Inson oʻz ehtiyoji uchun turli obyektlar barpo etish, mahsulotlar ishlab chiqarish, oziq-ovqat, energetika, suv hamda xomashyo manbalaridan foydalanish jarayonida tabiatga muayyan darajada salbiy taʼsir koʻrsatadi. Bu taʼsir, masalan, “uglerod izi” yoki “suv izi” kabi koʻrsatkichlar orqali aniqlanadigan “ekologik iz” sifatida namoyon boʻladi. Afsuski, bu koʻp hollarda tabiat va atrof-muhit uchun zararli oqibatlar keltirib chiqaradi.
Mazkur zararni kamaytirish uchun iqtisodiy faoliyatni mutanosib va barqaror rivojlantirish talab etiladi. Bunda qayta tiklanuvchi energetika manbalariga eʼtibor qaratgan holda energiya ishlab chiqarishni ekologik jihatdan samarali yoʻlga qoʻyish, suv hamda yer resurslaridan oqilona foydalanish, chiqindini qayta ishlash infratuzilmasini rivojlantirish, shuningdek, tabiatni tiklash va muhofaza qilish strategiyalarini ishlab chiqish katta ahamiyat kasb etadi. Ayni shu yoʻnalishda iqtisodiy jarayonlar “yashil” iqtisodiyot modeli asosida takomillashtirilishi kerak. Yaʼni iqtisodiyot nafaqat iqtisodiy oʻsishni nazarda tutish, balki iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq muammolarni yengillashtirish, tabiiy resurslarning uzoq muddatli barqarorligini taʼminlash, sayyoramizdagi ekologik muvozanatni saqlashni ham maqsad qilib olishi lozim. Bu esa jamiyat, iqtisodiyot va ekologiya manfaatlarini yaxlit holda koʻrib chiqib, ularni uygʻunlashtirishni talab etadi.
2025-yil yurtimizda Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili deb eʼlon qilindi. Oʻrta va uzoq muddatda iqtisodiyotni “yashillashtirish”, resurslardan samarali foydalanishga qaratilgan muhim islohotlar bir necha yil avval boshlangan edi. Xususan, 2019-yilda Oʻzbekiston Barqaror rivojlanish maqsadlarini qabul qildi. 2021-yil avgustida 100 megavatt quvvatga ega quyosh elektr stansiyasi ishga tushirildi.
“Yashil” iqtisodiyotga oʻtish choralarini muvofiqlashtirish boʻyicha idoralararo kengash tashkil etildi. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida har yili kamida 200 million tup daraxt ekilmoqda. 2023-yil iyunida 500 megavatt quvvatli shamol elektr stansiyasi qurilishi boshlandi va shu oydan boshlab mahsulotlar ishlab chiqarishda ekologiya hamda atrof-muhitga taʼsirni cheklash boʻyicha talablar asosida “yashil sertifikat”lar tizimi joriy etildi. Sentyabrda davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi ushbu nufuzli xalqaro tashkilotning Barqaror rivojlanish maqsadlariga uygʻun ekanini taʼkidlab, bu yoʻnalishda taklif va mulohazalarini bildirdi. Shuningdek, iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida resurslarni tejashga qaratilgan yana koʻplab samarali chora-tadbirlar koʻrib kelinmoqda.
QUYOSH ENERGIYASINING OʻRNI
“Yashil” iqtisodiyotga oʻtishdagi muhim vazifalar qatoriga iqtisodiyotning energiya samaradorligini oshirish va tabiiy resurslarni oqilona isteʼmol qilish ham kiradi.
Qayta tiklanuvchi, “yashil”, muqobil energetika degan atamalar quyosh, shamol, gidro energetika manbalari bilan yonma-yon qoʻllanadi. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, quyosh “yashil” energiya asosidir. Yurtimizda yilning 320 kuni quyoshli. Hisob-kitoblarga koʻra, mana shunday oftobli kunlar quyosh stansiyalarini qurish orqali 600 milliarddan ortiq kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini beradi.
2019-2030-yillarga moʻljallangan “yashil” iqtisodiyotga oʻtish strategiyasiga muvofiq, 2030-yilgacha Oʻzbekistonda issiqxona gazining yalpi ichki mahsulot birligiga nisbatan solishtirma ajratmasini 2010-yildagi darajadan 35 foiz kamaytirish rejalashtirilgan. Shuningdek, qayta tiklanuvchi energetika manbalari ulushini elektr energiyasi ishlab chiqarish umumiy hajmining 30 foizidan koʻproqqa yetkazish maqsad qilingan. Mazkur strategiya doirasida quyosh energiyasidan foydalanish 7 gigavattgacha, shamol energiyasidan esa 5 gigavattgacha oshirilishi kutilmoqda. Bu 39,8 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini berib, atmosferaga 15,9 million tonna issiqxona gazi chiqishini va tabiiy gaz sarfini sezilarli darajada kamaytiradi.
Ushbu maqsadlarga erishish uchun sohada yuqori malakali kadrlar tayyorlash masalasi birinchi galdagi vazifalar sirasiga kiradi. Boisi, yurtimizda quyosh energetikasi sohasida yuqori salohiyatga ega mutaxassislar yetishmovchiligi muammosi mavjud.
“Development of the targeted Educational program for Bachelors in Solar Energy in Uzbekistan” (DEBSEUz) loyihasi ana shu masalani hal qilishga qaratilgan tashabbuslardan. Loyiha Yevropa Ittifoqining Erasmus+ dasturi doirasida “Oliy taʼlim potensialini oshirish” yoʻnalishida 2023-yilda oʻtkazilgan xalqaro tanlovda gʻolib deb topilgan. U Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti, Italiyaning Turin politexnika universiteti, Evora universiteti (Portugaliya), Madrid politexnika universiteti “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti, Jizzax politexnika instituti, Fargʻona politexnika instituti, Andijon davlat universiteti, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamkorligida amalga oshirib kelinmoqda.
Yevropa komissiyasi tomonidan moliyalashtirilayotgan ushbu loyiha yakunida akkreditatsiyadan oʻtgan 3 ta oliy taʼlim muassasasida quyosh energiyasi tizimlari boʻyicha bakalavriat yoʻnalishi tashkil etiladi. Natijada quyosh energiyasi tizimlari va komponentlarini oʻrnatish, boshqarish, ekspluatatsiya qilish va texnik xizmat koʻrsatish boʻyicha yuqori salohiyatga ega mutaxassislar bilan taʼminlagan holda davlatimizning “yashil” iqtisodiyotga oʻtish surʼatini oshirishga ulkan hissa qoʻshadi.
ISSIQXONA GAZINI KAMAYTIRISH VA TRANSPORT TIZIMINI RIVOJLANTIRISH
“Yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish yoʻnalishlari orasida “yashil” transport katta ahamiyat kasb etadi. Chunki transport tizimi atrof-muhitga jiddiy salbiy taʼsir koʻrsatishi, oqibatda inson salomatligiga katta xavf tugʻdirishi mumkin. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) maʼlumotiga koʻra, havo ifloslanishi har yili 7 milliongacha insonning erta oʻlimiga sabab boʻladi. Jahon energiyasi isteʼmoli va issiqxona gazining 20-25 foizi bevosita transportlar hissasiga toʻgʻri keladi. Oʻzbekistonda ham avtotransport atrof-muhitga jiddiy taʼsir koʻrsatmoqda. Statistik maʼlumotlarga koʻra, Toshkent shahri atmosferaga avtotransportlar chiqarayotgan zararli tashlamalar borasida yetakchi boʻlib turibdi.
Shu kabi muammolar barqaror transport tamoyillarini joriy etishni dolzarb vazifaga aylantirdi. Yurtimizda barqaror transport tizimini rivojlantirish maqsadida qator amaliy ishlar qilinmoqda. Xususan, Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti Toshkent davlat transport universiteti, Toshkent kimyo xalqaro universiteti va Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetining Jizzax filiali bilan birgalikda Yevropa Ittifoqining Erasmus+ dasturi doirasida “Sphere” loyihasini boshladi. Ushbu loyihaga asosan, barqaror transport tizimlari yoʻnalishida taʼlim va tadqiqotni rivojlantirishga qaratilgan. Uning doirasida Oʻzbekistondan ishtirok etayotgan oliy taʼlim muassasalarida barqaror transport tizimlari bakalavriat taʼlim yoʻnalishini tashkil etish rejalashtirilgan. Innovatsion va yangi texnologiyalardan foydalangan kompleks oʻquv dasturlari ishlab chiqish orqali Yevropa Ittifoqining ilgʻor tajribalarini Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalariga joriy etish belgilangan. 2024-2027-yillarga rejalashtirilgan loyiha doirasida 2024-yil martida Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida dastlabki uchrashuv boʻlib oʻtdi. Sloveniya, Gretsiya va Ispaniyada oʻtkazilgan trening va yigʻilishlar doirasida barqaror transport sohasida yangi bilim hamda tajribalar oʻrganildi. Muhimi, tahlillar natijasida 70 dan ortiq yangi fan dasturi ishlab chiqila boshladi.
Inson faoliyatining barcha turi biomuhitning oʻzgarishiga olib kelmoqda. Ushbu oʻzgarishlarning yoʻnalishi va miqyosini “ekologik inqiroz” sifatida baholash mumkin. Mana shunday salbiy taʼsirni kamaytirish uchun ham “yashil” iqtisodiyotga oʻtish nihoyatda zarur.
Davlatimiz rahbarining 2022-yil 2-dekabrdagi “2030-yilgacha Oʻzbekiston Respublikasining «yashil” iqtisodiyotga oʻtishiga qaratilgan islohotlar samaradorligini oshirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti tomonidan “Foydalanishdan chiqarilgan «Mersedes-Bens Konekto” rusumli dizel avtobuslarni elektrifikatsiya qilish orqali elektrobus prototipini yaratish» amaliy loyihasi yoʻlga qoʻyilgan. Loyiha Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan moliyalashtirilgan.
Loyiha iqtisodiy oʻsish va ijtimoiy rivojlanishni taʼminlaydigan ilmiy hamda texnologik zaxiralarni shakllantirish bilan uzviy bogʻliq. Hozir neft mahsulotlari zaxirasi kamayishi narx oshishiga sabab boʻlmoqda. Bu esa, oʻz navbatida, shahar transport tizimida yoʻlovchilarni tashish tannarxi qimmatlashishiga ham olib keladi. Shahar transport tizimida harakatlanuvchi avtobuslarni elektrlashtirish bir qancha muammolar yechimini beradi. Avvalo, neft mahsulotlariga talab kamayadi. Shuningdek, atmosferaga chiqindi gaz tashlanishining oldi olinib, shahar ekologiyasi yaxshilanadi.
Yana bir ahamiyatli jihati, uzoq yillar yurtimizga import qilingan “Mersedes-Bens Konekto” rusumli avtobuslar dizel dvigateli bilan jihozlangan va hozir ular oʻz vazifasini oʻtab boʻlgan. Lekin avtobusning boshqa qismlari, shassisi yaroqli holatda. Loyiha doirasida zavod tomonidan oʻrnatilgan dvigatellarni elektr dvigatellarga almashtirish orqali avtobuslarning ishlash muddati oshiriladi. Bu esa resurslardan yanada samarali foydalanish, xarajatlarni kamaytirish va umumiy iqtisodiy samaradorlikni oshirish demakdir. Aynan mana shular “yashil” iqtisodiyotning muhim talablaridan. Loyiha shaharlardagi ekologik vaziyatni yaxshilash va yoʻlovchilarga qulaylikni oshirish imkonini beruvchi ekologik toza hamda samarali transport vositasi yaratishga xizmat qiladi.
