Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni kuzatish hamda ushbu sohada boshqaruv qarorlarini qabul qilish uchun aniq va oʻz vaqtida tayyorlangan, tavsiflari boʻyicha taqsimlangan, dolzarb, foydalanish uchun qulay boʻlgan statistik maʼlumotlar zarur. Bu borada statistika hamjamiyati zimmasiga 2030-yilgacha barqaror rivojlanish sohasidagi koʻrsatkichlarini shakllantirish vazifasi yuklatilgan. Dunyoning boshqa davlatlari kabi Oʻzbekistonda ham Barqaror rivojlanish maqsadlariga milliy miqyosda erishish boʻyicha ishlarni tizimli tashkil etish maqsadida muvofiqlashtiruvchi kengash tuzildi.
Statistika agentligi rahbarligida milliy barqaror rivojlanish maqsadlari koʻrsatkichlari boʻyicha idoralararo ishchi guruh faoliyati yoʻlga qoʻyilib, uning zimmasiga bu boradagi global indikatorlar asosida MBRM koʻrsatkichlari tizimini doimiy yangilab borish va uning metodologiyasini shakllantirish, toʻplash hamda veb portal (www.nsdg.stat.uz)da eʼlon qilish kabi vazifalar yuklatilgan.
Oʻtgan davr mobaynida agentlik tomonidan tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda Oʻzbekiston uchun muhim hisoblangan milliy barqaror rivojlanish maqsadlarining 190 ta indikatori roʻyxati ishlab chiqildi.
BMT statistika boʻlimi veb sahifasida Barqaror rivojlanish maqsadlari boʻyicha ilgʻor tajribaga ega davlatlarning ushbu sohada amalga oshirayotgan ishlari yoritib boriladi. Oʻzbekiston Respublikasi 2022-yil yakuniga koʻra 87 ta shunday davlat qatoridan joy oldi va mamlakatimizda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni kuzatib borish hamda jamoatchilikni xabardor qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisidagi maʼlumot eʼlon qilindi. Bu borada BMT Taraqqiyot dasturi texnik koʻmagi bilan 2019-yilda Oʻzbekiston Respublikasida milliy barqaror rivojlanish maqsadlari koʻrsatkichlari boʻyicha veb sayt (https://nsdg.stat.uz/) ishlab chiqildi.
Ushbu veb sayt Oʻzbekistonning barqaror rivojlanish maqsadlari boʻyicha yutuqlarini tahlil qilishda foydalanuvchilar uchun yagona va ishonchli maʼlumotlar manbai hisoblanadi. Platformada maʼlumotlar oqimini muvofiqlashtirish Statistika agentligi tomonidan amalga oshiriladi. Veb sayt zamonaviy vizualizatsiya usullarini taqdim etadi, bu foydalanuvchilarga tahliliy jadvallarni yaratish va grafik tasvirlarning eng mosini tanlash imkonini beradi.
Veb sayt oʻzbek, rus va ingliz tillarida yuritiladi. U MDH mamlakatlari orasida ilgʻor amaliyotning ajoyib namunasi va BMT tizimi bilan muvaffaqiyatli hamkorlik natijasi sifatida eʼtirof etildi. Shuningdek, Statistika agentligi tomonidan har yili “Oʻzbekiston Respublikasida milliy BRMlarga erishish boʻyicha statistik koʻrsatkichlar toʻplamlari” uchta (rus, oʻzbek va ingliz) tillarda tayyorlanib, nashr etilmoqda.
BMTning Barqaror rivojlanish yechimlari tarmogʻi (SDSN) va xalqaro ekspertlari tomonidan mamlakatlarning asosiy indekslari boʻyicha rivojlanish tendensiyalari oʻrganib chiqiladi. Shunga asosan, yilda bir marotaba SDG index deb nomlanuvchi xalqaro reyting natijalari eʼlon qilib boriladi.
Barqaror rivojlanish maqsadlari indeksini hisoblab chiqish jarayonida 17 ta maqsad boʻyicha 100 ga yaqin xalqaro indeks va indikatorni oʻz ichiga oluvchi maʼlumotlar manbalari tahlil qilinadi.
2023-yilda shakllantirilgan SDG index hisobotiga koʻra, Oʻzbekistonning mavqei 166 ta mamlakat orasida 71,1 indeks bilan 8 pogʻonaga koʻtarilib, 69-oʻringa loyiq koʻrildi. 2022-yilda Oʻzbekiston 69,9 indeks bilan 77-oʻrinda qayd etilgan edi.
SDG index hisobotiga muvofiq, Oʻzbekistonda oʻtgan yili barqaror rivojlanishning 10 ta maqsadi, yaʼni kambagʻallikni qisqartirish (1-maqsad), sogʻliq saqlash va farovonlikni taʼminlash (3-maqsad), sifatli taʼlim (4-maqsad), gender tenglikka erishish (5-maqsad), toza suv va sanitariya (6-maqsad), sanoatlashtirish, innovatsiya va infratuzilma (9-maqsad), shahar va aholi punktlarini barqaror rivojlantirish (11-maqsad), iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish (13-maqsad), tinchlik, adolat va samarali boshqaruv (16-maqsad), barqaror taraqqiyot yoʻlidagi hamkorlik (17-maqsad) koʻrsatkichlarida oʻsish kuzatilgan.
OCHIQ MAʼLUMOTLAR — MUHIM MANBA
Raqamli iqtisodiyot va raqamli texnologiyalar jadal rivojlanayotgan hozirgi davrda elektron hukumat tizimini takomillashtirish masalasi yanada muhim ahamiyat kasb etadi.
Oʻzbekiston Respublikasining Ochiq maʼlumotlar portali muhim axborot manbaidir. Hozirgi kunda mamlakatimizda maʼlumotlarning shaffofligini taʼminlash yuzasidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada samaradorlikni oshirish maqsadida qator farmon va qarorlar qabul qilingan.
Ularda Statistika agentligi zimmasiga ham qator vazifalar yuklatilgan. Xalqaro tajriba va foydalanuvchilar fikrini inobatga olgan holda portaldagi davlat organlari hamda tashkilotlari tomonidan eʼlon qilinishi lozim boʻlgan ochiq maʼlumotlar toʻplamlari roʻyxatini yangilab turish, undan samarali foydalanishni taʼminlash, bu yoʻnalishda metodologik yordam koʻrsatish, ochiq maʼlumotlar sohasini yanada rivojlantirish boʻyicha qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash, xalqaro nufuzli reytinglarda ishtirokini taʼminlash kabilar shular jumlasidan.
Shundan kelib chiqib, 2021-yilning avgust oyida Singapur, Kanada, Buyuk Britaniya, Estoniya kabi davlatlar amaliyoti asosida Ochiq maʼlumotlar portalining takomillashtirilgan yangi versiyasi (data.egov.uz) ishga tushirildi.
Hozirgi kunda portalda 160 ta davlat organi va tashkiloti tomonidan 8 ming 500 dan ortiq ochiq maʼlumotlar toʻplami muntazam joylashtirilib kelmoqda. Portal Ochiq maʼlumotlar instituti (Open Data Institute, ODI)ning “Silver” darajali sertifikatini oldi. Shuningdek, Statistika agentligining rasmiy veb sayti (stat.uz) ham ushbu institutdan ochiq maʼlumotlar sertifikatining jamoa guvohnomasini olish orqali eng yuqori “Platinum” darajasiga erishdi.
Open Data Inception maʼlumotiga koʻra, jahon mamlakatlari orasida Oʻzbekiston ochiq maʼlumotlar manbalari soni mavjudligi boʻyicha toʻrtinchi, 2023-yil avgust oyida eʼlon qilingan Open Data Inventory (ODIN) ochiq maʼlumotlar reytingida esa 70 ball toʻplagan holda 2018-yildagi 168-oʻrindan 138 pogʻonaga koʻtarilib, dunyoda 30-oʻrinni hamda Markaziy Osiyoda 1-oʻrinni egalladi.
Open Data Inventory ochiq maʼlumotlar reytingi milliy statistika idoralari tomonidan yuritiladigan veb saytlar hamda har qanday rasmiy hukumat veb saytida taqdim etilgan maʼlumotlarning qamrovi va ochiqligini baholaydi. Umumiy ODIN ochiq maʼlumotlar reytingi bali milliy statistika idoralari tomonidan taqdim etiladigan maʼlumotlar qanchalik toʻliq va ochiq ekani koʻrsatkichi hisoblanadi. Ijtimoiy, iqtisodiy, shuningdek, atrof-muhit statistikasi boʻyicha yigʻma ballar hamda qamrab olish va ochiqlik boʻyicha yigʻma ballar milliy statistika tizimlarining kuchli yoki zaif tomonlarini koʻrsatib beradi.
Open Data Inventory baholashlari dolzarb yoʻnalishdagi 22 ta statistik maʼlumotlarni koʻrib chiqadi. Ushbu statistika maʼlumotlari 65 ta indikatordan iborat. U 2023-yildan boshlab Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) indikatorlari qatoriga kiritildi. Bu, oʻz navbatida, reytingning nufuzi oshishiga va 2030-yilga qadar BRM maqsadlariga erishishni monitoring qilishda mamlakatlarning ochiq maʼlumotlardan kengroq foydalanishiga olib keladi.
Mamlakatimizda ochiq maʼlumotlar tizimini joriy etish orqali davlat hokimiyati organlari shaffofligini taʼminlash va “Ochiq hukumat” konsepsiyasini amalga oshirish, xorijiy investorlarni salohiyatimiz toʻgʻrisida xabardor qilish, turizm xizmatlari bozorini kengaytirish, ijtimoiy-siyosiy institutlar faoliyatini yoʻlga qoʻyishda fuqarolik jamiyati ishtirokini yuksaltirish kabi yoʻnalishlarda amaliy natijalarga erishish lozim.
Bu jarayonda Ochiq maʼlumotlar portaliga davlat organlari va tashkilotlari axborot resurslarini integratsiya qilish orqali avtomatik ravishda joylashtiriladigan maʼlumotlar toʻplamlari soni koʻpaytiriladi. Ilgʻor xalqaro tajribalarni oʻrganish hamda xorijiy mamlakatlarda tashkil etiladigan konferensiya, sammit, forumlarda, shuningdek, oʻquv va malaka oshirish kurslarida mutaxassislar ishtiroki taʼminlanadi. Davlat organlari va tashkilotlari, tarkibiy hamda hududiy boʻlinmalarida ochiq maʼlumotlar bilan ishlovchi xodimlar malakasini oshirish muhim oʻrin tutadi. Ustuvor xalqaro reytinglarda Oʻzbekistonning pozitsiyasi yaxshilanishi bu boradagi ishlarga ham chambarchas bogʻliqdir.
Bahodir BEGALOV
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
huzuridagi Statistika agentligi direktori,
iqtisodiyot fanlari doktori, professor