Joriy yilning 12-iyun kuni Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi huzurida tashkil etilgan Oʻzbekistonda oʻsmirlar va yoshlar ruhiy salomatligini profilaktika qilish va mustahkamlash masalalari boʻyicha idoralararo ishchi guruh yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Yigʻilish davomida oʻsmirlar va yoshlar oʻrtasida giyohvandlik va psixotrop moddalar isteʼmolining oldini olish yuzasidan olib borilayotgan ishlar holati muhokama qilindi.
Soʻnggi uch yil (2021-2023-yillar) mobaynida mazkur yoʻnalishda 25 mingga yaqin jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, 17 mingdan ortiq shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan. Shundan 5 mingga yaqini (30 foiz) 30 yoshgacha boʻlgan shaxslarni tashkil etgan.
Tahlillarga koʻra, narkojinoyat sodir etgan yoshlarning soni yildan yilga oʻsib bormoqda. Xususan, 2021-yilda bunday jinoyatlar sodir qilganlarning 23 foizini yoshlar tashkil qilgan boʻlsa, 2022-yilda 24,6 foizga, 2023-yilda esa 31,2 foizga yetgan.
Internetda psixotrop moddalar savdosiga ixtisoslashgan 52 ta axborot resursi aniqlangan. Ularning 14 tasi veb-saytlarni, 38 tasi esa Telegram messenjerini tashkil etgan. Telegram-kanallar orqali 120 mingga yaqin foydalanuvchi qamrab olingan.
IIV masʼullari ushbu illatga qarshi kurashish va uning oldini olish borasida koʻrilayotgan taʼsirchan choralar hamda istiqboldagi rejalar haqida maʼlumot berib oʻtdi.