Muhandislik kelajagi: muammolarga barham bermay, yutuqlar haqida oʻylash xato

    Muhandislik taʼlimida yigʻilib qolgan muammolarni hal qilish va oʻquv jarayonini tashkil etishning innovatsion shakllarini izlash bugungi oliy taʼlim boshqaruvidagi dolzarb masaladir.

    Demak, texnika oliy oʻquv yurtlarida professor-oʻqituvchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash mazmuni yangilanmoqda. Oliy taʼlim tizimini shu jihatdan isloh qilishda kafedralar faoliyati alohida oʻrin tutadi. Kafedra mudiri maqomi, professor-oʻqituvchilar tarkibini shakllantirish tamoyillari bilan bogʻliq qator masalalar ham bu jarayonda muhim.

    Muhandislik — texnik taʼlimning asosiy muammosi

    Iqtisodiyot va sanoatning yuqori texnologiyali tarmoqlari uchun kadrlar tayyorlashning anʼanaviy usullari, yaʼni oliy oʻquv yurtlari bitiruvchilariga qoʻyiladigan talablar uzoq vaqtdan beri qondirilmay kelmoqda. Bu nomuvofiqlik, ayniqsa, davlat taʼlim standartlarida belgilangan qoida va yondashuvlar, Oʻzbekistonning koʻplab oliy oʻquv yurtlarida faoliyat yuritayotgan muhandis kadrlar tayyorlash tizimlarini solishtirganda koʻzga yaqqol tashlanadi. Mamlakatimizda oliy taʼlimning ishlab chiqarish va biznes voqeligidan orqada qolishi, bitiruvchilarning kompetensiyalari koʻp hollarda ish beruvchilarning kutganiga va alohida korxonalarda texnosferaning rivojlanish darajasiga mos kelmasligiga olib keldi, yaʼni muhandis kadrlar tayyorlash sanoat talablariga javob bermay qoldi.

    Oliy taʼlim tashkiloti bitiruvchisi yetarli amaliy tajribaga ega emas, ammo ish beruvchiga tajribali mutaxassis kerak. Bitiruvchida kasbiy mahorat yoʻqligi unga oʻzini muhandis sifatida anglash imkoniyatini bermaydi. Diplom olgandan soʻng esa eng yaxshi holatda u oʻrtacha korxona va lavozimda ish boshlaydi, yaʼni yarim professionallar qatoriga qoʻshiladi. Ushbu nomuvofiqliklar oliy taʼlim tashkilotlari bitiruvchilari va potensial ish beruvchilar uchun koʻplab muammolarni keltirib chiqaradi. Talabalar oʻqish davrida sanoat korxonalarida oʻquv ekskursiyalari shaklida yuzaki amaliyot oʻtaydi. Ishlab chiqarish amaliyoti odatda qisqa muddatli boʻladi. Shuning uchun ularning oʻz mutaxassisligi boʻyicha ish haqida aniq tushunchaga ega boʻlishga vaqti yoʻq. Aslida, kelajakda muhandislikka oid qanday muammolarni hal qilishi kerakligini bilmaydi.

    Amaliyotchilarni taʼlim jarayoniga jalb qilish bugun juda murakkab va amaliy hal etilmaydigan muammodir. Bu ularning ish bilan taʼminlangani, shuningdek, oliy taʼlim tashkilotidagi maosh yetarli emasligi bilan bogʻliq. Oʻqituvchilik va ishlab chiqarish faoliyatini birlashtirgan, oʻz kasbining fidoyisi boʻlgan mutaxassislar barcha jamoada mavjud. Lekin amaliy tajriba boʻlmasa, talabalar koʻnikma va malakani toʻliq egallay olmaydi. Natijada bitiruvchi malakaviy dissertatsiyasini yoqlab, oliy taʼlim tashkiloti devorlari ichida oʻrgangan nazariy bilimlarini ishlab chiqarishda qoʻllay boshlaydi. Bu yerda u birinchi marta loyihasi shunchaki ajoyib rasm emas, balki haqiqiy obyekt ekanini anglaydi.

