Butunjahon NNT kuni: Toshkentda turizm sohasidagi nodavlat notijorat tashkilotlarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi

    Turizm 28 Fevral 2022 2235

    27-fevralda “Eco Wellness Hotel & Spa” mehmonxonasida Turizm va madaniy meros vazirligi tomonidan Butunjahon nodavlat notijorat tashkilotlari kuni munosabati bilan tadbir boʻlib oʻtdi.

    Unda vazir maslahatchisi Temur Mirzayev, Oʻzbekiston Nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi raisi Kamoliddin Ishanxoʻjayev, Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi vakillari, soha mutaxassislari hamda nodavlat notijorat tashkilotlari rahbarlari ishtirok etdi.

    Xalqaro NNT kuni birinchi marta 2010-yil 17-aprelda Boltiq dengizi mintaqasi kengashida rasman eʼlon qilinib, 2014-yil 27-fevralda Finlyandiyaning Xelsinki shahrida xalqaro miqyosda keng nishonlangan. Agar tarixga murojaat qiladigan boʻlsak, 1950-yilda Birlashgan Millatlar Tashkilotining rezolyutsiyasi bilan “Xalqaro nohukumat tashkiloti” tushunchasi kiritilgan.

    “Ayni paytda Adliya vazirligi maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekistonda 9 mingdan ortiq nohukumat tashkilotlari roʻyxatga olingan hamda faoliyat yuritadi. Taʼkidlash joizki, mamlakatimizda turizmni yanada rivojlantirish, infratuzilmani takomillashtirish, turizm salohiyati yuqori boʻlgan hududlarni oʻzaro bogʻlash orqali sohani rivojlantirishga qulay shart-sharoitlar yaratish, madaniy merosni muhofaza qilish borasida kompleks chora-tadbirlarni bosqichma-bosqich amalga oshirishda jamoat tashkilotlarining oʻrni katta boʻlib, bebahodir. Misol tariqasida, Turizm va madaniy meros vazirligi, Mahalla va oilalarni qoʻllab-quvvatlash vazirligi, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan nohukumat tashkilotlari bilan hamkorlikda turli sohalarda qator loyihalar amalga oshirildi. “Sayohat barcha uchun” loyihasi doirasida 50 nafar imkoniyati cheklangan shaxs Xorazm, Buxoro, Samarqand va Toshkent viloyatlariga tashrif buyurdi”, — dedi T.Mirzayev.

    Tadbir doirasida NNTʼlar quyidagi nominatsiyalar boʻyicha taqdirlandi:

    - 2021-yilning eng faol NNT — Oʻzbekiston oshpazlari uyushmasi;

    - 2021-yilning eng kreativ NNT — Restoranlar va mehmonxonalar uyushmasi;

    - 2021-yilning eng faol ijtimoiy media NNT — Turizmni rivojlantirish assotsiatsiyasi;

    - 2021-yilda eng innovatsion gʻoyalarni ilgari suruvchi NNT — Oʻzbekiston gastronomik turizm assotsiatsiyasi;

    - 2021-yilning eng ijtimoiy NNT — “Inklyuziv hayot” Respublika nogironlar jamoatchilik birlashmasi, deb xabar beradi Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati.