Dunyo nizomida Yangi O‘zbekiston ruhi!

    Dunyo ishlarining “tishi oʻtkir” boʻladi. Sal yengil kelsangiz, befarq va hafsalasiz boʻlsangiz uvalanib ketish hech gap emas. Ammo insoniyat taqdiri shu – doim tahlika ichida yashash, kurashlar ichra boʻlish. Uning yakuni – qismat.

    Shu bois, olamda turfa taqdir egalari yashaydi, ular jamlanib, elning, mamlakat va milliy davlatchiliklarning umumiy manzarasini hosil qiladi.

    Insoniyat tarixi hech qachon bir maromda toʻkis kechmagan, tahlikalarga toʻla boʻlgan. Yaxshilik va yomonlik oʻrtasidagi kurash esa avlodlarni oʻyga toldirib keladi. Shuning uchun ham tarix hech qachon zerikarli koʻrinmaydi.

    Yana bir mulohaza bor. Bu – aql va saodat yoʻlidagi tafakkur hodisasi.

    Betob kishiga shirin taom ham nordon sezilishi mumkin. Ammo aql bu taom aslida shirinligi, kasallik tufayli nordon tuyulayotgani haqida axborot berib turadi. Shunday ekan, tabiiy savol tugʻiladi: aql yordamida oqu qorani ajratib olib, saodatga erishish mumkin ekan-da?

    Ammo dunyo haqiqati har doim bunday boʻlmaganini koʻrsatadi. Atrofimizda boʻlayotgan urushlarga, nizolarga, begunoh odamlar qurbon boʻlayotganiga nazar solsak, hamma aqlini ishga solib shu qonli yoʻlga kirayotganini, hamma oʻzinikini toʻgʻri, deb daʼvo qilayotganiga guvoh boʻlamiz. Bugun insoniyat ilgʻayotgan katta tahlikaning asl sabablari shunda. Bilganiga amal qilmaslik esa – eng ogʻir xato!

    Bulardan anglashiladiki, XXI asrga kelib insoniyat nihoyatda murakkab yashash tarziga oʻtib bormoqda. Dunyo nizomi tubdan oʻzgarayapti. Sunʼiy idrok qurshovida qolayapmiz. Shunday sharoitda mamlakatlar oʻz zimmasiga qanday vazifalarni olishi kerak, degan savol barchamizni bezovta qilishi tabiiy, albatta.

    Bugun jamiyatda inson qadrini yuksaltirish, xavfsizligini taʼminlash, har bir kishi tugʻilishi bilan ega boʻladigan tabiiy huquqlariga asosan, ularga munosib turmush sharoitini yaratish eng muhim, hayot-mamot masalasi boʻlib qoldi.

    BUYUK ISHONCH VA MILLIY HODISA

    Nega ayrim mamlakatlar xalqi farovon yashaydi? Baʼzi mamlakatlarda esa farovonlik yoʻli tanlanmaydi? Bu ham aql bilan bogʻliq oʻz gʻoyasini toʻgʻri, deb biluvchi tanlov yoʻlidir.

    Davlat siyosatida tanlangan yoʻl samarasi odamlar hayotida aks etishi ayon haqiqat. Shu bois, milliy davlatchilik amaliyotida muhim vositalar boʻlishi taraqqiyot kafolati sifatida qaraladi.

    Keling, shu oʻrinda, taniqli iqtisodchi olimlar Daron Ajemoʻgʻli va Jeyms Alan Robinsonning umumiy xulosasiga eʼtibor qaratamiz: “Kuchi va mablagʻini tikishi uchun odamlar qattiq mehnat qilsa, boyishi mumkinligiga ishonishi zarur, bu esa innovatsiyaga ragʻbat, barqarorlik va tinchlikni taʼminlovchi ishonchli institutlardir”.

    Mana shu talqinni yangi Oʻzbekistonning bugungi taraqqiyot yoʻli bilan bogʻlasak, koʻz oldimizda katta bir evrilishlar silsilasi namoyon boʻladi.

    Xullas, dunyo ishlaridan bir oz chekinib, milliy tanlovimiz va jamiyatimizning yangi qiyofasi haqidagi ayrim mulohazalarga oʻrin bersak.

