Britaniyada chop etiladigan “Lancet Neurology” tibbiyot jurnalida eʼlon qilingan maqola ayni shu mavzuda. Undan Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti ishtirokida 1990-yildan 2021-yilgacha oʻtkazilgan keng koʻlamli tadqiqot natijalari joy olgan.
Qayd etilishicha, dunyoda 3,4 milliard kishi, boshqacha aytganda, Yer yuzi aholisining 43,1 foizi nevrologik kasalliklardan aziyat chekmoqda. Bu borada insult, neonatal ensefalopatiya, migren, demans, diabetik neyropatiya, meningit, epilepsiya, autizm kabi xastaliklar ulushi yuqori.
Tadqiqot davomida oʻrganilgan bunday kasalliklar soni 37 ta. Yakuniy hisob-kitoblarga koʻra, ushbu patologiyalar asoratlari 1990-yildan 2021-yilgacha 11,1 million kishining oʻlimiga sabab boʻlgan.
Xastaliklar taqsimoti yosh toifasiga qarab farqlanadi. Masalan, 20 yoshdan 59 yoshgacha boʻlgan bemorlar oʻrtasida insult, migren va diabetik neyropatiya tashxislari yuqori oʻrinni egallaydi. 60-79 yoshlilar orasida esa insult, Alsgeymer, demans, diabetik neyropatiya bilan xastalanganlar soni koʻp.
Olimlarning taʼkidlashicha, asab tizimi buzilishlari oqibatida mehnat qobiliyatini yoʻqotganlar safida erkaklar ulushi ayollarga nisbatan sezilarli darajada yuqori.
Nevrologik xastaliklardan eng koʻp aziyat chekkan mintaqalar roʻyxatida Gʻarbiy va Markaziy Afrika davlatlari peshqadam. Eng past statistika Avstraliya, Okeaniya va Osiyo-Tinch okeani mintaqasida joylashgan yuqori daromadli mamlakatlar hissasiga toʻgʻri keladi.
Tabiiyki, mutaxassislar bunday koʻrsatkichlardan jiddiy xavotirda. Xususan, JSST rahbari Tedros Gebreyesus ushbu tadqiqot hukumatlar uchun diagnostika, davolash va reabilitatsiya xizmatlari sifati hamda koʻlamini oshirish boʻyicha kuchli chaqiriq boʻlishi kerakligini taʼkidladi.