Xoʻjandliklarning cheksiz faxr bilan aytishicha, mintaqamizda Sirdaryodek azim daryo qoq oʻrtasini kesib oʻtgan Xoʻjanddan boshqa shahar yoʻq. Shu bois uning butun tarovati, jozibasi birinchi navbatda Sayxun daryo bilan oʻlchanadi, desak mubolagʻa emas.
Kuni kecha Xoʻjandning goʻzalligidan yana bir bor bahra olishga muyassar boʻldik. Tashrifimizga sabab Sugʻd viloyati “Oʻzbeklar maʼnaviyat va maʼrifat” markazi “Oʻzbekiston va Tojikiston doʻstligi abadiy” nomli davra suhbatiga taklif etgan edi. Oʻzbekistondagi Shanxay Hamkorlik Tashkiloti xalq diplomatiyasi markazi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi, “Oʻzbekiston-Tojikiston” doʻstlik jamiyati, Respublika tojik milliy madaniy markazi vakillaridan iborat delegatsiya Toshkentdan yoʻlga chiqib, ikki davlat chegarasidan oʻtib, hech qiynalmasdan 166 kilometr masofani uch soatda bosib oʻtib, Xoʻjandga kirib bordik.
Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganligining 30 yilligi munosabati bilan uyushtirilgan tadbirga Sugʻd viloyatining barcha tumanlaridan “Oʻzbeklar maʼnaviyat va maʼrifat” markazi faollari, shoirlar, yozuvchilar, ijodkorlar, jamoatchilik faollari, shu bilan birga, jizzaxlik tojik va oʻzbek tilida ijod qiluvchi bir guruh ijodkorlar mehmon boʻlib kelishgan ekan.
Davra suhbatida “Oʻzbekiston-Tojikiston” doʻstlik jamiyati faoliyati haqida ham soʻz yuritildi. Ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlash, Tojikistonda yashovchi oʻzbek vatandoshlarni qoʻllab-quvvatlash yoʻlida yoʻlida jamiyat boshqaruvi raisi Sh. Xamrayev tashabbusi bilan rejalashtirilayotgan tadbirlar toʻgʻrisida maʼlumot berildi.
Sugʻd viloyati irrigatsiya va melioratsiya boshqarmasi boshligʻining maslahatchisi, tajribali suvchi Latifjon Sultonovning chiqishi davraga fayz kiritdi.
— Biz bir daryo — Sirdaryodan suv ichamiz. Qariyb ellik yildan buyon suvdan unumli foydalanish masalasida Katta Fargʻona kanali, Shimoliy Fargʻona kanali masʼullari bilan koʻp uchrashganman, ular ham Xoʻjandga koʻp kelishgan. Doim muloqotdamiz. Suvchilarning millati boʻlmaydi. “Oʻzbekiston-Tojikiston” doʻstlik jamiyati faoliyatini kuzatib boraman. Oʻtgan yili Xoʻjandda oʻtkazgan tadbirlarida ishtirok etdim. Biz xoʻjandlik suvchilar hamda “Oʻzbeklar maʼnaviyat va maʼrifat” markazi nomidan Toshkentga borib, doʻstlik jamiyati boshqaruvi raisi bilan uchrashib, hamkorligimizni yanada mustahkamlab kelish niyatimiz bor, dedi L. Sultonov.
Tadbirda “Mehrnoma” kitobining taqdimoti oʻtkazildi. Kitobdan Oʻzbekiston Respublikasi Jizzax viloyati hamda Tojikiston Respublikasi Sugʻd viloyati ijodkorlarining oʻzbek va tojik tillaridagi asarlari oʻrin olgan.
Ushbu toʻplam adabiyotni chegarasi va millati boʻlmasligining, u insoniyatni doʻstlikka, birlikka, mehr-oqibatga chorlashining yana bir amaliy tasdigʻi sifatida eʼtirof etildi.
Davra suhbati yakunlanganidan soʻng oʻzbek va tojik birodarlar bir piyola choy ustida adabiy muloqot qildilar. Ikki xalq doʻstligini tarannum etuvchi sheʼrlar oʻqildi, kuylar jarang sochdi, mushoira qizgʻin boʻldi.
Shuhrat SUYUNOV,
“Oʻzbekiston-Tojikiston” doʻstlik jamiyati ijrochi direktori