    Vatanimiz mustaqilligining 33 yilligini munosib qarshi olayapmiz. Bu fursat keng mushohada yuritmoq chogʻidir.

    Daron va Jeyms kabi olimlar fikrida jon bor. Avvalo, odamlarda ishonch boʻlishi kerak. Har bir ish boshida ishonch turadi. Yangi Oʻzbekiston jamoatchiligida bugun ana shu buyuk ishonch hissi mujassam, muhimi u kun sayin mustahkamlanib boraverishi zarur. Bunday deyishimizga asoslar yetarli.

    Birinchi asos: Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev oʻz lavozimiga kirishgan ilk kunlardan boshlagan xalqchil va davlat boshqaruvidagi ochiqlik siyosatiga shubha bilan qaraganlar koʻp boʻlgan edi. Ammo davlatimiz rahbari oʻz tanlagan yoʻlidan ortga qaytmadi, xalqimiz farovon turmush qurish istagida qayta kurtaklagan orzulari roʻyobini yangi Yoʻlboshchi – oʻz Prezidenti boshlagan islohotlar orqali koʻrish maqsadidan bir zum ham chekinmadi.

    Eng muhimi, biz bugun erishgan katta-katta, olamshumul yutuqlarni, xalqimiz yuz yillar davomida faqat orzu qilib kelgan turmush sharoitini, yashash tarzimizni, erkin harakatlanishimiz imkoniyatlarini bizga birov chetdan kelib qilib bergani yoʻq. Hammasiga oʻzimiz erishdik. Bu esa, oʻz navbatida, xalqimizda “Qilsa boʻlar ekan-ku”, degan ishonch tuygʻusini uygʻotdi, mustahkamladi.

    Ikkinchi asos: kechagi kunimiz va bugungi hayotimiz, dunyoqarashimiz oʻrtasida yer bilan osmoncha oʻzgarishlarni, farqlarni koʻrayapmiz, ularni kundalik turmush tarzimizda his etayapmiz.

    Bir-ikkita oddiy misollarni aytib oʻtsak. Kechagina qishloq ayollari farzandini bogʻchaga berish haqida oʻylab ham koʻrmas edi. Bugun esa mamlakat miqyosida bolalarning maktabgacha taʼlimga qamrov darajasini 100 foizga yetkazish maqsadidagi ishlar jadal ketayapti.

    Plastik kartamizdagi pulni naqdlashtirish uchun banklar eshigi oldida sargʻayib, koʻp sarson boʻlib yurganimizni hozir kulib-kulib eslaymiz. Ammo u manzara juda achinarli va adolatsiz edi-ku!

    Shu kunlarda Toshkentga qishloqdan kelgan abituriyentni uchratmaysiz. Ular oʻz yashash joyiga yaqin manzilda imtihon topshirish bilan band. Lekin shu paytgacha bu mavsumda olis qishloqdan kelgan maktab bitiruvchisi ota-onasi bilan Toshkentga kelib, yotishga joy izlab, hatto koʻchalardagi oʻrindiqlarda tong ottirgani guvohi boʻlmaganmizmi? Bu ham mayli, oʻqishga bir papka hujjat yigʻib, 500-1000 kilometr yoʻl bosib poytaxtga kelgach, qabul komissiyasi tibbiy maʼlumotnomada qaysidir bir shifokor muhri boʻlmagani uchun hujjatlarni qaytarib bergani, chorasiz abituriyent yana shuncha yoʻl bosib, qishlogʻiga borib qaytishga majbur boʻlgani-chi?

    Toshkent propiskasi bilan bogʻliq dahmazalar, koʻchada militsiyadan yashirinib, qochib yurishlar haqida eslasak yurak hamon orqaga tortib ketadi.

    Oddiy odamlar hayotidagi bunday oʻzgarishlarni hozir koʻplab sanash mumkin. Shu kabi islohotlar hayotimizga yangicha mazmun olib kirgani, ona yurtimizga boʻlgan mehru muhabbatimizni joʻshtirgani, odamlarda daxldorlik hissini tarbiyalayotgani haqida ham koʻp-koʻp gapirib turishimiz kerakka oʻxshaydi.

