FVV respublikada kuzatilayotgan oʻzgaruvchan ob-havo sharoiti sababli aholini sel xavfidan ogohlantirmoqda.
Sel — katta miqdorda togʻ toshlari, qum va tuproq jinslari bilan birgalikda togʻdan oqib tushuvchi suv oqimi boʻlib, muntazam jala quyishi (85 foiz holatlarda), togʻ qorlarining erishi (4 foiz hollarida), togʻ suv havzalari, suv omborlari, muzlagan suv havzalari qirgʻoqlarining oʻpirilib ketishi (1,3 foiz hollarida) va boshqa sabablar (9,7 foiz hollarda) olib kelishi mumkin.
Katta hajmga va yuqori tezlikka ega boʻlgan sel oqimi, yoʻlidagi barcha binolarni, aholi yashaydigan uylarni, gidrotexnik inshootlarni buzib, qishloq xoʻjalik ekinlarini, bogʻlarni payhon qiladi. Odamlar va hayvonlarni nobud qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasidagi barcha togʻ va togʻ oldi hududlari sel xavfi boʻlgan zonalarga kiritilgan. Respublikaning Namangan (19 foiz), Fargʻona (14 foiz), Surxondaryo (13 foiz), Toshkent (12 foiz), Samarqand (12 foiz) va Qashqadaryo viloyatlari (12 foiz) hududlari suv toshqini-sel xavfi mavjud hududlardan hisoblanadi.
Sel oqimi vujudga kelishi aprel va may oylariga toʻgʻri keladi, bu davrda togʻ va togʻ oldi hududlarida koʻp yomgʻir yogʻishi kuzatilgan.
Sel xavfi boʻlganda aholining harakati boʻyicha tavsiyalar
- Sel xavfi boʻlgan hududlarda yashovchi har bir kishi uning uyi, xoʻjaligini sel kelish hududida joylashganligi haqidagi maʼlumotga ega boʻlishi kerak va Oʻzgidromet, FVV/FVB, hokimiyatlar vakillari tomonidan berilgan koʻrsatmalardagi sel va suv toshqinidan himoya qilish yoʻl-yoʻriqlariga albatta amal qilishi lozim.
- Sel oqimining oʻtishi va uning oqibatlari katta moddiy zarar keltirib, odamlar hayot va sogʻligʻiga xavf tugʻdirishi mumkin (sel oqibatida odamlarning qurbon boʻlganligi bir necha marta qayd qilingan).
- Sel oqimlaridan faqat qochib qutilish mumkin. Sel xavfi toʻgʻrisida xabar eshitgandan soʻng darhol xavfsiz joyga koʻchish harakatlarini qilish kerak. Sel oqimining tez fursatda shakllanishi, uning tezligini hisobga olgan holda, xabar tarqatish va muhofaza tadbirlarini bajarish uchun vaqt juda chegaralanganligini (bir necha daqiqadan 10-20 daqiqagacha boʻlishi mumkin) doimo yodda tutish lozim.
- Sel oqimidan xalos boʻlishning iloji boʻlmasa, balandroq tepalik ustiga, daraxtga yoki biror balandroq moslamalar ustiga chiqish kerak. Odatda sel 3-5 soat vaqt davom etishi mumkin.
- Sel oqimi oʻtgandan soʻng devor va ustunlarning holatini, gaz, elektr va suv taʼminotining sozligini tekshirish zarur.
Sel oqibatlarini kamaytirish boʻyicha oʻtkaziladigan tadbirlar
- Doimo sel-suv toshqini roʻy berishi ehtimol boʻlgan hududlarda joylashgan uy-joylar va boshqa obyektlar roʻyxati aniqlanib turiladi, aholi va obyektlarni muhofaza qilish uchun oʻtkaziladigan tadbirlarning yoʻl-yoʻriqlari koʻrsatilgan tegishli tavsiyanomalar tarqatiladi.
- Sel oqimi xavfi boʻlgan yerlarda ishlab chiqarish muassasalari va uy-joylarini ishonchli muhofaza inshootlari boʻlmagan va Oʻzgidromet bilan kelishilmagan holda qurish qatʼiyan man etiladi.
- Sel xavfi yuzaga kelganda kuzatuv va xabar berish xizmati tashkil etiladi.
- Quyidagi agrotexnik tadbirlar amalga oshiriladi: yonbagʻirlarda erga koʻndalangiga ishlov berish, togʻ yonbagʻirlarini pogʻona-pogʻona qilish, togʻ adirlarida suv yoʻllari ochish, er haydalib ekiladigan ekinlarni ekishga yoʻl qoʻymaslik, yemirilishga qarshi tadbirlarni amalga oshirish, daryo oʻzanlari, togʻ adirlarida oʻrmonchilikni tashkil etish va ularni saqlash.
- Sel omborlari, selni ushlab turuvchi, selni boshqaruvchi va selga qarshi gidrotexnik inshoot, selxonalarni qurish ishlari amalga oshiriladi.
Gidrometeorologik hodisalarni kuzatish va nazorat qilish Oʻzgidromet va uning boʻlinmalari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi huzuridagi sel-toshqin va qor koʻchkilari ehtimoli mavjud zonalarni aniqlash, tekshirish va dala kuzatishlar yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Koʻp yillik kuzatishlar mobaynida Oʻzbekiston hududida sel toshish ehtimoli aprel iyun oylarida bir muncha faollashuvi qayd etilgan va sodir boʻlgan hodisalar quyidagicha taqsimlangan: aprel oyida 30 foiz, may oyida 36 foiz, iyun oyida 14 foiz.