Bolalik dunyosida ezgulik uyg'otib yoxud qo'g'irchoq teatridan katta teatr sari

    Tabiiyki, haligina kulib, o'ynab turgan bola ham ilk bor teatrga kelganida injiqlik qilishi, qorong'u sahnadan, yovvoyi hayvonlar, ayniqsa, bo'ridan qo'rqishi mumkin.

    Ochig'i, qo'g'irchoq teatriga aksariyat kattalar unchalik mensimay qarashi bor gap. Aslida juda qadim va jonli ijro etiladigan tomoshalar bolalarimiz ruhiyatiga har tomonlama ijobiy ta'sir ko'rsatishini unutgandekmiz.

    Har lahzada kichkintoylarda ijobiy hissiyotlar, hayajon va hayratlar uyg'ota olishga qodir bunday jonli ijroni boshqa joyda uchrata olmaysiz. eng muhimi, bu tomoshalar bolalar qalbida yaxshilik, do'stlik, jasurlik, qiyin paytlarda o'zgalarga yordam kabi ko'plab fazilatlar muhrlanishga jonli ta'sir ko'rsata oladi. Ota-onalarning o'gitlari, nasihatlari qanchalar to'g'ri ekanligiga ularda katta ishonch uyg'otadi.

    ***

    Saxovatli kuz zar poyondozini to'shagan yo'lak bo'ylab borar ekanman, xayolimni ikki ayolning o'zaro suhbati bo'ldi:

    — Ta'tilda bolalarni qaerlarga olib bormoqchisiz?

    — Birinchi o'rinda hayvonot bog'iga.

    — Havo sovib ketadigan bo'lsa, teatrdan yaxshisi yo'q, menimcha.

    — e, qachondir opkeganimda rosa sovuq edi teatr. O'shanda ham kuzgi ta'til ediyov adashmasam. Tag'in bilmadim-u, lekin ta'mirlandi, deyishdi. Bir kelib ko'rish kerak. Yaxshi spektakllari bormikin?...

    ***

    Yaxshi spektakllar bor. Faqat mustaqil qo'g'irchoq truppasi tuzib olib, bog'cha va maktablarda 2–3 ta qo'g'irchoq bilan tirikchilik qilayotgan ayrim “havaskor”lar tufayli ota-onalarda qo'g'irchoq teatri haqida salbiy fikrlar paydo bo'lgani rost.

    Garchi, havo sovib ketsagina farzandini teatrga olib kelishi mumkin bo'lgan, teatr zalining sovuqligini taxmin qilgan har ikka onaning gaplariga qo'shildim. Aslida, keyingi paytda aksariyat ota-onalar bolalarini teatrga olib borish haqida o'ylamay ham qo'yishgan. Yaxshiyamki, ahyon-ahyon maktabda qo'g'irchoq teatriga deb chipta berib qolishadi. Bolasining o'qituvchi nazoratida ekanidan ko'ngli to'q bo'lgan ko'plab ota-onalar jilla qursa uning teatrga qanday borib-kelganiyu, taassurotlari haqida so'rashga ham vaqt topmaydi.

    To'g'ri, bolalar hayvonot bog'iga ham borishi kerak, lekin farzandlarimizda teatrga borish madaniyatini qachon shakllantiramiz? Ta'limning poydevori — bolalar bog'chasi. Katta teatrga mehrni bolalikdan, aniqrog'i qo'g'irchoq teatri tomoshalaridan uyg'otish kerakligini, bu esa biz, ota-onalarga bog'liqligini har birimiz jiddiyroq o'ylab ko'rsak bo'lardi. Qo'g'irchoq teatriga borgan bola “Yosh tomoshabinlar teatri”ga ham boradi. Chunki u teatrdan eng yaxshi ma'naviy ozuqa olish mumkinligi, unda chinakam hayot aks etishi, spektakl` beradigan taassurotni hech qaysi texnika vositasidan olib bo'lmasligini yaxshi his eta oladi.

