Shu sababli nonning bitta ushog'i yerga tushsa, olib ko'zimizga surtamiz. Asosiysi, nonni ham, boshqa barcha qadri oltindan ziyoda ne'matlarni ham bizga Allohning qudratu karami bilan tabiat in'om etadi. Ayni jihat hisobga olinsa, tabiatni ko'z qorachag'imizdek asrab-avaylashimiz kerakligi, ekologiya va atrof-muhit muhofaza qilish masalasi dunyo siqyosida nechog'lik dolzarb global masala ekanligi oydinlashadi.
Bugungi kunda yurtimizda ham ekologiyani asrash, uning insoniyat uchun hayot-mamot masalasi ekanligini yurtdoshlarimizning ongu shuuriga singdirish maqsadida bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Toshkent viloyati ekologiya boshqarmasi inspektorlari tomonidan viloyatning 22 ta tuman va shahar hududlarida fuqarolarga belgilanmagan joylarga chiqindi tashlamaslik va uni yoqmaslik to'g'risida tushuntirish ishlari muntazam ravishda olib borilmoqda.
Biroq, shunga qaramay, o'tkazilayotgan ekologik nazorat tadbirlari davomida fuqarolar tomonidan belgilanmagan joylarga chiqindi tashlash bilan bog'liq huquqbuzarliklar aniqlanmoqda. Tahlillarga ko'ra, 2024 yilning shu davriga qadar chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlash bilan bog'liq 2 699 ta huquqbuzarlik aniqlanib, ularga nisbatan O'zbekiston Respublikasi Ma'muriy Javobgarlik to'g'risidagi Kodeksning tegishli moddalariga asosan ma'muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan va jarima choralari ko'rilgan.
Shuningdek, 2024-yilning o'tgan davri mobaynida chiqindilarni yoqish bilan bog'liq 1806 ta huquqbuzarlik holatlari aniqlanib, jarima choralari ko'rilgan. Ushbu holatlardan yetarlicha xulosa olmagan 2 nafar huquqbuzarga nisbatan esa qat'iy jazo chorasi qo'llanilgan.
Suhbatimiz davomida Toshkent viloyati ekologiya boshqarmasi matbuot xizmati rahbari fuqarolarning ba'zan aytishga uyaladigan darajada chiqinlarni yo'l chetlariga, ya'ni, jamoat joylariga tashlayotganligini aytganda, rosti ko'nglimiz xira bo'ldi.
– Fuqarolardan belgilanmagan joylarga chiqindi tashlamasliklarini va uni yoqmasliklarini so'raymiz. Zero, bu kabi huquqbuzarliklar uchun qonunda tegishli tartibda chora ko'rilishini eslatib o'tamiz, – deydi Toshkent viloyati ekologiya boshqarmasi matbuot xizmati rahbari Lobar Jalilova.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-sentabrdagi “Maishiy va qurilish chiqindilari bilan bog'liq ishlarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi 4845-sonli qarorida hududlarda sanitar tozalash xizmatlarini davlat-xususiy sherikchilik loyihasi asosida xususiy sektorlarga biriktirish vazifasi belgilangan.
Mazkur qaror ijrosini ta'minlash maqsadida Toshkent viloyatidagi 9 ta tuman va shaharlar tegishli tartibda investitsiya kiritish majburiyati bilan davlat-xususiy sherikchilik loyihalari asosida xususiy korxonalarga biriktirilgan.
Bundan tashqari Toshkent viloyatining Bekobod va Ohangaron shaharlarida sanitar tozalash tegishli belgilangan tartibda muqobil xizmat ko'rsatuvchi korxonalarga biriktirilgan.
– Hozirgi kunda Toshkent viloyatidagi shahar va tumanlarda 3 ta davlat-xususiy sherikchilik, 14 ta alternativ korxonalar hamda “Toza hudud” DUK filiali tomonidan sanitar tozalash xizmatlari amalga oshirilmoqda. Xizmatlarning qamrov darajasi 89 foizni tashkil etadi. Toshkent viloyati hududida 34 ta maishiy chiqindilarni qayta ishlovchi korxonalar mavjud bo'lib, ular tomonidan 2024-yil 3-chorak holatiga 65 814 tonna maishiy chiqindilar qayta ishlangan, – deydi Lobar Jalilova.
O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 2-oktabrdagi “Maishiy chiqindilar bilan bog'liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi ishlar samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi 787-sonli qarori ijrosini taminlash maqsadida korxona va tashkilotlarga hududida chiqindi qutilari o'rnatishi lozimligi to'g'risida 1 655 ta majburiy ko'rsatma xatlari tarqatilib, hozirgi kunda 1 385 dona chiqindi qutilari o'rnatilgan.
Xulosa o'rnida aytish joizki, ekologiya va atrof-muhitni o'z uyimizdek muhofaza qilishni kundalik burchimizga aylantirishimiz zarur. Ayniqsa, yoshi ulug'larimizdan o'z o'gitlari, pand-nasihatlari bilan yosh avlodga bu borada tushunchalar berishini so'ragan bo'lar edik.
Zulxumor AKBAROVA