Yangi nashrdagi izohli lug'at bo'yicha ko'pchilikni qiziqtirgan savol, ya'ni nashrning avvalgilaridan farqli jihatlari  yuzasidan filologiya fanlari doktori, professor Yorqin Odilov shunday dedi:

— Avvalo, bir qarashda ko'rinadigan yozuvdagi farq. Qolaversa, xalqimiz qo'llab kelgan, lekin qandaydir sabablarga ko'ra lug'atlarga kirmay qolgan so'zlar imkon qadar yangi nashrga kiritildi. Shuningdek, shevaga oid so'zlarning ham izohli lug'at printsiplariga mos keladigan, keyin ommalashishi mumkin bo'lganlari lug'atdan joy oldi. Bundan tashqari, lug'atga adabiy tilda yaqin 5-10 yillargacha bo'lmagan “ehtiyojmand”, “manzilli” kabi yangi so'zlar qo'shildi. Lug'at leksikasini boyitishda shuningdek, avvalgi nashrlarga kirmay qolgan tarixiy, diniy islomiy leksikaga oid bo'lgan so'zlardan ham foydalanildi.  

Xulosa qilib aytganda, 400 ga yaqin tarixiy manbalar, 1800 dan ortiq frazemalar bilan boyitilgan, umumiy hisobda 5000 ga yaqin so'z qo'shilgan 630 betli yangi lug'at avvalgi 350 betlik lug'atdan ancha boy, deyishga asos bor.

Munojat Mo'minova