Sodda qilib aytganda, bilimli boʻlish, ilm olish va tafakkur qonimizda bor. Nafaqat davlatchiligimiz tarixi, balki dunyo iqtisodiyoti va tamadduniga ham ilm-fan, taʼlim va savdo-sotiq aloqalari bilan munosib hissa qoʻshgan mamlakatlar tarixini oʻrgansak ham, ular taʼlimni isloh qilish orqali yuksak taraqqiyotga erishganining guvohi boʻlamiz.
Hozirgi zamondan misol keltirsak, Yaponiya, Singapur, Janubiy Koreya kabi mamlakatlarning qudratli boʻlishida taʼlim-tarbiya, ilm-fanga eʼtibor katta oʻrin tutgan. Oʻz vaqtida Yaponiya taʼlim rivojida ayollarni ommaviy savodxon qilish siyosati yuritilgani, hech boʻlmasa, qizlar oʻrta maxsus, kasb-hunarga oʻqitilgani sir emas. Negaki, bugun davlat tomonidan beminnat taʼlim va kasb-hunarga oʻqitilgan qizlar ertaga oila qurib, bilim va koʻnikmalarini farzandlar tarbiyasiga, uy xoʻjaligini namunali yuritishga yoʻnaltiradi. Bunday ayollar davlatning ijtimoiy taraqqiyotida muhim tayanch vazifasini bajaradi.
Yorugʻ kelajagimizdan mujda
Bu yilgi qabul va test sinovlari oʻzgacha ruhda tashkil qilindi. Xususan, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida bu jarayon muvaffaqiyatli oʻtdi. Test sinovlari shaffof oʻtishi uchun imtihon olinadigan binolar kameralar, abituriyentlar issiqdan qiynalmasligi uchun katta oʻlchamdagi sovitkichlar bilan jihozlandi. Ota-onalar uchun alohida kutish joylari tashkil etildi.
Imtihonlar jarayonida abituriyentlarni nafaqat ota-onalari, balki bolalar ham kutib oʻtirishi kuzatilgani bois ular uchun ham moʻjaz oʻyingohlar tashkil etilib,. ularga oʻyinchoqlar, kitoblar qoʻyildi. Test jarayonini sifatli tashkil etishda faollik koʻrsatayotgan koʻngillilar bolalarni zeriktirmaslikka harakat qildi.
Davlat gʻamxoʻrligida xotin-qizlarni oliy maʼlumotli qilishga qaratilgan eʼtibor kelajakka qaratilgan eʼtibor, deyish mumkin. Onalari ilmu maʼrifatli yurt hech qachon tanazzulga yuz tutmaydi. Bunday mamlakatni kelajakda ilmli kadrlar boshqaradi. Mashhur olimlar, ijodkorlar bolalikdan ertaklar, asarlar oʻqib katta boʻlgani, oʻqish va uqish orqali muvafaqqiyatlarga erishgani haqida koʻp eshitganmiz. Ilmli insonlar hayotida onalarning roli katta boʻlgan.
Shu maʼnoda, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlar jahonga andoza boʻlgulik. Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi tavsiyanomasiga ega boʻlgan xotin-qizlar uchun bakalavriatning kunduzgi taʼlim shakli boʻyicha belgilangan davlat granti asosidagi qabul koʻrsatkichlariga nisbatan qoʻshimcha toʻrt foizli davlat granti asosidagi qabul koʻrsatkichlari ajratilishi belgilangani yaqin tariximizda kuzatilmagan hodisa.
Xususan, 2022/2023 oʻquv yilidan Prezidentimiz qaroriga asosan barcha xususiy, xorijiy va davlat oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlarida xotin-qizlarning toʻlov-kontrakt asosida oʻqishi uchun imtiyozli shartlarda taʼlim krediti ajratildi. Ijtimoiy ehtiyojmand oilalar vakillari, yetim va ota-onasining qaramogʻidan mahrum talaba xotin-qizlarning taʼlim kontrakti toʻlab berilishi joriy qilindi.
Hozir “Ayollar daftari”ga 630 mingdan ziyod xotin-qiz kiritilgan boʻlib, ularning yaxshi taʼlim olishi, kasb-hunar egallashi uchun katta gʻamxoʻrlik koʻrsatilmoqda. Shu nuqtayi nazardan, 2022–2026-yillarga moʻljallangan xotin-qizlar taʼlimini qoʻllab-quvvatlash dasturi ishlab chiqildi. Uning doirasida 2021/2022 oʻquv yilida taʼlim kontraktini toʻlash uchun qizlarga ilk marotaba 7 yil muddatga foizsiz kredit berish tartibi joriy qilindi. 2022/2023 oʻquv yilidan magistraturada oʻqiyotgan qizlarning kontrakt puli toʻliq byudjetdan qoplab berildi. Shuningdek, ehtiyojmand oila vakillari, ota yoki onasini yoʻqotgan talaba qizlarning taʼlim kontrakti mahalliy byudjetdan toʻlandi.
Jamiyatimizda olim ayollar ulushini sezilarli oshirish uchun doktorantura yoʻnalishida xotin-qizlar uchun har yili kamida 300 tadan maqsadli kvota ajratildi. Monomarkazlar va oliygohlar qoshida malakani baholash markazlari tashkil etish, ayollarni talab yuqori boʻlgan ishchi kasblarga oʻqitish boʻyicha tizimli ishlar bajarilmoqda.
2022–2024-yillar uchun “Biznes ayollar” dasturi qabul qilinishi belgilandi. Uning ijrosiga jami 8 trillion soʻm yoʻnaltiriladi. Ayollar uchun tadbirkorlik kurslari tashkil etiladi, imtiyozli kreditlar berildi.
Raqamlashtirish samarasi
Globallashuv sharoitida axborot texnologiyalari sohasini hayotimizga joriy qilmay turib taraqqiyotga erishish qiyin. Shu bois, hukumat tomonidan raqamli universitet loyihasi oliy taʼlimga tatbiq qilinib, “Raqamli Toshkent” kompleks dasturi tizimi vazirlik va idoralar bilan integratsiyalashtirildi. Natijada yoshlarni ish bilan taʼminlash, kadrlarga talab va takliflar institutsional tahlil qilinishi yoʻlga qoʻyildi.
Professor-oʻqituvchilarning “Scopus”, “ScienceDirect”, “Web of Science” singari xalqaro ilmiy-texnik maʼlumotlar bazasida identifikatsiya qilinadigan jurnallarda chop etgan maqolalar koʻrsatkichi koʻtarildi. Ushbu ilmiy jurnallarda maqolasi chiqqan professor-oʻqituvchilarni 100 foiz ragʻbatlantirish tizimi yoʻlga qoʻyildi. Xalqaro “Elsevier” kompaniyasi bilan hamkorlikda oliy taʼlim muassasalari bilan istiqbolli konferensiyalar oʻtkazila boshladi.
2030-yilgacha 10 ta OTMning xalqaro Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Higher Education yoki Academic Ranking of World Universities reytingiga kirishi, avval ilgʻor mingtalikdan, soʻngra 500 talikdan bosqichli oʻrin olishi belgilab berilgani zimmamizga yuksak masʼuliyat yuklaydi.
Pastdan yuqoriga qarab rivojlanish tamoyili asosida umumiy oʻrta taʼlim bitiruvchilarini oliy taʼlim bilan qamrab olish 50 foizdan oshishi qatʼiy belgilab berildi. Oliy taʼlim sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish, hududlarda davlat va nodavlat oliy taʼlim muassasalari faoliyati kengroq tashkil etilib, samarali raqobat muhiti yaratildi.
Shu bilan birga, OTMlarga akademik mustaqillik berilgani, Oʻzbekiston oliy taʼlim tizimini Markaziy Osiyoda xalqaro taʼlim dasturlarini amalga oshiruvchi “xab”ga aylantirish saʼy-harakatlari boshlangani oliy taʼlimning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, xorijiy taʼlim va ilm-fan texnologiyalarini jalb etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mustahkam huquqiy asos
Oʻzbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi “Taʼlim toʻgʻrisida”gi qonuniga muvofiq, oʻqitishning masofaviy, inklyuziv shakllari joriy qilindi. Taʼlim tashkilotlariga xorijiy muassasalar bilan hamkorlikda qoʻshma fakultet va oʻquv markazlari tashkil qilishga ruxsat etildi. Professor-oʻqituvchilar, oʻqituvchilarga mualliflik dasturi va oʻqitish uslublarini joriy etish, zamonaviy pedagogik shakllar, oʻqitish va tarbiya usullarini erkin tanlash huquqi berildi.
Qonun oliy taʼlimni tizimli isloh qilishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilash, kreativ fikrlaydigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish, oliy taʼlimni modernizatsiya qilish, ilgʻor taʼlim texnologiyalariga asoslangan holda ijtimoiy soha hamda iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirishni tartibga soluvchi dasturulamal boʻldi.
Chunki mamlakatimizda taʼlimga ustuvor ahamiyat berish, uni davlat rivojining aosiy omili deb bilish, takomillashtirish uchun davlat byudjetining sezilarli qismi yoʻnaltirildi.
Buni taʼlim tomiriga urilgan bolta – paxta terimi majburiyati uzil-kesil olib tashlangani, oʻqituvchilarning qadri oshirilgani, 1-sentyabrdan talabalar paxta dalalariga emas, balki oʻquv binolari tomon oshiqadigan sharoit yaratilganida koʻrish mumkin. Bu taʼlim islohotlaridagi buyuk evrilish boʻldi.
Qamrovni oshirish maktabdan boshlanadi
Ilgari taʼlim olish qaysidir maʼnoda cheklangan, yaʼni qabul kvotalari ancha kam edi. Yoshlarning qanchalik oliy maʼlumotli boʻlgisi kelmasin, boringki, bilim, iqtisodiy imkoniyatga ega boʻlmasin, arzimagan 4–5 ball uchun imtihondan “yiqilib qolar”, yana bir yili kuyar edi. Oʻqishga korrupsion harakat, bunkerlar, noxolislik va shaffof boʻlmagan omillar katta taʼsir koʻrsatar edi.
Natijada kichik ball uchun imtihondan oʻtolmagan yigit-qiz ilm olishga tashna boʻlsa-da, hafsalasi pir boʻlib, oʻqishdan koʻngli sovib qolishi ham hech gapmas edi. Hatto keyingi yili oʻsha ballni ham toʻplay olmagan yoki ikkinchi yil ham oʻqishdan qolib ketgan yoshlar soni minglab edi. Bunday ogʻir kunlarni esdan chiqarmasligimiz lozim.
Endi masalaning iqtisodiy tomoniga eʼtibor qaratsak: oʻqish imkoniyati bor minglab yoshlarimiz taʼlim olish uchun ota-onasini xavotirda qoldirib, xorijiy yurtlarga, qoʻshni davlatlarga borardi. Boz ustiga diplomi toʻgʻri kelmasa, nostrifikatsiya qilish bilan ovora boʻlardi. Oʻqishga kirish uchun yigit-qizlarning umri, ota-onalarning vaqti, puli havoga sovrilganini aytmaysizmi!
Oʻtgan yillarda taʼlimda gazak olib ketgan bu muammolar yechimini topdi. Kadrlar tayyorlash tizimiga qaratilayotgan eʼtibor va xalqaro hamkorlik samarasini, sohaga innovatsiyalar tatbiq etilayotganini koʻrib quvonadi odam. Yaratilayotgan qulay imkoniyatlarga bevosita guvoh boʻlib, uning bir ijrochisi sifatida “mana boʻlarkan-ku, hamma ishning chorasi bor ekan-ku”, deb yuboramiz beixtiyor.
