Mamlakatimiz hududlarining ishlab chiqarish, resurs salohiyatidan kompleks va samarali foydalanishni taʼminlash, transport, muhandislik-kommunikatsiya hamda ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirishda erkin iqtisodiy zonalarning alohida oʻrni bor.
Bugungi kunda mamlakatimizda 23 ta erkin iqtisodiy va 348 ta kichik sanoat zonasi faoliyat yuritayotgan boʻlib, ularda umumiy qiymati 2,6 milliard dollarlik 453 ta loyiha amalga oshirilishi natijasida 36 mingga yaqin ish oʻrni yaratilgan. Kichik sanoat zonalarida esa 5 trillion soʻmlik 1 ming 497 ta loyiha ishga tushirilib, 36 mingdan ziyod kishining bandligi taʼminlangan.
Albatta, bu quvonarli holat. Lekin mazkur zonalarda mahalliy va xorijiy investorlar oʻz faoliyatini toʻlaqonli boshlashi uchun ayrim muammolar ham borki, bu yangi investorlar va tadbirkorlarni istiqbolli loyihalarni amalga oshirishiga oʻz taʼsirini koʻrsatyapti.
Erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalarida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari muhokamasi yuzasidan joriy yil 27-aprel kuni oʻtkazilgan yigʻilishda bu masalaga alohida eʼtibor qaratilib, tadbirkorlarni qiynab kelayotgan muammo – infratuzilma masalalarini hal etish boʻyicha aniq vazifalar belgilab berildi.
Davlatimiz rahbarining “Maxsus iqtisodiy va kichik sanoat zonalari muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qarori erkin iqtisodiy zonalar hududida investitsiya loyihalarini oʻz vaqtida ishga tushirishga toʻsqinlik qilayotgan muammolarning yechimiga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Unga muvofiq, joriy yilda erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari infratuzilmasini yaxshilash uchun 1 trillion 600 milliard soʻm mablagʻ ajratilishi belgilandi. Endilikda 17 ta erkin iqtisodiy zonada qoʻshimcha elektr energiyasi, gaz, ichimlik suvi va oqova suv tarmoqlari hamda avtomobil yoʻllarini barpo etish uchun 584 milliard soʻm, 145 ta kichik sanoat zonasi uchun 395 milliard soʻm yoʻnaltiriladi.
Aytish kerakki, sanoatni innovatsion asosda tashkillashtirish, fan, taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasi, ilmiy-texnologik hamda innovatsion tadbirkorlikni barqaror rivojlantirish bugungi kunning ustuvor vazifasidir. Bu borada yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlar, nou-xaularni oʻzlashtirish, korxonalarda innovatsiyalarning joriy qilinishi, texnologiyalar transferini taʼminlash uchun texnopolislar, texnoparklar kabi erkin iqtisodiy hududlar va ilmiy-ishlab chiqarish klasterlarining barpo qilinishiga yoʻnaltirilgan qonunchilikni yaratish va tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish muhim ahamiyatga ega.
Yirik investitsiya loyihalarini infratuzilma bilan taʼminlash maqsadida 232 milliard soʻm koʻzda tutilgani, rivojlanishdan ortda qolgan 33 ta tumanda sanoat va biznesni jadal rivojlantirish uchun 264 milliard soʻm ajratilishi ayni muddao boʻldi. Bundan buyon biz deputatlar mazkur mablagʻlarni ajratilishi va maqsadli ishlatilishi ustidan taʼsirchan parlament va deputatlik nazoratini oʻrnatishimiz lozim boʻladi.
Yigʻilishda endigi eng muhim masala erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalaridagi loyihalarni oʻz vaqtida ishga tushirish ekani aytilib, joriy yilda erkin iqtisodiy zonalarda umumiy qiymati 1,1 milliard dollar boʻlgan 332 ta loyiha, kichik sanoat zonalarida umumiy qiymati 9,5 trillion soʻm boʻlgan 1 ming 800 ta loyiha ishga tushirilishi rejalashtirilgani taʼkidlandi. Bu loyihalar esa yurtimizda sanoatni yana-da rivojlantirish, import oʻrnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishda muhim omildir.
Xulosa oʻrnida aytganda, erkin iqtisodiy zona — bu yangi ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish, yuqori texnologik ishlab chiqarishni rivojlantirish, zamonaviy raqobatbardosh, import oʻrnini bosuvchi, eksportga yoʻnaltirilgan tayyor sanoat mahsulotini ishlab chiqarishni oʻzlashtirishga faol jalb etish maqsadida tashkil etiladigan hududdir. Uni tuzishdan maqsad eng avvalo, mamlakatni yoki alohida olingan hududni strategik rivojlantirishga doir vazifalarini, yaʼni tashqi savdo, umumiqtisodiy, ijtimoiy, hududiy va ilmiy-texnik masalalarni hal qilishdan iborat boʻladi.
Botirbek TOʻRAZODA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati