Alisher Navoiy davlat amaldorlarini fuqarolar muammolarini hal qilish borasidagi faoliyati nuqtayi nazaridan “ahli maʼno” va “ahli surʼat” toifasiga boʻlgani haqida maʼlumotlar bor.
“Ahli maʼno” toifasidagi amaldorlar oddiy insonlar muammolarini davlat manfaatlaridan kelib chiqqan talab va imkonlarni uygʻunlashtirgan holda hal etgan. Ular vaziyatni chuqur tahlil qilish asnosida qarorlar qabul qilish, ijtimoiy muammolarning kelib chiqish sabablarini oʻrganib, oldini olish boʻyicha aniq choralar koʻrish qobiliyatiga ega boʻlgan. Bu toifadagi amaldorlar fuqarolarga eʼtibor koʻrsatib, odob va hurmat bilan suhbatlashadigan davlat vakili sifatida boshqalardan ajralib turgan.
“Ahli surʼat”dagi amaldorlar esa badfeʼlliligi, madaniyatsizligi, bilimsizligi, fuqarolar bilan qoʻpol muomalasi va ularni zulmkorlik ruhida mensimasligi, eng yomoni, taʼmagirligi bilan farqlangan.
Bu misolni nima uchun keltiryapmiz. Maqsadimiz – Yangi Oʻzbekiston sharoitidagi rivojlanish bosqichida amaldorlar va oddiy fuqarolar munosabatida nimalar oʻzgargani, qanday yangilik, yangi uslub hamda tadbirlar joriy etilganini tahlil va taqqos yordamida bilish.
2017-2022-yillarda fuqarolar va amaldorlar faoliyatida erkinlik oʻrnatilib, majburiy mehnat va bolalar mehnati batamom tugatildi, barcha mehnat munosabatlarini huquqiy asosda olib borish, oshkoralik va talabchanlik tamoyillari joriy etildi. Shu tariqa fuqarolar va amaldorlar oʻrtasida yangi ijtimoiy-iqtisodiy muhit paydo boʻldi. Bu muhitda faoliyat koʻrsatish uchun, avvalambor, professional ishchi kasb va mutaxassislik hal qiluvchi omil sifatida boʻy koʻrsatdi. Mehnat jarayoni ishtirokchilarining yangi tafakkur, yangi dunyoqarashi asosida davlat va jamiyat oldidagi javobgarlik masʼuliyati osha boshladi. Bu ijobiy tendensiyalarni tashkiliy hamda huquqiy jihatdan mustahkamlash borasida ish beruvchilar va yollanma ishchilar hamkorligini yanada takomillashtirish maqsadiga qaratilgan ikkita muhim hujjat – 2020-yili “Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi qonun va 2022-yili Mehnat kodeksi yangi tahrirda qabul qilindi. Ijtimoiy-huquqiy jihatdan muhim bu ikki hujjat mehnat munosabatlaridagi eng taʼsirchan yutuqlarimizdan biri boʻldi.
Navbatdagi muhim islohotlarimizdan biri tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, xotin-qizlar mehnati muhofazasini kuchaytirish, yoshlarni oʻqitish va ishga jalb qilish, shu orqali ishsizlik hamda kambagʻallik darajasini kamaytirishga qaratilgan davlat dasturlari hayotga keng tatbiq etilganida boʻldi.
Endi savol tugʻiladi: bu kabi muhim islohotlar va belgilangan chora-tadbirlarni samarali ijro etishda, ajratilgan mablagʻlarni maqsadli va toʻlaqonli sarflashda rahbarlik lavozimida oʻtirgan amaldorlarimiz hech ogʻishmayaptimi, toʻgʻri yoʻldami? Umuman, bugungi zamon rahbari qanday boʻlishi kerak?
Quyida shu haqda mulohaza yuritish asnosida Yangi Oʻzbekiston sharoitida zamonaviy rahbarlarga qoʻyiladigan talablar haqida gaplashamiz.
Xullas, bugungi kun rahbari, avvalo, shaxsiy salohiyatini toʻgʻri baholay olib, oldiga qoʻyilgan vazifalarni bajarishda qator mezonlar va talablarga qatʼiy amal qilishi zarur. Bular nimalardan iborat?