    Bola tarbiyasida muhim o'rin tutadigan shu kabi jihatlar, qolaversa, kapital ta'mirdan chiqib, yangi qiyofa kasb etgan O'zbek Milliy qo'g'irchoq teatri faoliyati haqida maqola yozishni dilga tukkandik aslida. Binobarin, yurtimizda dunyo mamlakatlari e'tirof etgan, o'zbek qo'g'irchoqbozligini olamga tanitgan bu dargoh borligidan faxrlanishimiz, uning tarixi va bugunini farzandlarimiz ham yaxshi bilishi foydadan holi emas. Mamlakatimiz rahbarining 2020 yil 26 may kuni qabul qilgan “Madaniyat va san'at sohasining jamiyat hayotidagi o'rni va ta'sirini yanada oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoni bilan teatrga Milliy qo'g'irchoq teatri nomi berildi.

    Kichkintoylar teatrida katta tajriba bor

    1939-yil Toshkent shahrida davlat qarori bilan o'zbek va rus truppalari asosida yagona – respublika qo'g'irchoq teatri tashkil etilgan bo'lib, unda mashhur san'atkorlar Po'latjon Doniyorov, Zulayho Ishoqova, Elena Podgurskayalar faol ishtirok etishgan. Teatr faoliyatining boshlanishi ikkinchi jahon urushiga to'g'ri keldi. Suronli yillarda teatr jamoasiga fidoyi, o'z ishining mohir ustasi R.Anan`eva rahbarlik qilib, o'sha zamonning ruhi va talabiga mos spektakl` va kontsertlarni tomoshabinlarga taqdim etgan va bu ishni a'lo darajada bajargan.

    Urushdan keyin teatr jamoasi jahon mumtoz asarlariga, shu bilan birga, o'z milliy sahna dramaturgiyasini yaratish yo'lida tinmay ish olib bordi. Katta yoshdagi tomoshabinlar hamda yosh bolajonlarimiz uchun ko'plab spektakllar sahnalashtirildi. Jumladan, A.Navoiyning “Farhod va SHirin”, H.Olimjonning “Semurg'”, “Oygul va Bahtiyor” dostonlari instsenirovka qilindi. N.Habibullaevning “Fotimaning sarguzashtlari”, A.Qobulovning “Rahim va qo'ng'iz”, R.Farhodiyning “O'tkir shoxli buqacha”, “Kim oyni o'g'irladi?” kabi sahna asarlari dunyoga keldi.

    Chorak asr davomida bu teatrda Respublikamiz san'at arboblari I.Yaqubov hamda V.Akudin ijodiy hamkorlikda eng sara asarlarni sahnalashtirib, uning nufuzini oshirishga katta xizmat qildi. Teatr 80 yillik ijodiy faoliyati mobaynida Respublika va xalqaro miqyosdagi turli festivallarda ishtirok etib, Rossiya, Qirg'iziston, Tojikiston, Qozog'iston, Birma, Afg'oniston, Hindiston, Bolgariya, Frantsiya, Germaniya, Misr, Janubiy Koreya, Turkiya, AQSH davlatlarida ijodiy safarlarda bo'ldi, o'zbek milliy qo'g'irchoq san'tini dunyoga tanitdi.

    Bir narsani alohida ta'kidlash joizki, respublikamiz poytaxtining qoq markazidan o'rin olgan qo'g'irchoq teatrining barpo etilishida Sharof Rashidovning katta hissasi bor. Dunyoning juda kam mamlakatlarida bo'lgan bunday bino aynan uning tashabbusi bilan qad rostlagan. Teatrning 80 yilligi munosabati bilan Sh.Rashidovning “Kashmir qo'shig'i” asari asosida sahnalashtirilgan “Kashmir afsonasi” spektakli teatr repertuardan o'rin oldi.

    Mustaqillikning dastlabki davrida rejissyorlar, musavvirlar, bastakor va aktyorlar o'z kuchlarini katta ishtiyoq bilan teatr sahnasida sinab ko'rdilar. Xususan, rejissyorlardan O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan artist Sh.Yusupov, D.Yuldasheva, e.Oripova, O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan artistlar M. egamnazarova, F.Xo'jaev, K.Jabborovalar, aktyorlar A.Mirzag'iyosov, Sh.Jabbarov, Yu.Shibkov, musavvirlar S.Seduxin, M.Ro'zmetova, bastakorlar O'zbekiston Respublikasi san'at arbobi A.Ikromov, A.Kim, L.Ugay samarali ijod qildilar. Oxirgi yillarda O'zbek Milliy qo'g'irchoq teatrida nafaqat bolalar uchun, shuningdek katta yoshdagi tomoshabinlar uchun ham asarlar namoyish etilyapti. Rejissyor Sh.Yusupovning “Yurt tumori”, “To'maris”, D.YUldashevaning “Yana Andersen”, “Qarsildoq”, “YUlduzli bola”, “Oh, bu Xo'ja Nasriddin”, “Soya” spektakllari, F.Xo'jaevning “Cho'p qo'g'irchoq” spektakllari teatrning ijro mundarijasidan o'rin olgan.

    Maqolani tayyorlash jarayonida teatr bosh rejissyori Shomurod Yusupovning ijtimoiy tarmoqlardan birida keltirilgan ushbu fikrlari e'tiborimni tortdi. “Milliy qo'g'irchoq teatri nomi berilishi milliy asarlarning ko'pa­yishini talab etadi, albatta. Shuningdek, qo'g'irchoqlarga milliy libos kiydirish bilan ham milliylikka erishib qolinmaydi. Milliylik spektaklning g'oya­sida aks etishi kerak. Ammo bu jahon dramaturgiyasidan voz kechish kerak, degani emas. Jahon taj­ribasidan o'tgan asarlar, albatta, repertuarda bo'lishi lozim. Biz ham teatrimizda ushbu tajribani qo'llashni maqsad qilganmiz. Shu maqsad yo'lida “To'maris” spektaklini sahnalashtirib, ilk qadamni tashladik”, deydi rejissyor.

    Bugungi Qo'g'irchoq teatri kechagi emas

    2014-yilda Respublika qo'g'irchoq teatrini kapital ta'mirlash to'g'risida qaror qabul qilingan edi. Ammo mazkur qaror ijrosiga 2019-yilda kirishildi. 11 millilliard so'mlik mablag' evaziga ta'mirdan chiqqan teatr binosi bugun butunlay o'zgacha ko'rinishga ega bo'ldi.

    — Yozda issiq, qishda sovuqdan qiynalar edik. Ota-onalardan juda ko'p shikoyatlar bo'lardi, — deydi biz bilan suhbatda teatrning adabiy bo'lim mudiri Ikromjon erqulov. — Ularning “Spektaklni maza qilib tomosha qildik, lekin bolalarimiz sovuq qotib qoldi, qishda sovuq yoki yozda issiqda o'tirib bo'lmadi, havo yo'q” kabi e'tirozlari albatta o'rinli edi. SHuningdek, yoritqichlar, ovoz kuchaytirgichlar bilan bog'liq muammolar ham talaygina bo'lgan. Hayriyatki, hozir bu muammolar barham topdi. Hammasi ko'ngildagidek. Hukumatimizga katta rahmat. Teatrimiz juda chiroyli holatga keldi. Bolalar spektakl` bilan birga yangi binoni tomosha qilib ham maza qilishyapti. Italyancha hovli, bu erdagi o'ziga xos tabiat manzarasi kichkintoylarda yorqin taassurot qoldirayotganiga shubha yo'q.

    Bolangiz qaysar bo'lsa ham...

