Shu maʼnoda, Prezidentimizning “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” doirasida ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha islohotlar dasturlari hamda “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirishga qaratilgan davlat dasturi toʻgʻrisida”gi farmoni mazkur jarayonning navbatdagi, sifat jihatdan yangi bosqichini ifodalaydi.
Hujjat mazmunini chuqur tahlil qilar ekanmiz, uni oddiy reja yoki chora-tadbirlar majmuasi sifatida qabul qilish mutlaqo notoʻgʻri boʻlar edi. Gap, avvalo, davlat boshqaruvi falsafasidagi oʻzgarish — “hujjat ishlab chiqish”dan “real natijaga erishish” tamoyiliga tizimli oʻtish haqida bormoqda. Bunday yondashuv esa davlatning jamiyat oldidagi masʼuliyati, ijro intizomi va hisobdorlik madaniyatini mutlaqo yangi pogʻonaga olib chiqadi.
2026 yilga moʻljallangan islohotlar dasturlari Prezidentimizning xalqimiz va parlamentga yoʻllagan Murojaatnomasida ilgari surilgan gʻoyalar bilan chambarchas bogʻliq. Bu yerda muhim jihat shundaki, Murojaatnoma siyosiy irodaning ifodasi sifatida qolib ketmayapti, balki aniq mexanizmlar, masʼul ijrochilar, moliyaviy manbalar va oʻlchanadigan natijalar bilan mustahkamlanmoqda. Davlat siyosatidagi bunday uzluksizlik parlament nazorati va huquqiy tahlil nuqtai nazaridan ham alohida ahamiyatga ega. Bu yerda strategik maqsadlar bilan kundalik davlat boshqaruvi oʻrtasida uzilish yoʻq, aksincha, ular oʻzaro bir-birini toʻldirib, yagona mantiqiy zanjirni tashkil etmoqda.
2026 yildagi islohotlarda iqtisodiyotni texnologik va innovatsion oʻsish modeliga oʻtkazish masalasi markaziy oʻrin egallaydi. Bu yerda asosiy eʼtibor faqat ishlab chiqarish hajmini oshirish emas, balki qoʻshilgan qiymat, mehnat unumdorligi va raqobatbardoshlikka qaratilayotgani alohida qayd etilishi lozim. Bugungi global raqobat sharoitida arzon ishchi kuchi yoki xomashyo resurslariga tayanish modeli oʻz imkoniyatlarini deyarli tugatdi.
Texnologik oʻsish deganda faqat zamonaviy uskunalar yoki raqamlashtirish emas, balki butun ishlab chiqarish zanjirini qayta koʻrib chiqish, qoʻshilgan qiymatni oshirish, ilmiy ishlanmalarni iqtisodiyotga joriy etish nazarda tutiladi. Bu jarayonda biznes-inkubatorlar, innovatsion klasterlar va startap ekotizimini rivojlantirish alohida ahamiyat kasb etadi.
Ichki bozorda talabni ragʻbatlantirishga qaratilgan choralar esa iqtisodiy oʻsishni aholi daromadi bilan bogʻlash imkonini beradi. Ipoteka, elektromobil xaridi uchun kredit mexanizmlarini takomillashtirish nafaqat iqtisodiy faollikni oshirish, balki ekologik va ijtimoiy maqsadlarga ham xizmat qiladi.
Ichki bozorda talabni ragʻbatlantirish, ipoteka va elektromobil xaridi uchun kredit mexanizmlarini takomillashtirish kabi tashabbuslar iqtisodiy oʻsishning oddiy raqamlardan odamlar hayotiga bevosita taʼsir koʻrsatadigan omilga aylanishini taʼminlaydi. Bunday yondashuv ijtimoiy adolat va iqtisodiy samaradorlik oʻrtasidagi muvozanatni saqlashda gʻoyat muhim.
2026-yil islohotlarida mehnat bozoriga yondashuv sifat jihatidan oʻzgarmoqda. Endi gap faqat ish oʻrinlari ochish haqida emas, balki ularning mehnat bozoridagi real talabga mosligi, barqarorligi va inson salohiyatini rivojlantirishga xizmat qilishi haqida ketmoqda.
Kasblarni rivojlantirish, sanoat zonalari huzurida kasbiy qayta tayyorlash markazlarini tashkil etish, yangi mehnat bozori arxitekturasini yaratish — bularning barchasi inson kapitaliga qaratilgan islohotlardir. Davlat siyosatida mehnat bozorini faqat ish oʻrinlari soni bilan emas, balki ularning sifati, barqarorligi va kelajakka yoʻnaltirilgani bilan baholash tamoyili mustahkamlanmoqda.
