Biz suygan bu Vatan shunchalar goʻzal!..

    Kuz gullari tong shabbodasida tebranib atrofga anvoyi boʻylar taratgan pallada poytaxtimizdagi Adiblar xiyoboniga bir guruh talaba yoshlar oʻqituvchilari bilan kirib kelishdi.

    Gangir-gungir suhbat oralab kechayotgan mushoiralaru mulohazalarni tinglab, qadamlari dadil yigit-qizlarni kuzatar ekanman, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning: “Adabiyot xalqning yuragi, elning maʼnaviyatini koʻrsatadi. Bugungi murakkab zamonda odamlar qalbiga yoʻl topish, ularni ezgu maqsadlarga ilhomlantirishda adabiyotning taʼsirchan kuchidan foydalanish kerak”, degan soʻzlari naqadar haq ekanligiga amin boʻldim.

    Qoʻlida kitob ushlaganicha oʻyga choʻmib oʻtirgan adabiyotshunos olim Ozod Sharofiddinov siymosi qoshida toʻplanayotgan Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabalari davrasiga yaqinlashar ekanman, adabiy uchrashuv oldidan shaxmat stoli ustida allaqachon qizgʻin oʻyin boshlanganiga guvoh boʻldim. Talabalarga hakamlik qilayotgan ustoz Muxtor Xudoyqulov bilan bir davrada yigʻilgan taniqli jurnalistlar, shoir va yozuvchilarning atoqli olim bilan bogʻliq xotiralarini bir tinglasangiz edi...

    – Ozod domlaning ekan katta ishlaridan biri shuki, 23 yil oldin ularning taklifi bilan yurtimizda “Jahon adabiyoti” jurnali taʼsis etildi, – deydi “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev. – Garchi oʻsha paytda sogʻligida muammo boʻlsa-da, Ozod Sharofiddinov bu jurnal oyoqqa turishi uchun juda katta mehnat qildi. Hozirgacha jurnalimiz orqali jahon adabiyotidagi 340 ta qissa va romanlarni oʻzbek tiliga oʻgirib yurtdoshlarimizga taqdim etdik.

    Bu davradan sal uzoqlashsangiz, xiyobonga oʻzgacha koʻrk bagʻishlagan gultojixoʻrozlaru namozshomgullar oralab qarshingizdan Kumushbibi Fuzuliy gʻazallarini shivirlaganicha chiqib keladi. Ha, Abdulla Qodiriy bizga meros qilib qoldirgan bebaho merosimizga, “Oʻtgan kunlar”imizga kim ham maftun boʻlmaydi deysiz...

    – Men har safar ushbu asarni oʻqiganimda yangi-yangi maʼnolar topaman, – deydi Kumushbibi obrazidagi goʻzal qiz – Toshkent davlat texnika universiteti 4-bosqvich talabasi Maysara Ochilova. – Ayniqsa, Kumushbibi obrazidagi asl oʻzbek qizining irodasi, andishasi, ibosi va hayosiga havas qilmagan qiz bormikan... Bugun bogʻdagi adabiy suhbatlarda yana bir haqiqatni kashf etdim, “Oʻtgan kunlar”da aslida millatimiz oʻtmishi va ertasi bilan bogʻliq katta muammolar yoritilgan ekan. Xiyobondagi har bir uchrashuv bizga millatimiz va maʼnaviyatimiz bilan bogʻliq koʻplab haqiqatlar ayon boʻlishida yordam bermoqda.

    Navbatdagi ochiq dars tomon oshiqar ekanman, Abdulhamid Sulaymon oʻgʻli Choʻlponning misralari qulogʻimga chalindi. Bu oʻktam ovoz sohibi Oʻzbekiston ichki ishlar akademiyasi kursanti, Choʻlpon stipendiasi sohibi Asilbek Hoshimboyev ekan.

    – Choʻlpon sheʼrlarini oʻqiganimda qalbimda oʻzgacha bir shijoat va jasorat uygʻonganini sezaman. “Men suygan suyukli shunchalar goʻzal, oydan-da goʻzaldir, kundan-da goʻzal”, deydi shoir. Majoziy obrazlarda oʻz ona-yurti istiqbolini qaygʻurib, uni chin dildan suyib nido qilgan ijodkor iztiroblari biz yoshlarni hamisha fidoyi, hushyor va sergak boʻlishga undaydi.

    Ha, bugun adiblar xiyobonida kechgan navbatdagi maʼnaviyat bayramida yosh qalblar maʼnaviyatimizning koʻhna chashmalaridan, ustozlar saboqlaridan yana bir bora bahramand boʻlishdi. Masrur dillar-la uchrashib, ertangi kun orzulari va yuksak maqsadlari bilan yashayotgan yosh zamondoshlarimiz bilan suhbatlashar ekanman, Choʻlpon misralariga hamohang bir haqiqat tilimga keldi: Biz suygan bu Vatan shunchalar goʻzal, Oydan-da goʻzaldir, kundan-da goʻzal!..

    Muxtasar TOJIMAMATOVA