Yozning sokin oqshomi. Kunduzgi jaziramani shom shabadasi olislarga olib ketgan. Keng-moʻl hovlidagi rayhon va gullar ifori vujudga rohat beradi. Tiniq osmondagi yulduzlar bir hovuch choʻgʻday yaltiraydi. Soʻrining temir toʻsigʻiga suyanib, yulduzlarga koʻz tikaman. Roʻparamda oʻtirgan bobom bir maromdagi ohangda gapini davom ettiradi.
– Daryo yoqalab, toʻqay oralab mol haydab yurib edim, miltiq ovozi eshitildi. Narigi qirgʻoqdan uchgan tustovuq mendan oʻttiz qadamcha nariga tushdi. Yugurib borib qaradim, qanotini tapillatib yerga urib, chalajon yotibdi. Tustovuqni koʻtarib narigi sohildagi ovchiga koʻrsatdim. U olaver, senga deganday ishora qildi. Oʻpkam koʻkragimga sigʻmay uyga qarab yugurdim. Shu ketishda momomga “Mana tustovuq, qaynatma qilib bering, bobomni koʻrgani boraman”, dedim.
Shu payt bobomning ovozi titraydi. U momosining yoniga endigina yetib kelgan oʻn yashar boladay titroq ovozini bosish uchun tamshanadi. Beixtiyor uning yuziga koʻz tikaman. Qovoqlari ostida koʻzyosh yaltirab, bir tutam soqoli oralab gʻoyib boʻladi.
Otadan barvaqt yetim qolgan bu odam moʻysafid bobosiga suyanib qolgan edi. Taqdirning achchiq hukmi sabab qishloqning oqsoqoli, ilmli kishisi boʻlgani uchun katta bobomiz Termizdagi qamoqxonaga tashlanadi. Begona ovchining sovgʻasidan suyungan oʻn yashar Amirxon tustovuqni bobosiga olib borish uchun uyiga yugurgani boisi shu edi.
Roʻparamda oʻtirgan bobomning boʻgʻziga hamon yigʻi tiqilgan, yillar oʻtsa ham oʻsha hasrat, qaygʻu chekinmagan. Sababi bobosining vafoti haqidagi xabarni eshitmagan. Bir umr kutdi, kelib qolar, deya yoʻlga koʻz tikib oʻtdi.
Mustaqillik, vatan haqida gap ketsa, beixtiyor bobomning jiqqa yoshga toʻlgan koʻzi, titroq ovozda aytgan gaplari yodimga tushadi. Keyin hozirgi kunlarimizni sarhisob etaman. Agar bobom hayot boʻlganida qay yoʻsin ish tutgan boʻlardi, deya oʻylayman.
Aniq bilaman, mashinaning old oʻrindigʻiga oʻtirib, “Termizga hayda, borib bobomning qamalgani haqidagi hujjatlarni olaylik, sudga beramiz, oqlaydi”, derdi. Keyin yana koʻziga yosh toʻlar, ammo ovozi titramasdi. Harholda men shunday tasavvur etaman. Chunki u bir umr bobosi begunoh ekanini yurak-yuragidan his etib, buni baralla aytishdan choʻchib yashadi. Hurriyat sabab xalq dushmani, degan tamgʻa odamlarning yuziga solinmaydigan boʻldi. Baribir oqlov degan umid yuragiga yuk boʻlib yashab oʻtdi. Garchand bunga hech kim toʻsqinlik qilmasa ham qatagʻon siyosatining qoʻrquvi hamon yashab kelayotgandi.
Hozir shular haqida yozayapman-u, koʻz oldimga otam keldi. U bor quvvatini, irodasini jamlab, oʻsha qoʻrquvni yengib oʻtishga sarf etgan ekan. Bu, ayniqsa, har yil kuz kelganida aniq koʻrinardi.
Maktabning keng-moʻl hovlisi. Binoning asosiy eshigiga roʻpara boʻlib oʻqituvchilar turibdi. Ularning ikki yonidan biz — oʻquvchilar saf tortganmiz. Oʻrtada maktab direktori. U ovoziga yasama ulugʻvorlik berib soʻzlaydi: “Birinchi sinfga ruxsat, ikkinchi sinfdan to toʻrtinchi sinfgacha darsga keladi, ikki soat darsda oʻtirib, keyin sekin dalaga. Oʻqituvchilar oʻzlaring bosh boʻlib, sanoqdan kamaytirmay olib borasanlar”.
Qator orasida pichir-pichir boshlanadi. Yuqori sinf oʻquvchilari qaysi brigadaning paxta dalasiga surgun qilinishi haqida bahslasha boshlaydi. “Jim!”. Direktorning ovozidan hamma birdan sergak tortadi. Soʻng yuqori sinflarning paxtaga chiqish rejimi, kunlik reja haqida batafsil aytiladi. Gap soʻngida direktor: “Uyi yaqinlar uyidan, boshqalar ham yaqinroq joydagi qarindosh, doʻstlaridan partuk olib kelsin, hozirning oʻzida hamma dalaga!” deydi.