    Uchinchi asos: biz bugun “yutuqlar oʻzimizniki, oldimizda esa hali amalga oshiradigan ishlar koʻp”, degan qatʼiy irodali maqsadlar bilan yashayapmiz. Buning zamirida bugungidan-da katta yutuqlarga erishish, ularga munosiblik ishonchi bor.

    Bu ham oʻz-oʻzidan shakllanadigan yuksalish darajasi emas. Buning negizida milliy hodisalar turadi. Gap shundaki, har qanday davlat xalqni, jamiyatni, mamlakatni rivojlantirishga asoslangan institutlar koʻmagida taraqqiy etadi. Milliy davlatchiligimizda bu tizim “mahalla instituti”, deyiladi. Keyingi yillarda erishgan eng katta yutuqlarimizdan biri – mahallalarga alohida eʼtibor qaratilayotgani bilan bogʻliq boʻlmoqda.

    Biz odamlar halol mehnati ortidan boyishi mumkinligiga ishonsagina oʻz kuchi va mablagʻini tikishi mumkinligi, bu innovatsiyaga ragʻbat, barqarorlik va tinchlikni taʼminlovchi ishonchli institutga aylanishi haqidagi fikrni bejiz qayd etmagan edik. Shu nuqtayi nazar bilan ishonch muhitining shakllanishiga yoʻl ochgan ayrim asoslarni keltirib oʻtdik, endi innovatsiya, barqarorlik va tinchlik muhiti haqida ham toʻxtalsak.

    Innovatsiya erkin jamiyatlardagina paydo boʻladi. U ragʻbatni yaxshi koʻradi. Shu maʼnoda yangi Oʻzbekistonda innovatorlar uchun qulay muhit yaratilayotir, bu jarayonda, ayniqsa, yoshlar qoʻllab-quvvatlanmoqda.

    Barqarorlik va tinchlik oʻz-oʻzidan paydo boʻlib qolmaydi, buning uchun kuchli istak, xohish va orzularning oʻzi yetarli boʻlmaydi. Bu ikki muqaddas hayotiy tutumga katta siyosiy iroda va betoʻxtov saʼy-harakatlar, bagʻrikenglik tamoyillari bilan erishiladi. Bugun yangi Oʻzbekiston ana shu yoʻlda sobitqadamlik bilan odimlamoqda.

    DUNYO BIZNI YANGITDAN TANIDI VA TAN OLDI

    Yutuqlarimizni ham bir-bir eslab turaylik dedik. Gap shundaki, yomonlikka olsak, hamisha gap topiladi. Har kim oʻzidan “xafa qiyofa” yasab olishi ham juda oson. Bizga bugun tosh otganlar, kelajak ularga toʻpdan oʻq otishini tushunib, anglab, chuqur tahlil qilib, tavba-tazarruga kelayotganini ham koʻrib turibmiz.

    Lekin ezgulik va yaxshi natijalarni eʼtirof etish, ayniqsa, bugungi davr – davlatlararo munosabatlarda oʻzaro ishonchsizlik kayfiyati kuchayayotgan, harbiy harakatlar siyosati avj olayotgan, xalqaro tinchlikparvar tashkilotlarning taʼsir kuchi susaya boshlagan bir sharoitda nihoyatda tansiq boʻlib qoldi.

    Tanqidni kelajak mevasi, deymiz. Bunga shubha yoʻq. Tanqid bir yoqlama emas, tahliliy boʻlsa, nur ustiga nur. Aytmoqchimizki, biz bugun koʻp yutuqlarimizni oʻzaro tahlil qilmay qoʻygandekmiz, nazarimda. Jamiyatda tahlil ruhi soʻnib qolmasligi kerak. Aks holda bepisandlik, oʻzi boʻlarchilik va noshukrlik kayfiyati boʻy koʻrsata boshlaydi.

    Shu maʼnoda, keyingi yillarda mamlakatimizda hayotiy mazmuni, tarixiy qimmatli ahamiyati bir qadar unitilayozgan yoki biz koʻnikib qolgan, xuddi azaldan shunday boʻlgandek qarayotgan islohotlar koʻpligini yana bir bor birgalikda yodga olsak, foydadan xoli boʻlmas, deb oʻylaymiz.

