Brifing: “Daraxtlarning noqonuniy kesilishi yuzasidan kelib tushayotgan murojaatlar”

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Daraxtlarning noqonuniy kesilishi yuzasidan kelib tushayotgan murojaatlar” mavzusida brifing tashkil etildi. Unda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi mutasaddi xodimlari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

    Brifingda davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarning kesilishiga moratoriy joriy etilishi sabablari, moratoriy talablariga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, ijtimoiy tarmoqlar orqali jamoatchilik va fuqarolarning koʻplab eʼtirozlariga sabab boʻlayotgan noqonuniy kesilayotgan daraxtlar masalasi, shuningdek, bu borada amalga oshirilgan ishlar yuzasidan maʼlumot berildi.

    – Davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriy muddati uzaytirilishi va daraxt hamda butalarni kesish boʻyicha kelib tushgan arizalarga rad javob berilishi natijasida oʻtgan ikki oy davomida davlat oʻrmon foniga kirmaydigan 8 mingdan ziyod sharq chinori, eman, qrim qaragʻayi, chinorsimon zarang, eldor qaragʻayi, kashtan, shumtol, turangʻil va boshqa 20 turdan ortiq qimmatli manzarali daraxtlar saqlab qolinishiga erishildi, – deydi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi inspektori Valijon Ibrohimov. – Shuni alohida taʼkidlash joizki, poytaxtimizdagi “Moviy gumbaz” istirohat bogʻida “Istiqlol” majmuasi boʻyicha eʼlon qilingan tanlov keng jamoatchilikda qizgʻin munozaralarga sabab boʻlayotgan edi. holatni oʻrganish yuzasidan Toshkent shahar prokuraturasi hamda Toshkent shahar Ekologiya boshqarmasi bilan hamkorlikda maxsus ishchi guruh tuzildi. Guruh mazkur xiyobonda batafsil oʻrganish ishlari olib borib, hech bir daraxt noqonuniy kesilmasligi borasida xodimlarga qatʼiy koʻrsatma berdi. Xiyobondagi daraxtlar toʻliq xatlovdan oʻtkazilganligini maʼlum qilamiz.