Buyuk tarixga aylangan 47 yil

    Bobur Mirzo til xususiyatlariga eʼtibor qaratar ekan, gʻaroyib voqealarni ham nazardan qochirmaydi. Masalan, u Samarqand shahridagi Laqlaqa masjidi haqida soʻz yuritib, uni ilmiy asoslab koʻrsatadi: “...gumbazning oʻrtasila turib, yerni tepsalar, har tomondan “laq-laq” tovushi chiqadi. Gʻaroyib holdir. Hech kim buning sirini bilmas”.

    Toʻgʻrisini aytganda, ayni kunlarda ham xalqimizning boy milliy tarixini oʻzga mafkuralar yolgʻonlaridan ajratib olib, aslini xalqqa yetkazishda koʻp sonli tarixchilarimizga oson boʻlayotgani yoʻq. Xususan, yaqin oʻtmishimizning oltin pallalaridan biri – Temuriylar Uygʻonish davri haqidagi tarix toʻla oʻz aksini topgan emas: jumladan, Temuriylar tarixi aslida bitta avlod tarixi, bugungi oʻzbekning bitta kitobi, ammo uni Temuriylar va Boburiylarga boʻlib oʻrganmoqdamiz. Xorijlik baʼzi soyalar esa hamon bu oltin tarixni “Moʻgʻullar imperiyasi” deya ajratib koʻrsatishdan nariga oʻtmayapti.

    Hind kinoijodkorlarining bu katta tarixga masʼuliyat bilan qarab, Temuriy hukmdorlar tilidan: “Biz Temuriylar!” deya asl haqiqatni yoritayotganlari oʻsha soya kuchlar uchun yaxshigina saboq boʻlishi kerak. Rostdan ham, Amir Temurdan to soʻnggi temuriy hukmdor Bahodir Shohgacha, yaʼni 1370-yildan 1568-yilgacha tarix oʻzagi bitta, ildizi yagona, uni ayri oʻrganish – yana oʻzimizni oʻzimiz aldashdir. Bilʼaks, Amir Temur va Temuriylar Amudaryo shimolidan to Usmoniylar imperiyasigacha yetib borganlar, deya iddao qilishlari mumkin, ammo Zahiriddin Muhammad Bobur va uning salohiyatli farzandlari, avlodlari hamda zurriyodlari shavkatli ajdodlarining adolatli davlatchilik ishlarini davom ettirdilar va Hind xalqi uchun juda katta xizmat qildilar.

    Shu bois ham, ulugʻ ajdodlarimizning hayoti va faoliyatiga hamisha teranroq qarashga toʻgʻri keladi, ayniqsa, tariximizda bir necha sulolalarni yuzaga keltirgan buyuk hukmdorlarimizning bosib oʻtgan sermashaqqat yoʻllariga bugun har qachongidan ham teranroq yondashish davr zaruratidir. Xususan, Zahiriddin Muhammad Bobur ummoniga ham yanada jiddiyroq nazar solishga majburmiz. Toʻgʻri, bu ummon toʻgʻrisida koʻp bitilgan, koʻp yozilgan. Shu damgacha nashr etilgan barcha asarlarni bir joyga toʻplasak, necha toʻplam boʻlishi mumkin. Xoʻsh, yana oʻsha qaytariqlarni takrorlaymizmi va bundan oʻquvchiga nima foyda?! Hech nima! Shu bois ham, ulugʻ ajdodimiz Bobur Mirzoning atigi 47 yil – juda qisqa umr koʻrib, ham davlatchilikda, ham ilm-fan, adabiyot, mantiq, falsafa, fikh va sanʼat, etnografiya, tabiat, hayvonot dunyosi, tilshunoslik, insoniylik, ezgulik va boshqa sohalarda amalga oshirgan ishlari xususida soʻz yuritib, ulardan kerakli saboq chiqarsakkina, bu maqolaning bizga zarracha foydasi tegishi mumkin, aks holda, shunchaki xoʻjakoʻrsin ishning hech kimga keragi ham, zarurati ham yoʻq. Va, albatta, bularning barini aql tarozusida chamalab koʻrib, “bu insonning shunchalik katta muvaffaqiyat qozonishiga sabab nima?!” deya oʻylanib qolasiz.

    Rivoyat qiladilarki, Bobur Mirzo olti yoshda ekan, ustoziga shunday qiyin va jumboq savollar bera boshlabdiki, ularga javob topish juda mushkul va ogʻir ekan. Ustozlari shunday zot ekanki, shogirdning savollariga javob berolmay qolishni juda katta gunohi azim hisoblar ekanlar. Gunohga botmay, degan oʻy bilan bir kuni olti yashar Bobur Mirzoni qoʻlidan tutib Fargʻona viloyati hokimi Umarshayx Mirzo huzuriga yetaklab kiribdi.

    – Hukmdorim, farzandi arjumandingiz savollariga javob topolmay qoldim, mirzoni mendan zukkoroq donishmand qoʻliga topshirsangiz, men oʻzimdagi jami bilimlarni bekzodaga berib boʻldim! – deya uzrlarini soʻrabdi.

    Umarshayx Mirzo buni kutmagan ekan. Boshi qotibdi.

    – Ulugʻ ustoz, mening diyorimda Sizdan boshqa zukko donishmand yoʻq, qayerdan topaman boshqa ustozni?! – debdi noilojligini bildirish uchun.

    Saroy sukunatga choʻmibdi. Umarshayx Mirzo ham, ustozlari ham bir-birlariga nima deyishni bilmay qolishibdi.

    Bobur Mirzo taʼzim qilib:

    – Padari buzrukvor, ruxsat bering, kutubxonaga kirib chiqay! – debdi.

    Umarshayx Mirzo oʻgʻliga sinchkov qarabdi.

    – Ruxsat, ruxsat! – debdi beixtiyor “qani, nima karomat koʻrsatarkin?” degan oʻy bilan.

    Bobur Mirzo kutubxonaga kirib, hayal oʻtmay, oʻnta qalin va katta kitobni zoʻrgʻa koʻtarib kiribdi.

    – Mana, mening ustozlarim! – debdi.

    Umarshayx va ustozlari kitoblarni qoʻllariga olib, koʻzlariga surtibdilar. Bu kitoblar Muhammad Xorazmiyning “Al-jabr”, Imom Buxoriyning hadislar toʻplami, Mahmud Zamaxshariyning “Al-mufassal”, Abu Rayhon Beruniyning “Qadimdan qolgan xalqlar tarixi”, Abu Ali ibn Sinoning “Tib qonunlari”, Burhoniddin Margʻinoniyning “Hidoya”, shuningdek, Ahmad Fargʻoniy, Abu Nasr Forobiy, yunon olimlari – Arastu va Demokritlarning mashhur asarlari ekan.

    – Bu kitoblarni oʻqib chiqqan ekansiz-da? – deb soʻrabdi padari buzrukvori.

    Bobur Mirzo yana odob bilan taʼzim qilibdi:

    – Tangri guvohdir, shukrlar boʻlsin, bu zotlar xotiramni boyitdi! – deya javob qilibdi. Vaholanki, qisqagina qilib: “Hammasini yod olganman”, desa ham boʻlardi, ammo u kibrni yomon koʻrardi va shu bois ham, otasining savoliga goʻzal javob qilgan ekan.

    XIII asrda yashagan yurtdoshimiz Aziziddin Nasafiy yozadiki, “komil insonda toʻrt sifat kamolga yetgan boʻlishi kerak: ezgu soʻz, ezgu amal, ezgu axloq va maorif. Demak, hukmdor Umarshayx Mirzoda va u zotning malikai oliyida ham shu sifatlar mujassam boʻlgan. Zero, odam miyasi shunday murakkab ruhiy olam, toza, shaffof ummonki, uning qabul tizimini atigi bir tomchi qora siyoh, yaʼni bir zarra harom luqma tamom buzib yuborishi mumkin.

    Mirzo Muhammad Haydar oʻzining “Tarixi Rashidiy” asarida Bobur Mirzoning insoniy fazilatlarini oshigʻich ilhom bilan taʼrif etgan. “Bobur podshoh andoq podshoh erdiki, navʼ-navʼ fazllar birla orasta, shijoatda gʻolib erdi. Va sheʼri turkiyda Amir Alisher rahmatulloh alayhidin keyin hech kishi andoq sheʼr aytolmabdir”, deb yozadi u.

    Hali hech bir yurtidan ayriliqdagi podshoh Vatan oldidagi masʼuliyati haqida qalb haroratlarini Boburchalik joziba bilan ifoda eta olgan emas.

    Oʻz yurtining havosini, shakar qovun-tarvuzlari-yu, bol uzumlarini, shaffof suvlari, hatto yantogʻini sogʻingan Bobur Mirzoning figʻonlarini tushunish mumkin! Ammo bu betakror tuygʻuni, uning eng kichik zarrasigacha ich-ichdan his etish hammaning ham qoʻlidan kelmaydi.

    Shaxs sifatidagi Boburchi, uning odamiyligi-chi?!

    “Boburnoma”ning 1506-1507-yillardagi voqealarida Hirotdan Kobulga qorli dovondan oshib oʻtishda Bobur Mirzoning insoniyligi yanada yaqqol koʻzga tashlanadi. “Koʻngulda kechdiki, borcha el qorda va chopqunda, men issiq uyda rohat birla..” Oromni oʻziga ravo koʻrmagan Bobur qor yogʻib tursa-da, odamlari bilan tonggacha togʻda qoldi. “...Oʻshal kecha qulogʻimga sovuq taʼsir qildi”, deb yozgan edi u shu kunlarni xotirlab.

    Maʼlumki, alifbo yaratish sermashaqqat, qiyin va oʻta masʼuliyatli, lozim boʻlsa, aytish kerakki, hammaning ham qoʻlidan kelmaydigan ish. Ammo Bobur Mirzoning 1504-yilda, atigi 22 yoshida “Xatti Boburiy”ni ixtiro qilgani tariximizdagi buyuk hodisa boʻlgan edi. Bu narsa uning nafaqat tilimizga boʻlgan buyuk muhabbatini, balki yetuk tilshunos boʻlganini ham isbot etadi.

    Har vaqteki koʻrgaysen mening soʻzumni,

    Soʻzumni oʻqib, sogʻingaysen oʻzumni.

    Bahordek goʻzal, serjilo bunday satrlarni bitish oson ish emas, goʻzallikdan goʻzallik yuzaga keladi, Bobur Mirzoning oʻzi goʻzal, ishi goʻzal, soʻzi ham ana shunday goʻzaldir. Unda buyuk hukmdor va adibning butun hayoti, boshidan kechirganlari, feʼl-atvori, ichki kechinmalari oyday namoyon.

    Ana shu mazkur dastxatni bu zotning nevarasi Shohjahon koʻz qorachigʻiday saqlagan va: “Ushbu turkiy bayt jannatmakon Hazrat Bobur podshohning oʻz qoʻllari bilan bitilgan dastxatdir”, deb tarix varaqlarida muhrlab qoʻygan. Soʻzga, oʻtmishga, oʻz tarixiga, ota-buvasiga eʼtiborni qarang! “Zar qadrini zargar bilar ekan-da, noshudlar qayerdan bilsin!”

    Davron meni oʻtkardi saru somondin,

    Oyirdi bir yoʻli xonumondin.

    Gah boshima toj, gah baloyi taʼna,

    Nelarki, boshimgʻa kelmadi davrondin.

    Elimiz latif ishora etganidek, shoh va shoir Bobur Mirzo dardini ham bahordek goʻzal ifoda etadi, unda hasrat oʻzidan uyalib, nola oʻzini gulga oʻrab koʻrsatadi. Garchi shu birgina toʻrtlik buyuk inson hayotining bor mohiyatini ifodalab tursa-da, unda avvalo goʻzal qalbning bor boʻy-bastini koʻramiz, yaʼni soʻz tanlashi, jumla tuzish mahorati, qoʻllagan istiora, muqoyasa, tashbeh va boshqa badiiy vositalarning goʻzalligi koʻnglimizni bahordek yashnatib yuboradi. Bunday sheʼriyat bogʻini esa faqat Bobur Mirzo qalami bilan yaratish mumkinligini koʻrib turibmizki, necha asrlardan buyon dunyo tan olib kelmoqda.

