Nurmat Atabekov, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo'mitasi boshlig'i o'rinbosari:
— COVID-19 pandemiyasida barcha sohalar qatori tibbiyot tizimi ham jiddiy sinovdan oʻtdi. Biroq yurtimizda oʻz vaqtida koʻrilgan chora-tadbirlar tufayli ushbu ogʻir davrni jiddiy yoʻqotishlarsiz oʻtkazdik.
Xususan, sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan koronavirus infeksiyasi boʻyicha profilaktik hamda epidemiyaga qarshi kurash tadbirlari tizimli tashkil etilgani bois aholi orasida jamoaviy immunitetning shakllanishiga erishildi va yurtimizda ushbu kasallik boʻyicha epidemiologik barqarorlik taʼminlandi.
Koronavirusga qarshi emlash rejalashtirilgan aholining 83,3 foizi toʻliq vaksinatsiya bilan qamrab olindi. Buster doza bilan emlash qamrovi 81,4 foizga yetkazildi. Gripp kasalligiga qarshi esa 2,3 mln nafar aholi emlandi.
Aholining epidemiologik osoyishtaligini taʼminlash borasida oʻtkazilgan profilaktik, epidemiyaga qarshi hamda maqsadli emlash tadbirlar natijasida ayrim xavfli kasalliklar tugatilib, koʻplab xastaliklar dinamikasida keskin pasayish kuzatildi.
Shuningdek, 2022-yilda bolalarni yuqumli kasalliklarga qarshi emlash qamrovi 98 foizga yetdi. Bundan tashqari, soʻnggi 5 yil davomida emlash kalendariga 4 turdagi yangi vaksinalar kiritildi. Natijada qizamiq, qizilcha va bezgak kasalligi tugatilganligi toʻgʻrisida Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti sertifikatlari olindi. Eng quvonarlisi, oʻlat, vabo, shol, difteriya, qoqshol kasalliklari umuman qayd etilmadi.
Xalqaro hamkorlik doirasida AQSHning SDS tashkiloti bilan hamkorlikda Osiyo davlatlari orasida birinchi boʻlib, antibiotikka chidamlilikni aniqlash boʻyicha markaz tashkil etildi. Ushbu muassasaning vazifasi asosan kasallik qoʻzgʻatuvchilariga antibiotiklarga sezuvchanlikni oʻrganadi, antibiotiklardan toʻgʻri foydalaniladi, polipragmaziya va ogʻir asoratlarning oldi olinadi.
Albatta sohadagi bunday oʻzgarishlar yurtimizda epidemiologik vaziyat barqarorligini taʼminlash va aholi orasida xavfli infeksiyalar tarqalishining oldini olishga xizmat qilmoqda.