    Shulardan biri – Markaziy Osiyodagi birdamlik va bagʻrikenglik siyosati.

    Biz notanish manzilga borar yoʻlda koʻrsatkichlarga tayanamiz. Yoʻl chetidagi yozuvlarni diqqat bilan oʻqib boramiz, chaqirimlarni sanaymiz. Shunga qarab moʻljal olamiz.

    Siyosat ham shunday. Faqat unda moʻljallar juda aniq boʻlishi kerak. Bu yangi Oʻzbekistonning qoʻshni davlatlar bilan yoʻlga qoʻygan doʻstona siyosatida qanday aks etmoqda?

    Birinchidan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev oʻtgan qisqa davrda Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasidagi siyosiy qarashlarni oʻzgartira oldi. Yaqin qoʻshnichilik, oʻzaro birdamlik va tarixiy mushtaraklik gʻoyalari bilan mintaqada mutlaqo yangicha siyosiy ruhni shakllantirdi.

    Ikkinchidan, mintaqaviy rivojlanish xablarini yaratish boʻyicha juda muhim tashabbuslarni ilgari surdi. Bular yangi transport-logistika koridorlari, oʻzaro tovar ayirboshlashdagi yengilliklar, mintaqaviy turizm mexanizmini ishga tushirish, suv, chegara masalalari, yoshlar siyosati, madaniy-maʼrifiy yoʻnalishlardagi hamkorlik kabi bir qator jabhalarda oʻz aksini topdi.

    Uchinchidan, Markaziy Osiyo davlatlari birdamligini dunyoga yangitdan tanitish va bu siyosiy iroda mustahkam ekani, unga hech bir tashqi kuch raxna solishga yoʻl qoʻymasligini xalqaro nufuzli rasmiy tadbirlarda ham bir-necha bor taʼkidlab oʻtdi.

    Bu kabi siyosiy moʻljallarning gʻoyat aniqligi va uzoqni koʻzlangani samarasida bugun Markaziy Osiyo davlatlari gʻoyaviy-mafkuraviy jihatdan ham, iqtisodiy jihatdan ham tub yangilanish yoʻliga oʻtdi. Buni xalqaro siyosatchilar koʻp bor eʼtirof etib keladi. Jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti sobiq Bosh kotibi, Yashil oʻsish global instituti (GGGI) Assambleyasi prezidenti va Kengashi raisi Pan Gi Mun yaqinda “Dunyo” axborot agentligiga bergan intervyusida, jumladan, shunday dedi: “Ishonchim komilki, bunday islohotlarning boshida, ayniqsa, koʻp qiyinchiliklar boʻlgan, shu sababdan Prezident Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga minnatdorlik bildirish kerak, deb hisoblayman. Hatto Gʻarb mamlakatlarida ham, mening Vatanimda ham har qanday oʻzgarishlarga xolisona oʻylamasdan, shaxsiy manfaat yoki boshqa sabablarga koʻra, qatʼiy qarshilik koʻrsatadiganlar topiladi. Menimcha, Oʻzbekiston kabi sobiq ittifoq mamlakatida ushbu jarayon yanada murakkabroq kechadi. Islohotlarning samaralari qoʻshni davlatlarga yanada ijobiy taʼsir koʻrsatib, kelgusi yillarda butun mintaqa hayotini yanada yaxshilashga yordam beradigan oʻzgarishlar zanjirini yaratadi, deb oʻylayman”.

    Darhaqiqat, islohotlarni hamma ham birdek qoʻllab-quvvatlayvermaydi. Qarshilik koʻrsatadiganlar topiladi. Ammo vaqt oʻtgani sayin oʻzgarishlar zanjiri hayotda oʻz soʻzini ayta boshlagach, vaziyat oʻnglanadi, tarafdorlar koʻpaya boradi. Aytmoqchimizki, Oʻzbekistonning Markaziy Osiyodagi bagʻrikenglik va doʻstona siyosati bugun xalqaro miqyosda tan olindi.

    Yana bir muhim islohot, bu– turkiy davlatlar birlashuvi.

