“Buyuk Britaniyaning taraqqiyot omillari, inglizlar xarakteri...”  Angliyada tahsil olayotgan hamyurtimiz bilan suhbat

    Suhbat 3 Sentabr 2020 4994

    “Yangi Oʻzbekiston” nashri chet eldagi vatandoshlarimiz bilan intervyularni davom ettiradi. Navbatdagi suhbatdoshimiz Buyuk Britaniyadagi Huquqshunoslik universitetida tahsil olayotgan yurtdoshimiz Sadrijahon Hasanov boʻldi.

    Sadrijahon oʻqish bilan birga Oʻzbekiston umumjahon yoshlar assotsiatsiyasining Buyuk Britaniyadagi vakili vazifasini ham bajarib kelmoqda.

    M.: Sadrijahon bakalavrda oʻqish uchun Buyuk Britaniyani tanlashingizga aynan nima sabab boʻlgan?

    S.H.: Ochigʻi, bolalikdan Buyuk Britaniyada suratga olingan detektiv janrdagi filmlarni tomosha qilib, ushbu mamlakatga borish uchun qiziqish paydo boʻlgan edi. Shu bilan birga, jahon eʼtirof etgan koʻplab nufuzli oliygohlar ham aynan shu yerda joylashgan.

    Aslida Oʻzbekistonda ham bir nechta universitetlar talabasi boʻlgan edim. Qolaversa, Dubay shahridagi xalqaro universitetga ham 100 foizlik grant yutib olgandim. Biroq, Buyuk Britaniyada taʼlim olib, shu yerdagi tajribani oʻrganib kelgusida Oʻzbekistonga qaytsam davlatimizga koʻproq foydam tegadi deb, oʻyladim.

    Mana shu sabablar tufayli hozir Londonda Huquqshunoslik universitetida tahsil olyapman.

    Universitetimiz 1962-yil tashkil etilgan. Umumiy 17 ta kampusga ega. Bir soʻz bilan aytganda, talabalar uchun barcha qulayliklar mavjud.

    M.: Buyuk Britaniyaning taraqqiyot omillarini nimalarda koʻryapsiz?

    S.H.: Bu yerga kelib eʼtiborimni tortgan jihat odamlarning asosiy vaqtlarini kitob mutolaasi bilan oʻtkazishi boʻldi. Oʻylashimcha, inglizlarning aynan kitobsevarligi taraqqiyotining eng katta omillaridan biri. Yana bir diqqatimni tortgan holat jamoat transportlarida mahalliy nashrlarning kunlik sonlari tarqatilishi va kun oxiriga yetmasdan gazetalarning tugab qolishini aytishim mumkin.

    Qolaversa, inglizlar quruq va balandparvoz gaplardan koʻra koʻproq faktlarga tayanadi. Bu yerda aytilgan gap raqamlar va statistikaga tayanmasa biror bir kuchga emas. Eng asosiysi davlat boʻladimi yoki xususiy sektordami rivojlanish loyihalari uzoq muddatli qilib tuziladi. Masalan, biror bir davlat ishida ishlaydigan odamdan nima bilan band ekanligini soʻrasangiz
    5-6 yil oldin ishlab chiqilgan loyihalar ijrosi bilan bandligini aytishadi. Bu oʻz-oʻzidan mamlakatdagi odamlar xarakteriga ham singib ketgan. Oʻylashimcha, inglizlarning koʻplab ijobiy tajribalarini mamlakatimiz rivoji yoʻlida foydalansak yaxshi samara bera oladi. Albatta birinchi oʻrinda qonun ustuvorligini taʼminlash kerak.

    Shuningdek, mahalliy aholining soliq savodxonligi ham yuqori. Soliqdan qochish yoki boʻyin tovlashga qatʼiy jazo choralari qoʻllaniladi. Yaqinda oʻqigan maʼlumotimga koʻra, Buyuk Britaniya sayyohlardan oʻrtacha yillik 106 milliard daromad topadi va bu orqali 2 millionga yaqin odam ish oʻrniga ega boʻlgan.

    M.: Oʻzbek va inglizlarning xarakter nuqtayi nazaridan oʻxshash jihatlari bormi?

    S.H.: Xalqlarimiz dunyo qarashi, qadriyatlari va albatta din nuqtayi nazaridan ham tubdan farq qiladi. Oʻylashimcha, inglizlarda bizlarga nisbatan tartiblilik ancha yaxshi shakllangan. Bolalarga kichkinaligidan boshlab mustaqil fikrlash, qaror qabul qilishga va oʻzlari qabul qilgan qarorga masʼuliyatni oʻz boʻynilariga olishga oʻrgatiladi. Biroq kamchiliklar ham yoʻq emas. Misol uchun, kecha rasmiy kiyinib olgan jentlmenni dam olish kunlari oʻzini tanimaydigan darajada ichib olib mayxona oldida yumalab yotishi odatiy holat. Shu bilan birga, aksariyat inglizlar bir dasturxon atrofida oilaviy oʻtirish kabi mehr-muhabbat tushunchasini unutib qoʻyishgan.

    M.: Boʻsh vaqtlaringizda nimalar bilan shugʻullanasiz?

    S.H.: Oʻqish bilan birga ishlayman ham. Shuning uchun boʻsh vaqtlarim koʻp boʻlavermaydi. Lekin sport bilan shugʻullanish va kitob mutolaasi kundalik ishlarimdan. Masalan, tengdoshlarimga “Samarali insonlarning 7 odati” nomli kitobni albatta oʻqib chiqishni tavsiya bermoqchiman. Kitobda inson oʻzi bilmagan hissiyotlari, muvaffaqiyat va samaradorlik uchun qanday xislatlar kerak ekanligi hamda eng asosiysi ularni qanday qilib shakllantirish mumkinligi hayotiy misollar bilan tushuntirib berilgan.Qolaversa, Yutub tarmogʻida bloger sifatida Buyuk Britaniya haqida qiziqarli va foydali videolar tayyorlab joylab kelyapman.

    Shuningdek, Telegram messenjerida Buyuk Britaniyadagi oʻzbekistonliklarni birlashtirgan “Oʻzbek jamiyati” guruhini tashkil qilganman. U orqali nafaqat doʻstona suhbatlar, balki qiyinchilikka uchrab qolgan vatandoshlarimizga Oʻzbekiston umumjahon yoshlar assotsiatsiyasining vakili sifatida yordam berib kelaman.

    M.: Kelajakdagi rejalaringiz qanday?

    S.H.: Avvalo, oʻz sohamning yetuk mutaxassisi boʻlish eng katta maqsadlarimdan biri. Kelgusida albatta bu yerda orttirgan bilim va tajribalarimni Oʻzbekistonga qaytib yurtimiz rivojiga sarflayman.

    Fursatdan foydalanib vatandoshlarimizni Mustaqilligimizning
    29 yilligi bilan chin dildan tabriklayman! Yurtimizga tinchlik va xalqimizga sogʻlik-salomatlik tilayman.

    Nurillo Toʻxtasinov suhbatlashdi