    Shu maʼnoda buyuk hazrat Bobur Mirzo bobomiz zukko tilshunos sifatida ham oʻzbek tilining jozibasini, uning naqadar boy til ekanligini, bunday mumtoz til bilan har qanday tuygʻu, holatni ifoda etish mumkinligini yana bir karra isbotlab bergan.

    Biz xalqimizning ana shunday boylikdan, goʻzal maʼnaviy tarbiya, haqiqat va haqni topishning qudratli vositasidan koʻproq bahramand boʻlishi tarafdorimiz. Bir paytlar ana shu boylikdan bizni mahrum etmoqchi boʻlganlari ham, undan toʻlaqonli foydalanishga yoʻl bermaganlari ham bor haqiqatdir. Aslida, badiiy adabiyot maʼnaviyat mulkining sultonidir. Sultonsiz mulk boshboshdoqlik manziliga aylanadi. “Oldi-qochdi”, sayoz, xom asarlar, yengil-yelpi gazetalar, mazmunan qashshoq, ohangi begona kuy-qoʻshiqlar, bir-birini takrorlayotgan siyqasi chiqqan seriallar ham ana shu mezonning buzilishi oqibatida bolalab ketadi.

    Gʻarbda yashaydigan rus yozuvchisi Vladimir Maksimov: “Rossiyaning iqtisodiy taraqqiyoti bevosita Pushkinga bogʻliqdir”, deb yozgan edi. Bu soʻz bizga biroz gʻalati va oʻrinsiz tuyuladi, aslida esa hali uni hazm qilishga, demak, qalbimiz tayyor emas. Ammo bu gapda maʼlum haqiqat borligini hech kim inkor etolmaydi.

    Bobur Mirzoning koʻhna oʻzbek tilining boy xususiyatlaridan juda oʻrinli foydalangani haqida, xususan, mashhur “Boburnoma” asarining tili borasida qimmatli fikrlar va maʼlum tadqiqotlar olib borgan adib va tilshunoslar talaygina. Men ham bir muxlis sifatida Bobur Mirzo tilining serjilo ohanglaridan zavq olaman, ular mening sevinchimni oshiribgina qolmay, hayotimda, ishimda ham jilo va koʻrk berib turadi. Shu bois ham, bugun sizlar bilan ana shu jilo haqida fikrlashmoqchiman. Chindan ham, Bobur Mirzo soʻz mulki, ummoni, barcha oʻzbek lahjalari, jilolari va boʻyoqlarini oʻziga mujassam etganki, ularni oʻqib, gʻoyat huzur qilish, koʻnglimizning taraqqiy etishida foydalanish mumkin.

    “Yomonliq shoyiʼ edi”.

    “Shoyiʼ” soʻzining maʼnosi ancha keng. Undan “shoyista”, yaʼni “munosib”, “loyiq” degan soʻz yasaladi. Ifoda quyosh nurlarida jilo taratayotgan misli gulzor, lekin bu gulzorning tepasida qora bulutlar ham bor.

    Lugʻatimizdagi “qalin” soʻziga eʼtibor qaratsak, “Boburnoma”da bu soʻzning ancha-muncha maʼnolarini koʻramiz.

    “Alisherbek qalin nimalar ixtiroʼ qilib erdi, har kishikim, har ishda bir nima paydo qiladi, ul nimaning rivoj va ravnaqi uchun “Alisheriy” der edi”.

    Xalq oʻzi eʼzozlagan kishini boshiga koʻtaradi. Bu xabardan koʻramizki, Alisher Navoiy bobomizni behad qattiq eʼzozlagan, sevgan va nimaiki, yangi ixtiro qilsa, u zotning tabarruk ismi bilan atashgan.

