– Maʼlumki, soʻnggi uch yilda soliqlar turi 16 tadan 9 taga qisqardi. Koʻpchilikning esidan chiqqan boʻlishi mumkin, yaqingacha Pensiya, Maktab va Yoʻl jamgʻarmalariga biznes uchun ogʻir yuk boʻlgan 3,2 foizli yigʻimlar toʻlanar edi.
Ushbu yigʻimlar korxonalarning foydasidan qatʼiy nazar, oborotdan olinib, ularning miqdori korxonalarning kamida 20-25 foiz foydasiga teng boʻlgan.
Byudjetdan tashqari jamgʻarmalarga mazkur yigʻimlarni bekor qilish hisobiga, 7 mingga yaqin korxona har yili oʻrtacha 6 trillion soʻm soliq toʻlashdan ozod boʻldilar.
Molk-mulk, daromad soligʻi va ijtimoiy soliqlar stavkalari 2 barobarga kamaytirildi. Aniq misollar bilan gapiradigan boʻlsak, transport sohasida soliq yuki – 3 barobar, oziq-ovqat sanoatida – 2 barobar, toʻqimachilik va elektrotexnika sanoatida esa, 20 foizgacha kamaydi.
Ayniqsa, pandemiya davrida xarajatlarimiz keskin oshganiga qaramay, qoʻshilgan qiymat soligʻi 20 foizdan 15 foizga tushirildi, koʻproq zarar koʻrgan tarmoqlarga ijtimoiy soliq 12 foizdan 1 foizga pasaytirilib, mol-mulk va yer soliqlari toʻlovlaridan butkul voz kechildi.
Bu esa, oʻz navbatida tadbirkorlar ixtiyorida qolgan 2 trillion soʻm mablagʻni biznes faoliyatiga sarflash imkonini berdi.
Lekin, soliq stavkalari va soliq maʼmurchiligi boʻyicha tadbirkorlar tomonidan koʻtarilayotgan haqli savollar hali juda koʻp.
Birinchidan, oʻtgan yili yangi Soliq kodeksi amalga kiritilganidan keyin, 23 ta maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilari avvalgi imtiyozlarimiz saqlanib qoladimi yoki yoʻqmi, deb bezovta boʻlmoqdalar.
Bu borada bir fikrni aniq qilib aytmoqchiman: 2020-yil fevral oyida “Maxsus iqtisodiy zonalar toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilingunga qadar iqtisodiy zonalarda roʻyxatdan oʻtgan tadbirkorlarga berilgan imtiyozlar saqlab qolinadi.
Shuningdek, ichki bozorda teng raqobat boʻlishi uchun eksport mahsulotlari ishlab chiqarishga olib kelingan xom ashyo import bojidan ozod etiladi.
Lekin, bir narsani aniq tushunib olish lozim. Biz qoʻshilgan qiymat soligʻining uzluksiz zanjirini yaratish boʻyicha katta islohotlarni olib borayapmiz.
Shu bois, maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilariga qoʻshilgan qiymat soligʻining ortiqcha qismini 7 kun ichida qaytarib berish tartibi joriy qilinadi.
Ushbu tartib tadbirkorlarga bir yilda oʻrtacha 350 milliard soʻm qoʻshilgan qiymat soligʻini qisqa muddatda qaytarib olish va aylanma mablagʻlarini koʻpaytirish imkoniyatini beradi.
Bundan tashqari, chetdan olib kelingan tovarlar uchun qoʻshilgan qiymat soligʻini 120 kun davomida boʻlib-boʻlib toʻlashda tadbirkorlarga foiz hisoblanmaydi va garov talab etilmaydi, - dedi Prezident.
Ikkinchidan, mamlakatimizda qurilish sohasida ham, katta oʻzgarishlar amalga oshirilmoqda.
Mahsulot tannarxini kamaytirish boʻyicha 50 dan ziyod qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalardan takliflar kelib tushgan.
Masalan, yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq sementning tannarxida – 14 foiz, asfaltda – 10 foiz, qum-shagʻal aralashmasida – 7 foizni tashkil etadi.
Shu bois, noruda qazilmalarga (qum-shagʻal, ohaktosh, gips, dolomit kabi) yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 2 barobarga kamaytiriladi. Buning hisobiga, 1,5 mingga yaqin korxonalar ixtiyorida yiliga 500 milliard soʻm mablagʻ qoladi.
Uchinchidan, biz xizmatlar sohasini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratayapmiz. Yangi ish oʻrinlarini qisqa muddatlarda yaratadigan sohalardan biri ham servis sohasi hisoblanadi.
Pandemiya davom etayapti va bu xizmatlar sohasi, ayniqsa umumiy ovqatlanish va turizm korxonalari uchun qanchalik ogʻir boʻlayotganinibarchamiz koʻrib turibmiz, albatta.
