Daromadli sohaning istiqboli nimalarga bogʻliq

    Tib ilmining sultoni Abu Ali ibn Sino qaydlarida asal inson tanasiga tetiklik bag'ishlash, ovqat hazm qilishni yaxshilash, ishtahani ochish, xotirani mustahkamlash, erta qarishning oldini olish xususiyatlariga ega ekanligi to'g'risida ma'lumotlar mavjud. Asalning oshqozon va o'n ikki barmoq ichak yarasi, gastrit, jigar xastaligi, buyrak, yurak, asab, ko'z kasalliklari, kamqonlikni davolashda asqotishi fanda yaxshi ma'lum. Ammo, hozirda biz asalarining faqat asalidan foydalanyamiz, xolos. Vaholanki, undan mum, asalari suti, asalari elimi, asalari zahri kabi noyob mahsulotlar olish mumkin.

    Ma'lumotlarga ko'ra Samarqandda asalarichilik bilan faol shug'ullanish o'tgan asrning 30 yillarida boshlangan. O'sha davrdan buyon sohada turli ko'lamda o'sish va pasayishlar kuzatilgan.

    — Samarqandda 1930 yillarda hozirgi Xo'ja Doniyor ziyoratgohi ro'parasida viloyat asalarichilik ilmiy punkti ochilgan, 1932 yilda eng katta ko'chmanchi asalarichilik ilmiy tajriba stantsiyasi tashkil etilgan, — deydi viloyat asalarichilar uyushmasi raisi Haydar Rashidov. — 1936 yilda Samarqand ilmiy tajriba stantsiyasida maxsus asalarichilik xo'jaligi tashkil etilib, 14 ming asalari oilasi boqilgan. Stantsiyaning Surxondaryo, Qashqadaryo, Jizzax viloyatlarida o'ndan ortiq bo'limlari bo'lgan. Har birida 13 ming oilagacha asalari boqilgan va yiliga 250-350 tonnagacha asal olingan. O'sha paytlarda mahalliy zotlar boqilgan bo'lsa, 1980 yillarning o'rtalaridan keyin Samarqandga xorijdan yangi zotdagi asalari oilalari keltirila boshlandi. Lekin shundan keyingi yillarda asalarichilikka e'tibor susaydi. Natijada ishlab chiqarish sub'ektlari soni sezilarli ravishda kamaydi.

    Prezidentimizning 2017 yil 16 oktyabrdagi “Respublikamizda asalarichilik tarmog'ini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori sohani rivojlantirishning yangi imkoniyatlarini ochdi. Bu imkoniyatlar samarasini viloyatda ushbu sohada olib borilayotgan ishlar, erishilayotgan natijalar va ko'zda tutilayotgan loyihalar misolida ham ko'rish mumkin.
    Qarorda tarmoqni boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish, naslchilik ishlarini ilmiy asosda tashkil etish masalasi kun tartibiga qo'yilgani sohada sezilarli o'zgarishlarga omil bo'ldi. Asalarichilik xo'jaliklari faoliyatini takomillashtirish, asal ishlab chiqarish hajmi va turlarini yanada ko'paytirish, sohaga ilmiy yondashuvni kuchaytirish belgilandi. Hujjat asosida asalarichilikning umumiqtisodiyotdagi mavqeini mustahkamlashga kirishildi.

    — Otam 30 yildan buyon asalarichilik bilan shug'ullanadi, men ularning ishini davom ettiryapman, — deydi Toyloq tumanidagi “Orzu Olim Dilmurod” asalarichilik naslchilik fermer xo'jaligi ish yurituvchisi Dilmurod Ilyosov. — YAqin yillargacha asalari uyalari, kerakli vositalar barchasi asosan xorijdan keltirilib, daromadning katta qismi xarajatga sarflanardi. Prezidentimizning 2017 yil 16 oktyabrdagi qarori asosida xo'jaligimizga 50 sotix er maydoni ajratildi, 400 million so'm imtiyozli kredit olib asalarichilikda naslchilik majmuasini tashkil etdik. Hozir xo'jaligimizda asalarichilik uyalari, mo'm pardalar, boshqa bir qancha vositalarni o'zimiz ishlab chiqaryapmiz. Avval iqlimimizga mos keladigan asalari zotlari xorijdan keltirilgan bo'lsa, hozirda “Karpat”, “Karlenka”, “Italyanka”, “Bakfa” zotlarini xo'jaligimizda sun'iy ko'paytirib, respublikamiz 7 ta viloyatiga tarqatyapmiz.

    Ayni paytda Samarqand viloyatida asalarichilik bilan shug'ullanayotgan mingdan ortiq sub'ekt mavjud. 15 ta fermer xo'jaligi, 70 ta dehqon xo'jaligida 2,5 minga yaqin ishchi tomonidan 65-67 ming asalari oilasi boqiladi. Qaror asosida Toyloq tumanida asalarichilik naslchilik majmuasi tashkil etildi. 2021 yilda viloyat miqyosida 1110 tonna asal, 0,5 kilogramm asalari zahri, 5 kilogramm ona asalari suti olindi. SHartnoma asosida Jomboy, Bulung'ur tumanlaridagi 5 ming gektardan ortiq bog' changlantirildi.

    — Aksariyat asalarichilar joydan-joyga ko'chib faoliyat yuritishi inobatga olinib, davlat o'rmon xo'jaligi hududida asalari boqishga ruxsat berilgan, — deydi viloyat asalarichilar uyushmasi raisi Haydar Rashidov. — Hozirda bunday erlarda 19 mingga yaqin asalari oilasi boqiladi. Bir necha yildan buyon viloyatimizda Kanada, Turkiya, AQSH tajribasi asosida o'simliklarni changlatish uchun har gektar maydon boshiga o'rtacha 4-5 qutidan asalari joylashtiriladi. Bu usul mahsuldorlikni 25 foizdan 100 foizgacha ko'paytiradi. Bu yil mazkur usul Samarqand tajribasi sifatida boshqa hududlarda ham ommalashtirilyapti.

    Asalarichilar bilimini oshirish uchun Samarqand veterinariya meditsinasi institutida zooveterinariya fakul`teti ochilib, 3 yildan buyon talabalar bu yo'nalishda tahsil olmoqda. Veterinariya meditsinasi texnikumida ham soha bo'yicha yangiliklar, innovatsion g'oyalar, ma'lumotlar bo'yicha bilim beriladi. Asalarichilar uyushmasi va texnikum bilan hamkorlikda sohada malaka oshirish markazi ham tashkil etildi.

    Asalarichilik bilan tomorqa maydonlarida ham shug'ullanib, yaxshigina daromad olish mumkin. Ammo etarli bilim, iqlimga mos zotni tanlay bilmaslik pand berishini unutmaslik lozim. SHu bois bu borada xonadonbay tizimi asosida ishlab, uyushma a'zolarining malakasiga tayanish, tajribalarini o'rgatishga jalb etish maqsadga muvofiq bo'ladi.

    Umuman, bugun yurtimizda, jumladan, viloyatda asalarichilikni rivojlantirish uchun huquqiy asos, zarur moddiy-texnik sharoit yaratilgan. Gap bu imkoniyatlardan samarali foydalanish, qog'ozdagi chora-tadbirlarning amaliyotga ko'chishini yanada jadallashitrish zarur. SHunda uning istiqbolli va serdaromad sohaga aylanishi ham tezlashadi.

    O'ktam XUDOYQULOV,

    jurnalist