Uni xayolan Sohibqironning huzuriga yetaklab kiring-da, “Avlodlaring qachondir oila qurish, yangi ish boshlash, imtihonga kirish, chet tilni oʻrganish, kitob oʻqish, erta turish... va hokazolar uchun motivator – ragʻbat beruvchilarga zarurat sezib qoladi”, deya gapirtirib koʻring-chi. Xoʻsh, nima boʻldi? Mabodo munajjim janoblarining sallasi yerga tushib, dumalab ketmadimi?

Ha! Aslida, bizning har ikkala voqeani tasavvur etishga asosimiz bor. Tarixiy manbalar turkiy elning ori, oʻziga ishonchi qanchalar yuksak boʻlgani, millatning maʼnaviy qiyofasini saqlab qolish yoʻlida har qanday xatarga qarshi chiqqaniga guvohlik beradi. Biroq globallashuv jarayoni bizning ham asrlar davomida shakllangan milliy tutumlarimizga taʼsir qilmay qolmadi. Qadriyatlarga putur yetdi: kecha uyat sanalgan koʻp odat hozir tabiiy holdek tuyuladi. Olisga bormayin. Otamning otasi — Bekna bobom elning nomdor chavandozlaridan edi. Suruv-suruv chorvasi, yilqisi boʻlgan. Lekin nimagadir u otamni oʻn ikki yoshida ayirib, onasi bilan birga eski chordevorga koʻchirib chiqaradi. Soʻng otam kun kechirish ilinjida kombaynchiga shogird tushadi. “Oʻshandan beri oʻz kunimni oʻzim koʻraman, na och qoldim, na kiyimga zoriqdim”, deydi u hozir faxrlanib.

Aslida-ku, bunday voqealar har birimizning otamiz, bobolarimiz hayotida yuz bergan. Bugun biz mansub avlod oʻttiz yoshga dovur oʻzini bola chogʻlayotgan bir paytda otalarimiz uchun oʻn besh yosh — er yetib, bir roʻzgʻorning egasi boʻlishga yetgulik vaqt edi. “Boʻlaman degan bola oʻn beshida bosh boʻlur” maqoli ham bundan dalolat.

Ehtimol, siz bularning hammasini jismoniy quvvatga olib borib taqarsiz. “Burungilar juda sogʻlom, shunga gavdasi yirik, shashti ham baland boʻlgan”, dersiz boshingizni chayqab. Men esa eposda jismoniy quvvatga maʼnaviy quvvat hosilasi sifatida qaralgani, Goʻroʻgʻli, Alpomish, Ravshanxon kabi bahodirlarning kuchga toʻlish uchun maʼnaviy safarlarga chiqqaniyu goʻr va gʻorlarda chilla saqlab yotganini eslashingizni istardim. Demak, dardga chidamsiz, hayot sinovlari oldida irodasiz zamonaviy avlodning shashti pastligi faqat ekologiya yoki fast-fud isteʼmoli bilan bogʻliq emas. Bu yerda oʻylab koʻrish, tahlil qilish uchun boshqa kattaroq sabablar ham bor...

Yashirib nima qildik: bugungi yoshlarning maʼnaviy darajasida muvozanat buzilgan. Agar ilmli, oʻz maqsadlariga ega, zukko yoshlar bilan ularning ziddini tarozining ikki pallasiga qoʻysak, ikkinchi palla bosib ketishi ehtimoli bor. Avvaliga reklama eʼlonlari, keyinroq elektron platformalarni ishgʻol qilib, endi kitob doʻkonlaridagi peshtaxtalarning ham qariyb sakson foizini egallab boʻlgan “motivatsiya”, “affirmatsiya” kabi istilohlar hozir ularning sevimli soʻzlariga aylangan. Shunga boʻlsa kerak, ijtimoiy tarmoqlardagi eng “xaridorgir” kontentlar ham boshqa sohaga emas, aynan motivatsiyaga doir. Ularda esa yaqindagina trendga chiqib, tarmoqlarda rosa aylangan “Falon yilda tugʻilganlarni sindirish bandasigamas” kabi gʻoyat vahimali, magʻzi esa puch iboralarning bozori chaqqon.