Bu borada, umumiy ovqatlanish va turizm korxonalaridan oʻtgan yili berilgan imtiyozlarni uzaytirish boʻyicha 300 dan ortiq murojaat kelib tushgan.
Shu bois, jami 13 mingta umumiy ovqatlanish korxonasini yil yakuniga qadar yer va mulk soligʻidan ozod qilamiz. Bu imkoniyat ularga 30 milliard soʻm qoʻshimcha koʻmak deganidir.
Ularning boshqa soliqlardan mavjud 35 milliard soʻm qarzlari muddatlari joriy yil yakunigacha uzaytiriladi, kreditlarini qaytarish ham kechiktiriladi.
Shu bilan birga, turizm kompaniyalari va mehmonxonalarni turistik yigʻimlardan 2 yil muddatga ozod qilsak, nima deysizlar?
Bu – hozirgi qiyin sharoitda tushumi kamayib ketgan 2 ming nafar tadbirkor ixtiyorida 150 milliard soʻm qoladi, degani.
Toʻrtinchidan, bugungi kunda 5 mingga yaqin tadbirkorlik subyektlarining tashqi savdo operatsiyalari boʻyicha debitor qarzdorligi mavjud.
Pandemiya sababli ushbu tadbirkorlarga jarima solish va bugungi kungacha qoʻllanilgan 6 trillion soʻmlik jarimalarni undirish joriy yil yakuniga qadar toʻxtatiladi.
Beshinchidan, soliq maʼmurchiligini soddalashtirish, soliq idoralarining nazorat funksiyalarini takomillashtirish yuzasidan jiddiy choralarni amalga oshirishimiz zarur.
Kelgusi yil 1-yanvardan boshlab soliq idoralari oʻz elektron dasturlari orqali biznes subyektlariga hisobotlarini shakllantirish xizmatini yoʻlga qoʻyadi.
Hozirda, 228 mingta kichik tadbirkorlarda buxgalter yoʻq. Oqibatda, soliq hisobotlarini kamchiliklar bilan topshirgan 32 mingga yaqin tadbirkorga moliyaviy jarima solingan.
Hisobotlarni kechiktirib topshirish bilan bogʻliq moliyaviy sanksiyalarni qoʻllash tartibi esa toʻliq bekor qilinadi.
Shuningdek, soliq idoralari qoʻllayotgan ayrim jarimalar soni va miqdorining ortgani, meni xavotirga solmoqda. Oʻtgan yili kameral nazorati natijasida 336 ta korxonaga 51 milliard soʻm moliyaviy jarima qoʻllanilgan boʻlsa, joriy yil 6 oyda 3 mingdan ziyod tadbirkorlarga 900 milliard soʻmdan ortiq jarima belgilangan.
Shuning uchun Qoʻchqorov, Ishmetov, Qudbiyev, Davletov, Qosimov bir oy muddatda, soliq idoralarining kameral nazorati natijasiga koʻra, moliyaviy jarima qoʻllash amaliyotini bekor qilish boʻyicha taklif kiritsin.
Oltinchidan, amaldagi tartibga koʻra, tadbirkorlar qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha hisobot topshirishi bilan birga, undagi farqni qaytarish uchun soliq idoralariga alohida murojaat qilishga majbur.
Bu – 14 ming tadbirkorning faoliyatiga bevosita bogʻliq boʻlib, ular uchun qoʻshimcha vaqt, ortiqcha sarsongarchilik degani.
Ishmetov, Qudbiyev bu masalani chuqur oʻrganib, kelgusi yildan qoʻshilgan qiymat soligʻini qoʻshimcha hujjatsiz qaytarish tartibini amaliyotga joriy etsin.
Yettinchidan, “Sag-Agro” korxonasi rahbari Kamol Abdullayev va boshqa 200 dan ortiq tadbirkorlar soliq va bojxona idoralariga toʻlangan qoʻshilgan qiymat soligʻini “zachyot”ga olish, yaʼni oʻzaro hisob-kitob qilish imkoniyatini soʻragan.
“Sag-Agro” korxonasining soliq bazasida 700 million soʻm ortiqcha toʻlovi boʻla turib, bojxonada 1,4 milliard soʻm qoʻshilgan qiymat soligʻini qoʻshimcha toʻlashga majbur boʻlgan.
Shuning uchun, kelgusi yildan boshlab, qoʻshilgan qiymat soligʻini hisobga olishda soliq va bojxona idoralarining elektron bazalari oʻzaro bogʻlanadi.
Yaʼni, soliq idoralarida mavjud qoʻshilgan qiymat soligʻi ortiqcha toʻlovlar bojxona toʻlovlarini amalga oshirayotganda ham inobatga olinadi. Ushbu yengillikdan 10 mingdan ziyod tadbirkor foydalanishi mumkin boʻladi.