Qayd etish joiz, ushbu masala mamlakatimiz parlamentida chuqur oʻrganilib, muhokama qilingan, bir qator muhim omillar mamlakatimizning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan kuzatuvchi davlat maqomida hamkorlik qilishi toʻgʻrisidagi taklif maʼqullanish uchun asos boʻlgan edi.
Darhaqiqat, YEOII mamlakatlari, eng avvalo, Oʻzbekistonning asosiy, tabiiy savdo sheriklaridir. Keyingi yillarda yurtimizning tashkilot davlatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi ikki barobar ortgani buning amaliy ifodasidir. Qolaversa, mamlakatimizning YEOIIga aʼzo davlatlar bilan energetika sohasidagi hamkorligi ayni muddao boʻlib, bu kelgusida yaxshi natijalar beradi. Chunki bu davlatlar neft, gaz qazib olish va ularni qayta ishlash boʻyicha dunyoda yetakchi hisoblanadi.
Bu haqda batafsil toʻxtaladigan boʻlsak, bugungi kunda YEOIIga aʼzo mamlakatlar yoqilgʻi-energetika komplekslari salohiyatidan samarali foydalanish imkoniyatlarini kengaytirmoqda. Shuningdek, milliy iqtisodiyotni energetika manbalarining asosiy turlari bilan taʼminlash maqsadida aʼzo davlatlar energetika sohasidagi uzoq muddatli oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirmoqda. Muvofiqlashgan energetika siyosati amalga oshirilib, energetika manbalari umumiy bozori bosqichma-bosqich shakllantirilyapti.
Energetika manbalari umumiy bozori bir qator muhim jihatlarni qamrab oladi. Chunonchi, uni tashkil etish tashabbusi, eng avvalo, YEOII yoqilgʻi-energetika kompleksi energetik xavfsizligi va ishonchliligi darajasini oshirishni, dunyo energetika bozorida uning raqobatbardoshligini oshirishni kafolatlaydi. Shuningdek, aʼzo davlatlar energetika salohiyatidan samarali foydalanish, energetika sohasida tovarlar va xizmatlar harakatlanishining erkinligini taʼminlash, energetika obyektlariga investitsiya kiritish uchun qulay muhit yaratish, elektr energiyasi, gaz, neft va neft mahsulotlariga boʻlgan ichki talabni maksimal darajada qondirishni koʻzda tutadi.
Oʻz navbatida, energetika manbalari umumiy bozorlarining shakllanishi aʼzo davlatlarning energetika manbalariga boʻlgan ehtiyojini toʻliq qondirish, halol raqobat rivojlanishini taʼminlash, energetika xavfsizligini mustahkamlash, aʼzo davlatlar energetika kompleksiga sarmoyalar jalb qilish uchun qulay sharoitlar yaratish, energetika manbalari umumiy bozorlarining texnologik va tijorat infratuzilmasi amal qilishining milliy meʼyor va qoidalarini uygʻunlashtirishga xizmat qiladi. Ayni chogʻda oʻzaro savdoda miqdor cheklovlari va chetga olib chiqishga doir bojxona toʻlovlari (ekvivalent qiymatga ega boshqa bojlar, soliq va yigʻimlar)dan foydalanmaslik, aʼzo davlatlar neft va neft mahsulotlariga oid meʼyor va standartlarni bir xillashtirish, energetika manbalari umumiy bozorlari ekologik xavfsizligi va axborot taʼminotini taʼminlashda muhim oʻrin tutadi.
Shu oʻrinda energetika manbalari umumiy bozorlarini shakllantirish dasturlari amalga oshirilgach, qanday natijalar beradi? degan tabiiy savol tugʻilishi mumkin. Qayd etish kerak, bunda, eng avvalo, aʼzo davlatlar Ittifoq doirasida tegishli xalqaro bitimlarni imzolaydi. Jumladan, ular oʻz ichiga oʻzaro savdo, birja savdolarini oʻtkazishga oid yagona qoidalar, aʼzo davlatlar hududida joylashgan elektr energiyasi, gaz transport tizimlari hamda neft va neft mahsulotlarini tashish tizimlaridan foydalanishga oid yagona qoidalarni oladi. Bu 2025-yil 1-yanvargacha kuchga kirishi lozimligini koʻrsatadi.
Binobarin, Ittifoq gaz, neft va neft mahsulotlarining umumiy bozorlari toʻgʻrisidagi xalqaro bitimlar kuchga kirgunga qadar agar aʼzo davlatlar bu borada boshqa toʻxtamga kelmasa, aʼzo davlatlar oʻrtasida gaz, neft va neft mahsulotlari yetkazib berish borasida tuzilgan ikki tomonlama bitimlar amal qiladi.
Hozirgi vaqtda umumiy energetika salohiyatidan samarali foydalanish va energetika manbalarini davlatlararo yetkazib berilishini maqbullashtirish maqsadida aʼzo davlatlar mutasaddi organlari gaz, neft va neft mahsulotlarining indikativ balansini ishlab chiqmoqda va kelishmoqda.
Umuman aytganda, YEOIIga aʼzo mamlakatlar iqtisodiyotlarining ulkan salohiyatidan toʻliq hajmda foydalanish, savdo munosabatlaridagi toʻsiq va gʻovlarni birgalikda bartaraf etish, oʻzaro saʼy-harakatlar bilan yangi bozorlarni shakllantirishda Oʻzbekistonning YEOII tarkibida kuzatuvchi davlat maqomini olishi muhim ahamiyatga ega. Prezidentimiz sammitdagi nutqida taʼkidlaganidek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng miqyosli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning bugungi muhim bosqichida Oʻzbekiston barcha xalqaro sheriklar bilan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni izchil kengaytirib borish, shu jumladan, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan muloqotni rivojlantirish tarafdoridir.
Qahramon ERGASHEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.