Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi

    Investitsiyalar 8 Oktabr 2021 778

    Joriy yil 7-oktyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining (YETTB) barqaror rivojlanish guruhi boshqaruvchi direktori Nandita Parshad va Markaziy Osiyo boʻyicha boshqaruvchi direktori Jujanna Xargitay boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

    YETTB vakillari Oʻzbekistondagi ijtimoiy-iqtisodiy oʻzgarishlarning koʻlami, surʼati va izchilligini yuqori baholab, Bankning energetika, infratuzilmaviy rivojlanish va boshqa ustuvor sohalardagi islohotlarga moliyaviy hamda maslahat yordamini davom ettirish niyatini tasdiqladi.

    Uchrashuvda hududlarda uy-joy kommunal xoʻjaligi va infratuzilmani modernizatsiya qilish, transport sohasi va davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslarni ilgari surishga YETTBning yuqori darajada jalb etilganligi alohida qayd etildi.

    Xususan, Qoraqalpogʻiston Respublikasida YETTB texnik yordami bilan 100 MVt quvvatga ega shamol elektr stansiyasini qurish boʻyicha xalqaro tenderning muvaffaqiyatli oʻtkazilishi qayd etildi, uning natijalariga koʻra ACWA Power (Saudiya Arabistoni) gʻolib boʻldi. Davlat-xususiy sheriklik mexanizmidan muvaffaqiyatli foydalanish tajribasini taʼlim, jamoat transporti, kommunal xizmatlar va qattiq chiqindilarni qayta ishlash kabi boshqa sohalarga yoyish maqsadida hamkorlikni davom ettirishga oʻzaro tayyorlik bildirildi.

    Energetika, uy-joy kommunal xoʻjaligi, yoʻl qurilishi va ekologiya sohasida amalga oshirilayotgan loyihalar atroflicha koʻrib chiqildi. Tomonlar infratuzilmaviy loyihalarni moliyalashtirishga xususiy investitsiyalarni jalb etishda hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va kengaytirish zarurligi yuzasidan fikr almashdilar. “Yashil shaharlar” dasturi doirasida amalga oshirilayotgan hamda shahar infratuzilmasini atrof-muhitga salbiy taʼsirini kamaytirish va atmosferaga chiqarilayotgan uglerod chiqindilarini kamaytirish maqsadida uni transformatsiyalashga qaratilgan Samarqand shahri uchun elektr avtobuslar sotib olish loyihasiga alohida eʼtibor qaratildi. Loyihani amalga oshirishga oid masalalar va muddatlar, shuningdek, uni jadal joriy etish yuzasidan hamkorlik qilish yoʻllari belgilab olindi.

    Shuningdek, tomonlar Xorazm va Buxoro viloyatlarida yuqori kuchlanishli elektr liniyalarini qurish boʻyicha yangi loyihani amalga oshirish bilan bogʻliq masalalarni muhokama qildilar. Loyiha Oʻzbekistonda davlat kafolatisiz olingan qarz evaziga amalga oshiriladigan YETTBning birinchi loyihasi boʻladi. Shu oʻrinda tomonlar infratuzilmaviy loyihalarga xususiy va xorijiy investitsiyalarni jalb etish imkonini beradigan aralash moliyalashtirishning innovatsion vositalarini joriy qilish boʻyicha birgalikda ish olib borishning dolzarbligini taʼkidladilar.

    Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Xalqaro hamkorlik va rivojlanish agentligining institutsional rivojlanishini va salohiyatini yuksaltirish boʻyicha hamkorlik qilishga kelishildi. Jumladan, xarid tartiblari boʻyicha seminarlar oʻtkazish va davlat investitsiyalarini boshqarishni baholash yoʻnalishida Agentlikka texnik va maslahat yordami koʻrsatish maqsadida YETTB tomonidan ekspert guruhlari yuboriladi.

    Uchrashuv yakunida tomonlar joriy loyihalarni sifatli amalga oshirish hamda strategik sheriklikning yangi yoʻnalishlari va dasturlarini ishlab chiqishga qaratilgan faol hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.