    Viloyatlarimizdagi qo'g'irchoq teatrlarida kadrlar etishmasligi muammosi ham yo'q emas. Bugungi kunda O'zbekiston Davlat san'at va madaniyat institutining Qo'g'irchoq teatri rejissurasi va aktyorligi fakul`teti viloyat teatrlariga ham etarlicha kadrlar tayyorlaydi, aslida. Lekin ushbu fakul`tetni bitirsa-da, televidenie, radio va boshqa sohalarga ketib qoladigan mutaxassislar evaziga joylarda kadrlar taqchilligi kuzatilmoqda. O'zbek Milliy qo'g'irchoq teatrida aynan kadrlar masalasi ham alohida tanlov asosida hal qilinib, eng iqtidorlilar tanlab olinadi. Shuning uchun kadrlar salohiyati bu erda anchagina yuqori. Ular albatta, o'zbek va rus tillarini mukammal bilishadi. Ikrom akaning aytishicha, aksariyat ota-onalar repertuar bilan alohida qiziqishadi. Qaysi spektaklda nima ilgari suriladi, necha yoshli bolalarga mo'ljallangan, xullas o'zlarini qiziqtirgan barcha savollarga atroflicha javob olgachgina farzandlarini olib kelishadi.

    S.Obraztsov nomidagi Xalqaro festivalda Rossiya ommaviy axborot vositalari xodimlari bizning aktyorlarimiz bilan suhbatlashib, ularning rus tilidagi talaffuziga qoyil qolishgan. YAna bir jihat. Bu erda pedagog tarbiyachi shtati ham mavjud. Teatrda ham pedagog shtati bo'ladimi, deya ajablanishingiz mumkin. Bir o'ylab ko'ring, katta teatrlarga yosh bolalilarni nega kirgizishmaydi? Qo'g'irchoq teatriga 2–3 yoshli bolalarni ham olib kelishadi. Tabiiyki, haligina kulib, o'ynab turgan bola ham ilk bor teatrga kelganida injiqlik qilishi, qorong'u sahnadan, yovvoyi hayvonlar, ayniqsa, bo'ridan qo'rqishi mumkin. Ayni vaziyatda pedagog tarbiyachilar bola bilan adaptatsiya ishlarini olib borishadi. Tashqariga olib chiqishadi, spektakldan oldin ham kichkintoylarda ertakning nima haqida ekani, unda qaysi personajlar ishtirok etishi, umuman, oldinda bolani kutayotgan voqeliklardan ularni xabardor etish barobarida ko'nikma ham hosil qilishadi. Shunga qaramay, yuqoridagi holatlar kuzatilgan taqdirda ham ular bolaning ko'ngliga yo'l topishadi.

    Ammo yutuq bor joyda albatta kamchilik ham bo'lganidek, qo'g'irchoq teatrida ham dramaturgiya borasida boshqa teatrlardagi kabi muammolar bor. Ayni paytda shu muammolar yechimi ustida ham ish olib borilyapti.

    Istiqboli porloq dargoh

    — AQSHning Sietl shahri bilan hamkorligimiz yaxshi. Jamoamiz qaysi davlatga gastrol safariga chiqadigan bo'lsa, spektaklni o'sha davlat tilida o'ynashga harakat qiladi. Bir necha yil avval amerikaliklar teatrimizga tashrif buyurganida “Yana Andersen” spektaklini ingliz tilida namoyish qilib berdik, — deydi Ikrom aka.

    Pandemiya sababli teatrning gastrol safarlari biroz cheklangan bo'lsa-da, ijodiy jamoa izlanishdan bir kun ham to'xtayotgani yo'q. Repertuar xilma-xil. Uning mundarijasida kattalar va bolajonlar uchun mo'ljallangan “Yurt tumori”, To'maris”, “Shiroq”, Navoiyning “Sabbai sayyor” asari asosida “Bahrom va Dilorom” “Bu, o'sha Xo'ja Nasriddin” “Semurg'” “Soya” , “Yana Andensen” “Yulduzli bola”, “Masha buvi yopgan bo'g'irsoq” va yana ko'plab sahna asarlari bor.

