Oʻzbekiston Prezidentining 2023-yil 21-yanvarda imzolangan “Buyuk shoir va olim, mashhur davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori jahon tarixida oʻchmas iz qoldirgan buyuk bobomizning hayoti, faoliyati, maʼnaviy merosini yanada chuqur oʻrganish, yoshlarimizni ulugʻ ajdodlarimiz xotirasiga ehtirom ruhida tarbiyalashda muhim qadam boʻldi.
Boburning ilmiy-ijodiy merosi nafaqat milliy madaniyatimiz va xalqimiz adabiy-estetik tafakkuri shakllanishida, balki jahon adabiyoti, ilm-fani va davlatchiligi tarixida ham alohida oʻringa ega. Shu bois, xorijda uning hayoti, faoliyati, ijodiy merosini oʻrganishga qiziqish katta. Buning natijasida dunyo ilm-fanida boburshunoslik sohasi vujudga keldi. Bobur merosi oʻzbek olimlari qatorida rus, yevropa, afgʻon, turk olimlari tomonidan ham oʻrganilgan va oʻrganilmoqda.
Rus sharqshunosligida oʻzbek mumtoz adabiyotiga qiziqish salkam ikki yuz yillik tarixga egaligi va juda keng maʼlumotlar manbai mavjud boʻlishiga qaramay, mazkur mavzu doirasida hanuzgacha sanoqli ilmiy ishlar qilingan, xolos. Ayniqsa, Rossiya arxivlaridagi materiallarga juda kam murojaat qilingan. Adabiyotshunos Gʻulom Karimov “Oʻzbek adabiyoti tarixi” kitobida (1966) XIX asrning ikkinchi yarmi – XX asr boshlaridagi oʻzbek adabiyoti masalalari bilan shugʻullanish adabiyotshunosligimizda kam ishlangan, lekin katta nazariy va amaliy ahamiyatga ega boʻlgan yoʻnalish ekanini qayd etgan edi. Ilmiy izlanishlar jarayonida bu haqiqat ekaniga biz ham amin boʻldik.
Rus boburshunosligining oʻrganilmagan jihatlari
2022-yil noyabr oyida Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida xizmat safarida boʻlib, kutubxonalar va arxivlarda ilmiy izlanishlar olib bordik. “Yevropa fondlarida saqlanayotgan, Oʻzbekistonda mavjud boʻlmagan turkiy qoʻlyozmalarning maʼlumotlar bazasini va “yevroturcologica.uz” elektron platformasini yaratish” mavzusidagi grant loyihasi asosida ancha yangiliklar topdik. Shu bilan birga, Rossiyada boburshunoslikka oid materiallar bilan ham tanishdik.
Rus sharqshunosligida oʻzbek mumtoz adabiyoti boʻyicha nashr qilingan ilmiy tadqiqotlardan tashqari hali chop etilmagan ilmiy ishlar ham mavjud boʻlib, ular turli fondlar arxivlarida saqlanmoqda. Bu oʻrinda eʼtibor, asosan, Rossiyaning Sankt-Peterburg kutubxonalari fondlaridagi arxivlarga qaratiladi. Rossiya Milliy kutubxonasi arxivi, Rossiya FAga qarashli Sankt-Peterburg filiali arxivi va Sharq qoʻlyozmalari instituti sharqshunoslar arxividagi mavzuga oid manbalar oʻrganilib, ularda mavjud adabiyotshunoslik masalalarini yoritishga harakat qildik.
Arxiv sharqshunosligi nisbatan yangi yoʻnalish va imagologiyaning tarkibiy qismlaridan biridir. Imagologiya esa qiyosiy adabiyotshunoslikning dolzarb yoʻnalishlaridan biri sanaladi. Imagologiyaning vazifasi tarix va arxiv haqiqatlarini yuzaga chiqarishdan iborat. Oʻzbek adabiyotshunosligida arxiv materiallari imagologik aspektda tekshirilmagan, bu esa mavzuning yangiligi va dolzarbligini belgilaydi.