Maktab hovlisidan shundoq uyimiz koʻrinib turadi. Fartuk soʻragan sinfdoshlarim ortimdan ergashadi. Hovlida oʻrik soyasida yonboshga yostiqni bosib radio eshitib yotgan otam boshini koʻtaradi. U paxta terimiga ketayotganimizni eshitib sergak tortadi: “Yana boshlandimi?! ...Fartuk kerak boʻlsa, berib yuboraver, sen hech qayerga bormaysan!”
Bu gapni eshitib oʻtirgan onam gapga qoʻshiladi:
– Hammaning bolasi qatori borib kelaversin, nima qilasiz qaytarib? Ishyoqmas boʻlib qoladi.
– Mening bolalarim paxta oralamay katta boʻladi!
Shu tariqa paxtaga chiqmaydigan boʻlaman. Direktorning vajohatidan choʻchiganimni bilgan otam oʻqituvchilar bilan oʻzi gaplashishini aytadi. Ularga nima deydi, qanday gaplashadi, bilmayman. Hozir ham buni tasavvur qila olmayman. Axir oʻsha zamonlarda men paxta termasam, oʻrnimga kimdir terishi, rejani bajarishi kerak edi. Maktab direktori ham fermerday gap edi. U har kuni kechki payt qancha paxta topshirgani haqida hokimga hisob beradi. Undan bolalarning bilim darajasi emas, “oq oltin” deyiladigan qora zahmat soʻraladi. Shunday vaziyatda direktor uchun bitta bolaning dalaga chiqmasligi ham katta yoʻqotish. Ammo otam har yili buning uddasidan chiqadi.
Aslida bu juda katta jasorat edi. Faqat hozir bu ishning nechogʻlik katta ahamiyatga egaligini oʻgʻlimga tushuntira olmayman. Chunki paxta nima, nega uni oʻquvchilar terishi kerak, degan gaplarni bilmaydi, bilmasin ham!
Shu tariqa paxta dalasiga sira oralamayman. Mabodo talotoʻpda boshqalar qatori dala boshiga borsam ham egat oralab, adoqdan chiqib, uyga qochaman. Onam: “Ishlamasang, paxta termasang, darsingni qil”, deydi. Darslikni ochib, baloni ham tushunmayman. Biror soat dars oʻtilmagan axir. Soʻng birorta asarni olib muk tushaman. Shukur Xolmirzayev, Said Ahmad, Chingiz Aytmatovday yozuvchilar bilan shu taxlit “doʻstlashaman”. Bundan otam faxrlanadi. Tuman, viloyat gazetalarida chop etilgan maqolalarimni koʻrib koʻngli yorishadi. Doʻstlari bilan bir davrada oʻtirganda ularga hazil qiladi: “Hushyor boʻling, bu bola jurnalist, nimani eshitsa, shunday yozadi!”
Bundan uyalaman. Otam nega hammaga men haqimda bunday gaplarni aytaverishini hali tushunmayman. Keyinchalik bilamanki, otalar shu tarzda farzandlari bilan faxrlanadi. Buni keyinchalik Toshkent viloyatiga koʻchib kelib yashay boshlaganimizda aniq his etaman.
Oʻshanda 2015-yillar edi. Hovli sotib olib, koʻchib kelganmiz. Ammo “propiska” muammosi sabab rasman bu uyda ijarada yashaymiz. Uyni qishloqdosh oshnamning nomiga rasmiylashtirganmiz. Qoʻshnimiz Ergash bobo ishning koʻzini biladigan odam. U Surxondaryodan qorakoʻl teri topib kelgan. Uning yoniga yana nimalardir qoʻshgan, kazo-kazolar oldiga kirib, sovgʻani bergan, ishni pishitgan. Shu tariqa oʻgʻli Qulmirza Toshkentning doimiy roʻyxatga olingan fuqarosi! Bu oʻsha vaqtlarda xuddi oʻrta asrlardagi oliy irq vakili deganday gap edi.
Ana shunday kunlarda pensiyani Surxondaryodagi pochtachi Xayrulla aka beradi. Otam muddat yaqinlashgani hamon bot-bot unga qoʻngʻiroq qiladi. Pensiya pulini qarindoshlarga berishini aytadi. Xayrulla aka istar-istamas ota-onamning pensiyasini amakilarimga beradi. Soʻng ular Toshkentga kelayotganlardan berib yuboradi.
