2018-yilda BMT Bosh Assambleyasi 20-mayni Butunjahon asalarilar kuni, deb e'lon qilgan. Sana munosabati bilan turli tadbirlar, seminarlar o'tkazish an'ana tusini olgan. joriy yilda ushbu kun “Asalarilarga e'tibor: biz changlatuvchi hasharotlar uchun qishloq xo'jaligi ishlab chiqarishining xavfsizligini ta'minlaymiz” mavzusiga bag'ishlangan.
BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO)ning Markaziy Osiyo bo'yicha submintaqaviy vakolatxonasi tomonidan ham Toshkentda Markaziy Osiyo mamlakatlari, Ozarbayjon va Turkiya mutaxassislari ishtirokida seminar tashkil etildi.
Tadbir O'zbekiston asalarichilar uyushmasida “Asalarichilikda raqamli yechimlar: Markaziy Osiyo va undan tashqaridagi amaliyot va tajriba” mavzusida bo'lib o'tdi.
FAO asalarichilik sohasiga innovatsiyalarni keng joriy etishga ko'maklashmoqda va bu boradagi ulkan yutuqlardan biri O'zbekistonda asalarichilar uchun ishlab chiqilgan, qishloq hududlarida keng qo'llanilayotgan innovatsion axborot almashish tizimidir. Kelgusida Turkiya va Ukrainada shunga o'xshash raqamli vositalarni joriy etishga ko'maklashish rejalashtirilgan. Asalarichilar uchun innovatsion axborot almashish tizimi FAOning 2019-2021-yillarda O'zbekistonda amalga oshirilgan “Asalarichilikni barqaror rivojlantirishni qo'llab-quvvatlash” loyihasi doirasida ishlab chiqilgan.
Bu foydalanuvchilarga asalarichilik ishlari uchun barcha kerakli o'quv va statistik ma'lumotlarni onlayn tarzda taqdim etadigan mobil ilova hisoblanadi. Masalan, ilova ma'lum bir hududda boshqa asalari koloniyalarining joylashganligini ko'rsatuvchi geografik ma'lumotlar orqali asalari oilalarini maqbul joylashtirish uchun to'g'ri manzil belgilashga xizmat qilishi mumkin. Ilovaning yana bir afzalligi shundaki, u pestitsidlardan foydalanish to'g'risida erta xabar beradi, bu esa fermerlarga asalarilar va hosilni yo'qotmaslik uchun o'z vaqtida zarur choralarni ko'rish imkonini beradi.
Seminar ishtirokchilari o'z chiqishlarida butun dunyoda qo'llaniladigan asalarichilik uchun mavjud IT innovatsiyalar haqida gapirib, ularning afzalliklari va mintaqada joriy etish imkoniyatlarini muhokama qildilar, shuningdek asalarichilikni raqamlashtirishga ta'sir qiluvchi omillarni aniqladilar. Turli mamlakatlar mutaxassislari yuqori sifatli asal olish uchun raqamli echimlar sohasidagi o'z qarashlari va ilg'or tajribalari bilan o'rtoqlashdilar.
Tadbirda asalarilar va boshqa changlatuvchi hasharotlarning ekotizim salomatligi va oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash, shuningdek, bioxilma-xillikni saqlashdagi asosiy roli alohida ta'kidlandi.
FAO O'zbekistonda asalarichilikni barqaror rivojlantirish uchun raqamli echimlarni qo'llab-quvvatlamoqda.