    Yer yuzidagi togʻlar insonlarga hayrat ulashib turadi. Bunday ulkan togʻlar qanday paydo boʻlgani haqida ilohiy qarashlar ustunlik qiladi, albatta. Olimlar esa togʻlar qancha yuksak boʻlsa, yer ostida oʻz yuksakligiga toʻrt yarim barobar uzunlikka teng tomirga ega boʻlishini kashf qilgan. Togʻ shu tomirga tayanib togʻ boʻladi.

    Yer yuzidagi turkiy xalqlar tarixi va tutash ildizlarini ham shunday mustahkam yagona tomirga qiyos etgulik. Ular qadim-qadimdan qudratli, boy va tadbirli sanalgan.

    Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yil 6-iyul kuni Ozarbayjonning Shusha shahrida boʻlib oʻtgan Turkiy davlatlar sammitida soʻzlagan nutqida taʼkidlanganidek, turkiy dunyo xalqlari oʻz taraqqiyotining turli davrlarida umumbashariy sivilizatsiya rivojiga mislsiz hissa qoʻshgan. Nomlarini jahon ahli yaxshi biladigan ulugʻ alloma va ulamolarimiz ikkita buyuk Renessansga asos solgan. Bu azal-azaldan xalqlarimiz hayotida inson kapitali naqadar yuqori boʻlganidan darak beradi.

    Oʻzbekiston bundan besh yil avval Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo boʻlib kirgan edi. Oʻtgan qisqa davrda 30 dan ortiq muhim yoʻnalishlarda oʻzaro manfaatli va keng qamrovli hamkorlik yoʻlga qoʻyildi. Samarqand shahrida Turkiy davlatlar tashkilotining besh yillik strategiyasi qabul qilindi.

    Xalqaro ekspertlar keyingi yillarda Turkiy davlatlar tashkiloti toʻlaqonli xalqaro tuzilma sifatida shakllangani, jahon iqtisodiy oʻsish markazlaridan biriga aylanganini taʼkidlar ekan, bu oʻzgarishlarda Oʻzbekistonning ushbu tuzilmadagi siyosiy va iqtisodiy oʻrni alohida ekanini eʼtirof etmoqda.

    Albatta, bu fikrlarga asoslar yetarli. Masalan, Prezidentimiz TDT doirasidagi tashabbuslari nafaqat tashkilotga aʼzo davlatlar, balki boshqa siyosiy tuzilmalar, hamkor davlatlar tomonidan ham qizgʻin kutib olinmoqda.

    Shu oʻrinda, baʼzi raqamlarga eʼtibor qaratamiz. Davlatimiz rahbari 2019-2023-yillarda TDT doirasidagi faol hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan 50 dan ortiq hayotiy tashabbusni ilgari surdi. Eng muhimi, ulardan 42 tasi muvaffaqiyatli amalga oshirilgan, qolganlari esa yakuniy bosqichda.

    Umuman olganda, turkiy davlatlarning birlashuvi va bunda Oʻzbekistonning muhim ishtiroki tarixiy adolat tiklanishi, deganidir. Chunki bugungi dunyoning oʻzgarayotgan va taraqqiyotlar koʻchishi Sharq tomon ogʻayotgan ayni pallasida qadim-qadimdan tamaddunlarga beshik boʻlgan bizning zamin – yangi Oʻzbekiston dunyoga qaytadan tanilayotgani ana shu tarixiy adolat ruhidan dalolat beradi.

    Uchinchi muhim yutugʻimiz – Oʻzbekistonning dunyoga ochilishi va dunyoning Oʻzbekistonga intilish siyosati.

    Koreya Respublikasi Prezidenti Yun Sok Yol “Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylari 2016-yilda Prezidentlik lavozimiga kirishganidan buyon dadil islohotlar va ochiqlik siyosatini yuritib, Oʻzbekistonni mutlaqo yangi mamlakatga aylantirdi”, dedi.

    Islom dunyosi taʼlim, fan va madaniyat tashkiloti (ICESCO) Bosh direktori Salim bin Muhammad al-Malik oʻzbek zaminida, bilimga chanqoq, tinchlikka intiluvchi xalq yashashi, ular maʼrifatparvar xalqlar orasida munosib oʻrin egallashini azaldan isbotlab kelganini alohida eʼtirof etib, “Oʻzbekiston rahbari, muhtaram Prezident Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylarining jamiyatda taʼlim va ilm-fanning rolini oshirish, madaniyatni asrab-avaylash va yuksaltirishga qaratilgan saʼy-harakatlari va tashabbuslarini Alloh taolo barokatli qilsin”, deya oʻz samimiy tilaklarini bildirdi.

    Albatta, bunday yuksak eʼtiroflar son-sanoqsiz. Oʻtgan yetti yilda biz erishgan yutuqlarni xalqimiz, dunyo siyosatchilari, barcha-barcha haqli ravishda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev nomi bilan bogʻlaydi. Haqiqat – shu.

    Bugungi Oʻzbekiston dunyoga ochildi, oʻz navbatida, dunyo ham biz tomon talpinmoqda. Bu shunchaki oddiy gap emas. Zamirida katta mehnat, uyqusiz tunlar, zahmatlar borligini hech oʻylab koʻrganmizmi?! Oʻylab koʻrish kerak!

    Davlatimiz rahbarining “Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining oʻttiz uch yillik bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarorida “Dunyo bizni yangitdan tanidi va tan oldi”, deyildi.

    Bu bor-yoʻgʻi keyingi yetti yilda erishilgan natija, xalqaro doiralarda tan olingan eʼtirof. Lekin bu bunyodkor xalqimiz uchun hali marra emas. Hali oldinda strategik rivojlanish uchun katta-katta rejalarimiz bor.

    Shu bois, aytmoqchimizki, inson oʻz tafakkurini doim charxlab turishi kerak. Aks holda ortga ketiladi. Shu maʼnoda, aytish joizki, biz erishgan yutuqlar, mamlakatimizning yangi qiyofasi har birimizdan yanada hushyorlik, fidoyilik va vatanparvarlikni talab qiladi. Gap shu oʻzanda borar ekan, beixtiyor shoirimiz Abdulla Oripovning “Ogohlik” sheʼri yodga tushadi:

    Qora kunlar keldi koʻhna diyorga,

    Ustoz yigʻlay-yigʻlay ayladi xitob:

    – Mayli suvga oqsin, singsin devorga,

    Nodonning qoʻliga tushmasin kitob.

    Yengdi maʼrifatni manfur jaholat,

    Oʻzbekda qatagʻon davri boshlandi.

    Qodiriy muxlisi qilindi gʻorat,

    Choʻlponni oʻqigan otib tashlandi.

    Yillar oʻtib ketdi, ozodmiz shukur,

    Lekin sen ogoh boʻl, maʼrifatli jon.

    Hali tirik yurar kalamush qurgʻur,

    Koʻzlari yiltillab turibdi sichqon.

    Hikmatga toʻla bu satrlar yillar oʻtgani sayin yanada dolzarblik kasb etib bormoqda. Koʻrib turibmiz, atrofimizda yaxshi – doʻst kuchlar ham, yomon – dushman kuchlar ham oʻralashib yuribdi.

    Bunday vaziyatda ong ostidagi quvvatlarni ishga solish zarurati paydo boʻladi. Shu zarurat tufayli ham davlatimiz rahbari jon kuydirib maʼnaviy targʻibot haqida bong urmoqda. Bu chorlovni bugun har birimiz teran anglab yetishimiz kerak. Ishimiz ham, amalimiz ham, oʻyimiz ham bir boʻlishi zarur. Shundagina xalqimiz, yoshlarimiz ongi ostidagi maʼnaviy hidoyat quvvatlarini uygʻota bilamiz. Shundagina bugungi dunyo nizomiga yangi Oʻzbekiston ruhi singib borishini yanada jozibador qilgan boʻlamiz.

    Chunki hozirgi zamonda shu ruhga ehtiyoj bor. Boisi, dunyo endi tobora manmanlik kasb etaveradi. Bu jarayonda andishaning otini qoʻrqoq qoʻyadiganlar koʻpayadi. Shunday ekan, biz oʻzimizning qudratimizni, kuch-gʻayratimizni, ezgulik tarafdori ekanimizni amaldagi ishlarimiz, natijalarimiz bilan koʻrsataverishimiz kerak va bu hayotiy zaruratga aylanishi shart.

    Salim DONIYOROV