Ortda qolgan bir kun davomida Britaniyada koronavirus yuqtirganlar soni 41,3 nafarga koʻpaygan. Bu pandemiya boshidan buyon qirollikda qayd etilgan eng yomon koʻrsatkich hisoblanadi. Oldingi rekord 23-dekabr kuni qayd etilgan va oʻsha kuni 39,2 ming nafar britaniyalikda koronavirus aniqlangandi. Qirollikda 19-dekabrdan buyon kunlik oʻsish 30 mingdan kamaymayapti.

Ortda qolgan bir kunda Britaniyada 357 kishi koronavirus sabab vafot etdi. Bu bir kun oldingiga qaraganda 39 nafarga koʻproq degani. Pandemiya boshidan buyon Britaniyada 71,1 ming kishi koronavirus qurboni boʻldi. Britaniya virus yuqtirganlar soni boʻyicha Yevropada faqat Italiyadan ortda qolmoqda. Hozirgacha qirollikda 2,32 million kishida virus aniqlangan.

Epidemiologik holat yomonlashgani futbol boʻyicha Angliya chempionati oʻyinlariga ham taʼsir qilmoqda. APL 16-turidan oʻrin olgan “Everton” hamda “Manchester Siti” jamoalari oʻrtasidagi Liverpulda oʻtkazilishi kerak boʻlgan oʻyin qoldirildi. Rasmiy bayonotda sabab sifatida “Manchester Siti” futbolchilarida virus yuqtirganlar soni koʻpayib ketgani keltirilgan.