Davlat xizmatlari agentligi tomonidan aholiga qulayliklar yaratish, ularni qiynab kelayotgan muammo va masalalariga ijobiy yechim topish yoʻlida tinim bilmay ishlanishlar olib bormoqda.

Fuqarolar tomonidan farzandini bolalar bogʻchasiga joylashtirish, kadastr pasportini shakllantirish, sudlanganlik yoki sudlanmaganlik haqida maʼlumot olish va shunga oʻxshash davlat xizmatlar ekspress tarzida ham koʻrsatiladi.

Mazkur xizmat turlariga maxsus blanka rasmiylashtirish talab etilmaydigan davlat xizmatlari, davlat xizmatlarini koʻrsatish uchun hujjatlarni qabul qilish, davlat xizmatlarini koʻrsatish natijasiga koʻra tayyorlangan hujjatlarni murojaat etuvchi koʻrsatgan manzilga yetkazib berish kabilar kiradi.

Murojaat etuvchi ekspress-xizmatdan barcha shaklda foydalanishi yoki ulardan birini tanlashi mumkin. Bu haqda Sizga markaz xodimi xizmatdan foydalanayotgan paytingizda maʼlumot berib oʻtadi.

Namangan viloyati Norin tumanida oʻz faoliyatini boshlagan “Norin globex avto-trans” masʼuliyati cheklangan jamiyati davlat xizmatlarida koʻp foydalanadi. Mazkur koʻp tarmoqli korxona transport xizmati, 20 oʻrinli mehmonxona va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini saqlash uchun 500 tonna sigʻimidagi muzlatgich tashkil etishni rejalashtirilgan. Hozirda qurilish ishlari nihoyasiga yetkazilmoqda. Tadbirkor bu gal yangi qurilgan bino inshootlarni kadastr pasportini shakllantirish boʻyicha ariza bilan murojaat qilgan. Uning arizasi qabul qilinib, natijasini ekspress-xizmat tarzida yetkazilishi mumkinligi tushuntirilganda, tadbirkor yaratilgan imkoniyatdan foydalanishini taʼkidlab oʻtgan. Kadastr pasporti tayyor boʻlgach, markaz xodimlari uni aytilgan manzilga yetkazdilar.

— Avvallari mazkur xizmat haqida eshitgan edim, lekin foydalanib koʻrmagan ekanman, — deydi tashkilot taʼsischisi Komiljon Sattorov. — Biz tadbirkorlarga ancha qulay xizmat ekan. Markazga borib ariza bergan edim, qisqa fursatda natijasini olib kelib berishdi.

Davlat xizmatlari markazlarida koʻrsatilayotgan xizmatlarning deyarli barchasini masofadan turib ham amalga oshirish imkoni mavjud. Bu markazga kelish uchun vaqt topa olmayotgan fuqarolar uchun ayni muddaodir.

Ana shunday fuqarolardan biri Husniddin Alijonovdir. U tuman Xalq bankida faoliyat olib boradi. U ham davlat xizmatlaridan foydalanish uchun vaqt topa olmaydi. Shu bois ham u ekspress-xizmatdan foydalandi. Uning qilgan murojaatini markaz xodimlari tomonidan qanoatlantirildi va natijasi oʻzi faoliyat olib borayotgan joyga yetkazib berildi.

Ekspress-xizmatlar nogironligi boʻlgan shaxslar va borish qiyin boʻlgan tumanlar aholisiga Davlat xizmatlari agentligining hududiy boshqarmalari tomonidan belgilangan jadvalga asosan bepul koʻrsatiladi. Davlat xizmatlarini koʻrsatish natijasiga koʻra tayyorlangan hujjatlarni murojaat etuvchi koʻrsatgan manzilga yetkazib berish murojaat etuvchining ixtiyoriy tanloviga asosan tezkor va boshqa pochta xizmatlari orqali ham amalga oshirilishi mumkin.

Ilyosbek Pardaboyev,

Namangan viloyati, Norin tumani DXM direktori