Chigirtkalar borasida saromimaga oʻrin yoʻq, vaziyat nazorat ostida — Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi

    Bugun ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro viloyatining koʻplab hududlarini chigirtka bosayotgani haqidagi xabarlar tarqaldi.

    Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligining maʼlum qilishicha, hozirda mutaxassislar tomonidan hududda, zararli hasharotlarga qarshi tegishli choralar amalga oshirilmoqda.

    Bildirilishicha, eng xavfli boʻlgan katta va kichik saksovul bukur chigirtkasiga qarshi joriy yil aprel oyining uchinchi dekadasida kurash ishlari boshlangan. Xususan, Buxoro, Navoiy, Xorazm (Tuproqqalʼa) viloyatlarida tizimli ish tashkil etilgan. Qoraqalpogʻiston Respublikasining shimolida ob-havoning salqin keli sababli chigirtkalarga qarshi kimyoviy ishlovlar iyun oyidan boshlangan.

    Bir necha kun avval Qozogʻiston Respublikasi hududida misli koʻrilmagan darajada zararli chigirtka tarqalgani haqida xabarlar eʼlon qilindi. Vaziyat Oʻzbekiston hududida favqulotda holat tusini olmasligi uchun qoʻshni davlat bilan transchegaraviy hududlarda, xususan, Navoiy, Toshkent viloyatlari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasida nazorat kuchaytirildi. Qayd etilishicha, Qozogʻiston Respublikasida zararli chigirtkaga qarshi kurash xizmatlari mavjud emasligi vaziyatni murakkablashtirgan. Qoʻshni mamlakatda bu kabi tadbirlar tender tanlovlarida gʻolib boʻlgan xususiy tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi. Buning natijasida eng qimmatli resurs - vaqt boy berilib, chigirtkalarni chegaradosh hududlardan uchib oʻtishiga olib kelmoqda.

    Maʼlumot uchun, chigirtkalar havo harorati koʻtarilgani sari oʻrtacha hisobda 5-6 kunda 1 yoshni oʻtaydi, yaʼni eng xavfli hisoblangan fazaga – qanot chiqarish davriga yetib keladi. Bunda hasharotlar kuniga 50-60 kilometrgacha masofani bosib oʻtishi mumkin. Chigirtkalar xavfini bartaraf etish maqsadida BMTning FAO dasturi doirasida qoʻshni davlatlarda tizimli ish tashkil qilish taklifi ilgari surilgan edi. Shuningdek, zararli chigirtkalar tarqalishi xavfi yuqori boʻlgan Turkmaniston Respublikasi bilan transchegaraviy hududlar Buxoro va Xorazm viloyatlarida ham nazorat kuchaytirildi. Monitoring jarayonida Buxoro viloyatining Romitan, Qorakoʻl, Olot, Jondor tumanlarida chigirtka tarqalganligi aniqlanib, oʻsha kunning oʻzida kimyoviy ishlov olib borildi. Bugungi kunga qadar Buxoro viloyatida 12321 gektar maydonda kurash tadbirlari oʻtkazilgan. Shuningdek, qoʻshni Xorazm viloyatida oʻchoqlarni oldini olish maqsadida 3272 gektarda kimyoviy ishlov oʻtkazildi.

    Zararli chigirtkaga qarshi kurash mavsumini betalofat oʻtkazish uchun moddiy-texnik baza yaratilgan boʻlib, yoqilgʻi, kimyoviy vositalar zahirasi jamgʻarilgan. Jumladan, 144 ta OVX va VP-1 traktor purkagichi, 309 ta motorli osma qoʻl purkagichi, 28 ta yuqori unumli purkagichli avtomashinalar – jami 500 dan ortiq texnika jalb etilgan. Maʼlumot uchun, 2024-yilda respublikada zararli chigirtkalarning 574,8 ming gektar maydonda kurash tadbirlari olib borilishi bashorat qilingan. Bugungi kunga qadar respublika boʻyicha 375,4 mingdan ortiq gektar maydonda kimyoviy ishlov oʻtkazilgan. Kuzgi va bahorgi kuzatuvlar natijasida hasharot tuxum qoʻygan areallar ham koʻzdan kechirilib, favqulotda vaziyat yuzaga kelishini oldini olish maqsadida kurash choralari davom etmoqda.