Chiroy ochayotgan obod manzillar

    mahallaning ko‘rki, aholining iftixoriga aylanmoqda.

    Bugun har qadamda yurtimizdagi yangilanish, obodlik va taraqqiyotga guvoh bo‘lyapmiz. Xalqimizning sifatli ta’lim olishi, mehnat qilishi, mazmunli hayot kechirishi yo‘lida qilinayotgan barcha sa’y-harakatlar faqat bitta maqsadga — odamlarning roziligiga erishishga qaratilgan. Yoshlar bandligini ta’minlash, yashil hududlar va aholi uchun dam olish maskanlari barpo etish, zamonaviy va sifatli uy-joy bilan ta’minlash borasidagi ishlar e’tirofga muhtoj emas. Barpo etilayotgan yangi markazlar, chiroy ochayotgan mahallalar, qulaylik va sharoitlar odamlarning bugungi kunidan ko‘ngli to‘q, farovon va osoyishta umr kechirishiga xizmat qilayotir.

    Shayxontohur tumani — poytaxtimizning tarixiy hududi. Shayx Zayniddin bobo, Nuriddin bobo, Xo‘ja Alambardor, Shayx Xovandi Tohur, Suzuk ota kabi tabarruk qadamjolar tumanning o‘tmishi olislarga borib taqalishidan dalolat beradi. Bugun ana shu qadimiy maskan yangicha tarovat kasb etib, chiroy ochmoqda. Unda milliy va zamonaviy shaharsozlik an’analari muvaffaqiyatli uyg‘unlashayotgani, barpo etilayotgan yangi manzillar aholi turmush tarziga, ertangi kun bilan bog‘liq orzulariga yangicha mazmun berayotgani Prezidentimizning yaqinda Shayxontohur tumaniga tashrifi davomida yana bir bor yaqqol ko‘zga tashlandi.

    Davlatimiz rahbari dastlab Shayxontohur tumanining eng qadimiy go‘shasi — Samarqand darvozada qad rostlagan yangi kasbga yo‘naltirish markazi va zamonaviy sport majmuasida bo‘ldi. Xususiy ta’lim muassasasi va Jangoh mahallasini ko‘zdan kechirdi.

    Ayni paytda tumanda 51 ta mahalla mavjud. Hudud aholisi 360 ming kishidan ko‘proq. Ulardan muayyan qismining doimiy daromadli ishga ehtiyoji bor. Aholini ish bilan ta’minlash uchun imkoniyat ham yo‘q emas. Chunki tumanda salohiyatli tadbirkorlar soni 100 dan ziyod. Bugun faoliyatini kengaytirish uchun ularga qator imtiyozlar berilmoqda. Shunday ekan, ishbilarmonlarning ishchi kuchiga ehtiyoji ortishi tabiiy. Ana shu omillarga ko‘ra, shartnoma asosida tadbirkorlarga mahallalardagi ishsizlar biriktirilmoqda. Tadbirkorlar aholini kasbga o‘qitib, ish bilan ta’minlaydi.

    Zamonaviy, yangicha fikrlaydigan xodim har qanday tadbirkor uchun ayni muddao. Buning uchun kasbga yo‘naltirish markaziga eng yaxshi mutaxassislar jalb etiladi. Bu yerda nafaqat o‘z sohasining ekspertlari, balki real amaliyotchilar va MFaktor loyihasining mashhur spikerlari interaktiv studiyalarda mahorat darslari o‘tadi. O‘tilgan mavzu bilan amaliyot baravar olib boriladi. Tadbirkorlar ehtiyojiga qarab yoshlarni muayyan kasbga yo‘naltiradi. Ularning ish bilan ta’minlanishi ham kafolatlanadi. Shu tarzda ishchi, ish beruvchi, jamiyat va davlat manfaatlari bir nuqtada kesishadi.

    — Bir tarafdan ish beruvchilar, ikkinchi tarafdan ish o‘rganaman deydigan yoshlar bilan ishlaymiz. Ish beruvchilarning ehtiyojiga ko‘ra, yigitqizlarga zarur bilimlarni o‘rgatamiz. Mashg‘ulotlarga eng yaxshi mutaxassislarni jalb etamiz. Loyihamiz “Manfaatlar chorrahasi” deb nomlanadi. Bu ish beruvchining yaxshi xodimga ehtiyojini ta’minlaydi. Spikerlar, ya’ni o‘qituvchilar dars berishi va gonorar olishi mumkin. Tadbirkorlar uchun esa kompaniyalariga eng yaxshi kadrlarni jalb etish imkoniyati tug‘iladi, — deydi tadbirkor Husan Mamasaidov. — Markazimiz “Temir daftar”ga kiritilgan yoki yaxshi kasb qidirib, hayotda o‘rnini topishga intilayotgan ishsiz yoshlarning daromadli, talabgir hamda zamonaviy kasb egasi bo‘lishiga, ish bilan ta’minlanishiga ko‘mak beradi. Bundan tashqari, tadbirkorlar orasida so‘rovnoma o‘tkazganimizda bugungi biznesda eng kerakli kasb sotuvchilik ekani ayon bo‘ldi. Savdo — biznesning yuragi, desak ham bo‘ladi. Agar sotuv yaxshi yo‘lga qo‘yilsa, biznes rivojlanadi. Yaxshi infratuzilma vujudga keladi. Shu sababli, malakali sotuvchilar tayyorlashga katta e’tibor qaratyapmiz. Shu asnoda markazda tahsil olgan yigit-qizlarning hayot yo‘lini topishiga ko‘maklashamiz.

