BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari boʻyicha Oʻzbekiston 2015-2022-yillarda qanday natijalarga erishdi?

    Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari boʻyicha Oʻzbekiston 2015-2022-yillarda qanday natijalarga erishganini tahlil qildi.

    Shuni taʼkidlash kerakki, Oʻzbekistonda Barqaror rivojlanish boʻyicha milliy maqsadlarga erishish borasida yaxshi natijalar qayd etilyapti. 2023-yilda BMT tomonidan eʼlon qilingan Barqaror rivojlanish maqsadlarining davlatlararo reytingida (SDG) Oʻzbekiston oʻz reytingini 8 pogʻonaga oshirib, 166 ta mamlakat orasida 69-oʻrinni (2022-yilda 77-oʻrin) egallagani ham bu fikrni tasdiqlaydi.

    SDG Index hisobotiga koʻra, Oʻzbekistonda 16 ta maqsaddan 11 tasi boʻyicha barqaror rivojlanish koʻrsatkichlarining ijobiy oʻsishi qayd etildi. Bular: kambagʻallikni qisqartirish (1-maqsad), oziq-ovqat xavfsizligi va ovqatlanish (2-maqsad), salomatlik va farovonlik (3-maqsad), gender tengligi (5-maqsad), sifatli taʼlim (4-maqsad), toza suv va sanitariya (6-maqsad), sanoatlashtirish, innovatsiyalar va infratuzilma (9-maqsad), shaharlar va aholi punktlarining barqaror rivojlanishi (11-maqsad), iqlim oʻzgarishiga qarshi kurash (13-maqsad), tinchlik, adolat va kuchli institutlar (16-maqsad).

    Oʻzbekistonning 2023-yilgacha Barqaror rivojlanish boʻyicha milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish borasidagi birinchi (2022) va ikkinchi (2023) Ixtiyoriy milliy hisobotlari BMT tomonidan ijobiy baholandi.

    Demak, 1-maqsad, yaʼni Oʻzbekistonda kambagʻallikni sezilarli darajada qisqartirish boʻyicha koʻrilgan chora-tadbirlar va ularning natijasini koʻrib chiqamiz. Avvalo, ushbu maqsadni amalga oshirish uchun kambagʻallikka qarshi kurashishning zarur qonunchilik, institutsional va iqtisodiy mexanizmlari shakllantirildi. Quyida 1-maqsad boʻyicha Oʻzbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishdagi ayrim natijalari keltirilgan:

    – Ushbu maqsad doirasida 2015-2022-yillarda milliy mezon boʻyicha kambagʻallik darajasi 30,4 foizdan 14,1 foizga, yaʼni 2 marotaba pasaydi.

    – Bu davrda ijtimoiy nafaqa oluvchi aholi qamrovi 0,8 foizdan 1,7 foizga oshdi.

    – Ayni chogʻda Oʻzbekiston xalqaro kambagʻallik chegarasi boʻyicha koʻzlangan maqsadga erishgan va bu koʻrsatkich kuniga 2,15 dollarni tashkil etadi. Shuningdek, ushbu koʻrsatkichning qiymati 19,74 foizdan taxminan 7,4 foizgacha qisqardi.

    – Yoshga doir pensiya oluvchi aholi ulushi 7,2 foizdan 8,7 foizga oshdi.

    – 2023-yilgi milliy hisobotga koʻra, ushbu davrda shinam uy-joylarda yashovchi aholi ulushi 43,1 foizdan 86,5 foizga ortgan.