EKOLOGIK TOZA MAHSULOTLARNING BOZORI CHAQQON
Anʼanaviy avtomobillar benzin va gaz kabi yonilgʻi bilan ishlaydi. Bu global isish va ekologik muammolarga olib keladi. Ekomobillar esa energiya tejash bilan birga chiqindi gaz hajmini sezilarli darajada kamaytiradigan innovatsion yechimdir. Maʼlumotlarga koʻra, jahondagi ekologik toza uskunalar bozori har yili oʻrtacha 30 foiz, jahon yalpi ichki mahsulotiga qoʻshayotgan hissasi 6-7 foiz ortayotgani kuzatilmoqda.
Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti “Ecomobile Group” kompaniyasi bilan hamkorlikda ushbu global tendensiyalarga toʻliq mos keluvchi, “yashil” energiyadan foydalangan holda ekologik toza transport vositalarini ishlab chiqarishga yoʻnaltirilgan ekomobil loyihasini amalga oshirmoqda. Bundan koʻzlangan maqsad nafaqat avtomobillar atmosferaga chiqaradigan zararli gazni kamaytirish, balki energiya resurslaridan samarali foydalanishni taʼminlashdan iborat. Loyiha doirasida 2026-yilda yiliga 100 ming dona ekologik toza energiya manbalaridan foydalanuvchi samarador va tejamkor elektromobil ishlab chiqarish quvvatiga ega zavod ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, elektromobillar uchun maxsus quvvatlash va akkumulyator almashtirish stansiyalari tashkil etiladi. Bu stansiyalar mazkur turdagi energiya tejamkor transport vositalarini bir necha daqiqada toʻliq quvvatlash imkonini beradi.
Loyihaning yana bir muhim yoʻnalishi — Oʻzbekistonda elektromobillarni montaj qilish sexlarini ochish va ishlab chiqarish quvvatini kengaytirishdir. Bu iqtisodiy rivojlanishni jadallashtirib, yangi ish oʻrinlarini yaratishda ham muhim.
Ekomobil loyihasi Oʻzbekistonning “yashil” iqtisodiyotga oʻtish va ekologik barqarorlikni taʼminlash yoʻlidagi muhim tashabbusidir. Elektr transport vositalarini joriy qilish va keng miqyosda ishlab chiqarish orqali mamlakatimiz energiya resurslarini tejash hamda atrof-muhitni muhofaza qilishga sezilarli hissa qoʻshish mumkin. Ushbu loyiha nafaqat Oʻzbekiston, balki butun mintaqa uchun barqaror transport yechimlarini taqdim etadi.
Insoniyatning iqtisodiy faoliyati tabiatga taʼsir etib, koʻplab ekologik muammolarga olib keladi. Bu muammolarni bartaraf etish uchun esa “yashil” iqtisodiyotga oʻtish zarur. Mazkur iqtisodiyot modeli tabiat bilan hamohanglikni saqlagan holda barqaror rivojlanishni taʼminlashga qaratilgan.
Qayta tiklanuvchi energiya manbalari, jumladan, quyosh energiyasidan foydalanish, suv va yer resurslarini oqilona boshqarish, chiqindilarni qayta ishlash hamda ekologik transport tizimlarini joriy etish orqali iqtisodiyotni rivojlantirish imkoniyati yaratiladi.
Oʻzbekistondagi “DEBSEUz” va “Sphere” kabi loyihalar quyosh energiyasi va barqaror transport tizimlarini rivojlantirish orqali yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Bu tashabbuslar tufayli elektromobillar va elektrlashtirilgan avtobuslar kabi ekologik toza texnologiyalar keng joriy etiladi.
Tabiat bilan hamohang iqtisodiy faoliyat tabiatning saqlanishini taʼminlaydi. Mana shu taʼminot sababli ham “yashil” iqtisodiyotga oʻtish jarayoni bugun eng muhim ijtimoiy va iqtisodiy muammolarni hal qilishga qaratilgan ilgʻor tashabbus sifatida qoʻllab-quvvatlanmoqda. Bu saʼy-harakatlar esa, albatta, natijasini beradi.
Olimjon TOʻYCHIYEV,
texnika fanlari doktori