Davlat boshqaruviga yangicha nazar

    O'zbekiston Respublikasi Prezidenti SHavkat Mirziyoevning BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasidagi nutqida ilgari surilgan tashabbuslar dunyo hamjamiyatida katta qiziqish uyg'otdi.

    Ayni kunlarda ushbu ma'ruzada ilgari surilgan tashabbuslar ko'plab taniqli jamoat arboblari, ekspertlar tomonidan qizg'in muhokama etilmoqda va iliq fikrlar bildirilyapti.

    Bu, avvalo, ilgari surilgan tashabbuslarning har biri nihoyatda chuqur tahlillarga asoslangani va dunyo jamoatchiligini o'ylantirgan muammolar xususida aniq echimlarni qamrab olganidan dalolatdir.

    Jumladan, davlatimiz ­rahbarining BMT shafeligida pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari to'g'risidagi xalqaro kodeksni ishlab chiqish borasidagi tashabbusi ko'pchilik siyosatshunos va iqtisodchilarning ­alohida e'tiborini tortdi. Xususan, hindistonlik olima R.Koparkar ushbu tashabbusning keng qamrovliligiga to'xtalib, jahon hamjamiyati bunday tashabbusni ko'pdan beri kutayotgan edi, degan fikrni bildirdi.

    Rossiya Oliy iqtisodiyot maktabi professori A.Kazantsev aynan O'zbekiston lideri davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari to'g'risidagi xalqaro kodeksni ishlab chiqish masalasini ilgari surish borasida to'la ma'naviy huquqqa ega rahbar ekaniga urg'u berdi. Bu fikrini mamlakat hatto pandemiya sharoitida ham keng xalq ommasi manfaatlaridan kelib chiqib, muvaffaqiyatli ijtimoiy-iqtisodiy o'zgarishlar va iqtisodiy o'sish strategiyasini amalga oshira olgan kam sonli davlatlar qatoriga kirishi bilan asoslaydi. Qolaversa, o'nlab tahliliy media resurslar aynan ushbu tashabbus borasida to'xtalib, uning favqulodda vaziyatlarda, bir tomondan, davlatlarning o'z xalqlari oldida, qolaversa, xalqaro hamkorlari oldida mas'uliyatini oshirishga qaratilgan mohiyatga egaligiga urg'u beriladi.

    Albatta, mamlakatimiz ­rahbarining tashabbusi xalqaro jamoatchilik vakillari, siyosatshunoslar, qolaversa, davlat boshqaruvi sohasi ekspertlari tomonidan bunday qiziqish bilan qabul qilingani bejiz emas. Buning ko'plab asoslari bor. Ulardan biri, mazkur g'oya siyosatshunoslarni ko'pdan buyon o'ylantirib kelayotgan zamonaviy davlat boshqaruviga doir qarashlarga mutlaqo o'zgacha yondashuv taklif etilganiga borib taqaladi.

    XX asr oxiri — XXI asrning dastlabki o'n yilliklari jahonda davlat boshqaruvining optimal modelini izlash yo'nalishida jiddiy harakatlar davri bo'ldi. Bu faqat rivojlangan G'arb davlatlarida emas, balki modernizatsiya jarayonlarini boshdan kechirayotgan Osiyo davlatlarida, dunyoning boshqa mintaqalarida ham kuzatildi. Ayniqsa, rivojlanish yo'liga kirgan davlatlarda jamiyat taraqqiyotini, fuqarolarning farovonligini ta'minlay oladigan sifatli davlat boshqaruvini shakllantirishga bo'lgan kuchli ehtiyoj turlicha yondashuvlarning yuzaga kelishiga turtki berdi.

    Jahon banki qariyb chorak asr oldin, XXI asr arafasida ushbu mavzuda o'tkazgan tadqiqotlaridan birida davlat boshqaruvini isloh qilishga bunday intilishlar zaminida kuchli yoki, aksincha, o'z ta'sirini minimal darajaga tushirgan davlat barpo etish yotmaganini ko'rsatib o'tadi. CHunki har ikkala yondashuv shu vaqtgacha turli mamlakatlarda amalga oshirilgan ma'muriy islohotlarda kutilgan natija bermagan. SHuning uchun ham mazkur davlatlarning bu boradagi barcha sa'y-harakatlari samarali davlat bunyod qilishga qaratilgani to'g'risidagi muhim xulosaga keladi.

    Lekin bunday maqsadga erishish borasida taklif etilgan yo'llar va vositalar bir-biridan farq qilishini ham ta'kidlab o'tish o'rinli.

    Keyingi o'ttiz-qirq yilda ilgari surilgan va ayrimlari turli mamlakatlarda tajribadan o'tgan “Davlatning minimal ishtiroki”, “Korporativistik boshqaruv”, “YAngi davlat menejmenti”, “Maqbul boshqaruv”, “Virtual boshqaruv”, “Tarmoqli boshqaruv”, “Ochiq davlat boshqaruvi” kabi kontseptsiyalar aynan shundan dalolat beradi.

    YOndashuvlarning nomiga birlamchi nazar tashlashdayoq davlat boshqaruviga hozirgi zamon texnologik yutuqlarini keng joriy etishga intilishni sezish qiyin emas. Ularning ayrimlariga to'xtalib o'tsak. “Davlatning minimal ishtiroki” yoki “Tarmoqli boshqaruv” yondashuvlari davlatning jamiyatni boshqarishdagi ishtirokini kamaytirish yo'lidan borishni ma'qul ko'radi. Masalan, “Tarmoqli boshqaruv” tarafdorlari fikricha, davlat mavjud boshqaruv tizimidagi aktorlardan biri bo'lishi kerak, xolos. Boshqacha aytganda, davlat boshqaruvining alohida, mustaqil roli inkor etiladi. Natijada davlatning xalq oldidagi javobgarligi susayibgina qolmay, ayni paytda mustaqil davlatchiligini rivojlantirish yo'lidan borayotgan mamlakatlar globallashuv sharoitida yanada kuchsizlanishiga sabab bo'ladi.

    “Ochiq davlat boshqaruvi” kabi yondashuvlar esa jamiyat oldida hisobdorlikka erishishni maqsad qiladi. 2011 yili AQSH, Braziliya, Buyuk Britaniya, Meksika, Filippin, Norvegiya, Indoneziya va JAR yangi xalqaro tashkilot — Ochiq davlatlar hamkorligi uyushmasi tuzilganini e'lon qilgan, tashkilot oldiga a'zo davlatlarning o'z fuqarolari oldidagi hisobdorligini yanada oshirishga erishish vazifasi qo'yilgan edi. Lekin ushbu kontseptsiyada aholini o'ylantirgan, jamiyat uchun muhim ahamiyatga ega ijtimoiy masalalarni hal qilishda davlatning o'rni to'g'risidagi masalalar ochiq qolgan.

    Keyingi o'n yilliklarda, ayniqsa, mashhur bo'layotgan va ko'plab mamlakatlar boshqaruv tizimlariga ta'sir qilayotgan modellar sifatida “YAngi davlat menejmenti” (New Public Management yoki qisqacha NPM) va “Maqbul boshqaruv” (Good Governance)ni alohida tilga olish mumkin. Birinchi kontseptsiya 1990 yillarda ilmiy doiralarga kiritila boshlagan bo'lsa-da, uning asosida turgan yondashuvlar o'tgan asrning 80-yillaridan G'arb mamlakatlarining aksariyatida kuzatila boshlagan edi.

    N.Menning va N.Parison G'arbning o'n to'rtta davlatida NPM bo'yicha amalga oshirilgan o'zgarishlarni tahlil qilgan. Mazkur modelga tayanib, islohotlarni amalga oshirgan mamlakatlar davlat xarajatlarining kamayishiga erishish, davlatning rivojlanib borishi uchun zarur asoslarni yaratish, davlatning ish beruvchi sifatidagi funktsiyasini samarali uddalash, aholiga ko'rsatiladigan xizmatlar sifatini yaxshilashga erishishni maqsad qiladi. SHu maqsadlarda davlat boshqaruvida tejamkorlik, harakatchanlik va samaradorlikka erishish birlamchi vazifalar sifatida belgilanadi.

    Xususiy sektorga xos ish uslubi, ya'ni bozor iqtisodiyoti qonuniyatlarini davlat boshqaruviga tatbiq qilish g'oyasi ilgari surilgani NPMning o'ziga xosligini belgilaydi. YA'ni davlat tasarrufidagi ko'plab resurslarni xususiy sektorga o'tkazish, davlat vakolatlarining ham bir qismini bozor tuzilmalari ixtiyoriga berish, nomarkazlashtirish, davlat apparatini qisqartirish orqali xarajatlarni kamaytirish va bozor iqtisodiyotida samaradorligini isbotlagan shunga o'xshash mexanizmlarni davlat boshqaruviga ham joriy qilish maqsadlari ko'zlanadi.

    Davlat boshqaruviga zamonaviy, menejerial yondashuv sifatida samaradorlik asosiy o'ringa qo'yilar ekan, bunga xalaqit qiladigan omillar qatorida davlatning fuqarolar oldidagi bir qator majburiyatlaridan voz kechish ham nazarda tutiladi. Aynan ijtimoiy sohaga oid majburiyatlarni soqit qilish mazkur modelning ko'plab ijobiy tomonlariga qaramasdan, qimmatini tushiradigan jihatlaridan biridir. NPMda ko'zga tashlanadigan bunday kamchiliklar unga muqobil sifatida yangi yondashuvlarning yuzaga kelishiga sabab bo'ldi.

    “Good Governance” tushunchasi ilk bor 1992 yili Jahon bankining iqtisodiy rivojlanish masalalariga bag'ishlangan yillik konferentsiyasida ilgari surilgan bo'lsa-da, alohida boshqaruv modeli sifatida 1997 yildan ishlatila boshlangan. BMT aynan o'sha yili davlat boshqaruviga daxldor yangi rivojlanish dasturini e'lon qildi. Unda boshqaruvda jamiyatning imkon qadar kengroq qatlamlari ishtirokini ta'minlash, qarorlarni qabul qilishda kambag'al va ijtimoiy himoyalanmagan qatlamlar ovozini ham eshitish g'oyasi ilgari surildi. Bunday yondashuv davlat boshqaruviga oid ikki modelni bir-biridan farqlovchi asosiy jihatlardan sanaladi.

    Koronavirus pandemiyasi oqibatida yuzaga kelgan vaziyat davlat boshqaruvining samaradorligini targ'ib qiluvchi “YAngi davlat menejmenti” modeli uchun ham, boshqaruvda aholining ehtiyojmand, kambag'al qatlamlari fikrini inobatga olishni targ'ib qiluvchi “Good Governance” modeli uchun ham o'ziga xos sinov bo'ldi. Har qanday davlatdagi mavjud boshqaruv tizimi faqat iqtisodiy va ijtimoiy barqarorlik sharoitida emas, balki mana shunday murakkab pallalarda ham sinovdan o'tadi. Aholining muayyan qismi o'ziga bog'liq bo'lmagan tarzda doimiy ish joyidan ajralib qolgan, iqtisodiy barqarorlik, qolaversa, davlatlarning o'zaro majburiyatlari muayyan darajada xavf ostida turgan vaziyatda davlat zimmasiga aniq majburiyatlarni olishi lozimligini bugun davrning o'zi ko'rsatib qo'ydi.

    SHu ma'noda O'zbekiston Prezidenti BMT shafeligida pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari to'g'risidagi xalqaro kodeksni qabul qilish g'oyasini ilgari surgani bugun jahonda keng ommalashgan boshqaruv modellaridagi bo'shliqlarni to'ldirgan va mavjud vaziyatda davlatning boshqaruvchilik roliga, kerak bo'lsa, mas'uliyatiga mutlaqo yangicha yondashuv lozimligini ko'rsatib bergan qarash sifatida o'rtaga chiqdi. Bu bilan, bir tomondan, davlat hokimiyatini mutlaqlashtirish, ikkinchi tomondan esa, buning aksi o'laroq, davlatning jamiyat hayotidagi ishtirokini minimal darajaga tushirishga intilishlardan farqli ravishda davlatning o'z funktsiyasini samarali bajarishga xizmat qiladigan yondashuv taklif etildi.

    Pandemiya oqibatida yuzaga kelgan vaziyat dunyo davlatlarida mamlakatimiz rahbarining ushbu g'oyasiga qiziqish uyg'otgani tabiiy. Negaki, favqulodda vaziyatlarda mamlakat aholisi va xalqaro hamkorlar oldida mas'uliyatni his qilgan har qanday davlat bir qator majburiyatlarni zimmasiga olishi lozimligini, o'z navbatida, boshqalardan ham shuni kuta olishi uchun maxsus xalqaro konventsiya qabul qilinishi zarurligini anglamasdan boshqa iloj yo'q.

    SHu o'rinda O'zbekistonda boshlangan chuqur yangilanishlarning dastlabki kunlaridanoq o'z xalqi oldida chuqur mas'uliyat his qiladigan davlat boshqaruvini shakllantirishga alohida e'tibor qaratilganini eslab o'tish lozim. “Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan shior ham, ma'muriy islohotlar maqsadi ham shunga qaratilgani yaxshi ma'lum. Besh yo'nalishda amalga oshirilayotgan Harakatlar strategiyasi davlat va jamiyat qurilishini yanada takomillashtirish masalasidan boshlanishi bejiz emas.

    Keyingi o'n yilliklarda shakllangan siyosiy menejment endilikda davlatning fuqarolar hamda xorijiy hamkorlar oldida, ayniqsa, favqulodda vaziyatlarda, ixtiyoriy majburiyatlari bo'lishi kerak, degan muhim g'oya bilan boyidi. SHu ma'noda Prezidentimiz ilgari surgan taklif davlat boshqaruvini jahon hamjamiyatining taraqqiyot tendentsiyalaridan kelib chiqqan holda yanada rivojlantirishga turtki berishiga, ushbu yondashuv dunyo davlatlari faoliyatidagi muhim tamoyillardan biriga aylanishiga shubha yo'q.

    Baxtiyor YAKUBOV,

    O'zLiDeP Siyosiy kengashi

    ijroiya qo'mitasi raisining o'rinbosari