A. Xadjibayev taʼkidlaganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda sogʻliqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish, aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish sifati va samaradorligini oshirish, sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash, malakali tibbiy kadrlarni tayyorlash, sohaga yangi boshqaruv usullarini joriy etish hamda sanitariya-epidemiologik barqarorlikni taʼminlash borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Prezidentimizning 2020-yil 12-noyabrdagi “Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatiga mutlaqo yangi mexanizmlarni joriy qilish va sogʻliqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar samaradorligini yana-da oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni asosida respublikamiz aholisini tibbiy xatlovdan oʻtkazish uchun 14 202 ta tibbiyot brigadasi tashkil etilib, 32 458 030 nafar aholi salomatlik va fiziologik holatidan kelib chiqib, 4 ta guruhga taqsimlandi.
Shuningdek, aholining ijtimoiy yordamga muhtoj qatlamlariga alohida eʼtibor qaratildi. Bugungi kungacha “temir daftar”ga kiritilgan 1 912 nafar bemorning 1 575 nafariga yuqori texnologik tibbiy yordam koʻrsatildi. Aholini manzilli skriningdan oʻtkazish va yuqumli boʻlmagan kasalliklarni erta aniqlash maqsadida 23 ta mobil brigada tashkil etildi. 2021-yilda tashkil etilishi rejalashtirilgan 124 ta oilaviy shifokor punkti va oilaviy poliklinikalardan 71 tasi oʻz faoliyatini boshladi. Birlamchi tibbiyot-sanitariya muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida qishloq oilaviy poliklinikalar 733 ta EKG va 721 ta UTT apparatlari bilan taʼminlandi.
Qayd etilganidek, Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan “xatlov.uz”, “bemor.ssv.uz”, “edo.ssv.local”, “emlash.uz”, “nd.ssv.local”, “pd.ssv.local” axborotlashtirilgan tizimlari yaratilgan. Hozirgi kunda yurtimizdagi 243 ta mahalla fuqarolar yigʻinlari olis va chekka hudud sifatida belgilangan boʻlsa, ushbu hududlarda jami 86 ta oilaviy shifokorlik punkti va 39 ta oilaviy poliklinika hamda ularda 149 ta vakant shtat mavjud. Lekin “Qishloq shifokori” dasturi doirasida hududlar kesimida 41 nafar tibbiyot xodimi ishga qabul qilinib, ayni vaqtga qadar ularning atigi 16 nafariga 30 million soʻmlik pul mablagʻlari toʻlab berilgan.
Shuningdek, teletibbiyot asosida respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari va ularning joylardagi filiallari oʻrtasida yaqin aloqa yoʻq. Qolaversa, respublika boʻyicha 466 ta tibbiyot muassasalariga optik tolali kabellar oʻtkazish ishlari yakuniga yetmagan.
Xalq vakillari sohada qilingan ishlarni eʼtirof etgan holda, yuqoridagi muammolarni bartaraf etish yuzasidan bir qator takliflar berdi.
Majlisda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshligʻi B. Yusupaliyevning ham axboroti tinglandi.
Qayd etilganidek, jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining maʼlumotlariga koʻra, joriy yilning 10-iyul holatiga dunyoning 222 ta davlatida jami 186,8 mln. nafar bemorlarda koronavirus infeksiyasi aniqlangan. Ulardan 4,0 mln. nafari vafot etgan boʻlsa, 77,8 ming nafar bemorlar ogʻir ahvolda.
Dunyo boʻylab shu yilning aprel oylarida kunlik kasallanish koʻrsatkichi 900,0 ming atrofida boʻlib, iyun oyida kunlik kasallanish 300,0 minggacha kamaydi. Lekin iyul oyining boshlaridan ushbu infeksiya bilan kasallanish holatlari ortishi kuzatilib, 10-iyul holatiga kunlik 490,0 ming yangi holat aniqlangan.