Keyingi yillarda imtihondan oʻtolmagan yoshlar uchun tabaqalashtirilgan kontrakt asosida oʻqishga kirish imkoniyati yaratildi. Xorijdan oʻqishni koʻchirib kelishga doir imtiyozlar kengaytirildi. Qolaversa, abituriyent bir vaqtning oʻzida 5 ta davlat oliy taʼlim muassasasiga, istalgan qoʻshma taʼlim hamkorligida tashkil etilgan xalqaro universitetlarning yurtimizdagi filiallariga imtihon topshirib talaba boʻlishi mumkin. Shuncha payt chetga chiqib ketgan pul oqimi endi oʻzimizning oliy taʼlim muassasalarimizga toʻlanmoqda. Natijada taʼlimni rivojlantirish uchun byudjetimiz ancha boyidi.
Qamrov borasida oʻtgan davr bilan bugungi tavofutni sarhisob qilsak. 2016-yili oʻtkazilgan xatlov maʼlumotlariga koʻra, yurtimizda 25 va undan katta yoshdagi aholining har 1000 nafaridan 163 nafari oliy maʼlumotli ekani aniqlangan. 2023-yilda bu koʻrsatkich taxminan bir barobar koʻpaygan. Chunki, 2015/2016 oʻquv yilida bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga 57 ming 907 nafar abituriyent qabul qilingan boʻlsa, 2023/2024 oʻquv yili uchun OTMlarga bakalavriatning kunduzgi taʼlim shakli boʻyicha jami qabul kvotasi 127 ming 259 ta oʻrin deb tasdiqlandi.
Bundan tashqari, oliy taʼlimni ortiqcha qogʻozbozliklardan qutqarish maqsadida 26 ta taʼlim sohasi boʻyicha davlat taʼlim standartlaridan voz kechildi. Xalqaro standartlar asosida ikkita taʼlim standarti amaliyotda qoldirildi. Ahamiyatlisi, ushbu standartlar YUNESKO tizimida joriy qilingan “Taʼlimning xalqaro standart klassifikatsiyasi” asosida qayta ishlab chiqilib, faoliyatimizga keng tatbiq etildi.
Natijada oliy taʼlimning meʼyoriy-uslubiy tizimi xalqaro standartlarga muvofiq joriy etilmoqda. Bu saʼy-harakatlar oliy taʼlim tizimimiz yuqori talablar asosida xalqaro taʼlim tizimiga toʻliq integratsiya qilinganini anglatadi. Xalqaro akademik va ilmiy mobillik huquqiy maqomiga ega boʻlganimizni koʻrsatadi. Bu misollar yurtimizda taʼlim sohasiga katta eʼtibor berilib, misli koʻrilmagan tarixiy islohotlar amalga oshirilganidan dalolat beradi.
Oʻtgan davrda oliy taʼlim muassasalari 78 ta edi. Bugun ular soni 200 dan oshdi. Davlat dasturlari asosida qoʻshma taʼlim ochildi. Dunyoning nufuzli universitetlari bilan talabalar va professor-oʻqituvchilar almashinuv dasturlari samarali yoʻlga qoʻyildi.
Chunki, umumiy oʻrta taʼlim bitiruvchilarining oliy taʼlimga qamrovini 50 foizdan oshirish maqsad qilindi. Buning uchun oliy taʼlim sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish, hududlarda davlat va nodavlat oliy taʼlim muassasalari faoliyatini tashkil etish ishlari davom etmoqda. Yaqin kelajakda ushbu saʼy-harakatlar natijasida oliy taʼlim bilan qamrov darajasi 50 foizdan oshib, sohada yanada sogʻlom raqobat muhiti yaratiladi.
Qoʻngʻirotboy SHARIPOV,
texnika fanlari doktori, professor