Birinchi talab: rahbar avvalambor, shaxs sifatida oʻzini anglashi va rahbarlik jarayoniga muntazam hozirlik koʻrishi kerak. Bunda har bir rahbar professional bilimi va amaliy tajribasi, hayotiy salohiyatini mujassamlashtira olishi hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Ikkinchi talab: oʻz hayotiy holati, bilim va tajriba imkoniyatlarini obyektiv tarzda anglab yetish. Har bir rahbar shaxs sifatida oʻziga maʼlum xususiyatlarini, nimaga qodir ekanidan kelib chiqqan holda, hayotiy va professional orzu-maqsadlari bilan uygʻunlashtirsagina, istiqbolini aniq belgilay oladi.
Agar yosh yigit yoki qiz maktabda oʻqib yurgan davrida oʻzining kuchli va ojiz tomonlarini aniq belgilab olgan boʻlsa, shu holatidan kelib chiqib, boʻlajak mehnat faoliyatini rejalashtiradi va unga real hamda tanqidiy nuqtayi nazardan yondashib, omadga erishib borishi mumkin.
Uchinchi talab: hayotiy maqsadlarini aniq belgilab olish imkoni. Bu ongli ravishda oʻzida mujassam boʻlgan individual qadriyatlarni inobatga olib, hayotining maqsadli harakatlariga intilishini ifoda etadi. Ularga intilish jarayonida mohiyati va maʼnosidan, maʼlum va nomaʼlum ichki ehtiyoji, intilishlari hamda manfaatidan kelib chiqib shakllantirib boradi.
Toʻrtinchi talab: ishonchli qarorga kelish. Albatta, har bir rahbar ishonchli qarorga kelishdan oldin ustuvor va birinchi navbatda qilinadigan ishini hamda oʻz oldiga qoʻygan tashkiliy tadbirlarni aniq belgilab olishi zarur. Ishonchli qarorga kelishdan avval rahbar oʻz oldiga qoʻygan ustuvor vazifalarni mantiqan muhimligiga qarab qabul qilishi kerak. Bunda masalaning nafaqat muhimligi, ularni ijro etish muddati, oqibati, ayniqsa, oʻzaro bogʻliqligi, ogʻir yoki yengilligi ham hisobga olinishi shart.
Beshinchi talab: karyerasini aniq talab va muddatlarga muvofiq rejalashtirish. Har bir rahbar individual hayotiy va professional mahorati oʻsish maqsadlariga erishish uchun aniq “karyera oʻsishi”ni rejalashtirib olishi zarur. Bunda aniq maqsadlar va ular bilan bogʻliq masalalar, jumladan, muddatlari ham belgilab olinishi maqsadga muvofiq.
Oltinchi talab: shaxsiy va oʻzaro tashkiliy talabchanlikni mustahkamlab borish. Bu talabning mohiyati boshqaruv bilan band boʻlgan rahbar jamoada belgilangan tartib-intizom sharoitida yashash va ishlay olishga sabr bilan harakat qilishida namoyon boʻladi.
Yettinchi talab: rahbarlik qilayotgan shaxs mehnatga haq toʻlashning adolatli va munosib tizimini yoʻlga qoʻyishi kerak. Rahbar jamoaviy mehnatni mukammal tashkillashtirishda (mehnat miqdori va sifat darajasini taqsimlashda, lavozim vazifalarini aniq belgilab, tasdiqlash va muntazam baholab borish jarayonida) adolat mezonlariga qatʼiy amal qilishi, xodimlar mehnatini munosib ragʻbatlantira olish qobiliyatiga ega boʻlishi zarur. Aks holda, jamoada tarqoqlik va oʻziboʻlarchilik kayfiyati hukm sura boshlaydi.
Sakkizinchi talab: har bir daqiqani qadrlash, oʻzining va xodimlarning vaqtini samarali, aniq maqsadli sarf qilish, sarflangan vaqt xarajatlarini muntazam ravishda tahlil qilib borish. Vaqtni nazorat qilish. Mehnat faoliyatini boshqarayotgan rahbarni ish hajmi emas, balki vaqt chegaralab boradi. Rahbar vaqt juda koʻp orzu va imkonlarni chegaralab borayotganini teran his qila olishi, shu bois, vaqtni tejashi, undan imkon qadar samarali foydalanishi kerak.