Oʻzbekistonda ham kunlik koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatlari (4-iyul kuni 475 ta, 5-iyul – 496 ta (172 ta pnevmoniya), 6-iyul – 471 ta (195 ta pnevmoniya), 7-iyul – 490 ta (208 ta pnevmoniya), 8-iyul – 482 ta (221 ta pnevmoniya), 9-iyul – 467 ta (259 ta pnevmoniya) ortib borayotganligi ushbu infeksiya bilan kasallanish holatining oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlarni yana-da kuchaytirishni talab etmoqda.
Mutaxassislarning fikricha, emlash har qanday epidemiyaga olib keluvchi yuqumli kasalliklarning eng samarali profilaktikasidir. Shu bois, mamlakatimizda emlash ishlarini amalga oshirish uchun jami 3 138 ta emlash punktlari va 862 ta harakatdagi brigada tashkil etilgan. Emlash jarayonida qatnashadigan 4 356 nafar shifokor hamda 11 539 nafar oʻrta tibbiyot xodimining tayyorgarligi oshirilgan.
Bugungi kunga qadar respublikamizda jami 4 743,8 ming doza (2 865,0 ming ta 1-doza, 1 405,0 mingta 2-doza, 473,7 mingta 3-doza) koronavirus infeksiyasiga qarshi vaksinalar emlash tadbirlariga yoʻnaltirilgan boʻlib, shundan ZF-UZ-VAC 2001 – 81 foiz, AstraZeneca – 14 foiz va Sputnik V – 5 foizni tashkil etadi.
Shu bilan birga, emlash tadbirlarini tizimli tashkil etish maqsadida jami 2 680,3 ming doza vaksina zaxirasi shakllantirilgan. Shuningdek, joriy yilning iyul oyida ZF-UZ-VAC 2001 vaksinasidan qoʻshimcha 4,0 mln doza, avgust-sentyabr oylari Sputnik V vaksinasidan 160 ming doza hamda avgust-sentyabr oylari COVAX dasturi doirasida 660 ming doza vaksina olib kelinishi rejalashtirilgan.
Majlisda deputatlar sohada olib borilayotgan ishlarni eʼtirof etib, sohadagi muammolar yechimiga ham eʼtibor qaratdi. Xususan, oʻtgan 3 oy davomida 65 yoshdan katta aholi qatlamining atigi 42,8 foizi, surunkali kasalliklari boʻlgan aholi qatlamining 67,7 foizi, maktabgacha taʼlim tashkilotlari xodimlarining 77,4 foizi hamda umumiy oʻrta taʼlim maktablarida faoliyat koʻrsatayotgan xodimlarning 68,7 foizi koronavirus infeksiyasiga qarshi emlangan xolos. Ayni paytda fuqarolarning barchasini toʻliq dozalarda emlanmaganini hisobga olsak, demak, bu borada hali zarur choralar koʻrish lozim boʻladi.
Majlisda soʻz olgan xalq vakillari aholini koronavirusga qarshi profilaktik emlash jarayonini sifatli olib borilishi ustidan nazoratni kuchaytirish, 2021–2023-yillarda oilaviy shifokor punktlarini va oilaviy poliklinikalarni tashkil etish jadvalidagi oʻz vaqtida amalga oshirilmagan loyihalarning bajarilishi boʻyicha tegishli choralarni koʻrish, “Qishloq shifokori” dasturi doirasida belgilangan 30 million soʻmdan pul mablagʻi toʻlab berilmagan xodimlarga toʻlovlarni amalga oshirish choralarini koʻrish, fuqarolarga davlat tomonidan bepul tibbiy xizmatlar va dori vositalari bilan kafolatlangan paket doirasida tibbiy xizmat koʻrsatish boʻyicha Sirdaryo viloyati tajribasini respublika boʻylab keng tatbiq etish hamda aholi bilan muloqotga kiruvchi barcha turdagi xizmat koʻrsatish obyektlari xodimlarini koronavirus infeksiyasiga qarshi ommaviy emlash masalasini koʻrib chiqish hozirgi paytda hayotiy zarurat ekanligini bildirdilar.
Majlisda koʻrib chiqilgan axborotlar yuzasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining tegishli qarori qabul qilindi.