Bobur qoʻlyozmalarini toʻplash, uning ijodiy merosi bilan qiziqish Rossiyada XIX asrdan boshlangan. Rus olimi I.Beryozin 1857-yilda chop etilgan uch jildli “Turkiy xrestomatiya”ga “Boburnoma” va “Mubayyin” asarlaridan ham ayrim parchalarni kiritgan. Rus olimi, akademik A.N.Samoylovich I.Beryozin haqidagi maqolasida “Turkiy xrestomatiya” nuqsonlardan xoli boʻlmasa-da, unga kirgan namunalardan ayrimlari, masalan, “Mubayyin” asari oldin hech qayerda nashr qilinmagani bilan alohida ahamiyat kasb etishini taʼkidlaydi.
1857-yilda rus olimi N.Ilminskiy Qozonda “Boburnoma”ni nashr qildiradi. Shundan keyin matbuotda “Boburnoma”ning rus tilidagi tarjimalari paydo boʻla boshlaydi. Jumladan, V.Vyatkin, S.Polyakov, V.Ostrovskiy va boshqa olimlar asardan ayrim parchalarni tarjima qilib, rus kitobxonini Bobur ijodiy merosi bilan tanishtiradi. Kuzatishlar XX asrning birinchi yarmiga qadar Bobur ijodi bilan jiddiy qiziqqan olim A.N.Samoylovich boʻlganini koʻrsatdi. Uning bu borada bir qancha tadqiqotlari mavjud boʻlib, ulardan ayrimlari hali-hanuz ilmiy jamoatchilikka nomaʼlum boʻlib kelmoqda. Bundan tashqari, olim arxivida “Boburnoma”ning Qozon nashri asosida yigʻilgan uch jilddan iborat tilshunoslik, adabiyotshunoslik, matnshunoslik va etnografik yoʻnalishdagi maʼlumot hamda qaydlar saqlanadi.
A.N.Samoylovich (1880–1938) serqirra ijod sohibi, V.Radlov, P.M.Melioranskiy kabi turkologiya maktabining munosib vakillaridan biridir. Olimning bizgacha yetib kelgan ilmiy-adabiy merosi uning ham adabiyotshunos, tilshunos, matnshunos, ham pedagog, tashkilotchi, rahbar sifatida samarali ish olib borganidan dalolat beradi. Qatagʻonning achchiq qismati A.N.Samoylovichga bir qancha xayrli ishlarni, ilmiy nashrlarini amalga oshirishga imkon bermadi.
Akademik A.N.Samoylovich Sharq adabiyotiga alohida mehr bilan qaragan va turkiy adabiyot boʻyicha qoʻlyozma manbalar asosida ish olib borgan rus olimlaridan biridir. Oʻzbek tili va adabiyoti, etnografiyasi va xalq ogʻzaki ijodi oʻrganilishida olimning alohida oʻrni bor. A.N.Samoylovich dastavval eʼtiborini “Boburnoma”ga qaratadi. Asarning barcha tarjimalari bilan yaxshi tanish boʻlgani bois, ularni qiyosan oʻrganadi, ingliz, fransuz, rus tiliga qilingan tarjimalari bilan bogʻliq ishlarga qator taqrizlar yozadi. Bu taqrizlar obyektivligi, prinsipialligi, talabchanligi bilan ajralib turadi. Xususan, uning V.L.Vyatkin, S.I.Polyakov, A.Beverij kabi olimlar tarjimalariga, ilmiy ishlariga yozgan taqrizlari fikrimiz dalilidir. A.N.Samoylovichning “Boburnoma” tarjimasi bilan bogʻliq nashr qilinmagan taqrizlarida tarjimaning muvaffaqiyatini taʼminlaydigan tamoyillar belgilab berilgan, matnni xato oʻqish ayovsiz tanqid qilingan.
Masalan, uning ingliz olimasi A.Beverij xonim tarjimasiga yozgan taqrizida tarjimon faoliyatiga baho berishda toʻrtta zarur mezonni keltiradi. Yaʼni tarjimon tilni barcha nozikliklari bilan mukammal bilishi, lugʻatlar bilan ishlash malakasi boʻlishi, oʻzigacha qilingan tarjimalarni qiyosiy-tanqidiy taqqoslashi, bu boradagi ilmiy adabiyotlar, ayniqsa, rus olimlari tadqiqotlari bilan har tomonlama tanishishi kerakligi qayd etiladi. A.N.Samoylovich tarjimadagi ayrim parchalarning tahlili orqali yuqorida qayd qilingan birinchi, uchinchi va toʻrtinchi talab toʻla bajarilmaganini aniqlaydi.