    Tadbirkorning aytishicha, yirik kompaniya egalari mashg‘ulotlarga jalb etilib, ularning mahorat darslari, yoshlar bilan uchrashuvi tashkil qilinadi. Kelgusida foydalanish uchun taniqli tadbirkorlarning ma’ruzalari yozib olinadi. Hozir har oyda 500 nafargacha yigit-qizni o‘qitish imkoni bor. Professional kuratorlar ham tayyorlanadi. Muhimi, o‘tilgan har bir mavzu amaliyot bilan baravar olib boriladi. Shuningdek, markazda ayollar bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratiladi.

    — Har bir ayolning tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish maqsadida zamonaviy kasblar xonasini tashkil etdik, — deydi tuman hokimi o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Ziyoda Tohirova. — Alohida biznes reja ishlab chiqadigan, innovasion yo‘nalishlarda ishlay oladigan tadbirkor ayollar nafaqat o‘zining, balki mahallasi, hududining hayotiga ham ijobiy yangiliklar olib kira oladi.

    Hokim o‘rinbosarining ta’kidlashicha, kasbga yo‘naltirish markazida xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘qitish, salomatligini mustahkamlash, ajralish yoqasidagi oilalar bilan ishlash hamda ularga psixologik va huquqiy yordam ko‘rsatish uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Jamiyatda ayol-qizlarning muammolarini individual tarzda psixologik treninglar orqali hal etish maqsadida psixolog maslahatxonalari tashkil etilgan. Shu bilan birga, xotin-qizlar salomatligini yaxshilash uchun suv sporti va gimnastika sog‘lomlashtirish xonalari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. “Ayollar daftari”, “Temir daftar”ga kiritilgan xotin-qizlar bilan individual ishlash, ularga psixologik yordam va motivasiya berish, ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish maqsad qilingan.

    Milliy liboslar yaratishda innovasiya, raqamli texnologiyalarni qo‘llash yo‘nalishida tahsil olishni istagan xotin-qizlar uchun ham zarur barcha shartsharoit bor. Ayol kasbu korli bo‘lsa, oila tinch, turmush farovon, farzandlar ta’lim-tarbiyasi risoladagidek bo‘lishi tasdig‘ini topgan.

    Yurt iqtisodiyoti barqarorligi, barcha sohalarda rivojlangan davlatlar bilan raqobatlasha olishi ham mehnat bozoridagi kadrlarning salohiyatiga bog‘liq. Bunday kadrlar esa, eng avvalo, maktabda shakllanadi. Yaxshi yo‘lga qo‘yilgan ta’lim tizimi sifatli kadrlarni tarbiyalaydi, sifatli kadrlar esa rivojlangan jamiyatni barpo etadi. Bu jarayonda nodavlat ta’lim muassasalarining o‘rni alohida ekani davlatimiz rahbari tashrif buyurgan maktab misolida ham ko‘zga tashlandi.

    — Poytaxtdagi ko‘plab ob’yektlar orasidan ta’lim dargohimizning tashrif rejasiga kiritilgani, albatta, biz uchun quvonarli va kutilmagan holat bo‘ldi, — deydi “International school lumos mind” nodavlat ta’lim muassasasi direktori Mavlon Tursunov. — Maktabimiz 1000 o‘ringa mo‘ljallangan. Ayni paytda 800 dan ziyod o‘quvchi ta’lim olmoqda. Xodimlarimiz 87 nafar, shulardan 69 nafari pedagog.

    Ingliz tili, sharq tillari va aniq fanlarni o‘rgatishga ixtisoslashgan maktabda o‘quv va kompyuter xonalari, STEM laboratoriyasi, kutubxona, oshxona, sport zali, basseyn o‘quvchilar ixtiyorida. Bundan tashqari, maktabda o‘quvchilar kamida ikkita xorijiy til va bitta hunar o‘rganadi. Jumladan, tikuvchilik, duradgorlik, kompyuter sirlarini mukammal egallashi uchun zarur sharoit yaratilgan. Ularning qiziqishlariga mos turli to‘garaklar ham tashkil etilgan.

    Prezidentimiz uchrashuv chog‘ida ushbu maktab tajribasi asosida kichik hududda ko‘p o‘quvchi o‘rnini yaratish, nodavlat maktablarda ta’lim sifatini nazorat qilish muhimligini ta’kidladi.

    Mahalla tarixdan yosh avlodga ezgulik beshigi, tarbiya o‘chog‘i, milliy udumlar, urf-odat va an’analar shakllangan maskan bo‘lib kelgan. Insonlarning o‘zaro mehr-oqibatli, muruvvatli, saxovatli bo‘lishida va o‘ziga xos jamoani shakllantirishda mahalla muhim ahamiyatga ega. Necha ming yillik tarixga ega bu tuzilmaning haqiqiy qiyofasi bugun Shayxontohur tumanining Jangoh mahallasida bo‘y ko‘rsatmoqda.

    Mahalla obod va ko‘rkam maskanga aylangan. Unda 6 ming 700 dan ziyod aholi yashaydi. Bir qancha maishiy xizmat va savdo do‘konlari orqali ham mahalla yoshlarining bandligi ta’minlangan. Fuqarolar yig‘ini binosi, ta’mirdan chiqqan ko‘p qavatli uylar, asfalt yotqizilgan ichki yo‘llar, yangidan tashkil etilgan bolalar o‘yingohi va zamonaviy avtoturargoh — bularning barchasi aholiga qulaylik yaratish, obod va farovon turmush kechirishi uchun xizmat qilayotir.

    Jangoh mahallasidagi turar joylar shu paytgacha 7 shirkatga biriktirilgan edi. Ammo bu shirkatlar hamma vaqt ham aholi muammosiga yechim bo‘lmagan. Bugun mana shu turar joylarning hammasi bitta “Yangi Jangoh” boshqaruv kompaniyasiga biriktirildi. U mahalladagi 52 ta ko‘p qavatli uyga xizmat ko‘rsatadi. Hisob-kitoblarda billing tizimi yo‘lga qo‘yilgani, “Mening uyim” mobil ilovasi ishga tushirilgani aholiga qulaylik yaratadi. Ayni paytda 22 turdagi xizmat ko‘rsatish imkoniyatini ham bermoqda.

    — Prezidentimizning biz bilan suhbatlashishini sira kutmagan edik. Samimiy muloqotdan juda ruhlandik, — deydi shu mahallada yashovchi Nilufar Aliboyeva. — Mahallamizdagi ko‘p qavatli uylarning fasad qismi, tomi, yerto‘lasi ta’mirlandi. Bolalar maydonchasi, sport maydonchasi, avtoturargohlar barpo etildi. Yo‘llarimiz hammasi asfalt qilindi. Bundan juda xursand bo‘ldik. Men Prezidentimiz bilan suhbatda shu haqida gapirdim va minnatdorlik bildirdim. Davlatimiz rahbari yaratilgan shu qulayliklarni, imkoniyatlarni asrab-avaylash kerakligini aytdi. Biz bu suhbatdan katta quvvat oldik. Shu yerda yashovchi fuqaro sifatida mahallamizni asrab-avaylash o‘z qo‘limizda ekanini angladik. Kelajakda mahalla ravnaqiga, albatta, hissamizni qo‘shamiz.

    “Jangoh” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Soipxon Akromovning aytishicha, mahallada 14 oila “Temir daftar”ga kiritilgan. Ularga bir martalik yordam puli, homiylar tomonidan qo‘shimcha ravishda muntazam oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib turiladi. “Ayollar daftari”ga kiritilgan 217 nafar xotin-qizga ham zarur ko‘mak ko‘rsatilmoqda. “Yoshlar daftari”dagi 6 nafar yigit-qizga to‘lov-shartnoma summasini to‘lashi, kompyuter jihozlarini xarid qilishi uchun moddiy yordam berildi.

    — Ilgari mahallamizda xavfsizlik darajasi past edi, — deydi mahalla faoli Saida Gʻafurova. — Ko‘p qavatli uylar orqasida chiroqlar yo‘q, biror zarurat bilan ko‘chaga chiqsangiz, qorong‘ilikdan qo‘rqardingiz. Hamma tomon garajlar bilan tartibsiz o‘ralgan edi. Bugun ular o‘rnida zamonaviy avtoturargoh qurildi. Yo‘laklar ochiq, bemalol sayr qilib yursak bo‘ladi. Hozir hech qanday xavotirsiz, hadiksiz yashaymiz. Ko‘chalar yorug‘, fayzli, uchastka noziri ham yonimizda. Ta’mirtalab, yomg‘ir yoqqanda ko‘lmak hosil bo‘ladigan, suv kechib o‘tish qiyin yo‘laklar asfalt qilingan. Ravon va tekis yo‘llarda bugun bolalarimiz maza qilib velosiped, moped, rolik uchib yuribdi. Biz bundan juda ham xursandmiz.

    Prezidentimiz ta’kidlaganidek, bu ishlar faqat Toshkentda emas, Qoraqalpog‘istonu Xorazmda ham, Qashqadaryoda, yurtimizning har bir go‘shasida qilinyapti. Bugun yurtimizdagi har bir inson ijobiy o‘zgarishlarni sezyapti. Mahallaga tatbiq etilayotgan yangi tizim va tamoyillar bugun yurt ravnaqi, turmush tarzi va hayot sifatida yuksalayotgani misolida o‘zini oqlamoqda. Maqsad ham shu — tinch va osoyishta hayotni qaror toptirish, aholi roziligiga erishish, yurt taraqqiyoti sari dadil odimlash.

    Risolat MADIYЕVA,

    “Yangi O‘zbekiston” muxbiri