Bir safar otam Surxondaryoga borib onamga ham, oʻziga ham plastik karta olib keldi. Pensiyani oʻz ixtiyori bilan kartada olmoqchi ekanini bilganlar otamni sal demasa devonaga chiqaray degan. Bank xodimlari takror-takror soʻrarmish: “Bobo, rostdan ham pensiyani plastik kartada olmoqchimisiz? Keyin iziga qaytarib boʻlmaydi, yaxshilab oʻylab koʻring!”
Otam qatʼiy javob aytadi. Orqada navbat kutib turganlar pichir-pichirni boshlaydi. “Bobo pensiyasini ishlatmaslik uchun ataylab kartaga oʻtkazyapti shekilli”. “Shu-shu, boʻlmasa, qoʻliga naqd kelib turgan pulni kim ham kartaga tashlatadi?! Kecha Shoʻrchida soʻradim, kartadan pulni naqd qilib berish uchun 15 foiz ushlab qolar ekan!” “Oʻn beshga chiqibdimi? Shunda bir milliondan 150 ming olib qoladimi?! Odamlardan insof ham koʻtarildi!”
Otam hujjatlarni imzolagach, boyagi kishilarga yuzlanadi: “Oʻgʻlim Toshkentda ishlaydi, koʻchib ketganmiz. Toshkentda terminal bemalol, kartadan savdo qilaveramiz”, deydi. Bankdagilar uning ortidan havas va hasad aralash qarab qoladi. Ammo ular katta bozorda plastik kartada bemalol savdo qilinadigan doʻkon atiga ikkita ekanini bilmaydi. Boz ustiga narxlar boshqalaridan ikki hissa qimmatligini ham. Xomchoʻtimga koʻra, narxdagi farq oʻsha 15 foizdan sira kam emasdi. Buni barchamiz bilar, ammo narx qimmatligi haqida sira ogʻiz ochmasdik. Tavba, hech kim gapirishni taqiqlamagan, lekin gapirib ham boʻlmaydigan holatlar ham boʻlar ekan-da! Shunday vaziyatga tushganida odam oʻzini naqadar ojiz, notavon his etishini bilsangiz edi...
Yaqinda otamni chin dunyoga kuzatdim. Qoʻrgʻon qulagach, kichik tepalarga shamolning shiddati aniq bilinar ekan. Ana shu shamolni toʻsish navbati menga yetdi. Shu haqida oʻylab, otamning matonatiga qoyil qolganim rost. Otam tom maʼnoda doim meni yelkasida olib yurgan ekan. Boʻlmasa, Toshkentga kelib yelka qisib yashashga majbur boʻlmasdi. Oʻylab koʻring, bolasini paxtaga oralatmagan ota uning iqboli uchun oʻgʻli bilan tengdosh uchastka nozirining oldida bosh egib turishi... dahshatning oʻzginasi edi men uchun.
Oʻsha kuni yakshanba edi. Parkent tumanidagi bozorga bordim. Choʻntagimda tayinli pulim boʻlmasa ham bozordagi qoramol va qoʻylarning narxini soʻradim. Surxonning jaydari odamlarini eslatadigan olib-sotarlarning qoʻl siltashini tomosha qilib uyga qaytdim. Kelsam, ota-onam ham, bolalarim ham mungʻayib oʻtiribdi. Vaziyat bunday: men yoʻq mahal uchastka noziri keladi. Avvaliga otamga oddiy tekshiruv, deya pasportlarni oladi. Soʻng otamning yalinishi, tushuntirishiga qaramay, pasportlarni oʻzi bilan olib ketadi. Ketar chogʻi: “Oʻgʻlingiz kelsa, mahalla idorasiga borsin, oʻsha yerda boʻlamiz!” deydi.
Boʻsagʻadan qaytib, mahalla idorasiga yoʻl oldim. Maktabning bir chetidagi chogʻroq xona odam bilan toʻlgan. It egasini, mushuk bekasini tanimaydi. Shu gʻala-gʻovurda uchastka nozirining menga koʻzi tushdi: “Siz kimsiz?” deb soʻradi.
Oʻzimni tanishtirib, xoli gaplashib olishga chaqirdim. Uzun yoʻlakning bir chekkasiga borib toʻxtadim. Avvaliga gazetada ishlashim, bekorchi yo jinoyatchi emasligimni tushuntirmoqchi boʻldim. Qani endi gap kor qilsa! Nuqul: “Aka, meni ham tekshiradi, sizni deb ishdan haydalish niyatim yoʻq, dodaga ham aytdim. Hujjatsiz yashayapsiz, ertaga uydan chiqib ketishingiz kerak”, deydi.