Rus olimi S.A.Polyakov ham 1904-yilda asardan ellik bet tarjima qiladi. A.N.Samoylovich 1907-yilda bu muallif faoliyatini va tarjimasini ham ayamasdan tanqid qiladi.
Rossiya Milliy kutubxonasi arxivida Sankt-Peterburg universiteti Sharqshunoslik fakulteti tolibi boʻlgan B.M.Guryevning A.N.Samoylovich rahbarligida yozilgan “Fargʻona” nomli kurs ishi ham saqlanadi. Ishda “Boburnoma”ning turkiy qoʻlyozma nusxalari taqqoslangan va fors, Yevropa tillariga tarjimalari asosida Fargʻona tasviri qiyosiy oʻrganilgan.
Olima G.Blagovaning taʼkidlashicha, A.N.Samoylovich umrining salkam yigirma yilini “Boburnoma”ni oʻrganishga bagʻishlagan. Olimning yuzaga chiqmagan ilmiy merosini tilshunoslik nuqtayi nazaridan oʻrgangan olima qator izlanishlarida A.N.Samoylovichni Bobur ijodining bilimdoni sifatida etirof etadi.
Imperator Bobur yozuvchi sifatida
A.N.Samoylovichning arxivda saqlanayotgan “Turkiy etyudlar” asari mundarijasidan maʼlum boʻlishicha, ishning uchinchi bobi “Imperator Bobur yozuvchi sifatida” deb nomlangan hamda “Diniy traktat Mubayyin” va “Mistik traktat Risolai Volidiya” kabi fasllardan iborat boʻlishi kerak edi. Demak, muallif “Turkiy etyudlar”ni Bobur ijodiyotiga doir fikr-mulohazalar bilan boyitishni, shoirning barcha asarlari haqida qisqacha maʼlumot berish va toʻplamga kirgan sheʼriy asarlar tilini tahlil etishni maqsad qilgan.
Bundan tashqari, A.N.Samoylovich Oʻrta Osiyo turkiy adabiyoti xrestomatiyasini tuzishni, “XVI asrlar adabiyoti” degan qismida Bobur hayoti va ijodiga doir maʼlumotlarni berishni koʻzlagan. Olimning arxivi oʻrganilganda mazkur xrestomatiyaning rejasi va baʼzi qaydlar kuzatildi. Ammo mashʼum qatagʻon A.N.Samoylovichga bu xayrli ishlarni amalga oshirishga imkon bermagan.
Olim arxivida yana bir muhim xabar – “Mubayyin” asarini nashrga tayyorlayotgani maʼlum qilinadi. Haqiqatan ham, A.N.Samoylovich arxivida asarning u nashrga tayyorlagan nusxasi saqlanmoqda. Olimning ishga jiddiy kirishganini arxivdagi uning oʻz qoʻli bilan koʻchirgan “Mubayyin” (266 bet) asari, unga qaydlari, shuningdek, “Bobur ijodiga doir qoralamalar”i ham tasdiqlaydi.
1917-yilda A.N.Samoylovich Bobur devonining Parij va Hindiston nusxasi asosida “Sobraniye sochineniy imperatora Babura” toʻplamini nashr qildiradi. Bu fakt baʼzi nashrlarda ikkita qoʻlyozma nusxa va “Boburnoma”dagi sheʼrlar asosida deb notoʻgʻri talqin qilingan. Chunki olim “Boburnoma”dagi sheʼrlarni alohida oʻrgangan.
A.N.Samoylovichdan sal oldin, yaʼni 1910-yilda ingliz olimi D.Ross Bobur devonini Rampur (Hindiston) nusxasi asosida qoʻlyozma faksimila bilan birga Kalkuttada nashr qildiradi. 1911-yilda A.N.Samoylovichning bu haqdagi maqolasi eʼlon qilinadi. Maqoladan maʼlum boʻlishicha, devonning Rampur nusxasi ikki qismdan – “Volidiya” asarining Bobur qalamiga mansub turkiy tarjimasidan va sheʼrlardan tashkil topgan. Qoʻlyozma tarkibidagi sheʼrlar Boburning Hindistondagi davrining mahsuli ekanini D.Ross soʻzboshisida qayd etmaganini yozgan A.N.Samoylovich oʻz fikrini “Boburnoma” orqali tasdiqlaydi. “...Humoyungʻa tarjimanikim, Hindustongʻa kelgali aytqon ashʼorni yiborildi. Hindolgʻa va Xoja Kalongʻa ham tarjima va ashʼor yiborildi. Mirzobek tagʻoyidin ham Komrongʻa tarjima va Hindqa kelgali aytqon ashʼor va “Boburiy xati” bila bitilgan sarxatlar yuborildi” (“Boburnoma”dan). Demak, boshqa asarlari qatorida “Boburnoma”da bu devon haqida ham maʼlumot berilgan.
Jiddiy kuzatishlardan keyin A.N.Samoylovich mazkur toʻplamda boshqa qoʻlyozma devonlarda uchramaydigan 379 ta sheʼr borligini ham aniqlaydi. Shuningdek, Parij va Rampur nusxasidagi sheʼriy janrlar tili, tarkibi haqida oʻz fikrlarini bayon qiladi. Unga koʻra, Rampur nusxasi Parij nusxasidan farqli oʻlaroq, turkiy sheʼrlardan tashqari fors va urdu tilida yozilgan sheʼrlarni ham oʻzida jamlaydi.
“...Soʻzumni oʻqub yod qilgʻosen oʻzumni”
Rampur qoʻlyozmasi Bobur oʻz qoʻli bilan yozgan sheʼri bilan yakun topishi jihatidan ham moʻtabar sanaladi. Buni A.N.Samoylovich D.Ross soʻzboshisida qayd etilgan maʼlumotlardan kelib chiqib maʼlum qiladi. Rampur nusxasi xotimasi hoshiyasida Boburning quyidagi misralari keltirilgan: “Har vaqtki, koʻrgosen mening soʻzumni, soʻzumni oʻqub yod qilgʻosen oʻzumni”. Bobur, dushanba 15 rabiul oxir, sana 935”. Shu betda Bobur misralari bilan yonma-yon Shohjahonning mazkur qayd Boburga tegishli ekanligini isbotlovchi fors tilidagi quyidagi fikri keltirilgan: “In ruboi turki va isme muborak bathaqiqat ali hazrat firdavs makoni Bobur podsho gʻozi anor Ollo barxona ast xurram Shohjahon in Jahongir podshoh in Akbar podshoh in Xumoyun podshoh in Bobur podshoh” ( yaʼni ushbu turkiy ruboiy va ismi muborak haqiqatan ham Bobur qoʻli bilan yozilgan. Buni Shohjahon bitdim).
Koʻrinib turganidek, Bobur bitgan ruboiy manbada toʻliq holicha saqlanmagan. D.Rossning taxminiga koʻra, qoʻlyozma muqovalanayotgan paytda chekkaroqdagi ruboiyning keyingi ikki misrasi qirqilib ketgan boʻlishi mumkin. Bu fikrga A.N.Samoylovich boshqa qoʻshimchasi yoʻqligini qayd qilib, D.Ross soʻzboshisida eʼtibordan chetda qolgan yana baʼzi masalalar, matndagi tekstologik xatolar ustida toʻxtaladi.
Maqola soʻnggida A.N.Samoylovich kamchiliklar boʻlishiga qaramay, D.Rossning Rampur nusxasini topib nashr qilishi tahsinga loyiqligi, u tufayli dunyo turkologlari Bobur devonining yana bir yangi nusxasi bilan tanishganini alohida qayd etadi. Maqola yozilganidan keyin A.N.Samoylovichda barcha kamchiliklarni bartaraf qilgan holda Bobur sheʼriyatini Parij nusxasi bilan birgalikda qayta nashr etish istagi tugʻiladi. 1911–1917-yillar davomidagi izlanishlar natijasida A.Samoylovich nashri yuzaga chiqadi. Mazkur nashr “Imperator Bobur sheʼrlari toʻplami. I qism” deb nomlangan. Demak, olimda ishni davom qildirish, II qismni yozish istagi ham boʻlgan.