    Yana oʻqiymiz:

    “Ushbu soʻzning ustida edikim, bogʻning devoridan tashqari qalin otliqning kelur ovozi keldi”.

    “Sulton Ahmad Mirzoning zamonida ham bek va bekot qalin bogʻcha soldilar”.

    Bu yerda “bek” tushunarli, “bekot”-chi?! Begoyimmi? Mana, sizga muammo!

    Hozirda esa biz “qalin” soʻzining imkoniyatlarini cheklab qoʻyganmiz, “qalin daftar”, “togʻ yon-bagʻri qalin lolaga toʻlgan”, deymiz. Lekin hali-hunuz nuroniylarimiz “kelinga qancha qalin berdingiz?” deb soʻrashadi.

    Bobur Mirzo “farovon” soʻzini hozir biz qoʻllayotgan maʼnodan boshqacharoq tarzda ishlatgan.

    “Muxtasar viloyattur, oshliq va mevasi farovon...”

    Agar biz hozir shunday deb yozsak, baʼzilar “bu yozuvchi oʻta xatsavodsizdir” deb bong urishadi. Lekin Bobur Mirzo “mevasi farovon...” demoqda.

    Yana yozadi:

    “Mevasi farovon va bisyor yaxshi boʻlur”.

    “Mahkam” soʻzi xususida ham xuddi shunday fikr yuritish mumkin.

    “Qishi mahkam sovuqtur, qori agarchi Kobul qoricha tushmas...”.

    Bu yerda “mahkam” soʻzi “qattiq” maʼnosida ishlatilgan, chunonchi biz bugun “qish qattiq keldi”, deb qoʻya qolamiz.

    “Gʻariba” soʻzini ham Bobur Mirzo bir necha oʻrinlarda keltiradi.

    “Bu asnoda gʻarib voqea dast berdi...

    “Menga gʻarib taʼsir qildi”.

    Sayyid badr haqida yozar ekan, uni “ Gʻarib raqs qilur edi”, deydi.

    Hozirda “gʻarib” deganda, biz ahvoli nochorlashgan kimsani yoki biror manzilning xarob ekanligini tushunamiz.

    Bugungi shevachilik haqida soʻz yuritadigan boʻlsak, Bobur Mirzo bizni juda uyaltirib qoʻyadi. Tuppa-tuzuk qalam tebratib yurgan baʼzilar ham adabiy til hurmatini bir chekkaga surib qoʻyib, shevachilikni avj oldirayotganlari elu yurtga nopisandlik ekanliklarini anglashlari kerak. Bu borada Bobur Mirzo hazratlaridan oʻrnak olish darkor, deb oʻylayman. Xususan,

    Andijon viloyati haqidagi bitiklariga eʼtibor bering:

    “Eli turkdir( oʻzbekdir). Elining lafzi qalam bila rostdir”.

    Xoʻp, andijonliklar oʻshanda ham hozirgidek tilda soʻzlashganlari haqida bildik, ammo “lafzi qalam bila rostdir”, deganda nimani tushunmoq kerak?! Bunga ham Bobur Mirzoning oʻzi javob beradi: “Mir Alisher Navoiyning asarlari Hirotda yaratilib shuhrat qozongan boʻlsa-da, bu til bilan yozilgan”.

    Bu biz uchun juda noyob tarixiy bitiklarki, ular juda koʻp narsadan ogoh etadi. Demak, XV asrda ham xoh Andijon, xoh Hirotda boʻlsin, bitta adabiy tilga rioya qilingan. Biz buni Ogahiy asarlarida ham koʻramiz. Hozir esa, chindan ham, sheva bosib ketdi. Ayniqsa, ikki-uchta qoʻshiq kuylab, oʻzlarini yulduz sanayotgan “otarchilar” adabiy tilimizga putur yetkazmoqdalarki, bu boradagi saboqni hazrat Alisher Navoiy va Bobur Mirzo, Ogahiylardan oʻrganishimiz kerak, chunki millatning birligi, jipsligi, uyushqoqligi har narsadan muhimdir.

    Bobur Mirzo til xususiyatlariga eʼtibor qaratar ekan, gʻaroyib voqealarni ham nazardan qochirmaydi. Masalan, u Samarqand shahridagi Laqlaqa masjidi haqida soʻz yuritib, uni ilmiy asoslab koʻrsatadi: “...gumbazning oʻrtasila turib, yerni tepsalar, har tomondan “laq-laq” tovushi chiqadi. Gʻaroyib holdir. Hech kim buning sirini bilmas”.

    Yana muhim sifatlaridan biri shuki, Bobur oʻz xalqining fidoyi fikhshunosi ham edi. Zero, ungacha fikhga oid asarlar asosan arab va fors tillarida mavjud boʻlgan. U esa mashhur “Mubayyin” asarini oʻzbek tilida yozdi. Bu mashhur asarni oʻz goʻzal tilimizda nafaqat huzur qilib oʻqiysiz, balki undan juda katta rohat, maʼnaviy ozuqa ham olasiz. Chunonchi ushbu asarda hukmdor oʻz farzandlari bilishi kerak boʻlgan farz asoslarini (imon, namoz, roʻza, zakot, haj) oʻtash masalalarini sheʼriy usulda bayon etgan. Zero, “Dinu donishda har kun afzun boʻl, Davlatu baxt ila Humoyun boʻl!” deb ham behuda yozmagan. “Mubayyin”ni oʻqib, hazrat Bobur Mirzoni yanada yaqinroq anglash baxtiga muyassar boʻlganimdan xursandman.

    Buyuk shaxslar, chin hukmdorlarning sanʼatni yaxshi tushunishlari ham bizga oʻrnak boʻlarli hodisa. “Boburnoma”da turli raqslar, kuy va qoʻshiqlar haqida qimmatli maʼlumotlar berilganki, ularni oʻqib hazrat Bobur olamini yanada teranroq anglab borasiz. Hoji Hofizni, Mir Badr raqqosni, Udiy, Shohquli singari sozandalar haqidagi fikrlari gʻoyat maroqli; musavvirlar peshvosi Kamoliddin Behzodni esa latif soʻzlar bilan tilga olib oʻtgan. Oʻsha paytda Temuriy beklar sanʼatkorlarni aziz tutishgan.

    Shuningdek, Boburning tabiat va hayvonot olamiga boʻlgan eʼtibor ham juda qiziqarlidir. U Andijon ov qushlari va hayvonlari haqida maʼlumot berar ekan, “Ov qushi ham koʻp boʻladi. Qirgʻovuli behad semiz. Shunday rivoyat qiladilarki, bir qirgʻovulning goʻshtini toʻrt kishi yeb tugata olmaydi”, deb yozadi. Yoxud hind fillari, maymunlari, qushlar, baliqlar, ularning navlari, tang-tuslari, hatto harakatlari haqida ham juda qiziqarli maʼlumotlar berganki, u zotning qanchalik kuzatuvchan, zukko ekanligiga havas qilasiz. Bulardan tashqari, Bobur Mirzoning yigirmadan ortiq sohalar boʻyicha teran fikrli va oʻta bilimdon shaxs boʻlgani ham u zotga boʻlgan hurmatingizni togʻ kabi yuksaltiradi.

    Bu oʻrinda uning qadami bilan bogʻliq qadim bir manzilga eʼtiboringizni qaratmoqchiman. Bu Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanidagi Bobotogʻ qoʻynida joylashgan Govuron degan qadimiy manzil boʻlib, mazkur joy tarixi arxeologiyamiz hamda Boburiylar tarixini oʻrganuvchilar uchun muhim manbalar berishi mumkin, deyishga asosimiz bor.

    Tarixiy maʼlumotlardan maʼlumki, miloddan avaalgi VIII-VII asrlarda bir butun yirik madaniyat markazi sifatida shakllangan yurtlardan biri Baqtriyadir. Yunonlar ham behuda bu tomonlarua bosib kelishmagan. Ular juda katta qarshilikka duch kelgan togʻli qalʼalar ham aynan Baqtriyada ekanligi manbalarda tilga olingan. Iskandar Maqdunlining bosqinlari haqida soʻz yuritgan tarixchi Kursiy Ruf Baqtriyaning ikki viloyati haqida gapirib oʻtgan. Bu viloyatlardan biri – Parateka boʻlsa, ikkinchisi Bubakendir. Termiz davlat universiteti oʻqituvchisi, tarix fanlari doktori S.Tursunovning maʼlumotlariga koʻra, Parateka hozirgi Sherobod vohasi va unga tutash togʻoldi hududlari, Bubakena esa Bobotogʻning har ikkala hududi, yaʼni kun chiqish va kun botish tomonlaridir. Shulardan xulosa qilish mumkinki, Iskandar Maqdunli qarshilik koʻrsatgan togʻ ahlini qirgʻinbarot qilganda, bir qism aholi Bobotogʻdagi Govurgonda jon saqlagan boʻlishlari mumkin, chunki hozirda u yerdan topilayotgan ashyolar shundan dalolat beradi. Demak, Govurgon qalʼasi tarixi ham juda qadimga borib taqaladi. Uning ilk marta tilga olinishi va paydo boʻlishi aynan oʻsha davrga oid, deb taxmin qilsa boʻladi.

    Amir Temur va Temuriylar zamonida Govurgonning nazardan chetda qolishi mumkin emas. Ayniqsa, Bobur Mirzo faoliyatida biz bu narsani aniq koʻramiz. Zero, u Samarqanddan qochib chiqqanida, Gʻarbga eltuvchi yagona yoʻl — Termiz kechuvi Shayboniy qoʻshinlari tomonidan yopib qoʻyilgani bois u tomonlarda koʻrinish hayoti uchun xavfli edi. Shuning uchun ham, u Urgut togʻlari orqali soʻqmoq yoʻllardan Hisor tizma togʻlari orasidagi daraga tushib kelib, shu yerda ancha nafas rostlagan koʻrinadi. Hozirgi Dashnobod daryosi boʻyidagi Bogʻi Samarqand va Shohqishloqlari Bobur Mirzodan qolgan yodgorlik maskanlari hisoblanadi. Ehtimol, “Boburnoma”ning yoʻqolgan sahifalarida ana shu qishloqlar tarixi haqida xotiralar borligi haqiqatdan yiroq narsa emas. Bu joylarda ham jon saqlash qiyin kechgan paytlarda Bobur Mirzo Bobotogʻdagi Govurgon qalʼasiga kelib, birmuncha jon saqlagani ham aniqqa oʻxshaydi. Chagam qishlogʻi oqsoqollaridan birining “Men oʻsha joyni Govurgondan koʻra, Boburkon boʻlganiga koʻproq ishonaman”, degan gapi ham behuda emas. Chunki Govurgon chindan ham Eftalitlar davrida bemorlarni tashlab ketadigan ovloq joy boʻlgan boʻlishi mumkin, ammo asrlar oʻtib, Bobur Mirzo qadami yetgach, u Boburkonga, yaʼni sherlar makoniga aylangan boʻlishi ham ehtimoldan xoli emas. Tarixiy maʼlumotlar ham bu fikrimizni tasdiqlaydi: zero, Bobur Mirzo aynan Amudaryoning shimoliy qirgʻoqlarida kuch-quvvat toʻplab, Xurosonga oʻtgan va Qobulni qoʻlga kiritgan edi.

    Yoshligimda eshitgan ikki afsona yodimda qolgan.

    Bir kuni bir necha sodiq navkarlari Bobur Mirzoni qidirib Hisor qalʼasi yaqiniga kelishibdi. Maʼlumki, Hisor qalʼasi Amir Temur va Temuriylar zamonida juda mustahkam istehkom boʻlgan. Ammo navkarlar qalʼaga boraylik, deyishsa, u yerni allaqachon gʻanimlar egallab olishgan ekan. Shu bois, ortlariga qaytib, bir necha hafta Hisor darasida jon saqlashibdi. Va bir kuni savdo karvoni oʻtayotganda, karvonboshidan Bobur Mirzo daragini soʻrab-surishtirishib, xabar haqini ham oltin bahosida toʻlashgan ekan, karvonboshi: “Eshitishimcha, Bobur Mirzo Govurgonni Boburkonga aylantirgan emish!” debdi. Navkarlar kun boʻyi yoʻl yurib, togʻu tosh, tik qiyalardan oʻtib, Govurgonga borishsa, chindan ham Bobur Mirzo atrofiga sher navkarlarni yigʻib, harbiy mashqlar oʻtkazish bilan mashgʻul boʻlib turgan ekan.

    Shu yerda yashovchi Siyovush Abudarasulov:

    “Bu yerda Gʻishttepa degan qarorgoh xarobalari mavjud. Uni hali biror bir arxeolog oʻrgangan emas. Amir Temur va Temuriylar boshqaruvi davridagi noyob osori-atiqalar koʻp. Ayrimlar bu yerni oʻzlaricha kovlab, noyob osori-atiqalarni qoʻlga kiritib, tirikchilik uchun foydalanib yurishibdi. Gʻishttepani davlat muhofazasiga olish kerak”, deya fikrini oʻrtaga tashladi.

    Oltinsoylik oʻqituvchi: Dilbar opa Omonova, “Govurgonning Gʻishttepasidan olib kelingan oʻta pishiq gʻishtlarni chagam va zarkamarlik kishilar pechka qurishda ishlatishgan ekan. Koʻrinib turibdiki, Gʻishttepa muhofazaga muhtoj. Bu qadim manzil Oʻzbekiston Yoshlar Ittifoqi hamkorligida yosh arxeologlar tomonidan oʻrganilsa, juda noyob manbalar qoʻlga kiritiladi”, dedi.

    Chindan ham, Govurgon haqidagi yuqoridagi fikrlarda jon bor. Oʻylaymizki, yetakchi arxeologlarimiz Bobur Mirzo qadami bilan bogʻliq bu qadim manzilga ham eʼtibor qaratadilar va albatta, Govurgonning asl haqiqati haqida oʻzlarining qimmatli fikrlarini havola etishadi. Kezi kelganda aytish kerakki, Bobur Mirzoni anglash – bugungi avlod uchun zaruriy holat va shu bois ham, faqat bayram sanalarida emas, ulugʻ ajdodlarimizning dunyosini har kuni, har daqiqa oʻrganishimiz, tahlil etishimiz va ulardan olingan saboqlar asosida Vatan shaʼnini, el qadrini oshirish yoʻlida foydalanmoq asosiy vazifalarimizdan biri boʻlishi kerak, deb hisoblaymiz. Chunonchi BOBURNI ANGLASH haqida boʻladiganini aytganda, bu zotni angladikmikin?

    Oʻlsam, yasamang munda mozorimni mening,

    Yuklab eliting jismi nizorimni mening,

    Oʻtru chiqarib xalqi diyorimni mening,

    Kuyida qoʻying tani figorimni mening!

    BOBURNI ANGLASH.

    540-yil. Kichkina davr emas. Necha davlatlar, necha saltanatlar kunpayakun boʻldi va baʼzilaridan quruq nomlaridan boshqa biror nishon ham qolmadi. Ammo Bobur Mirzo yashamoqda, u zot – tirik, biz bilan birga! Bundan angladikki, qayerda boʻlmang, elu yurtni unutmay mehnat qilsangiz, minnatdor avlod, xalq ham Sizni sira unutmaydi!

    Zero Yusuf Xos Hojib necha asrlar oldin aytgan:

    Hukmdor boshida xalqning haqqi bor,

    Ham xalq uzra haqli erur hukmdor!

    BOBURNI ANGLASH.

    Shu damda men ham Andijon uzumlari taʼmini, Toshkent nonlarining hidlarini sogʻinib turibman! Ilohim, hech kimni asl Vatandan, bori eldan ayro qilmasin!

    Bori elga yaxshiliq qilgʻilki, mundin yaxshi yoʻq,

    Kim degaylar dahr aro qoldi falondin yaxshiliq.

    Toʻlqin Hayit,

    Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi,

    Temuriylar tarixi davlat muzeyining katta ilmiy xodimi