Oʻshanda negadir vaqtinchalik roʻyxatga qoʻyishga ham ruxsat yoʻq edi. Alam va achchiq bilan nimalar dedim, bilmayman. Nozir uzoq vaqt koʻzimga tikilib turdi-da: “Boʻpti, sizga yordam beraman, faqat iltimos, darvozadan hech kim chiqmasin. Hatto qoʻshnilaringiz ham yashayotganingizni bilmasin, tekshiruv kelib qolsa, siz ham, men ham yaxshigina jarima toʻlaymiz”, dedi.
Oʻsha vaqtda nozir koʻzimga farishtaday koʻrindi. Borimni olib, uning choʻntagiga urdim. U “tushungan odam” ekanimdan xotirjam tortib, pasportlarimizni uzatdi. Keyin vaqtinchalik roʻyxatga olishga ruxsat boʻlmaguncha darvoza ochishga ham choʻchib yashadim. Vaqt oʻtishi bilan bu gaplarni ham unutganday boʻldik. Oʻsha kunlarni eslamaslikka urinar, oilaviy gurunglar oʻsha tomon qarab ketganida ham, ne kunlar oʻtmadi, deya jim boʻlardik. Toki otam haydovchilik guvohnomasini almashtirmaguncha.
Ikki yilcha avval otam haydovchilik guvohnomasini almashtirish uchun Surxondaryoga bormoqchi boʻldi. Men uni Toshkentda ham almashtirish mumkinligini aytdim. Shu gaplar orasida hujjat bahona, maqsad safar ekanini sezib qoldim. Soʻng “Shahardan almashtiring, navbat kam boʻladi”, deya otamni shaharga olib keldim.
Otam davlat xizmatlari binosidan chiqib kelgach: “Manavi sening ishingmi?” deya yangi haydovchilik guvohnomasini menga uzatdi. Hech narsani tushunmay otamga termuldim. “Yashash manziliga qara”. Shu gapdan keyin hujjat yozuvlarini oʻqib dong qotdim. Toshkent viloyatidagi uyni oʻz nomimga rasmiylashtirgach, otam ham shu yerga doimiy roʻyxatga oʻtib ketgan ekan! Bundan esa na bizning, na oʻzining xabari boʻlgan. Oʻshanda koʻnglimdan oʻtgan oʻylarni soʻz bilan aytib, tushuntirib boʻlmaydi. Otam ikkimiz bir muddat bir-birimizga termulib turdik-da, beixtiyor kulib yubordik. Bu kulgi alam, iztirob qorishiq quvonch edi, nazarimda.
Oʻtgan kunlarni bir-bir eslar ekanman, hamma avlodning oʻz tarixi boʻlar ekan-da, degan oʻy oʻtdi koʻnglimdan. Bobom qatagʻon boʻlgan bobosini kutib, bir umr yoʻl qarab boqiy dunyoga ketdi. U oʻlim oldidan, suv ham, ajib bir neʼmat ham emas, lolaqizgʻaldoq soʻradi. Saratonda lolaqizgʻaldoq qayerda deysiz. Kimdir toparmonlik qildi. Anorning yangi ochilgan gulini olib keldi, bobom uning lolaqizgʻaldoq ekaniga ishondi. Hamma hayron, nega aynan lolaqizgʻaldoq?!
Oʻshanda beixtiyor bobomning oy yorugʻida koʻzyosh bilan aytib bergan tustovuq voqeasini esladim. Keyin koʻz oldimga lolaqizgʻaldoq keldi. Qirda qip-qizil gilamday yastangan qizgʻaldoqzor oralab arava ketib borardi. Uning ikki chetida miltiq koʻtargan ikki askar, aravada qoʻliga kishan urilgan katta bobomiz. Yoshgina Amirxon esa “bobo”lagancha ortidan yugurib boryapti.
Otam oʻqimoqchi boʻlganida otasi qaytargan. “Qoʻying, mustabid hukumatga xizmat qilmang!” Shu bir ogʻiz qaytariq sabab ilmga tashna otam bir umr meni oʻqitish, yaxshi joylarda ishlashimni koʻrish orzusida yashadi. Oʻzi istaganday odam boʻlishim uchun gʻururimni sindirmaslikka urindi. Hatto qancha ogʻir boʻlmasin, paxta dalasiga yaqin yoʻlatmadi.
Hozir farzandlarimga shular haqida – bobolari orzusi nabiralar hayotida oʻz aksini topishi kerakligini aytishim zarur. Bunda hech qanday muammo yoʻq. Oʻylab qarasam, mening chekimga eng oson, ammo juda muhim vazifa tushibdi. Zero, bolalarimga toʻgʻri tarbiya berib, ilmga qiziqtira olsam, bas. Bugungi global dunyoda maʼrifatli shaxsni tarbiyalashning ahamiyati haqida esa kelajak tarixchilari — bolalar yozadi...
Boboravshan GʻOZIDDINOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri