5-martdan boshlab Avstriyadagi deyarli barcha cheklovlar olib tashlanishi rejalashtirilgan. Qahvaxona va restoranlarning tungi vaqtda ishlashiga qoʻyilgan taqiqlar amal qilmaydi, ommaviy tadbirlar oʻtkazilishiga ruxsat beriladi. Komendantlik soati ham bekor qilinadi.
Bundan tashqari, 19-fevraldan boshlab mamlakat 3G qoidasiga qaytadi — yaʼni emlash yoki sogʻayish sertifikatidan tashqari, turli tadbirlarga kirish uchun koronavirusga qarshi topshirilgan testning salbiy natijasi ham tan olinadi.
Karantin cheklovlari “ayniqsa zaif joylarda” — kasalxonalar va qariyalar uylarida davom etadi. 2G qoidasiga koʻra u yerda sogʻayish yoki emlash sertifikati talab qilinadi. Niqob taqish talabi jamoat transportida, shuningdek, bank, supermarket, dorixona va pochta boʻlimlarida amal qiladi. Boshqa joylarda bu faqat tavsiya etiladi.
Shveysariyada 17-fevraldan boshlab COVID-pasportlaridan foydalanish toʻxtatiladi. Bundan tashqari, shaxsiy yigʻilishlarda ham cheklovlar boʻlmaydi. Maktablar, doʻkonlar, konsert zallari va ish joylarida majburiy niqob taqish talabi bekor qilinmoqda. Ammo mart oyining oxirigacha ularni jamoat transporti va tibbiyot muassasalarida taqish kerak boʻladi.