Bobolarimizning ilmiy merosi — qardosh xalqni ham bahramand etmoqda

    “Yangi O'zbekiston” gazetasining 2022 - yil, 29 - mart sonida O'zbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti, tarix fanlari doktori, professor Bahrom Abduhalimovning “Bobolarimizning ilmiy merosi qardosh xalqni ham bahramand etmoqda” nomli maqolasi chop etildi. Quyida uni o'qishingiz mumkin.

    Markaziy Osiyo allomalari o'rta asrlarda ilm-fanning turli sohalariga oid ko'plab muhim asarlar bitgan. Bu asarlar o'zining yuksak ilmiy saviyasi va qiymati bilan jahon ilm-fani rivojiga katta ta'sir ko'rsatib, bashariyat taraqqiyotining yuqori bosqichi hisoblangan hamda ilmiy adabiyotlarda Renessans deb e'tirof etilgan ijtimoiy hodisani yuzaga keltirgan. Yurtimiz kutubxona va qo'lyozma fondlarida saqlanayotgan 100 mingdan ortiq asarlar bunga yorqin misol bo'la oladi.

    Ayni kunlarda ajdodlarimizning ushbu betakror tarixiy va ma'naviy merosini asrab-avaylash hamda ilmiy istifodaga kiritish davlat siyosati darajasiga ko'tarildi. Jumladan, Prezidentimizning bu yil 10 - fevraldagi “Qadimiy yozma manbalarni saqlash va tadqiq etish tizimini takomillashtirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori mazkur masalalar echimiga yo'naltirilgani bilan alohida ahamiyatga ega.

    Qaror yurtimizda Sharq qo'lyozmalarini saqlash, ta'mirlash, boyitish va muayyan tizimga keltirish, arab yozuvidagi yozma yodgorliklar, epigrafika namunalarini tadqiq qilish, ularni asl holida hamda o'zbek va xorijiy tillarda ilmiy izohlar, tarjimalar bilan nashr etish, ilmiy muomalaga kiritish ishlarini tamoman yangi bosqichga olib chiqadi. Shuningdek, me'yoriy hujjatda yurtimizdan etishib chiqqan allomalarning xorijiy davlatlarda saqlanayotgan asarlarini izlab topish va kataloglarini tuzish borasida yangi vazifalar belgilandi.

    Davrlar o'tib, asrlar silsilasida yurtimiz allomalari bitgan asarlar turli mamlakatlarga olib ketilgan va bugungacha saqlab kelinmoqda. Alloma bobolarimizning ko'plab asarlari saqlanayotgan shunday mamlakatlardan biri Turkiya Respublikasidir. Keyingi yillarda mazkur davlat bilan hamkorlikning istiqbolli rivojlanish pallasiga qadam qo'yilmoqda. Xususan, Prezidentimiz 2020 - yili 20 - fevral` kuni Anqara shahrida Turkiya Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xalq kutubxonasining ochilish marosimida ishtirok etdi. Davlatimiz rahbari yurtimizda saqlanayotgan Usmon Mushafining o'zbek xattotlari ko'chirgan nusxasi, Jaloliddin Rumiyning mashhur “Masnaviyi ma'naviy” hamda Abu Bakr Roziyning “Kasalliklar tarixi” nomli asarlarining noyob qo'lyozmalari faksimile nusxalari, “Alisher Navoiy asarlarining Istanbul kutubxonalaridagi tasviriy nusxalari” nomli kitobal`bom, XIII asrda yashab o'tgan turk shoiri Yunus Emro she'rlarining o'zbek tiliga tarjimasi jamlangan “O'lmas ko'ngul” nomli kitobni yangi kutubxonaga tuhfa qildi.

    Mutaxassislar Turkiyada 300 ming jild atrofida qo'lyozma asarlar borligini taxmin qilmoqda. Ularning 160 mingdan ortig'i arabiy, 70 mingga yaqini turkiy va 13 ming jilddan ortig'i forsiy tillarda bitilgan. Yunoncha, suryoniycha qo'lyozmalar ham bor. Biz uchun ahamiyatli jihati shundaki, ular orasida markaziy osiyolik olimlarning asarlari qo'lyozmalari ham ko'plab uchraydi. Biroq mazkur allomalarning Turkiyada saqlanayotgan asarlari xususida maxsus kataloglar tuzilmagani tufayli ularning soni, mualliflari, qaysi kutubxona yoki muzeylarda saqlanayotgani haqida to'liq ma'lumotga ega emasmiz. Bizningcha, bularni aniqlash uchun maxsus arxeografik ekspeditsiyalar uyushtirish maqsadga muvofiq. Bu qo'lyozmalarning aksariyatini yurtimizdan etishib chiqqan Abu Rayhon Beruniy, Imom Buxoriy, Hakim Termiziy, Imom Termiziy, Muhammad Xorazmiy, Mahmud Zamaxshariy, Ahmad Farg'oniy, Abu Nasr Forobiy, Abu Ali ibn Sino, Alisher Navoiy, Sharofiddin Iloqiy, Burhoniddin Marg'inoniy, Mirzo Ulug'bek, Qozizoda Rumiy va boshqa allomalar asarlari tashkil etadi.

    Markaziy osiyolik allomalarning asarlari Turkiyaning Madaniyat va turizm vazirligiga qarashli kutubxonalar hamda nashrlar bosh boshqarmasi, madaniy yodgorliklar va muzeylar bosh boshqarmasi, universitetlar kutubxonalari, ommaviy kutubxonalar, vaqflar bosh boshqarmasiga qarashli kutubxonalar, shuningdek, shaxsiy kolleksiyalarda mavjud.

    Sulaymoniya qo'lyozma asarlar kutubxonasida 155 ta kolleksiya mavjud bo'lib, unda jami to'qson ming jild qo'lyozma va etmish ming jildga yaqin arab yozuvidagi bosma asar mavjud. Kutubxona tarkibida usmoniy podshohlar va homiylar jamlagan asarlar ham bor. Unda Ayo Sofiya, Bag'dodli Vehbi, Jorulloh, Domod Ibrohim, Asad Afandi, Fotih, Hoji Mahmud, Homidiya, Qilich Ali, Laleli, Raisul kuttob, Sulaymoniya, Shahid Ali va Yeni kollektiyalaridagi nodir asarlar jamlangan. Albatta, Sulaymoniya kutubxonasining benazir va beqiyosligi faqat raqamlarda ifodalanmaydi. Bu erda qadimiy, mualliflar o'zi qo'li bilan yozgan, ya'ni avtograf, miniatyura va dunyoda yagona nusxa yoki sultonlarga hadya qilingan juda qimmatli qo'lyozmalar ham saqlanadi. Ushbu kutubxona ulug' vatandoshimiz, buyuk qomusiy olim Abu Ali ibn Sinoning bizgacha etib kelgan asarlaridan ko'pini o'zida jamlagan dunyodagi yagona kutubxona hisoblanadi. Buyuk tabib bobomizning u erda saqlanayotgan asarlari orasida XI asrga oidlari ham bor. Ular kalligrafiya, miniatyura, rasm va muqovalarining nafisligi bilan ham bebaho. Kutubxonada ibn Sino asarlarining 1484 ta qo'lyozmasi mavjud. Allomaning 140 ga yaqin risolasini yaxlit o'zida jamlagan majmua asarlari ham bor.

    Abu Ali ibn Sinoning Sulaymoniyada saqlanayotgan asarlari falsafa, mantiq, din falsafasi, tasavvuf, tilshunoslik, adabiyot, matematika, fizika, kimyo, tabobat, siyosat, geografiya, astronomiya kabi fanlarga oid bo'lib, 1022–1728 yillar oralig'ida ko'chirilgan. Kutubxonada benazir hakimning kichik asarlari ham bo'lib, ularda muallif epistemologiya, ontologiya, teologiya va metafizikaga oid qarashlarini bayon qilgan. Allomaning Abu Rayhon Beruniy bilan yozishmalari ham kutubxona majmuasidan joy olgan.

    Sulaymoniyada bobomizning “Kitob ush-shifo” asarining 32 ta nusxasi mavjud. “Kitob un-najot”, “Al-ishorot val tanbihot”, shuningdek, kichik falsafiy risolalari hamda fizika, musiqaga oid asarlari ham kutubxona fondidan o'rin olgan.

    Muallifning tabobatga oid asarlariga kelsak, Sulaymoniyada “Tib qonunlari” asarining 58 ta nusxasi mavjud. Besh itobdan iborat bu asarning usmonli turk tiliga qilingan tarjimalari ham bor. Xolid Afandi kolleksiyasidagi 750-qo'lyozma “Tib qonunlari”ning mualliflik, ya'ni avtograf nusxasi hisoblanadi.

    Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti va O'zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasining an'anaviy hamkorligi natijasida “Abu Ali ibn Sino asarlari qo'lyozmalari Turkiya kutubxonalarida” nomli kitobal`bom nashr etilgani har ikki mamlakat olimlarining bu boradagi o'zaro hamkorligi debochasi bo'ldi.

    Turkiya kutubxonalarida saqlanayotgan eski o'zbek yozuvida bitilgan va bugungacha etib kelgan eng qadimgi manbalardan “O'rxun bitiklari”, Yusuf Xos Hojibning “Qutadg'u bilig” (Saodatga eltuvchi bilim) va Mahmud Koshg'ariyning “Devonu lug'otit turk” (Turkiy tillar devoni) asarlarini ham zikr etish mumkin.

    Abu Ali ibn Sinoning zamondoshi Abu Rayhon Beruniy aniq va tabiiy fanlarga oid fundamental asarlar yozgan qomusiy olim hisoblanadi. Alloma o'zidan yirik ilmiy meros qoldirdi. Uning 182 kitobidan 18 tasi astronomiyaga, 15 tasi geografiyaga, 5 tasi astronomik uskunalar va ulardan foydalanishga, 4 tasi yorug'lik nurini kuzatishga, 5 tasi vaqtni hisoblash va aniqlashga, 5 tasi yulduzlarga, 7 tasi astrologiyaga, 14 tasi optika faniga oid. Hozir Turkiya kutubxonalarida alloma asarlarining uch yuzga yaqin qo'lyozmasi mavjud. Bu Beruniyning dunyodagi boshqa kutubxonalarda saqlanayotgan asarlari soniga qaraganda ancha ko'p. Ular orasida bobomiz hayotligida ko'chirilganlari ham borligi hayratlanarli va quvonarli hol, albatta.

    Ilmiy doiralarda aytilishicha, To'pqopi saroyining muzey kutubxonasida Muhammad Shayboniyxonning yagona nusxadagi devoni, temuriylar bilan yozishmalari saqlanmoqda. Aynan shu kutubxonaning “Revan” kolleksiyasida Navoiyning “Kulliyot” asari saqlanadi. Yana, Alisher Navoiyning forsiyda yozgan g'azallaridan parchalar, Abu Ali ibn Sino va Buxoro xoni Imomqulixonga ishlangan miniatyuralar o'rin olgan.

    Turkiya qo'lyozma asarlar tashkiloti boshqarmasiga qarashli Ko'nyo kutubxonasida ham arabiy, forsiy, arman, suryoniy, kurd, usmoniy va chig'atoy tillarida bitilgan qo'lyozmalar mavjud. Ushbu jamlanmadan Abu Ali ibn Sinoning “Tib qonunlari”, Jaloliddin Rumiy va Ibn al-Arabiyning kitoblari ham joy olgan.

    Bobolarimizning Turkiya kutubxonalarida saqlanayotgan salmoqli ilmiy merosi mamlakatimiz tamadduni yutuqlaridan qardosh Turkiya xalqi ham bahramand bo'layotganini ta'kidlaydi. Bu esa davlatlar o'rtasidagi ilmiy-ma'rifiy hamkorlikning bugungi rivojiga tamal toshi ancha avval qo'yilganidan guvohlik beradi.