Toʻgʻri, maʼnaviy ragʻbat hammaga kerak, lekin bachkanalik, oldi-qochdi, yolgʻon, bemaʼniliklar bilan odamlarni koʻpikday shishirish aslo maʼnaviy ragʻbatga kirmaydi. Maʼnaviy ragʻbatmas, maʼnaviy bidʼat bu! Mazkur kontentlar odam miyasini ham robot singari dasturlashni vaʼda qiladi. Tumtaroq soʻzlar yordamida ongingizga dam urib, sizni muvaffaqiyatlar sari yetaklashga ishontiradi. Men shu manbalarni kuzatib, kimdir nimagadir erishishiga ishonmayman. Bu vaqtni uvol qilishdan boshqa narsa emas. Chunki dasturlanish uchun odam, avvalo, robot darajasiga tushishi kerak. Bir gapni soʻylab, boshqa gapni oʻylay oladigan, oniy fursatda miyasida minglab sezgilar, xayollar chaqnab ulguradigan odamzod dastur yordamida boshqariladigan oddiy mexanizm darajasiga tushishi, koʻr-koʻrona isteʼmolchiga aylanib qolishi mumkinmi?!

Misol tariqasida davrimizning eng ¬ommalashgan affirmatsiyalaridan biri — ong ostiga yetib borishi uchun motivatorlar oynaga qarab, kuniga falon marta qaytarishni tavsiya qiladigan baʼzi iboralarga eʼtibor qaratsak: “Men baxtliman”, “Men boyman”... Bularni oʻziga oʻzi qayta-qayta uqtirayotgan nodon “Qaysi baxtli odam oynaga qarab, buni oʻziga gapirib oʻtiribdi?” deb nahotki oʻylamasa? Bu sizga loʻli qizning oynaga qarab, tilanchilik qilishi haqidagi rivoyatni eslatmaydimi? Qaysi boy yoki qaysi esli odam kun boʻyi koʻzguga tikilib, oʻzining boy yo dono ekaniga oʻzini ishontirishga harakat qiladi degan fikr xayolidan oʻtmasa? Boshqa tarafdan qaraganda, bu harakatlar kishi uchun oʻzini kalaka qilish, xoʻrlash emasmi?!

Motivatorlarni qoʻya turaylik, motivatsiyaga bunchalar muhtoj qatlam qayerdan paydo boʻla qoldi oʻzi? Undagi puch ragʻbatga oʻchlikning, goʻllarcha qaramlikning kundan kun ortib borishiga sabab nima? Nahotki, bu ham giyohvandlikka oʻxshagan yangi dard boʻlsa?

Agar bu borada oʻzimning fikrim bilan qiziqsangiz, men “Har qanday ruhiy muhtojlik, avvalo, maʼnaviy boʻshliq tufaylidir”, der edim. Maʼnaviy boʻshliq turfa sabablar tufayli inson umrining turli davrida paydo boʻladi. Avstriyalik taniqli psixiatr Zigmund Freyd fikricha, shaxsning kechinmalari u tugʻilganidan to oʻlgunicha ong osti qatlamida saqlanar ekan. Bundan chiqdi, insondagi maʼnaviy boʻshliq ham aql bovar qilmas darajada ilgari paydo boʻlgani ehtimoldan xoli emas. Ushbu boʻshliq qancha ilgari sodir boʻlsa, shuncha yomon. Chunki yillar oʻtishi mobaynida kishi ruhiyati uni oʻziga singdirib shakllanadi. Oqibatda bu insonning tabiatiga aylanib qoladi.

Demak, qadimda momolarimiz beshikdagi chaqaloqlarga alla aytib uxlatganda bejiz shunchaki ohang emas, “pahlavonim”, “botirim” kabi soʻzlardan foydalanmagan ekan-da? Kim bilsin, bugungi motivatorlar balki aynan allasiz oʻsgan avlod maʼnaviy tarbiyasida yoʻl qoʻyilgan kamchilikning oʻrnini toʻldirishga urinib yotgandir?

Maqsaddan uzoqlashib, kichik detallar atrofida aylana boshlaganimni his ¬qilaman. Yozib turgan maqolamni toʻxtatib, xayollarimga dam berish uchun koʻchaga chiqaman. Yonimdan tengqurlarim toʻp-toʻp boʻlib oʻtadi. Ayrimlarining qulogʻida quloqchin. Chaqilgan pista poʻchoqlari, tuflangan saqichlar qoladi ular ortidan...

Poytaxt koʻchalarini kezar ekanman, dafʼatan Abdulla Qodiriyning devorga ishlangan iztirobli qiyofasiga koʻzim tushadi. Shunda oyoqlarim ham, nigohim ham bir nuqtada qotadi. Qodiriy siymosiga tikilib, millat ziyolilarining yaqin tarixdagi kechmishini eslayman. Ha, qachondir haqiqatni aytganlar qatagʻon qilindi. Millat manfaati yoʻlida birlashganlar qamaldi, otildi. Qolganlarini esa bir-biriga ishonchsizlik uygʻotish, yovlashtirish yoʻlida fitnalar uyushtirildi. Biroq ahamiyatlisi, shunda ham elning asl farzandlari maydonni boʻshatib qoʻymaslikka, “ot izini bosish”ga harakat qildi! Yoshlarni maʼrifatni bayroq qilib koʻtarishga, barkamollikka, birdam boʻlishga davlatimiz rahbarining oʻzi chorlab turgan ayni pallada koʻpgina yigit-qizlar orasidagi bunday befarqlik va tarqoqlikning sababi nimada ekan?

Besh tashabbus, Uchinchi Renessans kabi ezgu gʻoyalar ham aynan katta ehtiyoj sabab maydonga chiqmayaptimi? Baʼzan oʻylab qolaman: olamga daholarni bergan millat fikrdan, mushohadadan nega bunchalik uzoqlashib qoldi? Nimaga ularni mashina yo pul berib boʻlsa ham kitob oʻqitish zarurati tugʻildi? Balki buning ildizini ancha naridan izlash kerakdir?..

Oʻtmishdagi bosqinchiliklarni qoʻya turaylik, yaqin tarixda ham xalqimiz ogʻir kunlarni boshdan kechirdi. Aynan mana shu davrda xalq Qodiriy, Fitrat, Choʻlpon singari ziyolilaridan uzib qoʻyildi. Elning koʻzini ochishi, el ergashishi mumkin boʻlgan odamlar vatan xoini, sotqin sifatida koʻrsatildi. Mustabidlar hatto kitobxon xalq ekanimizdan ham unumli foydalandi. “Oʻqish, oʻqish va yana oʻqish!” shiori ostida xalqqa oʻzligini unuttiradigan, ichki olamni boyitish oʻrniga tanazzulga yetaklaydigan asarlar targʻib qilindi. Natijada millatda juda katta maʼnaviy uzilish sodir boʻldi. Bugungi yoshlarning Navoiyni tushunmasligi, jadidlarimiz ilgari surgan millatparvarlik gʻoyalaridan hayajonga tushmasligi ham shundandir...

Koʻpchilik koʻrgan boʻlsa kerak, yaqinda internetda bir ijtimoiy soʻrov eʼlon qilindi. Unda “Oybekni bilasizmi?” deb soʻralgan har toʻrt yoshdan uchovi “Bilaman! Metro bekatining nomi”, deb javob qaytardi. Soʻrov yakunida ularga oʻz millatining katta shoiri, yozuvchisi tanishtirilganda ham xijolat tortmadi. Tirjayib turaverdi — kallasida shu ahmoqona gapi bilan tanilish istagi...

Aslida, jafokash millatimizning bugungacha kechirgan kechmishi bizga juda koʻp narsani anglatishi kerak. Koʻp oʻqishdan koʻra nimani oʻqiy bilish muhim ekani, ziyolilarning xalq hayotidagi oʻrnini mustahkamlash kerakligi, maʼnaviy tarbiyadagi ozgina uzilish jamiyatga qanday katta talafot yetkazishi mumkinligi shular jumlasidan.

Toʻgʻri, har bir avlod hayot sahniga oʻz yashash tajribasi, qarashlari bilan kirib kelishi tabiiy. Lekin buni “tabiiy hol”, “zamona zayli” deb, yoshlarning fikrsizlik tuzogʻiga ilinib qolishiga jim qarab turib boʻlmaydi. Oʻzbekiston eng rivojlangan mamlakatlar bilan raqobat maydoniga kirib kelayotgan bir paytda yoshlarni ortidan ergashtiradigan, ularga har jihatdan namuna boʻladigan, soʻzi bilan amali bir shaxslar, ziyolilar millatga bugun kechagidan koʻproq kerak. Behbudiy davridagi kabi ilmga, maʼrifatga homiylik qiluvchi saxiylar xalqning oʻz ichidan chiqishi zarur. Balki bir-ikki kishi koʻp ishni uddalay olmas. Biroq, avvalo, ziyolilar xalqning milliy gʻururini uygʻotishdek gʻoya yoʻlida birlashsa, xalq ham birlashadi. Milliy gʻurur, tafakkur uygʻongan, oʻz maqsadiga ega jamiyatda ortiqcha hech qanday ruhiy ragʻbat, zamonaviy til bilan aytganda, puflab shishirilgan motivatsiyaga zarurat yoʻq. Bunday odamlar insonning nimalarga maʼnaviy masʼul ekanini shundoq ham yaxshi his etadi.

Bayram ALI,

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi