Ayni davrda milliy va oilaviy qadriyatlarimiz asosini tashkil etadigan vafo va sadoqat, mehribonlik, halollik, rostgo‘ylik, ibo-hayo, poklik, sabr, shukronalik, ilmga intilish kabi noyob va ezgu fazilatlarni targ‘ib qilish, ularni yoshlarimiz ongiga singdirish har qachongidan dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Bu borada mamlakatimizda katta islohotlar amalga oshirilmoqda. Xotin-qizlar huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, bandligini taʼminlash, ehtiyojmand xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, oila institutini mustahkamlash mamlakatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.

Xususan, Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini taʼminlash masalasi o‘z aksini topdi. Davlatimiz rahbari 2022 yil 1 mart kuni o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida bu ustuvor yo‘nalishlar asosida amalga oshirilayotgan keng qamrovli ishlarning mantiqiy davomi sifatida, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yangi bosqichga ko‘tarish, ayollarning jamiyatdagi o‘rnini yanada mustahkamlash, ijtimoiy himoyani kuchaytirish, oilaviy zo‘ravonliklar oldini olish, gender tenglikni qaror toptirishga qaratilgan muhim chora-tadbirlarni belgilab berdi.

Shu kuni Prezidentimiz “Oila va xotin-qizlar bilan ishlash, mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Ushbu hujjat orqali, oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini tubdan isloh qilgan tarzda, davlat siyosatining asosiy yettita yo‘nalishi belgilab berildi.

Mazkur yo‘nalishlarda ish olib borish o‘ziga xos yondashuv va fidoyilikni, qolaversa tizimli, manzilli ishlarni yangicha usulda, samarali tashkil qilishni talab etadi. Buning uchun  haqiqatda faol va tashabbuskor bo‘lgan xodimlarga ehtiyoj tug‘ilmoqda. Ushbu masala ham farmonda o‘z yechimini topdi.

Jumladan, har bir mahallada mahalla raisining oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-maʼnaviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari hamda oila va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha mutaxassis lavozimi o‘rniga xotin-qizlar faoli lavozimi joriy etildi. Bugungi kunda 9 ming 300 dan ortiq bilimdon, jonkuyar va jamiyatda faol ayol turmushdagi munosabatlarni yaxshilash, nizoli vaziyatlar, ajralishlar, erta nikohlarning oldini olish, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, xotin-qizlarning maʼnaviy-axloqiy tarbiyasi bo‘yicha doimiy va manzilli ishlarni boshlamoqda.

Mahalladagi xotin-qizlar faoli oilalar va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashning huquqiy, ijtimoiy, iqtisodiy, maʼnaviy yo‘nalishlar bo‘yicha tizimli ishlarni tashkillashtiruvchi va ular uchun masʼul bo‘lgan vakildir.

Farmon mazmunidan kelib chiqib, mahalladagi xotin-qizlar faolining asosiy vazifalarini quyidagicha tizimlashtirish mumkin.

Birinchi: oilalarni qo‘llab-quvvatlash ishlarini samarali tashkil etishdagi faollik.

 Bunda asosiy eʼtibor yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash ishlarini tizimli tashkil etish, namunali oilalarni shakllantirishda manzilli ishlarni yo‘lga qo‘yish, anʼanaviy oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, oilalarda maʼnaviy-axloqiy muhitni saqlash bo‘yicha maqsadli chora-tadbirlarni amalga oshirishga qaratiladi.

Bu to‘rt yo‘nalishdagi vazifani amalga oshirish, albatta, katta hayotiy tajriba talab qiladi. Shu bois, xotin-qizlar faoli mahalladagi kayvoni onaxonlar ko‘magidan foydalanishi, ular bilan bahamjihat ish ko‘rishi maqsadga muvofiq.

Ikkinchi: xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarini amalga oshirishdagi faollik.

Ayni jaranyoda xotin-qizlarni oila, mahalla va mehnat jamoalarida ijtimoiy-huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, maʼnaviyatini yuksaltirish, ularning bandligini taʼminlash va tadbirkorlik g‘oyalarini amalga oshirish ishlariga ko‘maklashish asosiy maqsad bo‘lishi zarur.

Albatta, bu maqsadlarga erishish oson kechmaydi. Tizimli ishlar talab qilinadi. Shuning uchun xotin-qizlar faoli mahalladagi tadbirkorlar va ziyolilar qatlami bilan do‘stona aloqa o‘rnatishi juda muhim. Chunki, bu ikki qatlamning ko‘magi va maslahatisiz ayollar bandligini taʼminlash, jamiyatdagi o‘rni va faolligini ko‘tarish, tadbirkorlik yo‘nalishidagi loyihalarni amalga oshirish bir muncha qiyin bo‘ladi.

Uchinchi: oilalarni mustahkamlashda va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashda jamoatchilik tuzilmalari faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yishdagi faollik.

“Oqila ayollar” harakati, “Ayollar maslahat kengashi”, “Ota-onalar universiteti”, Xotin-qizlar bilan ishlash komissiyasi ishini samarali yo‘lga qo‘yish, korxona va muassasalardagi xotin-qizlar masalalari bo‘yicha boshlang‘ich tashkilotlar bilan hamkorlik o‘rnatish doimiy eʼtiborda bo‘lishi lozim.

Bu harakatlar mahallada faol ahillik muhiti va ayollarning jamiyatdagi o‘rnini oshirish, yaʼni gender tenglikni taʼminlashga ham xizmat qiladi. Shu sabab, xotin-qizlar faoli tegishli muassasalar, mahalla fuqarolar yig‘ini raisi va vakillar bilan maslahatlashib, bu tizimni imkon qadar tezroq yo‘lga qo‘yishi zamon talabidir.

To‘rtinchi: xotin-qizlar muammolarini aniqlash va hal etish, “Ayollar daftari” bilan ishlash borasidagi faollik.

Xotin-qizlar muammolarini o‘z vaqtida aniqlash va ularni bartaraf etish choralarini ko‘rish, og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlar, shu jumladan, nogironligi bo‘lgan ayollar bilan yakka tartibda ishlash, ularga ijtimoiy-huquqiy, psixologik va moddiy yordam ko‘rsatish, “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar bilan manzilli ish yuritish ham juda muhimdir.

Umuman, mahalladagi xotin-qizlar faoli amalga oshiradigan vazifalar ko‘p va masʼuliyatli. Bu, o‘z navbatida, o‘ziga xos funksiyalarni bajarishni, zarur hollarda tezkorlik, tashabbuskorlik, uddaburonlik, topqirlik va zehnni talab etadi. Qolaversa, vazifa va funksiyalarini to‘liq va sifatli bajarishi, fuqarolar bilan munosabatlarda odob-axloq qoidalariga qatʼiy rioya etishi, vazmin bo‘lishi, baʼzan taktik usullardan foydalangan holda harakatlanishi, faoliyati taqozosi bilan o‘ziga maʼlum bo‘lgan axborotlarni qatʼiy sir saqlash kabi majburiyatlarga amal qilishi shart.

Xotin-qizlar faoli o‘z faoliyatini amalga oshirish jarayonida albatta maʼlum huquqlarga ham ega bo‘ladi. Bu ularning o‘z faoliyatini to‘la-to‘kis amalga oshirishi hamda zimmasiga yuklatilgan vazifalarni ado etishida ahamiyat kasb etadi. Bular sirasiga davlat organlari va tashkilotlaridan o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalar bilan bog‘liq zarur hujjatlar, statistik va boshqa maʼlumotlarni so‘rab olish, fuqarolar yig‘ini kengashida ishtirok etish, faoliyatini samarali tashkil etish uchun fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga berilgan huquqlar va imkoniyatlardan foydalanish, davlat organlari va tashkilotlari bilan munosabatlarda xotin-qizlar manfaatlarini ifoda etish kabilarni kiritish mumkin.

Shu kunlarda xotin-qizlar faollarining kompetentlik darajasini oshirish maqsadida o‘quv-treninglar tashkil etilmoqda. Davlatimiz rahbari topshirig‘iga ko‘ra bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yilgan bu o‘qishlar Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi hamda O‘zbekiston Repsublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, 2022 yil 16 maydan boshlab 9300 dan ziyod mahalladagi xotin-qizlar faolini mahallada ijtimoiy xizmatlarni yuritish bo‘yicha o‘qitish maqsad qilingan.

Bir so‘z bilan aytganda, oilalar va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish, yurtimizda istiqomat qilayotgan barcha xotin-qizlar uchun munosib shart-sharoit yaratish, oilalar farovonligiga erishish borasida samarali ishlarni yo‘lga qo‘yish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Mahallalardagi xotin-qizlar faollari esa, bu dolzarb vazifalarni eng boshlang‘ich nuqtasidan vertikal tizim bo‘ylab faollikni yo‘lga qo‘yishda muhim ishtirokchi hisoblanadi. Shuning uchun ham xotin-qizlar faoli huquqiy maqomiga oid normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish, ular malakasini oshirish, xotin-qizlar va oilalarning chinakam ishonchli vakiliga aylanishida har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, byurokratik tarzda ishlash amaliyotini kamaytirish, faoliyat samaradorligini rag‘batlantirish, mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, profilaktika inspektori bilan hamjihatligini taʼminlash, zaruriy metodik uslubiy jihatdan qurollantirish ahamiyatga molik vazifalardan bo‘lib qolmoqda.

Mazkur tizim bilan yurtimizda “Ayol baxtli bo‘lsa, jamiyat baxtli bo‘ladi”, degan ezgu g‘oya amaliy ifodasini topishi, hayotimizning kundalik qoidasiga aylanishi muhim.

Xurshida SAYDIVALIYEVA,

“Oila va xotin-qizlar” ilmiy-tadqiqot

instituti bo‘lim boshlig‘i,

yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD).