Buxorodagi Poykent xarobalaridan qadimiy ashyolar topildi

    Fan 15 Yanvar 2025 49

    Metalldan yasalgan qadimiy qurollar va boshqa jihozlar eramizdan avvalgi I asr va eramizning I asriga taalluqlidir.

    Poykent xarobalarida olib borilgan tadqiqotlar natijasida metalldan yasalgan qadimiy qurollar va boshqa jihozlar topildi.

    Buxoro viloyati Qorakoʻl tumani hududida joylashgan bu maskan uzoq yillardan buyon Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi Arxeologiya instituti va Rossiya davlat Ermitajining Buxoro ekspeditsiyasi arxeologlari tomonidan oʻrganib kelinadi.

    Buxoro davlat muzey – qoʻriqxonasi restavratori Dilmurod Xolovning bildirishicha, topilmalar orasida har xil oʻlchamdagi xanjarlar, niqob boʻlaklari, kamon nayzasi uchlari, askarlar sovutidan parchalar, qoʻl jangi chogʻida ishlatiladigan metall uzuklar bor.

    «Ular eramizdan avvalgi I asr va eramizning I asriga taalluqlidir. Bu noyob buyumlar saklar va massagetlar davriga oid ibodatxona janubida olib borilgan arxeologik qazishmalar chogʻida aniqlandi. Bu jihozlar vohamiz, umuman, Oʻrta Osiyodan topilgan eng qadimiy metall qurollar jamlanmasi sanaladi», – deydi D.Xolov.

    Qayd etilishicha, topilmalar orasida olovni tashishga moʻljallangan, deya faraz qilinayotgan kapgir, hali nimaligi aniqlanmagan doirasimon jihoz va qoʻngʻiroq ham bor. Qoʻngʻiroq ibodatxona uchun moʻljallangan boʻlib, yuzasi metalldan, ichi rangli metalldan, tilchasi suyakdan iborat.

    Hozir topilmalarni konservatsiyalash, taʼmirlash ishlari olib borilmoqda.

    “Xalq soʻzi” nashrining yozishicha, asrlar davomida yer qaʼrida yotgan topilmalarni asl holiga keltirish mashaqqatli va serxarajat boʻlib, ayni vaqtda restavratorlar homiylik yordamiga muhtoj.