“Bobur ijodini oʻrganish ham burch, ham faxr, ham baxt”
Shu ehtimol bilan A.N.Samoylovich arxivi kuzatilganida ishning ikkinchi qismi topildi va tahlil qilindi. Mazkur manba “Imperator Bobur sheʼrlari va A.N.Samoylovich tarjimalari” deb nomlanadi. Mundarijadan maʼlum boʻlishicha, ish kirish, besh qism, koʻrsatkichlar, matn va tarjimadan iborat boʻlib, muallif Bobur ijodi boʻyicha qator masalalarni oʻrganishni rejalashtirgan. Ishning kirish qismi nihoyatda mulohazalarga boy boʻlib, bunday soʻzlar bilan boshlanadi: “Biz uchun bu nashrni yuzaga chiqarish, Zahiriddin Muhammad Bobur ijodini oʻrganish ham burch, ham faxr, ham baxtdir. Bundan 60 yil oldin (1857) akademik Ker qoʻlidagi nusxa asosida N.I.Ilminskiy Qozonda birinchi boʻlib “Boburnoma”ni nashr qildirdi. Haydarobod nusxasi asosidagi ikkinchi nashr Beverij xonim saʼy-harakati bilan yuzaga chiqdi. I.N.Beryozin “Mubayyin” asarining uchdan bir qismini chop qildirdi (Teufel yozganidek yarmini emas). Mazkur asarni I.N.Beryozin qoʻlidagi nusxa asosida toʻliq nashrini kamina amalga oshirish niyatidaman”.
Shundan keyin olim “Volidiya” asari tarjimasi hamda aruzga bagʻishlangan “Mufassal” asariga qisqacha toʻxtaladi. D.Ross ingliz tiliga tarjima qilgan “Tarixi Rashidiy” kitobida Boburning boshqa asarlari ham tilga olinganini yozadi. Xulosada Parij nusxasi jami 89 ta gʻazal, 77 ta toʻrtlik, 50 ta ikkilik (olim fardlarni shunday nomlaydi), 8 ta masnaviydan tashkil topgani, bu sheʼrlarning shakl va vazn tasnifi ilmiy ish oxiridagi koʻrsatkichlarda keltirilgani qayd qilinadi. Mazkur ishning III qismida Bobur devonining Rampur nusxasi tavsifi keltirilgan. Muallif maqola boshida bu nusxadagi barcha sheʼrlar Boburning Hindistondagi davri bilan bogʻliqligi, unda turkiy nazmdan tashqari fors va urdu tilidagi sheʼrlar ham mavjudligini qayd qiladi. Keyin bu nusxada mavjud ruboiylarning yaralishi bilan bogʻliq voqealarni “Boburnoma” asosida birma-bir tavsiflaydi.
Toʻrtinchi qism “Boburning devonlarida uchramaydigan sheʼrlari haqida” deb nomlanadi va unda “Boburnoma”dagi shoir devoniga kirmagan bir qancha sheʼrlar tahlil qilingan. Bunda olim eʼtiborni dastavval Boburning “Abushqa” lugʻatida keltirilgan sheʼrlariga qaratadi. Uning aniqlashicha, “Abushqa”da Boburning sakkizta ruboiysidan iqtibos kiritilgan. Keyin shoir devonlarida uchramaydigan, “Boburnoma”dagi forsiy va turkiy sheʼrlar xususida toʻxtaladi.
Shoirning “Boburnoma”ga kirmagan yana bir qancha sheʼrlari tahlil qilingach, ularning tarjimasi keltiriladi. Unda Bobur devonining Parij va Rampur nusxalaridagi barcha sheʼrlar: gʻazal, ruboiy, tuyuq, fardlar rus tiliga tarjima qilingan.
Xullas, A.N.Samoylovich nashr qilingan va qilinmagan ilmiy ishlari bilan boburshunoslik taraqqiyotiga ulkan hissa qoʻshdi va “Bobur ijodini oʻrganish ham burch, ham faxr, ham baxti” ekanini isbotladi. I.V.Stebleva, L.Tugusheva, G.F.Blagova kabi boburshunos olimalar A.N.Samoylovich boshlagan ilmiy ishlarni muvaffaqiyat bilan davom ettirdi.
Gulnoz XOLLIYEVA,
OʻzDJTU professori, filologiya fanlari doktori