    Kasbiy muhit bilan aloqa, aslida, korxonalarning tegishli boʻlinmalarida mashgʻulotlar orqali amalga oshirilishi kerak. Bu jarayonda talabalar amaliyotchilar bilan oʻzaro muloqotda boʻlib, muayyan muammolarni hal qilishda tajriba orttiradi. Amaliy mashgʻulotlar davomida talaba mustaqil ravishda nazariy bilim egallaydi. Oʻrganganini malaka hamda amaliy koʻnikmalar bilan uygʻunlashtiradi. Oʻz navbatida, kasbi boʻyicha qoʻshimcha maʼlumotlar olish va aniq maqsadlarni shakllantirishda potensial kompaniya va tashkilotlar vakili boʻlgan boʻlgʻusi ish beruvchilarning maʼlumotlar bazasiga kirishi mumkin.

    Ixtisoslashgan (bitiruv) kafedraning talabalar amaliyotini oʻtashi uchun masʼul xodimi odatda ishlab chiqarish bilan chambarchas bogʻliq tajribali oʻqituvchi hisoblanadi. Ushbu yoʻnalishda kafedra ish rejasini tuzish, amaliyot va monitoring uchun individual topshiriqlar ishlab chiqish uning vazifasiga kiradi. Kafedraning ishlab chiqarish bilan muntazam aloqasi ishlab chiqarish amaliyoti samaradorligini sezilarli darajada oshiradi. Oliy taʼlimni isloh qilishda bitiruvchi kafedraning toʻplagan salohiyatini yoʻqotmaslik muhim ahamiyatga ega.

    Kafedra mudiriga qanday talablar qoʻyiladi?

    Kafedra oliy taʼlim muassasasining asosiy oʻzak boʻlinmasi boʻlib, bitiruvchilarni tayyorlash sifati va raqobatbardoshligi shu boʻlinma faoliyatiga bogʻliq. Shu bilan birga, kafedra faoliyatining samaradorligi koʻp jihatdan kafedra mudirining individual fazilatlari, qobiliyati, shuningdek, mudirning shaxsiy natijalari bilan belgilanadi. Kafedraning zamonaviy mudiri ilmiy tadqiqot ishlari bilan shaxsan shugʻullanishi, professor-oʻqituvchilar va talabalarning ilmiy tadqiqot ishlariga rahbarlik qilishi, mutaxassislarni oʻqitiladigan fanlarning oʻquv-uslubiy va moddiy-texnik taʼminotini muntazam takomillashtirishga undashi zarur. Yangi taʼlim dasturlarini ishlab chiqish elektron darsliklar, masofaviy taʼlim texnologiyalari, eksperimental va innovatsion faoliyat usullaridan foydalanish bilan davom etishi kerak. Professor-oʻqituvchilar malakasini oshirish kursini oʻtkazayotgan kafedra mudiri zamonaviy texnika va texnologiyalarni rivojlantirish tendensiyalari hamda istiqbollarini bilmasa, bundan tashqari, oʻqitishning zamonaviy uslublari va shakllarini qoʻllamasa, ilmiy-pedagogik muhitdagi obroʻeʼtiboriga, jamoa ishining umumiy natijalariga taʼsir qiladi.

    Muhandislik-texnika oliy taʼlim tashkilotining bitiruvchi kafedrasi mudiri ilmiy darajaga, kamida dotsent ilmiy unvoniga, oʻqituvchi va tashkilotchilik qobiliyatiga ega menejer boʻlishi kerak. Bu asosan, butun kafedra ishining natijalarini belgilaydi. Bundan tashqari, kafedra mudiri mutaxassislik boʻyicha amaliy ish tajribasiga ega boʻlishi talab etiladi.

    Bitiruvchi kafedra kadrlar tayyorlash yoʻnalishi boʻyicha taʼlim dasturini ishlab chiqadi. Ushbu yoʻnalish boʻyicha oʻquv uslubiy hujjatlar toʻplamini yaratadi. Maxsus va ixtisoslashtirilgan fanlarni oʻqitadi, asosiysi, bitiruvchi talabalar uchun javobgardir. Oliy oʻquv yurtlarida bitiruvchi kafedra boshqa kafedralar orasida taʼsischining asosiy vazifalarini hal qilishga qodir kadrlar tayyorlashni taʼminlovchi sifatida alohida ajralib turadi.

    Kafedra doirasida yuqori darajadagi mutaxassislar tayyorlashda toʻliq ilmiy tadqiqot, tajriba-konstruktorlik va innovatsion faoliyat uchun bosqichma-bosqich oʻqitish amalga oshirilishi kerak. Turli darajadagi xodimlarni samarali tayyorlashga 16-18 oʻqituvchidan iborat jamoa talab qilinadi. Kichik oʻqituvchilar jamoasi, masalan, yetti-sakkiz kishi bu ishni toʻliq uddalash qiyin kechadi. Chunki ular toʻliq ilmiy va pedagogik maktab sifatida ishlay olmaydi.

    Oliy taʼlim tizimida islohotlar davom etmoqda

    Innovatsiyalar, tabiiyki, oliy taʼlim tashkilotining eskirgan anʼanalariga mos kelmaydi. Oliygoh professor-oʻqituvchilari va rahbariyatiga yangi talablar qoʻyiladi. Taʼlim islohotlari kafedraning institutsional holatiga ham tegishli. Shunga qaramay, oliy taʼlimda asosiy birlik oʻquv va ilmiy faoliyatning yacheykasi hamda ilmiy-pedagogik maktabning tayanchi sifatida kafedra boʻlib qoladi. Bitiruvchi kafedralar faoliyatidagi sifat oʻzgarishlari pirovard natijada eng yangi taʼlim texnologiyalarini qoʻllash asosida innovatsion kafedralar tashkil etilishiga olib kelishi kerak.

    Oliygohda talabalarni sifatli tayyorlashning eng muhim sharti oʻqituvchilarning zarur kasbiy malakaga ega boʻlishidir. Professor oʻqituvchining ishi murakkab kasbiy faoliyatdir. Kafedra mudiri kadrlar tayyorlash profiliga muvofiq, mutaxassislar tayyorlashda vazifalarini samarali bajara oladigan oʻqituvchilarni tanlab oladi. Professor-oʻqituvchilarni tanlashning qiyinligi shundaki, u ixtisoslashtirilgan oliy oʻquv yurtlarida talabalar orasidan amalga oshiriladi.

    Kadrlar tanlash kafedraning yangi aʼzosiga qanday masʼuliyat va vazifalar yuklanishi, uning hamkasblari bilan qanday munosabatda boʻlishini hisobga olgan holda amalga oshiriladi. Menejerning vazifasi hamfikrlar jamoasini shakllantirishdir. Bu juda qiyin vazifa boʻlib, uni hal qilish yillar davomida yoʻnaltirilgan mehnatni talab qiladi.

    Oliy taʼlimdagi innovatsion oʻzgarishlar, birinchi navbatda, oliy taʼlim tashkilot oʻqituvchilarining pedagogik malakasiga talablarni oshiradi. Ular modulli taʼlim dasturlarini ishlab chiqishga qodir boʻlishi kerak. Bakalavr va magistrlar tayyorlashning kompetensiya natijasi, faol va interaktiv oʻqitish shakllarini oʻzlashtirish, talabalar ilmiy tadqiqot, loyihalash va boshqa mustaqil faoliyatni tashkil eta olishi oʻqituvchilarga qoʻyiladigan asosiy talabdir.


    Botir USMONOV,

    texnika fanlari doktori, professor


    Maqola “YangiOʻzbekiston” gazetasining 234-sonida (2024-yil 19-noyabrchopetilgan.


    Hamkorlik materiali