Bu jarayonda taʼlim, ishlab chiqarish va davlat institutlari oʻrtasidagi hamkorlik hal qiluvchi ahamiyatga ega. Aynan shu bogʻliqlik iqtisodiy oʻsishni uzoq muddatli va barqaror qiladi.
Sanoat zonalari huzurida kasbiy qayta tayyorlash markazlarini tashkil etish bu borada muhim institutsional yechimdir. Bu orqali taʼlim tizimi bilan ishlab chiqarish oʻrtasidagi uzilish qisqaradi, kasb-hunar taʼlimi bozor ehtiyojlariga moslashadi.
Bunday yondashuv mehnat migratsiyasi, yoshlar bandligi va kambagʻallikni qisqartirish masalalarida ham ijobiy natija berishi kutilmoqda. Chunki inson kapitaliga kiritilgan sarmoya — eng barqaror investitsiya.
Ekologiya sohasida belgilangan maqsadlar qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ulushini oshirish, energiya samaradorligi boʻyicha KPI joriy etish, utilizatsiya va qayta ishlash zanjirini shakllantirish davlat siyosatida ekologik masʼuliyatning institutsionallashuvidan dalolat beradi.
Ekologik muvozanatni taʼminlash, suv resurslaridan oqilona foydalanish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ulushini 30 foizga yetkazish kabi maqsadlar bugunning talabidan kelib chiqqan holda belgilanmoqda. Bu yoʻnalishdagi KPI koʻrsatkichlarining joriy etilishi ekologik siyosatni deklaratsiyadan amaliy natija darajasiga koʻtarishga xizmat qiladi.
Bu yerda muhim jihat shundaki, ekologik siyosat faqat cheklov va taqiqlar emas, balki iqtisodiy ragʻbat va samaradorlik koʻrsatkichlari orqali amalga oshirilmoqda. Energiya tejaydigan texnologiyalar, “yashil iqtisodiyot” elementlarini joriy etish biznes uchun ham yangi imkoniyatlar yaratadi.
Daraxt kesish uchun javobgarlikni qatʼiylashtirish, utilizatsiya va qayta ishlash zanjirini yoʻlga qoʻyish kabi tashabbuslar esa ekologik madaniyatni shakllantirish bilan bir qatorda huquqiy mexanizmlarni ham mustahkamlaydi.
Islohotlar dasturlarida har bir tashabbus uchun aniq KPI belgilanishi, shaxsan javobgar rahbarlar va muvofiqlashtiruvchi tashkilotlar koʻrsatilgani davlat boshqaruvida mutlaqo yangi standartlar joriy etilishini koʻrsatmoqda. Ushbu yondashuv ijro intizomini kuchaytiradi, byurokratik sustkashlikka barham beradi va parlament hamda jamoatchilik nazorati samaradorligini oshiradi.
Dasturlarning toʻgʻridan toʻgʻri amal qilish mexanizmiga ega ekani, ayrim tashabbuslar uchun qoʻshimcha hujjat talab etilmasligi davlat apparatida qaror qabul qilish surʼatini oshirishga xizmat qiladi.
2026-yilga moʻljallangan islohotlar dasturlarining eng muhim xususiyati shundaki, ular alohida sohalarni boʻlingan holda emas, balki davlat, iqtisodiyot va jamiyat oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliq tizim sifatida koʻradi. Islohotlarning samaradorligini taʼminlashda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Chunki bugungi murakkab ijtimoiy-iqtisodiy sharoitda bir sohadagi oʻzgarish ikkinchisisiz barqaror natija bermaydi.
Shu maʼnoda, islohotlar dasturlari sohaviy qamrovi, institutsional teranligi va ijro mexanizmlari bilan avvalgi amaliyotdan tubdan farq qiladi.
Hujjatda mahallaga alohida eʼtibor qaratilayotgani tasodifiy holat emas. Mahalla bugun nafaqat ijtimoiy institut, balki davlat va jamiyat oʻrtasidagi eng muhim muloqot maydoniga aylanmoqda. Infratuzilmani takomillashtirish, ichki yoʻllar, piyodalar va velosiped yoʻlaklari, jamoat maskanlari, xizmatlar sifati — bularning barchasi yangi Oʻzbekiston qiyofasini, eng avvalo, mahallada shakllantiradi. Ularning sifatli va barqaror bunyod etilishi mahalladagi turmush madaniyatini oʻzgartiradi, aholi faolligini oshiradi, jamoaviy masʼuliyatni kuchaytiradi.
Shu nuqtayi nazardan qaraganda, mahallalar mablagʻining ochiq va shaffof sarflanishi, hisobdorlik mexanizmlarining kuchaytirilishi davlat moliyasi ustidan parlament nazoratini oʻrnatishda ham muhim instrumentdir. Shuningdek, fuqarolarning bevosita ishtiroki taʼminlanishi esa ijtimoiy ishonchni mustahkamlaydi.
Mahallalar infratuzilmasini takomillashtirish masalasi islohotlar dasturlarida faqat qurilish yoki obodonlashtirish vazifasi sifatida qoʻyilmagan. Gap, avvalo, mahallaning ijtimoiy va boshqaruv instituti sifatidagi rolini kuchaytirish haqida bormoqda.
Shu bilan birga, mahalla mablagʻi sarfida ochiq hisobdorlikni joriy etish institusional jihatdan juda muhim qadam. Natijada fuqarolar davlat qarorlarining passiv isteʼmolchisi emas, balki faol ishtirokchisiga aylanadi. Parlament nazorati nuqtayi nazaridan esa yangi mexanizmlar mahalliy darajada moliyaviy intizomni taʼminlashga xizmat qiladi.
Islohotlar dasturlarida davlat boshqaruvi va sud-huquq tizimini takomillashtirish masalasiga alohida blok sifatida qaralgan. Asosiy eʼtibor institutsional samaradorlik, hisobdorlik va ochiqlikka qaratilmoqda.
Jinoyat ishlari boʻyicha sudlarda xalq vakillari hayʼati ishtirokini joriy etish tashabbusi sud hokimiyatiga ishonchni oshiradi va sud qarorlarining jamoatchilikka yaqinlashuvini taʼminlaydi, adolat hissini kuchaytiradi.
Korrupsiyaga qarshi kurashishni yangi bosqichga olib chiqishda faqat jinoiy javobgarlikni kuchaytirish bilan cheklanib qolinmaydi. Profilaktika, institutsional shaffoflik va raqamlashtirish alohida oʻrin tutadi.
Islohotlar dasturlarida har bir tashabbus uchun KPI belgilanishi va shaxsan javobgar rahbarlarning aniq koʻrsatilishi davlat boshqaruvida juda muhim oʻzgarish. Bu orqali ijro natijasi shaxsiy masʼuliyat bilan bogʻlanadi, kollektiv javobgarlik ortida yashirinish imkoniyati kamayadi.
Umuman olganda, islohotlar dasturlari sohalar boʻyicha emas, balki institutsional mantiq asosida qurilgan. Mahalladan boshlab markaziy davlat organlarigacha boʻlgan butun boshqaruv tizimida natija, hisobdorlik va ochiqlik tamoyillari ustuvorlik kasb etmoqda. Bu esa davlat siyosatini qogʻozda qoladigan rejalardan odamlar hayotida seziladigan oʻzgarishlar darajasiga olib chiqish imkonini beradi.
“Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini 2026-yilda amalga oshirishga qaratilgan davlat dasturi mazmunan ham, shaklan ham mamlakatda davlat rejalashtirish madaniyatining yangi bosqichini anglatadi. Agar strategiya uzoq muddatli maqsad va yoʻnalishlarni belgilab bersa, davlat dasturi aynan shu maqsadlarni hayotga tatbiq etishning aniq, oʻlchanadigan va hisobdor mexanizmlarini qamrab oladi. Shu nuqtayi nazardan, davlat dasturini davlat siyosatining “amaliy konstitutsiyasi” sifatida baholash mumkin.
Davlat dasturida 337 ta aniq chora-tadbir belgilab berilgani birinchi qarashda hajm jihatidan katta koʻrinishi mumkin. Ammo mazmunga teranroq nazar tashlasak, bu raqam ortida islohotlarni sohalar boʻyicha boʻlish emas, balki ularni aniq vazifalar, muddatlar va ijrochilarga bogʻlash mantigʻi turibdi.
Shu bilan birga, 2026-yilda 59 ta sohaviy va 12 ta eng muhim strategik islohotlarni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqilishi rejalashtirilgani qonunchilik jarayonining ham rejali va tizimli tus olayotganidan dalolat beradi. Bu yerda qonun ijodkorligiga islohotlarni ortidan “yetib olish” vositasi emas, balki ularni oldindan taʼminlovchi institutsional asos sifatida qaralmoqda.
Davlat dasturi loyihasining keng jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazilishi islohotlarning eng muhim institutsional jihatlaridan. Internet va ommaviy axborot vositalari orqali 5 milliondan ziyod foydalanuvchi loyiha bilan tanishgani, 22 mingdan ortiq taklif va fikr bildirilgani bu raqamlar faqat statistika emas, balki jamiyatning davlat qarorlariga befarq emasligi, aksincha, faol ishtirok etishga tayyor ekanini koʻrsatadi.
Bu jarayonda muhokama formal “izoh qoldirish” bosqichidan chiqib, haqiqiy siyosiy muloqot shakliga aylandi. Oliy taʼlim tashkilotlari va davlat idoralarida oʻtkazilgan
50 dan ortiq muhokamada 10 mingga yaqin talaba, professor-oʻqituvchilar va davlat xizmatchilari ishtirok etgani esa ilmiy-ekspert salohiyatining qaror qabul qilish jarayoniga jalb etilganini anglatadi.
Muhokamalar natijasida 1000 ga yaqin taklifning davlat dasturi loyihasiga kiritilgani jamoatchilik ishtiroki deklaratsiya darajasida qolmaganini koʻrsatadi. Ayniqsa, ayollar va bolalarga nisbatan zoʻravonlik uchun jazoni kuchaytirish, pedofiliya uchun umrbod ozodlikdan mahrum etish kabi tashabbuslar jamiyatda adolat va xavfsizlikka talabning yuksakligini aks ettiradi.
Ipoteka va elektromobil xaridi uchun kredit mexanizmlarini takomillashtirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini oshirish, korrupsiyaga qarshi kurashni yangi bosqichga olib chiqish kabi takliflar esa iqtisodiy va institutsional islohotlar oʻrtasidagi bogʻliqlikni kuchaytiradi.
Jinoyat ishlari boʻyicha sudlarda xalq vakillari hayʼati ishtirokini joriy etish tashabbusi sud hokimiyatini jamoatchilikka yaqinlashtirish, adolatni faqat huquqiy emas, balki ijtimoiy qadriyat sifatida mustahkamlashga xizmat qiladi.
Muhokamalarda mahalla mablagʻi sarfi boʻyicha ochiq hisobdorlikni yoʻlga qoʻyish, ichki yoʻllar, piyodalar va velosiped yoʻlaklari yotqizish, biznes-inkubatorlar barpo etish kabi takliflarning qiziqarli deb topilgani jamiyatda quyi darajadagi islohotlarga ehtiyoj katta ekanini koʻrsatadi.
Bu takliflar mamlakat taraqqiyoti faqat markaziy qarorlar bilan emas, balki mahalliy tashabbuslar orqali ham taʼminlanishi mumkinligini anglatadi. Mahalla aynan shu maʼnoda davlat siyosati uchun “lakmus qogʻozi” vazifasini bajaradi.
Davlat dasturini ishlab chiqish jarayonida xorijdagi vatandoshlar bilan oʻtkazilgan muloqotlar alohida ahamiyatga ega. AQSH, Germaniya, Turkiya, Fransiya, Kanada, Janubiy Koreya, Yaponiya, Shvetsiya, Portugaliya va Qozogʻistonda tashkil etilgan muhokamalarda 60 ga yaqin qoʻshimcha taklif olingani Oʻzbekistondagi islohotlarning global tajriba bilan uygʻunlashayotganini koʻrsatadi.
Bu takliflar orasida nodavlat maktablar faoliyati uchun shaffof litsenziyalash mexanizmlarini joriy etish, taʼlim amaliyotida korxona mutaxassislarini ragʻbatlantirish tizimini ishlab chiqish, sogʻliqni saqlashda yagona raqamli skrining tizimini joriy etish kabi tashabbuslar alohida eʼtiborga loyiq.
Xorijdagi vatandoshlar ilgari surgan “natijaga bogʻlangan imtiyoz” (performance-based subsidy) modeli va “Export-as-a-service” konsepsiyasi iqtisodiy siyosatda sifat oʻzgarishini anglatadi. Bu yerda davlat qoʻllab-quvvatlovi formal imtiyoz emas, balki aniq iqtisodiy natijalar bilan bogʻlanadi.
Eksport qiluvchi korxonalar uchun logistika, bojxona, sertifikatlash, marketing va toʻlov masalalarini yagona operator orqali kompleks xizmat sifatida taqdim etish tashqi bozorlarga chiqishdagi institutsional toʻsiqlarni kamaytiradi. Bunday yondashuv kichik va oʻrta biznes uchun ham yangi imkoniyatlar ochadi.
Umuman olganda, davlat dasturi va uni ishlab chiqish jarayoni davlat va jamiyat oʻrtasidagi munosabatlar yangi bosqichga koʻtarilayotganini koʻrsatadi. Davlat qaror qabul qiluvchi yagona subyekt emas, balki jamoatchilik, ekspertlar va xorijdagi vatandoshlar bilan hamkorlikda harakat qiluvchi institutga aylanmoqda.
Bu esa islohotlarning legitimligi, ijtimoiy qabul qilinishi va barqarorligini taʼminlaydi. Davlat dasturi aynan shu jihati bilan 2026-yilgi islohotlarning eng muhim institutsional ustuni sifatida namoyon boʻladi.
2026-yilga moʻljallangan islohotlar dasturlari va davlat dasturi mazmunini chuqur tahlil qilar ekanmiz, ular markazida umumiy gʻoya turganini koʻramiz — bu inson qadri. Ushbu tushuncha soʻnggi yillarda davlat siyosatining bosh mezoniga aylangani tasodifiy emas. Chunki barqaror taraqqiyot, kuchli iqtisodiyot yoki samarali davlat boshqaruvi, eng avvalo, insonning farovon hayoti, ijtimoiy himoyasi va adolatga ishonchi bilan chambarchas bogʻliq.
Bosh qonunimizda mamlakatimiz “ijtimoiy davlat” sifatida belgilab qoʻyilgani bejiz emas. Ijtimoiy davlat faqat nafaqa yoki moddiy yordam berish tizimi emas, balki davlatning fuqaro oldidagi maʼnaviy va huquqiy masʼuliyatini anglatadi. 2026-yildagi islohotlar aynan shu masʼuliyatni aniq mexanizmlar orqali taʼminlashga qaratilgan.
2026-yilga moʻljallangan islohotlar dasturlari va davlat dasturi umumiy mantigʻini tahlil qilar ekanmiz, davlat, jamiyat va shaxs oʻrtasida yangi muvozanat shakllanayotganini koʻramiz. Davlat oʻzini faqat nazorat qiluvchi yoki tartib oʻrnatuvchi institut sifatida emas, balki sherik, himoyachi va imkoniyat yaratuvchi subyekt sifatida namoyon etmoqda.
Bu muvozanatda mahalla, fuqarolik jamiyati institutlari, ekspertlar va xorijdagi vatandoshlar ham faol ishtirok etmoqda. Natijada islohotlar “yuqoridan quyiga” tushiriladigan qarorlar emas, balki jamiyat bilan hamkorlikda shakllanadigan jarayonga aylanmoqda.
Dasturlar ijrosini moliyalashtirish uchun ajratilayotgan 250,5 trillion soʻm va jalb qilinayotgan 50,4 milliard dollarning samarali sarflanishi davlat siyosatiga ishonchni belgilaydigan muhim omil. Shu bois, Adliya vazirligi va Hisob palatasi tomonidan doimiy monitoring yuritilishi, Vazirlar Mahkamasida har chorakda ijroni muhokama qilish, parlamentga hisobot taqdim etish mexanizmlari qoʻllanmoqda. Bu tizim ijro jarayonida ochiqlik va hisobdorlikni taʼminlab, islohotlarning qogʻozda qolib ketish xavfini kamaytiradi.
Ushbu hujjatlar yurtimizda davlat siyosati sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtarilayotganini koʻrsatadi. Bu bosqichda asosiy mezon inson hayotida seziladigan aniq natijalardir.
Yangi ish oʻrinlari, aholi daromadining oʻsishi, ijtimoiy himoyaning kuchayishi, adolat va ishonch muhitining mustahkamlanishi, islohotlarning haqiqiy samarasi aynan shu yerda namoyon boʻladi. Davlatimiz rahbari belgilab bergan har bir qaror, har bir dastur, avvalo, odamlar roziligida oʻz aksini topishi shart. Ana shu tamoyil 2026-yilgi islohotlarning ham, “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasining ham bosh mezoni boʻlib qoladi.
Akrom TOSHPOʻLATOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi
Parlament tadqiqotlari instituti direktori,
yuridik fanlar doktori