Tashrifdan koʻzlangan asosiy maqsad — Bulungʻur tumani hududiga xos boʻlgan “Bulungʻur kulchatoyi”, “Bulungʻur kartoshkasi” hamda “Bulungʻur pomidori” mahsulotlarining tarixiy shakllanishi, mahalliy anʼana va urf-odatlar bilan uzviy bogʻliqligi, ishlab chiqarish jarayonining oʻziga xos xususiyatlari, shuningdek, mazkur mahsulotlarning hudud bilan chambarchas aloqadorligini chuqur oʻrganishdan iborat boʻldi.
Sayyor ishchi guruh tomonidan joylarda oʻrganish ishlari olib borilib, ushbu mahsulotlarni geografik koʻrsatkich sifatida roʻyxatdan oʻtkazish uchun zarur boʻlgan hujjatlarni shakllantirish yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.
Qayd etilishicha, mazkur mahsulotlarning huquqiy muhofazaga olinishi hudud brendini rivojlantirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilar manfaatlarini himoya qilish hamda ularning bozordagi raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.