Barcha tashkilot va idoralarda xodimlarning vaqt byudjetini rejalashtirayotganda qator qoidalarga eʼtibor qaratish zarur. Bular sirasiga topshiriqni bajarish uchun rejalashtirilgan vaqtning qanchalik samarali sarflanishiga, xodim mehnat faoliyati natijasini tahlil etishda va baholashda, avvalambor, uning vaqt xarajatlariga eʼtibor qaratish kerak boʻladi. Shuningdek, ish vaqtida besamar majlislar oʻtkazish, shaxsiy mehmonlar tashrifi yoki ish vaqtida xalaqit beradigan odamlar bilan chalgʻimaslik, tezkor topshiriqlarni kechiktirmasdan, belgilangan muddatda, muhim ishlarni ertaga yoki ishdan keyinga qoldirmay, zudlik bilan bajarish maqsadga muvofiq.
Toʻqqizinchi talab: rahbar fikri va eʼtiborini yechimini kutayotgan asosiy muammoga qaratish. Yuqori malakali, tajribali rahbar mavjud muammolarning farqiga borishi va oʻsha zahoti tezkor, samarali natija beruvchi yechimlarni topishi kerak.
Oʻninchi talab: barcha ishlarini bafurja, bir boshdan ijro etish qobiliyatiga ega boʻlishi shart. Mabodo biror ish oldindan rejalashtirib qoʻyilgan boʻlsa, uni tugatmasdan turib boshqasiga oʻtish yoki tezkor boʻlaman, deb topshiriqni sifatsiz bajarish rahmat oʻrniga adolatli jazo olishga sabab boʻladi. Shu bois, topshiriqlarni shoshmasdan, sifatli bajargan maʼqul.
Oʻn birinchi talab: vazifani bajarishda eng kichik, arzimas detallargacha eʼtibor qaratishi kerak. Ayrim rahbarlar oʻz oldiga qoʻyilgan vazifani bajarishda elementar jihatlarga eʼtiborsiz qaraydi. Afsuski, bunday holat baribir fosh boʻladi, oxir-oqibat ish sifatsiz bajarilgani koʻrinib qoladi.
Oʻn ikkinchi talab: rahbar oʻz ishiga psixologik jihatdan doim tayyor boʻlishi kerak. Rahbar nafaqat faoliyati davomida rejalashtirilgan, balki rejadan tashqari belgilangan ishga ham psixologik jihatdan tayyor turishi shart. Shunda u chinakam malakali mutaxassis sifatida obroʻ-eʼtibor va hurmat qozonadi.
Oʻn uchinchi talab: hayotiy faoliyatini ham muntazam nazorat qilib borishi zarur. Bundan maqsad rahbar oʻzining boshqaruv jarayonidagi natijadorligini muntazam tahlil qilib borishi bilan bogʻliq. Qolaversa, jamoada mehnat qilayotgan xodim faoliyatini toʻgʻri va toʻlaqonli tashkil etish hamda uning natijadorligini nazorat qilish va baholay olish qobiliyatiga ega boʻlishdir.
Oʻn toʻrtinchi talab: oʻz-oʻzini nazorat qila bilish darajasi. Rahbarning bu sifat xususiyati keng axborot manbalariga ega boʻlishi, ularni muntazam yangilab borishi, malakali tahlil va xulosalar chiqara olishiga imkon yaratadi. Shundagina ijro intizomini nazorat qilish funksiyasini toʻlaqonli ishlata oladi.
Oʻn beshinchi talab: boshqarish jarayoni natijadorligiga erishishni nazorat qilib borish. Boshqarish tizimi natijadorligi jamoaning mehnat faoliyati samarasi hisoblanadi. Boshqaruv tizimida ijroga kirishishda rahbar jamoa oldiga qoʻyilgan maqsadlarni, ularning miqdori va muddatlari chegarasida sifatli va toʻlaqonli ijro etilganini taqqoslab, xulosa qilishga imkon beradigan omildir.
Oʻn oltinchi talab: ish kuni mobaynidagi nazorat. Rahbarning bu sifati ish vaqti davomida ijro etilgan barcha ishlarni alohida muolajalar bilan (masalan, kunlik hisobotlar yoki audioyozuvlar, bayonnomalar, monitoring raqamlari yordamida) aks ettirish orqali toʻlaqonli nazorat olib borish imkonini beradi.
Oʻn yettinchi talab: jamoada shaxsiy obroʻ-eʼtibor va imijini saqlash. Rahbar jamoa oldida professional faoliyatini koʻrsata olishi, zimmasidagi vazifalarni sifatli va toʻlaqonli tashkil etib, rahbarlik ijrosini yuqori mahorat bilan bajarishi uning jamoa oldida shaxs va mutaxassis sifatidagi obroʻsini koʻtaradi. Bu rahbarning imiji hamda salohiyatini oshirish bilan birga, uni yanada mustahkamlash imkonini beradi.
Oʻn sakkizinchi talab: shaxsiy intizom talablariga rioya qilish. Rahbarning talabchanligi, jamoaga bergan vaʼdalari ustidan chiqishi yuksak professional mahoratini isbotlovchi oliy xususiyatlardan. Uning bu sifati masʼuliyat hissi, oʻzini oʻzi hurmat qilish, vijdon va eʼtiqodini saqlab qolganidan dalolat beradi.
Shu oʻrinda ulugʻ allomalarning ayrim hayotiy tavsiyalarini eslab oʻtish oʻrinlidir. Jumladan, ular yangi ishga qoʻl urishdan oldin eskisini toʻliq oxiriga yetkazishni, bunda masʼuliyat tuygʻusini susaytirmasdan ishga kirishishni, biror vazifani ijro etishda shaxsiy manfaatni aralashtirmaslikni tavsiya qiladi.
Oʻn toʻqqizinchi talab: rejalashtirilgan ishlarni tezkor ijro etish texnikasini doim yodda tutish. Bu talab mohiyati boʻyicha rahbar ishni tashkil etishda hozirgi zamon axborot texnologiyalarini qoʻllagan holda muayyan qoida va tartiblardan foydalanishi taqozo etiladi.
Bunda, aytaylik, xizmat xonasi va ish stolini sarishta saqlash, amaldagi hujjatlar aylanishini yagona tartibga solish, kunlik ish rejani aniq belgilab olish kabi jihatlar muhim oʻrin tutadi.
Shuningdek, bu borada rahbar amal qilishi joiz boʻlgan qator talablar mavjud. Jumladan, telefonda gaplashishning ham oʻz odobi va qoidalari borligini unutmaslik kerak. Masalan, davlat idoralari xonalarida, majlis va yigʻilish vaqtida telefondan foydalanishning qatʼiy reglamenti oʻrnatilishi kerak. Ish vaqtida telefon orqali faqat xizmat mavzusida gaplashish qoidasi belgilanishi mumkin.
Xodim va hamkorlarni tinglay bilish etikasi ham gʻoyat muhimdir. Bu talab davlat idoralari va ishbilarmonlik sohasida eng muhim fazilatlardan biri. Har bir topshiriq yoki tashkiliy tadbirni diqqat bilan tinglab, mohiyat va maqsad aniq anglab olinsa, ijro 80 foiz holatda belgilangan muddatda yakunlanishiga zamin hisoblanadi.
Rahbar jamoada mehnat unumdorligini oshirish yoʻllarini bilishi zarur. Chunki faoliyat unumdorligini oshirish, asosan, rahbar zimmasidagi vazifa sanaladi.
Hozirgi zamon talabi keng ommani islohotlar mazmun-mohiyati, shu jumladan, boshqaruv tizimidagi yangiliklardan xabardor qilib borishdir. Bu borada ommaviy axborot vositalari bilan faol hamkorlikni yoʻlga qoʻyish yaxshi samara beradi.
Kommunikativ rahbar – har bir xodim yoki jamoa bilan til topishib, erkin muloqotga kirishib ketadigan odam. Ushbu xususiyatlarga ega rahbar xohlagan suhbatdoshini fikriga ishontira oladigan qobiliyatga ega boʻlib, ishbilarmonlar bilan muzokarolar olib bora oladigan inson hisoblanadi.
Yangi rahbardan mutaxassisligi boʻyicha chuqur bilim, boy psixologik tajriba, soha va jamoaning holati, tashkilot yoki sohaning yaqin va uzoq istiqboli, boshqaruv tizimini takomillashtirish haqida bilish talab qilinadi.
Jamoada koʻp yillar shakllanib, amal qilayotgan anʼanalar, odat tusiga kirgan munosabatlarga oʻrganish, uzoq yillardan buyon ishlab kelayotgan faxriylar bilan uchrashuv va muloqotlar oʻtkazish maqsadga muvofiq. Shuningdek, yangi rahbar jamoa bilan oldinda turgan muammolar hamda ularni bartaraf etish choralarini muhokama qilib, maslahatlashib olishi zarur.
Yigirmanchi talab: sogʻliqni saqlash zarurati. Bu boshqaruv tizimida nihoyatda muhim oʻrin egallaydi. Chunki sogʻlom rahbar va sogʻlom kadrlar islohotlar samaradorligini taʼminlovchi asosiy kuchdir.
Inson tanasidagi mushaklar organizmning 44 foizini tashkil etadi. Mushaklarning oʻta passiv faoliyati organizm funksiyalarini, birinchi navbatda, yurak-qon tomir tizimini ishdan chiqaradi. Bugungi sharoitda barcha boshqaruv boʻgʻinlaridagi rahbarlarning asosiy dushmani gipodinamiya hisoblanadi. Bu kamharakatlik, piyoda yurmaslik, oʻz vaqtida va tartib bilan ovqatlanmaslik, zararli odatlarga ruju qoʻyish oqibatida kelib chiqadi. Buning ustiga, rahbar koʻp asabiylashib yurishi ham ogʻir oqibatlarga olib kelishi mumkin. Bunday sharoitda rahbar, hech boʻlmasa, xizmat xonasida yoki sportzalda jismoniy mashqlar bilan shugʻullanib turishi, piyoda yurishi, yugurishi organizmning vegetativ funksiyalarini tiklaydi va immun holatini mustahkamlaydi.
Oʻz vaqtida toʻgʻri ovqatlanish va meʼyorida uxlash ham salomatlik uchun gʻoyat muhim ekanini unutmaslik kerak. Ayrim rahbarlarimiz bu qoidalarga amal qilmaydi. Bu bilan nafaqat oʻziga, balki jamoadagi ishchanlik muhitiga ham salbiy taʼsir koʻrsatadi.
Asab tizimini chiniqtirib borish kishining oʻz organizmini ogʻir va doimiy asab bosimidan xotirjam saqlay olish, ish jarayonida boʻladigan asabbuzarlik holatlarini sabr-toqat bilan qabul qilishga zamin hozirlaydi.
Vaqti-vaqti bilan asablarga dam berib turish kerak. Buning uchun jamoaviy sport tadbirlari, sayohatlar uyushtirish yaxshi samara beradi. Yaʼni rahbar jamoada samarali ish jarayoni hamda maqsadli dam olishni muntazam ravishda muvofiqlashtirib borishi foydadan xoli boʻlmaydi.
Rahbar oddiy xodimdan nimasi bilan farq qiladi? Agar oddiy xodim diqqat-eʼtiborini faqat oʻziga yuklangan vazifani ijro etishga qaratsa, rahbar nafaqat jamoa taqdiriga, balki har bir xodim ish faoliyati, sogʻligʻi va ish vaqtidagi xavfsizligi, mehnat sharoitiga, qolaversa, jamoaning moliyaviy holatiga, ish haqi miqdoriga javobgarligi bilan ajralib turadi. Shunday ekan, oddiy ishchi belgilangan ish vaqti tugaganidan keyin uyiga borib dam olayotgan bir paytda rahbar jamoaning ertangi kuni va istiqboldagi muhim faoliyatini oʻylaydi. Shu bois, rahbarning mehnat faoliyatini absolyut bir norma bilan chegaralab boʻlmasligi taʼkidlanadi.
Lekin bu rahbarning mehnat faoliyatini aniq reglamentga tushirib boʻlmaydi, degani emas. Chunki faqatgina malakali rahbar jamoadagi yuzlab, minglab xodimlar ish samaradorligiga bevosita ijobiy taʼsir qila oladi.
* * *
Bugungi kunda Yangi Oʻzbekiston sharoitida barcha soha va boshqaruv tizimida ish mohiyatini anglab, chuqur fikrlaydigan yangi avlod vakillari yetilib chiqmoqda. Ular mahallalarga borib, xalq bilan ochiq muloqot qilmoqda, tashabbus koʻrsatmoqda.
Hozirgi davr rahbarlarining aksariyati endi yuqori idoralardan koʻrsatma kutib oʻtirmasdan, mustaqil va dadil ish olib borishga kirishmoqda. Shuning uchun boshqaruv tizimidagi yuqorida keltirib oʻtilgan asosiy talablarni maksimal darajada ijro etish har bir rahbarning jamiyat oldidagi, davlat oldidagi yuksak va sharafli burchi hamda xalqimiz farovonligini yanadan oshirish borasidagi maʼsuliyati hisoblanadi.
Bu esa Prezidentimizning “Mening asosiy talabim – odamlarni tushunish, ularning quvonchu tashvishlari bilan yashash, yon-atrofdagi vaziyatga oddiy xalqning koʻzi bilan qarash va baho berish, el-ulusdan ajralib qolmaslik kerak”, degan talabiga juda mos keladi.
Bahodir UMURZOQOV,
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri maslahatchisi,
iqtisodiyot fanlari doktori, professor.