— Konstitutsiyaning 99,100, 101-moddalariga asosan, joylarda hokimlar va mahalliy kengashlar vakolatini ajratish, hokimlar bir vaqtning oʻzida xalq deputatlari kengashlariga ham boshchilik qilishi haqidagi qoidani Konstitutsiyadan chiqarib tashlash taklif etilmoqda.
Mazkur taklifni tahlil qilib, uning bir qator muhim jihatlarni ajratib koʻrsatish mumkin. Birinchidan, mazkur norma, mahalliy darajada ham hokimiyatlar boʻlinishi mustahkamlanishi hududlarda oʻzaro tiyib turish va manfaatlar muvozanati tizimining konstitutsiyaviy asoslarini mustahkamlamoqda.
Ikkinchidan, amaldagi Konstitutsiyamizning 100-moddasida mahalliy davlat xokimiyati organlarining vakolatlarini umumiy norma sifatida belgilash bilan chegaralangan. Yaʼni, amaldagi norma qaysi bir vakolat vakillik organiga qaysi biri hokimga tegishliligini aniq ifoda etmaydi. Shu sababli, ushbu taklif orqali endilikda mahalliy hokimiyat organlari vakolatlari barcha sohalarda aniq va batafsil belgilanmoqda.
Bu orqali ayniqsa, mahalliy xalq deputatlari kengashlarining davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtiroki kuchaytirilmoqda, aholi manfaatlarini amalda taʼminlash imkoniyatlari oshirilmoqda. Mazkur yangilik mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyati aniq maqsadlarga qaratilishiga xizmat qiladi. Xalqona aytsak, endilikda kengash ham hokim ham aravasini oʻzi tortadigan boʻladi.
Uchinchidan, hokim oʻzi hisobot beradigan organga rahbarlik qilishi mantiqsizlik edi. Bu esa, oʻz oʻrnida, deputatlarning norma ijodkorligi, xalq vakilligi, deputat nazoratini amalga oshirishda kuchli tashqi bosimga uchrashiga olib kelardi. Shu sababli viloyat, tuman, shahar hokimi lavozimini egallab turgan shaxs bir vaqtning oʻzida tegishli xalq deputatlari kengashining raisi lavozimini egallash mumkin emasligi toʻgʻrisidagi norma alohida belgilanmoqda. Mazkur norma hokimning deputatlarga bosim oʻtkazish amaliyotiga barham beradi. Yaʼni, deputatlar tom maʼnoda xalq vakilligini amalga oshirishga huquqiy makon yaratiladi.