Unda Senatning navbatdagi yalpi majlisi kun tartibiga kiritilgan qonunlar va boshqa masalalar muhokama qilindi. Xususan, Qoʻmita tomonidan muhokamaga olib chiqilayotgan “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi va “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish tartib-taomillari takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonunlar ham koʻrib chiqildi.
Koʻpdan buyon yer uchastkalarini jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyishda jismoniy va yuridik shaxslarning mulkiy huquqlarini kuchaytirish masalasini qonun darajasida hal etish dolzarb masala sifatida koʻtarilmoqda.
Shuningdek, yer uchastkasi yoki uning bir qismini jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyishning aniq tartib-taomillari va mexanizmi amaldagi qonunchilikda ham aniq belgilanmaganligi bir qancha eʼtirozlarga sabab boʻlmoqda.
Ushbu omillar inobatga olingan holda Qonunda jismoniy va yuridik shaxslarning yer uchastkasi yoki uning bir qismi jamoat ehtiyojlari uchun olinishi natijasida yer va undagi koʻchmas mulklar uchun kompensatsiya toʻlash tartib-taomillari belgilanmoqda. Kompensatsiya evaziga yer uchastkasi jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilishi asos boʻladigan holatlar roʻyxati aniq qilib koʻrsatilgan. Roʻyxatga kiritilmagan sabablar bilan yer uchastkalarini jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish sifatida talqin etish taqiqlanmoqda.
Qonunga muvofiq olib qoʻyilgan yer uchastkasida oʻzboshimchalik bilan qurilgan turar joylar, ishlab chiqarish hamda boshqa binolar va inshootlar bozor qiymati toʻliq hajmda qoplanadi.
Kundalik hayotda ushbu holat bilan bogʻliq bir qator muammolar ham oʻzining qonuniy yechimini topmoqda.
Bundan tashqari, Qoʻmita majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetining 2021-yil va 2022-yil birinchi choragi yakunlari boʻyicha ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotlar muhokama qilindi.
Taʼkidlangandek, 2021-yilda dunyo boʻyicha koʻpchilik mamlakatlarning iqtisodiyotlarida tiklanish jarayoni kuzatilgan, jumladan 2021-yil yakuni bilan oʻz vaqtida oqilona olib borilgan fiskal va monetar siyosat natijasida Oʻzbekiston iqtisodiyoti 7,4 foizga oʻsib, YAIM hajmi 734 trillion 600 milliard soʻmni yoki 69,2 milliard dollarni tashkil etgan, shuningdek, 2022-yilning I choragida YAIM 5,8 foizga oʻsgan.
Bundan tashqari, yalpi qoʻshilgan qiymat 2021-yilda 7,5 foizga koʻpayib, 681 trln 400 milliard soʻmni tashkil etgan.
Shuningdek, 2021-yilda Oʻzbekiston tashqi savdo aylanmasi 2020-yilga nisbatan 16,0 foizga oʻsib, 42,1 milliard dollarni tashkil etgan.
Davlat byudjeti daromadlari 2021-yilda 164 trillion 800 milliard soʻmni tashkil etib, belgilangan 147 trillion 700 milliard soʻm prognoz 111,6 foizga yoki 17 trln 100 milliard soʻmga oshirib bajarilgan, 2020-yilga nisbatan esa 31 trillion 900 milliard soʻmga oʻsgan.
2022-yilning I choragida Davlat byudjeti daromadlari belgilangan 39,1 trillion soʻm prognozi amalda davlat maqsadli jamgʻarmalarisiz 41,9 trillion soʻmga yoki 2,8 trillion soʻmga (107,2 foiz) oshirib bajarilgan. Daromadlar oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 8 trillion soʻmga koʻpaygan.
Shu bilan birga, Davlat byudjeti daromadlari oʻsishiga soʻnggi yillardagi soliq siyosatining oʻzgartirilishi, ilgari berilgan soliq imtiyozlarining bekor qilinishi, iqtisodiyot sektorlarida olib borilayotgan islohotlar hisobiga soliq bazasining kengaytirilishi taʼsir koʻrsatgani alohida taʼkidlab oʻtildi.
Majlis yakunlari boʻyicha Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.