Masofaviy xizmatlar eksportini yangi bosqichga olib chiqish vaqti kelgani taʼkidlandi.
Faqat texnik xizmat koʻrsatish bilan cheklanmay, buxgalteriya, konsalting, sugʻurta, yuridik va boshqa professional xizmatlar eksportini yoʻlga qoʻyish kerakligi qayd etildi.
Mutasaddilarga xorijiy davlatlarning xizmatlar importini va talablarini tahlil qilib, oʻquv dasturlarini shunga moslash va tegishli mutaxassislarni tayyorlash topshirildi.
Bu yil kreativ iqtisodiyotdagi startap loyihalar uchun 50 million dollar ajratildi.
Misol uchun, “Amazon”da ishlab, Nukusga qaytib kelgan Beknazar Abdukamolov startap loyihasiga “Facebook”dan 3 million dollar jalb qilgani uchun bugungi kunda aktivlari 15 million dollarga baholanmoqda.
Hozirda dunyoning yirik IT kompaniyalarida ishlayotgan bunday yuzlab yoshlarimiz bor. Raqamli texnologiyalar vazirligiga eng avvalo shunday yoshlar bilan birgalikda startap loyihalarini amalga oshirish lozimligi koʻrsatib oʻtildi.
Umuman, 2025-yilda IT xizmatlari hajmini 30 foizga oʻstirib, 80 trillion soʻmdan, eksportini 1 milliard dollardan oshirish zarurligi taʼkidlandi.