Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan eronlik tadbirkorlar bilan tashkil etilgan uchrashuvda Oʻzbekistonda qishloq xoʻjaligi, baliqchilik, tibbiyot, qurilish va boshqa sohalarda faoliyat olib borayotgan 14 ta eron kompaniyalari vakillari qatnashdi.
Eronlik tadbirkorlar dastlab “INNO” texnoparkiga tashrif buyurib, texnopark faoliyati bilan tanishdi. Texnoparkda amalga oshirilayotgan ishlar, ishlab chiqarish jarayonlari, startap loyihalari eronlik mehmonlarda katta qiziqish uygʻotdi.
Uchrashuv davomida ikki mamlakat savdo-iqtisodiy aloqalarini rivojlantirishga qaratilgan takliflar, sunʼiy intellekt va katta hajmdagi maʼlumotlarni tahlil qilish sohasida aloqalarni rivojlantirish, yurtimizda Eron Innovatsiyalar uyi (markazi)ni tashkil etish boʻyicha hamkorlik qilish, davlatlar oʻrtasida transport logistika tarmogʻini rivojlantirish va bojxona toʻlovlari, viza olishdagi qulayliklar bilan bogʻliq boʻlgan masalalarni muvofiqlashtirish boʻyicha takliflar bildirildi.
Tadbirkorlarga Oʻzbekiston — Eron qoʻshma startap tanlovida ishtirok etish hamda “INNO” va Yashnabod texnoparklari bilan rezidentlik boʻyicha hamkorlik qilish taklif qilindi.