Albatta, tinchlik boʻlgan joyda hayot goʻzal, yashamoq baxti tuhfa etilgani undanda goʻzal tuyuladi. Ayni shu onlarda Muhtaram Yurtboshimizning quyidagi purmaʼno soʻzlarini yodga olgim keldi: “Odamlarning dardu tashvishlarini oʻylab yashash-insoniylikning eng oliy mezonidir”. Ha, darhaqiqat, bugun yurtimizda inqilobiy siyosiy oʻzgarishlar ketayotgani, har bir yurtdoshimizning hayotdan rozi boʻlib yashashlari uchun qilinayotgan ulkan harakatlarning ijobiy natijasini koʻrib, Al-Muallim as-soniy” –“Ikkinchi muallim”, “Sharq Arastusi” degan nomlar bilan ulugʻlangan Abu Nasr Forobiyning “Odamlarga nisbatan ularni birlashtiruvchi boshlangʻich asos insoniylikdir. Odamlar insoniyat turkumiga kirganliklari uchun oʻzaro tinchlikda yashamoqlari lozim”, — degan soʻzlari beixtiyor yodimga tushadi.
Bugun jannat oʻlkasi Yangi Oʻzbekistonda hukm surgan tinchlik va osoyishtalik yana qayerda bor degingiz keladi. Ha hazrati inson maqomiga loyiq boʻlgan odamzod uchun barcha barchasi shu tabarruk zaminda yaratilgan. Tinch elga bayramlar, shodiyonalar, toʻylar yarashadi. Hofizlari yalla aytgan, shoʻx qizlari oʻlan aytgan, raqqoslari charx urib oʻynagan goʻzal raqslar, bolalarining shoʻx-shodon kulgulari betinim yangraydigan munavvar makonni oʻzga joydan topa olmasligingiz aniq. Ha, qalbingiz beixtiyor tinchlik baxsh etgan sururdan toʻlqinlanadi. Ammo...Jannat oʻlkasi boʻlgan Yangi Oʻzbekistondagi tinchlikni koʻra olmagan gʻarazgoʻylar, hasadchilar, inson nomiga nomunosib boʻlganlar Qoraqalpogʻistonda amalga oshirgan tartibsizliklarni eshitib, voqealarni ijtimoiy tarmoq sahifalaridan kuzata turib, yuragim larzaga keldi. Dunyoga dongʻi ketgan Toʻlabergan Qaipbergenov, Berdaq, Ibroyim Yusupovlardek buyuk yozuvchi, shoirlarni bergan xalqqa nima boʻldi?! Nega tinchlikni qadriga yetmayapmiz?! Muhtaram Yurtboshimiz tomonidan qanchadan qancha bedor tunlar evaziga fidoiylik bilan qilinayotgan mehnatga, yaratilayotgan sharoitga minnatdorligimiz shumi?!
Tartibsizliklar oqibatida vafot etgan 18 nafar yurtdoshlarimizning farzandlari koʻzlari toʻla jiqqa yosh moʻltirab soʻragan savollariga javobni qayerdan izlaymiz?! Axir bu yurt yagona. Biz bir xalqmiz. Oʻz tarixida ne-ne azobli kunlarni, qonli voqealarni boshidan kechirgan, hamisha har qanday holda ham boshi sarbaland boʻlgan, el farzandi ekanligimizdan qalbimiz faxr va gʻururga toʻladi. Dunyo xobida “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asari bilan mashhur boʻlgan Beruniy, yurt uchun jonini fido qilgan Jaloliddin, 27 ta davlatni Turon bayrogʻining ostiga birlashtirib, markazlashgan davlat tuza olgan hamda bugungi kunda harbiy sanʼatini dunyo oʻqiyotgan Amir Temur avlodi ekanligim, soʻz mulkining sultoni hazrat Navoiy ummonidan terilgan durlarimni Berdaq ijodi bilan tugata olishim yuragimga cheksiz iftixor bagʻishlaydi.
Men qoraqalpogʻim sevgan mashhur baxshi Jiyen Jirovman, umri muhtojlikda oʻtgan Kunxoʻja Ibrohim oʻgʻliman, oʻz asarlari bilan vatanparvarlik gʻoyasini tarannum etgan shoir Ajiniyozman. Bilasizmi, aziz zamondoshim, men yuragim bilan ayta olamanki, men qoraqalpoqman, ha toʻgʻri eshityapsiz, men qoraqalpoqman. Har bir qoraqalpoq, har bir oʻzbek mening qondoshim, jondoshim! Sizdan iltimos, hayratlanmang! Chunki Siz toʻgʻri eshityapsiz, men ham notoʻgʻri gapirmayapman. Bugun har bir oʻzbek qoraqalpoq, har bir qoraqalpoq oʻzbekdir. Men dahshatli urush olovi yongan damlarda turli millatga mansub 14 nafar bolaning boshini silagan Bahri aya va Shomahmud Shorahmedovlarning bolasi, mehribon oʻzbekman, 5 nafar farzandini tuproqqa topshirsada, yurt uchun jonini xatarga qoʻygan Zulfiya momoning bolasi boʻlgan oʻzbekman, el ozodligi, mustaqilligi uchun oʻz umrini bergan Qodiriyman, oʻz xalqini dengizga qiyos etgan olovqalb Choʻlponman, qamoqxonaning dahshatu azoblarini tortib tursada, ovqat oʻrniga qogʻoz soʻrab tinmay yozaverib, maʼrifat tarqatgan Usmon Nosirman, burro tilini bergan Oybekman, sogʻligidan kechgan Abdulla Qahhorman, minbarda boʻgʻziga sheʼr tiqilib qolgan Muhammad Yusufman. Endi aytingchi, aziz zamondosh, ochlikda xiyonat qilmay, turli millat bolasini oʻz bagʻriga olgan oʻzbek, toʻqlikda kimga xiyonat qiladi?! Yoʻq, aslo!!! Aslida ona allasidan boshlanadigan muqaddas Vatanni asrash, uni ardoqlash har bir oʻzbek, har bir qoraqalpoqning zimmasidagi sharafli burchidir. Har bir oʻzbek, har bir qoraqalpoq millatning asl farzandlari bilan faxrlana oladi. Demak, ana shunday buyuk millat avlodlari ekanmiz, kelinglar ajdodimizga munosib boʻlaylik! Biz bir mushtmiz. Biz birlashsakkina, ulkan kuchga aylanamiz. Boshqacha aytganda, oʻzbek bilan qoraqalpoq et bilan tirnoq. Et bilan tirnoqni esa ajratib boʻlmaydi.
Kezi kelganda aytish joizki, tinchlik xotirjamlikka muqaddas dinimizning dasturi, eng ulugʻ kitobimiz Qurʼoni karim oyatlarida ham eʼtibor qaratilganidan anglash mumkinki, tinchlik xotirjamlik masalasi hamisha diqqat markazidagi muhim masala boʻlib kelgan. Qurʼoni Karimning “Isro” surasi 83-oyatida “Alloh taolo: “Qachon (Biz) insonga (tinchlik, salomatlik, farovonlikni) inʼom etsak, u (shukr qilishdan) yuz oʻgirib, oʻz holicha ketur. Qachon unga (xastalik, kambagʻallik kabi) biror yomonlik yetsa, noumid boʻlur deb, tinchlik-osoyishtalik toʻgʻrisida marhamat qiladi”lar. Koʻrinadiki, ushbu oyatda tinchlik osoyishtalik farovon yashashning eng muhim shartlaridan biri ekanligi uqtirilgan. Va yana shuning bilan birga “Hujurot” surasining 9-oyatida “Alloh taolo bandalarini oʻzaro ittifoqlikda, ahillikda, tinchlik-omonlikda yashashga daʼvat etib: “Agar moʻminlardan ikki toifa oʻzaro urushib qolsalar, darhol ular oʻrtasini isloh etingiz!” degan insonparvarlik tamoyilini yaratishga chaqiradi”. Albatta, tinchlik boʻlgan joyda baraka, fayz boʻladi, rivojlanish boʻladi. Taraqqiyot yuksak nuqtalar sari dadil odimlaydi. Mamlakatning har bir fuqarosi erkinlik shabadasidan rohat qilib yashaydi. Shu fursatdan foydalanib aytish oʻrinli deb bilaman. Biz avvalo kimlarning avlodi ekanligimizni unutmaylik! Axir, ikki tilli bir millatmiz!!!
Biz inson qadri ulugʻlangan, ezgu qadriyatlar barqaror boʻlgan Yangi Oʻzbekistonda yashar ekanmiz, dunyo xobida shu yurtning borligini namoyon etib, maʼnaviyatimizning asl sarchashma namunalarini yaratib ketgan ulugʻ ajdodlarimiz bilan faxrlanadigan hamda gʻururlanadigan, yuksak maʼnaviyat sohiblari jamlangan diyorga munosib boʻlaylik, har xil igʻvolarga, turli fasod, fitnalarga uchmaylik!!! Inson baxtiyorligining ramzi boʻlgan tinchlikni doimo qadrlaylik!!!
Mirzohid Botirov,
FarPI birinchi prorektori.