    Darvoqe, teatrga yaqindagina Shveytsariyadan 20 nafar yosh arxitektorlar tashrif buyurdi. Ularni teatr binosi, faoliyati bilan tanishtirgan teatr xodimlari o'zlari ishlayotgan muqaddas dargohga yanada chuqurroq mehr qo'ygani aniq. Boisi, sayyohlar davlatimizning Qo'g'irchoq teatriga bo'lgan e'tiborini alohida e'tirof etishdi. “Bizda xususiy teatrlar bor. Nari borsa, 40–50 nafar bola sig'ishi mumkin. Davlat tasarrufidagi bunaqa teatrlarimiz yo'q. Sizlarning davlatingiz bolalar ma'naviyatiga katta e'tibor berar ekan”.

    Shuningdek yosh arxitektorlar teatr binosi dizayni, kattalar uchun alohida, bolalar uchun ko'tariladigan o'rindiqlarni ko'rib yanada ajablanishdi. Bir talabaning “Odam sehrga duch kelsa, hayratlanadi, teatringizga kiraverishdan hayratga tushdik. Biz bu borada boshqacha tasavvurda edik, butunlay fikrimiz o'zgardi”, degani quvonarli. Darhaqiqat bola spektaklni yaxshi ko'ra olishi uchun ko'tarilishga moslangan o'rindiqlar Vengriyadan 1979-yilda keltirilgan bo'lib, ta'mirlash natijasida ular ham yana yangi holga keltirildi. YAxshisi, ming marta eshitgandan ko'ra, bir bor teatrga tashrif buyursangiz, bu gaplar shunchaki balandparvozlik emasligi, bu yog'iga teatrning istiqboli porloq ekaniga o'zingiz guvoh bo'lasiz.

    ***

    Darvoqe, ayni paytda teatr ijodiy jamoasi L.Lopeyskaya va G.Krchulovalarning “Laylakcha va qo'riqchi” ertagiga asoslangan yangi spektakl` ustida ish olib boryapti. Mashhur sahna asarini rejissyor Dinara YUldasheva sahnalashtirmoqda. Spektaklning sahnalashtiruvchi rassom — N.Faxrutdinova, bastakor — O'zbekiston Respublikasi san'at arbobi A.Ikromov. Aktyorlar Sh. Eshmuhamedova S.Vahobova A.Mirzag'iyosov, O.Isakov va L.Azimovalarning qo'g'irchoqlar bilan ilk tanishuv onlari his-xayajonga to'liq bo'lib, oldinda ularni qiziqarli ijodiy jarayonlar, topilmalar, ilhom quvonchlari, mashaqqatli izlanishlar, bolajonlarni esa “Uch quvnoq do'mboqcha”, “Fotimaning sarguzashtlari”, “Qizil qalpoqcha”, “Mayna kitobi yoki vaqt haqida hikoya”, “O'jar quyoncha” kabi bir-biridan qiziqarli spektakllar namoyishi kutyapti.

    Bugungi qo'g'irchoq tomoshalari yanada qiziqarli, yanada jonli shakllarda ijro etilmoqda. eng muhimi, bunday jonli ijro bolalarni ushbu voqealar ishtirokichisiga aylantiradi. Bolalarning tomoshalarni turli texnik vositalar orqali emas, jonli sahnada kuzatishi, yuz berayotgan voqea-hodisalarga kuchli hissiyot, munosabat uyg'ota oladi. SHu orqali ijodiy dunyosini boyitadi, shaxs sifatida shakllanishiga kuchli ijobiy ta'sir ko'rsatadi. Biz kattalarni esa kichkintoylarning katta dunyosiga hurmat va g'amxo'rlik bilan qarashga undayveradi.

    Munojat Mo'minova,

    “YAngi O'zbekiston” muxbiri