Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston milliy markazidan maʼlum qilinishicha, anjumanda yangi Oʻzbekistonda yangi soʻz erkinligi muhiti shakllangani alohida taʼkidlandi. Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Milliy strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida tayyorlangan mazkur kitob ham shu ezgu muhitning moʻjaz samaralaridandir.
Taqdimotda Inson huquqlari boʻyicha milliy markaz direktori Akmal Saidov “Soʻz, fikr va axborot erkinligi: xalqaro-huquqiy asoslar” nomli kitob Vindxuk deklaratsiyasining 30 yilligiga moʻjaz tuhfa boʻlganini qayd etdi. “Inson huquqlari kutubxonasi” turkumi doirasida nashr etilgan ushbu toʻplamda qator xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida qabul qilingan 48 ta xalqaro-huquqiy hujjatning soʻz, fikr va axborot erkinligiga doir qoidalari jamlangan.
Kitobning birinchi bobida BMT, YUNESKO va Xalqaro Qizil xoch qoʻmitasining inson huquqlari boʻyicha xalqaro shartnomalaridagi soʻz, fikr va axborot erkinligiga doir normalardan namunalar keltirilgan. Uchta muhim xalqaro-huquqiy hujjat – Raqamli texnologiyalar davrida fikrni ifoda etish va saylovlar erkinligi toʻgʻrisidagi qoʻshma deklaratsiya, Xalqaro raddiya huquqi toʻgʻrisidagi konvensiya hamda Mustaqil va plyuralistik Afrika matbuotini qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida Vindxuk deklaratsiyasi toʻliq holda va ilk bor oʻzbek tilida chop etilgan.
Toʻplamning ikkinchi bobida YEXHT, Yevropa Kengashi, Amerika davlatlari tashkiloti, Afrika davlatlari tashkiloti va MDH mintaqaviy hujjatlarining soʻz, fikr va axborot erkinligi bilan bogʻliq normalari taqdim etilgan.
Uchinchi bobda nohukumat yoʻnalishdagi xalqaro anjumanlar va nodavlat tashkilotlar qabul qilgan soʻz, fikr va axborot erkinligiga taalluqli xalqaro-huquqiy hujjatlar jamlangan. Ayniqsa, Yoxannesburg prinsiplari, Sofiya deklaratsiyasi, Talluar deklaratsiyasi kabi xalqaro hujjatlar, bir tomondan, fikrni ifodalash va axborot erkinligi borasidagi muhim qoidalari bilan mashhur boʻlsa, ikkinchi tomondan, ushbu hujjatlarning matni birinchi marta oʻzbek kitobxoniga davlat tilida taqdim etilgani ahamiyatlidir.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, yozuvchi va jurnalist Xurshid Doʻstmuhammad qayd etganidek, huquq va odob – shaxsning oʻzidan boshlanadi.
“Maʼrifiy targʻibot koʻlami va miqyosini imkon qadar oshirish lozim. Binobarin, huquqiy savodsizlik holatlari toʻla barham topmagan, qolaversa, xalqaro-huquqiy hujjatlarning davlat tilidagi matnlarini topib oʻqish oson boʻlmagan hozirgi vaziyatda «Soʻz, fikr va axborot erkinligi: xalqaro-huquqiy asoslar” kabi kitoblarni oʻqishdan avvalo shaxs, demakki, butun jamiyat manfaat koʻradi», - dedi u.
Oʻzbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon Oʻsarovning fikricha, qariyb ellikta xalqaro-huquqiy hujjatning soʻz, fikr va axborot erkinligiga doir qoidalarini oʻzida jamlagan “Soʻz, fikr va axborot erkinligi: xalqaro-huquqiy asoslar” kitobi, shuningdek, 2 mingdan ortiq maxsus atamaning oʻzbek, ingliz va rus tillaridagi tarjimalari oʻz mujassamini topgan “Inson huquqlari boʻyicha atamalar lugʻati” hamda saylov huquqi borasidagi 500 dan ziyod tushuncha kiritilgan “Saylov huquqi atamalari lugʻati”ning nashrdan chiqarilgani va begʻaraz tarqatilayotgani Inson huquqlari boʻyicha Milliy markazning maʼrifatparvar ajdodlarimiz anʼanalariga sodiqligini yana bir bor tasdiqlaydi.








