endi O'zbekistonda ham uchuvchilar maktabi bo'ladi

    25 nafar talaba dastlab universitetimizda tahsil oladi. Ikki yillik tahsil va tibbiy ko'rik xulosalariga ko'ra, 20 nafari Frantsiyada ta'limni davom ettirishi uchun Fuqaro aviatsiyasi milliy maktabiga yuboriladi.

    O'zbekistonning ochiqlik va shaffoflikka, xorijiy mamlakatlar bilan samimiy va konstruktiv muloqotga asoslangan tashqi siyosati transport diplomatiyasi orqali takomillashib, yangicha mazmun bilan boyimoqda. Xalqaro munosabatlardagi do'stona kayfiyat yurtimizni hamkor davlatlar bilan bog'lovchi transport yo'lagini, tizimli logistika tarmog'ini ishga tushirishni talab etadi. Bu jarayonda sifatli aviatsiya qatnovini tashkil etish ham muhim o'rin tutadi.

    Bugun bir haqiqatni baralla aytsak bo'ladi. SHu paytgacha O'zbekistonda aviatsiya maktabi bo'lmagan. Aviatsiya fakul`teti bor edi, lekin unda uchuvchilar emas, faqat texnik xizmat ko'rsatuvchi mutaxassislar tayyorlangan. Murakkab paytlarda mamlakatimizda uchuvchi etishmasligi bois chet eldan mutaxassis chaqirtirilgan. Vaholanki uchuvchilarning oyligi juda yaxshi. Besh-o'n ming AQSH dollari atrofida maosh oladi.

    Oldin saralangan mutaxassislar uchuvchilikka o'qish uchun Rossiyaning Sankt-Peterburg shahriga yuborilgan. Har bir uchuvchining ta'limi uchun 25 ming dollardan 100 ming dollargacha mablag' sarflangan. Biroq ular ham yurtimizga kichik hajmli samolyotlar uchuvchisi bo'lib qaytib kelgan. Keyin xalqaro toifa olishi uchun boshqatdan aviakompaniyaning O'quv-trenajyorlik markaziga yuborilgan.

    Davlatimiz rahbarining shu yil 30 apreldagi “Fuqaro aviatsiyasi korxonalarini transformatsiya qilish va qo'llab-quvvatlash chora-tadbirlari to'g'risida”gi qaroriga muvofiq Frantsiya Fuqaro aviatsiyasi milliy maktabi (ENAC) bilan birgalikda Toshkent davlat transport universiteti tarkibida Fuqaro aviatsiyasi uchuvchilarini tayyorlash maktabining tashkil etilishi yurtimizda milliy uchuvchilarni tayyorlash imkoni beradi.

    Frantsiyaning Fuqaro aviatsiyasi milliy maktabi aviatsiya sohasi muhandislarini tayyorlovchi oliy maktabi sifatida 1949 yildan beri faoliyat olib boradi. Asosiy bazasi Frantsiyaning Tuluza shahrida joylashgan. 2011 yil 1 yanvaridan Evropada aviatsiya sohasi bo'yicha eng yirik aviatsiya ta'lim muassasasi bo'lib kelmoqda.

    Muloqotimiz O'zbekistonning Frantsiyadagi elchixonasi orqali boshlangan. Pandemiya tufayli o'tgan yili bir necha bor onlayn uchrashuvlar o'tkazildi. Hamkorlik to'g'risidagi memorandum ham onlayn tarzda imzolandi. SHeriklik doirasida talabalar almashinuvi, o'qituvchilarning malakasini oshirish, ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlash nazarda tutildi.

    Bu muassasa bilan hamkorlik o'rnatish orqali Evropaning, qolaversa, dunyoning etakchi oliy ta'lim muassasalari bilan aloqani yo'lga qo'yamiz. Aviatsiya sohasidagi ilg'or ta'lim texnologiyalarini universitetimiz ta'lim jarayoniga olib kirish, kelgusida bitiruvchilarimizga dunyodagi nufuzli aviakompaniyalarda faoliyat yuritish imkoniyatini yaratib beramiz. SHu yo'nalishda ta'lim berayotgan pedagoglarning malakasini oshirish, yosh mutaxassislarimizni stajirovkalarga yuborib, ilmiy salohiyatini oshirishga erishamiz.

    Frantsiya fuqaro aviatsiya milliy maktabi zamonaviy uskunalar va samolyot trenajyorlari bilan jihozlangan. Bu degani hamkorlikda o'qitiladigan fuqaro aviatsiyasi uchuvchilari zamonaviy o'quv trenajyorlaridan foydalanib ta'lim oladi va dunyoda tan olinadigan uchuvchilik litsenziyalariga ega bo'ladi.

    O'quv jarayoni “2+2” tizimi asosida olib boriladi. Birinchi va ikkinchi o'quv yili Toshkent davlat transport universitetida olib boriladi. Ta'lim jarayoniga universitetimizning etakchi o'qituvchilari hamda havo kemalari instruktor-uchuvchilari jalb qilinadi. Talabalar uchinchi va to'rtinchi o'quv yilini Frantsiyaning Fuqaro aviatsiyasi milliy maktabida o'taydi.

    Dastlabki jarayonda talabalar bitta — “Havo kemalarining parvoz ekspluatatsiyasi” ta'lim yo'nalishi bo'yicha tahsil oladi. Unga qabul kvotasi 25 ta etib belgilangan. O'quv jarayoni ingliz tilida olib borilishi sababli abiturientlar chet tilini bilish darajasi to'g'risidagi xalqaro sertifikatni taqdim etadi. So'ngra talabgorlar maxsus nizom bo'yicha tibbiy ko'rikdan va kasbiy layoqatlilik bo'yicha suhbatdan o'tadi. Bu jarayondan muvaffaqiyatli o'tgan abiturientlar test sinovlariga kiritiladi. 25 nafar talaba dastlab universitetimizda tahsil oladi. Ikki yillik tahsil va tibbiy ko'rik xulosalariga ko'ra, 20 nafari Frantsiyada ta'limni davom ettirishi uchun Fuqaro aviatsiyasi milliy maktabiga yuboriladi. Tanlovdan o'tolmagan talabalar hududiy aviakompaniyalar uchun tayyorlanadi.

    O'quv jarayoni nazariy va amaliy qismlardan iborat bo'ladi. Har bir bosqichda nazariy bilimlar amaliy mashg'ulotlarda mustahkamlab boriladi. Jarayon komp`yuter trenajyorlari, samolyot trenajyorlari hamda to'liq parvoz simulyatorlarida, shuningdek, o'quv samolyotlarida o'tkaziladi. Bu esa bitiruvchilarning bevosita kasbiy faoliyatga tez kirishib ketishiga muhim omil bo'lib xizmat qiladi.

    Ta'lim faoliyatiga o'z fanini mukammal bilgan o'qituvchilar jalb qilinadi. O'quv jarayoni ingliz tilida tashkil etilishini aytib o'tdik. Demak, pedagoglarimiz ham chet tilini etarli darajada bilishi shart.

    Hozir fuqaro aviatsiyasi uchuvchilari muhandislik ixtisosligiga ega bo'lishi talab etiladi. CHunki bortdagi murakkab uskunalardan foydalanish uchun nafaqat nazariy, balki amaliy ko'nikmalar ham zarur. Amaliy mashg'ulotlar o'quv yilining dastlabki ikki yilida Toshkent davlat transport universitetida tashkil etiladi. SHu bois oldimizda yangi ta'lim yo'nalishi uchun talab qilinadigan jihozlarni xarid qilish va o'rnatish masalasi turibdi.

    Ta'lim jarayonining keyingi ikki yilidagi amaliy mashg'ulotlar, jumladan, trenajyor tayyorgarligi, o'quv parvozlari Frantsiyaning turli shaharlarida joylashgan o'quv markazlarida olib boriladi. Fuqaro aviatsiyasi milliy maktabi zamonaviy samolyotlar trenajyorlari bilan jihozlangan. Mashg'ulotlarni malakali uchuvchi-instruktorlar olib boradi. Talabalarimiz o'quv parvozlarini Diamond DA 40, DA 42, Beech 58, Airbus A320 samolyotlarida amalga oshiradi.

    Xulosa qilib aytganda, davlatimiz rahbarining mazkur qarori O'zbekiston dunyoga yuz tutib, xalqaro aloqalarni yanada kengaytirayotgan ayni kunlarda milliy aviatsiyamiz rivoji uchun o'ta muhim ahamiyat kasb etadi. CHunki uzoq-yaqin davlatlar bilan munosabatlarda uzog'imizni yaqin, og'irimizni engil qiladigan samolyotlardan foydalanamiz. Ularni boshqarish uchun esa milliy kadrlarga talab har qachongidan yuqori.

    Odil ABDURAHMONOV,

    Toshkent davlat transport universiteti rektori