Mazkur holat yuzasidan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari oʻrinbosari Nurmat Atabekov fikr bildirdi:
Maʼlumki, joriy yil aprel oyining birinchi sanasidan boshlab, mamlakatimizda koronavirus infeksiyasiga qarshi ommaviy emlash tadbirlariga start berilgan edi. Buning uchun mamlakat boʻylab 3 138 ta emlash punktlari va 862 ta harakatdagi tibbiy brigadalar tashkil qilindi.
Hududlarga vaksinalarni tashish uchun COVAX dasturi doirasida 17 ta avtorefrijerator, 206 ta yuk tashuvchi miniven va 16 ta yengil avtotransport vositalari yetkazildi.
Emlash jarayonlariga 4 ming nafardan ortiq shifokor va 11 ming nafardan ortiq oʻrta tibbiyot xodimi jalb qilindi. Bir soʻz bilan aytganda, xalqimiz salomatligini asrash, ularni ushbu xavfli xastalikdan himoya qilish uchun barcha imkoniyatlar ishga solindi.
Vaholanki, bugun dunyoning juda koʻp mamlakatlari oʻz aholisi uchun vaksina olishga qurbi yetayotgani yoʻq. Baʼzi davlatlar vaksina olishni emas, eng avvalo, iqtisodiyotini qutqarib qolishni oʻylamoqda.
Afsuski, yurtimizda aholining koronavirusga qarshi emlanishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berilgan boʻlsada, oʻtgan 3 oydan ortiq vaqt davomida xalqimizning vaksina jarayonlaridagi faolligi, shijoati va tashabbuskorligi sezilmadi.
Hatto, xavf guruhiga kiruvchi 65 yoshdan yuqori boʻlgan aholi vakillari ham bu jarayonlarda sust ishtirok etayotgani mutaxassis sifatida meni hayron qoldirdi.
Ajablanarlisi shuki, oʻtgan uch oydan koʻproq vaqt mobaynida respublika boʻyicha 4 million 300 ming doza vaksina ishlatilgan boʻlsada, toʻliq (ikki va uch bosqichli) emlash kursini olgan aholimiz soni 850 ming nafardan ozgina ortdi. Bu degani endigina respublikamiz aholisining shuncha qismini toʻliq emladik va aniqroq aytsak, ularda emlashdan keyingi immunitetni shakllantirishga erishdik, xolos.
Aslida xalqimiz ongida hukumat hamma xarajatni oʻz zimmasiga oladi, desa davlat bundan qandaydir manfaatdor, degan gʻalati fikr shakllanib qolgan.
Vaholanki, bu saʼy-harakatlar, eng avvalo, aholi salomatligi yoʻlida amalga oshirilmoqda. Qolaversa, bu orqali davlatimiz epidemik barqarorlikni taʼminlagan holda xalqimizga iqtisodiy manfaatni nazarda tutmoqda.
Biroq buni hamma ham birdek tushunayotgani, toʻgʻri anglayotgani yoʻq. Aksincha ayrimlar ijtimoiy tarmoqlar orqali emlash toʻgʻrisida turli asossiz fikrlar tarqatishga, odamlar ongida vaksina haqida notoʻgʻri tasavvur uygʻotishga urinmoqda.
Baʼzi fuqarolar esa notoʻgʻri fikrlarga ishonib, oʻzi va yaqinlarini vaksina olishdan toʻsmoqda. Eng yomoni, ular bu bilan kasallikning aholi orasida yana-da keng tarqalishiga zamin yaratayotir.
Shu bois, mening nazarimda mamlakatimizda ommaviy emlashni majburiy qilsak, yurtdoshlarimizning vaksina olishga boʻlgan masʼuliyati yana-da ortadi, unga munosabati oʻzgaradi.
Afsuski, bugun mamlakatimizdagi mavjud emlash punktlarida bir kunda 130-140 ming nafar fuqaro “COVID-19”ga qarshi emlanyapti. Bu raqam juda kam. Chunki, har bir emlash punktlari va brigadalari bir kunda 70 nafar odamni emlash imkoniyati boʻlgan bir paytda, biz uning teng yarim imkoniyatidan foydalanyapmiz.
Zero, aholining 60-70 foizida jamoaviy immunitetni shakllantirmasdan turib, biz bu kasallikni yenga olmaymiz.
Bas, shunday ekan jamoaviy immunitetni shakllantirish uchun emlanishi lozim boʻlgan aholi qatlamini koronavirusga qarshi vaksina bilan toʻliq qamrab olish zarur. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari oʻrinbosari bilan suhbatni Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati olib bordi.