Eron bilan xom ashyo savdosi va investitsiya yoʻnalishida hamkorlik kuchaytiriladi

    Biznes 12 Iyun 2022 1409

    Eronning Oʻzbekiston iqtisodiyotiga kiritayotgan sarmoyasi yildan-yilga ortib boryapti. Jumladan, charm-poyabzal va moʻynachilik sohalaridagi oʻzaro manfaatli hamkorlikka, Eron kompaniyalari katta qiziqish bildiryapti.

    “Oʻzcharmsanoat” uyushmasida, Eronning “EXIM” kompaniyasi vakillari bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda, aynan respublikamizning charm-poyabzal sohasiga mazkur davlat sarmoyalarini yanada keng jalb etish, mamlakatimizda tayyorlanayotgan yarim tayyor va tayyor mahsulotlarni Eronga eksport qilish boʻyicha muloqot oʻtkazildi. Shuningdek, Erondan Oʻzbekistonga charm-poyabzal sanoati uchun xom ashyo, xususan poliuretanni import qilish boʻyicha fikrlar oʻrtaga tashlandi.

    Maʼlumot oʻrnida qayd etish kerakki, “EXIM” kompaniyasi eksport-import yoʻnalishidagi yirik kompaniya sanaladi. Mazkur tashkilotning Oʻzbekistondagi xom ashyo provayderi ham, faoliyat olib boryapti. Malakali marketing jamoasi, Oʻzbekiston korxonalarini respublikada mavjud boʻlmagan xom ashyo bilan taʼminlash yoʻnalishida faol izlanishlar olib boryapti. Eng muhimi, kompaniya oʻz faoliyati davomida, sifatga alohida eʼtibor qaratib, mahsulotlarni yetkazib berishda isteʼmolchi huquqlariga, milliy standartlarga qatʼiy rioya qiladi.

    Uchrashuv chogʻida, “EXIM” kompaniyasi vakillari — “Oʻzcharmsanoat” uyushmasiga aʼzo korxonalar safiga kirish istagini bildirdilar. Bu jarayonda olib boriladigan ishlar qoʻyiladigan shartlar xususida fikr almashildi. Eron kompaniyasi qayd etganidek, bugun bu sohada davlat va uyushmaning tadbirkorlarga berayotgan imkoniyat va imtiyozlari yildan-yilga ortib boryapti.

    Muloqot chogʻida, Oʻzbekistonda qoʻy terisidan tayyorlangan yarim tayyor charm mahsulotlarini (WET-BLUE), Eronga eksport qilish boʻyicha muzokaralar oʻtkazildi. Shuningdek, Eronlik sarmoyadorlarni mamlakat iqtisodiyotiga faol jalb etish borasida fikrlar bildirildi.

    Shuningdek, muloqotda mamlakatimizning charm-poyabzal va moʻynachilik tarmogʻiga chet-el sarmoyasini yanada faol jalb etish maqsadida Eronlik investorlarni bu sohaga jalb etish masalasi kompaniya vakillari bilan muhokama qilib olindi.

    Yana bir muhim jihat bugungi kunda mayda shoxli qoramol terisidan tayyorlangan yarim tayyor charm mahsulotlariga Eronda talab ortib boryapti. Oʻzbekiston esa boy xom ashyo bazasiga ega. Shu maqsadda Eron kompaniyasi Samarqand viloyatida joylashgan “Kamron biznes stroy” MCHJ bilan birga bu yoʻnalishda hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻydi. Endilikda mazkur hamkorlik natijasida mayda shoxli qoramol terilaridan tayyorlangan yarim tayyor charm mahsulotlari Eronga eksport qilinadi.

    Uchrashuv soʻngida, “EXIM” kompaniyasi bilan hamkorlikning amaliy jihatlari atroflicha muhokama etildi, deb xabar beradi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati.